Приветствую Вас, Гость! Регистрация RSS

Турецкие Стихи

Суббота, 20.04.2024

XAT
Aya,
Ayajonim,
Mehribon ayam,
Ayting, yuribsizmi
Masrur, salomat?
O’zingizni asrang,
Men uchun ayang:
Siz borsiz - meni tark aylamas omad.

Mehringiz tuyaman har bir qarichda,
Olisdan sezaman duongiz kuchin.
Sizdan nur tashiydi yuz ming farishta
Mening yo‘llarimni yoritmoq uchun.

O’ylanmang,
Tetikman,
Ishim joyida -
Ko‘ksimda orzular yotibdi chaqnab.
Zuvalam pishganmi oyning loyidan,
Gohida mehrga qolsam-da chanqab -

Olamga muhabbat purkagim kelar,
Sevgiga g'arq bo‘lsin deyman ona yer.
Qalbimni parilar qo‘lma-qo‘l elar,
Tunlari uxlolmay yozarkanman she’r.

To‘g'ri, siqilaman ba’zan,
Nima naf,
Kimga kerak, deyman, quyma baytlarim.
Shoirlik men uchun edi-ku sharaf
Yoningizda o‘ynab yurgan paytlarim...

Sizday silamadi boshimni hayot,
Qozonda qovrildim, qaynadim, pishdim.
Va bugun o‘zimga qarasam, hayhot,
Nigohim begona odamga tushdi!?

U menga o‘zicha beradi tanbeh,
Og'amday turtkilab yo‘liga solar:
"Bolangga osh bo‘lmas qofiya, tashbeh,
Nima kerak senga quruq g'avg'olar?!

Odamday yashagin,
Yasha sho‘x-xandon,
Axir, yo‘q emas-ku senda layoqat.
Qadringga yetishmas kuysang-da chandon,
Uy qur,
Mashina ol,
Qilgin sayohat..."

Unga jim boqaman,
Qilmasman ta’na,
Uni tushunaman - o‘zicha haqdir.
Lekin nima qilay, ayajon, yana
Meni olovlarga yo‘llasa taqdir?!

Netay, yasholmasam xotirjam, sokin,
"Qo‘lingga qalam ol, - desa bir ovoz, -
Har bir so‘zimizni yozib ol, yoki
Biz sendan butunlay kechajakmiz voz!"

Aya, bu men uchun eng og'ir kulfat,
Aya, menga bundan ortiq g'am yo‘qdir.
U - mening ruhimga azaliy ulfat,
U borki qornim ham, qalbim ham to‘qdir.

Ko‘zimga ko‘rinmas gohida dunyo,
Uning vasli bilan yashayman sarmast.
U kelsa - mo‘‘jiza bo‘ladi bunyod,
U kelsa - har qanday og'riq pisandmas.

Bilaman,
Siz uchun so‘zlarim chigal,
Behuda o‘yinga o‘xshaydi balki.
Go‘yoki kirvolib g'ilof ichiga,
"Koinot - shu", deya etyapman talqin.

Biroq maslagim shu,
Tetikman, aya,
qo‘limdan tutganday Xizrning o‘zi.
Damba-dam to‘siqlar, g'ovlar chiqsayam,
Manzilga yetamiz yovlardan o‘zib.

Mehringiz tuyaman har bir qarichda,
Olisdan sezaman duongiz kuchin.
Sizdan nur tashiydi yuz ming farishta
Mening yo‘llarimni yoritmoq uchun.

Qalbimday chechakka to‘lganda qishloq,
Qonimday gupirsa loyqa ariqlar -
Men kirib boraman toychoqday kishnab,
To‘zg'ib ketar barcha alam, og'riqlar.

Ungacha chidang Siz,
Charchamang, aya,
Masrur bo‘ling doim,
Bo‘ling salomat.
O’zingizni asrang,
Men uchun ayang:
Siz borsiz - meni tark aylamas omad...
Категория: SMS SHERLAR, SEVGI HAQIDA SHERLAR (14.03.2015)
Просмотров: 4495 | Рейтинг: 0.0/0