Приветствую Вас, Гость! Регистрация RSS

Турецкие Стихи

Пятница, 26.04.2024

YONDING…
Yonding - falaklarga o‘rladi tutun,
Kuyding - quyun bo‘lib o‘ynadi kukun,
Dilingdan aritib samoning yukin,
Yukun, faqat uning o‘ziga yukun,
Undan o‘zga seni seva olmaydi!

Arshidan soyangga nurlar quyilar,
Tegrangda malaklar g‘uj-g‘uj uyilar,
Har neki hasrating mayda tuyular,
Tuyilar, dardlaring qayta tuyilar,
Undan o‘zga seni seva olmaydi!

O’sha - seni zarra-zarralab yig‘gan,
Erkalab kiftiga ham olib chiqqan,
Poyingga Iblisni bandilab yiqqan,
Yuqqan, undan senga muhabbat yuqqan,
Undan o‘zga seni seva olmaydi!

Mayliga o‘zingni girdobga otgil,
Mayliga olovga chirmashib yotgil,
Har neki ma’dan bor - qalbingga qotgil,
Bot gil bo‘lajaksan, bilib qo‘y, bot gil,
Undan o‘zga seni seva olmaydi!

Axir, yal-yal senga ko‘zgu tutar u,
Kuysang, sendan oldin kuyib-tutar u,
Xavfsirab nafasin ichga yutar u,
Kutar u, to mahshar seni kutar u,
Undan o‘zga seni seva olmaydi!

Ey Odam! O’zingni zabun qilma ko‘p,
Sen kabi sherdillar o‘tishdi to‘p-to‘p,
Biri toshday cho‘kdi, biri sindi - cho‘p...
O’p, uning har zarra, tolasini o‘p,
Undan o‘zga seni seva olmaydi!

Sevsang uni - nurga to‘lar hamma yoq,
U - cheksiz olamda yagona mayoq,
U borki yo‘lidan adashmas sayyoh,
Sayoq, manzilingni topgin, ey sayoq,
Undan o‘zga seni seva olmaydi!!!
Категория: SMS SHERLAR, SEVGI HAQIDA SHERLAR (14.03.2015)
Просмотров: 3640 | Рейтинг: 1.0/1