Приветствую Вас, Гость! Регистрация RSS

Турецкие Стихи

Пятница, 17.05.2024

Надир Жанузак (1)

                            
* * *

Ota, meni o'ylab g'am yema,
Ko'nglim - ko'hna ovchining saydi.
Meni bandi aylagan kema
Hali-veri to'xtash bilmaydi.

Kamalakka aylanar yo'lim, 
Goho g'amnok, gohida sho'xman.
Qaytishimni o'ylash kulgili -
Men miltiqdan otilgan o'qman.

Manzilim qay? Kimning yuragi?
Xudo bilar - qildingmi tusmol...
Qo'rqma, mening sinmas kuragim,
Qo'rqma, mening o'ylarim halol.

Garchi qadah tuta boshladim,
Garchi qizlar tilin bilaman.
Meni mayxo'r deyolmas hech kim,
Oshiqlari berib qo'ygan tan.

Ketmon emas, qalamim ila
Kiprigimga ilaman Yerni.
Kechir meni, otajon, illo,
Portlab-portlab yashagim keldi.

Ketganim yo'q qishloqdan to'yib,
Ildizimni yaxshi bilaman.
Men Zaminni kaftimga qo'yib,
Bitta ulkan qishloq qilaman.

O'z ruhimni tanidim shul dam,
Oq fotiha berdi pirlarim.
Fotih bo'lib otlandim, ildam -
Qilich tutdi yovqur she'rlarim.

Faqat...
Meni o'ylab g'am yema,
Guldurakman - ko'ngling bo'lsin to'q.
Ota bo'lsang bilasan, dema -
Ota bo'lib ko'rganimcha yo'q...

                                                 1995


* * *

Ishonaman sizga, azizim,
Faqat meni sevasiz, faqat -
O'pich uchun bir menga izn
Berasiz-u yotga yo'q shafqat.

Turna bo'lib uchar qoshingiz,
Qabog'ingiz shimadi shafaq.
Shab sharobin ichar sochingiz,
Kiprigingiz - hilol, muhaqqaq. 

Barmog'ingiz atirgulday xush,
Ko'ylagingiz yoqasi burma.
Ko'ksingizda g'unchalar behush,
Poyingizga qadalgan durmi?!

Nur elagan oyday yuzingiz
Bilamanki, faqat men uchun.
Demak, chindir aytgan so'zingiz,
Demak, meni sevishingiz chin.

Tun torayib boradi asta,
Xayolotga bazo'r sig'asiz.
Meni o'ylab uxlayolmasdan,
Yostiq tilin tishlab chiqasiz.

Tuyg'ularim aldamas sira,
Hech bir qizni sizday suymadim.
Tarqab ketar olis xotira -
O'zgaradi yurak qiymati.

Xum ichida qolgan g'o'raman,
Ko'hna mayday ko'pirar qonim.
Faqat sizni yaxshi ko'raman,
Faqat sizni o'paman, jonim!

                                              1995




          D A R S

Darsxonaga kirasiz shoshib,
Yonimdan «g'uv» o'tib ketasiz.
O'zingizga loyiq yo'l ochib,
Joyingizga qushday yetasiz.

O'tirasiz (axir, bu dars-da)
Va'zlar sig'mas dilxonangizga.
Pichir-pichir qilasiz, asta
Sirg'alib yon dugonangizga.

His qilaman: g'iybatingiz - men,
Po'rtanadek qo'pgim keladi.
Sochingizdan tortqilab, keyin...
Keyin...
...yig'lab o'pgim keladi!

                                             1995



* * *

O'layapman - ranjimang tag'in,
Qololmayman bu yerda sobit.
Atirgulning shoxchalaridan
Yasaganman o'zimga tobut.

Jar soladi mushfiqim - sabo,
Chorlayverar do'stu g'animni.
Mehmon bo'lgan Azroil bobo
Shabnam bilan yuvar tanimni.

Hayotimni muqaddas bilib,
Urfu-rusum qilurlar ul-bul.
She'rlarimni tilovat qilib,
Janozamni o'qiydi bulbul.

Yaproqchalar soladi uvvos,
O'ksimasin maysalar nega?!
Ko'milaman eng toza, eng soz,
Eng chiroyli gulning tagiga.

Ko'm-ko'k rangga kiradi jonib,
Chayqaladi zil-zambil hislar.
Yuragimni alvonday yopib,
Tobutimni ko'tarar qizlar!

                                          1995






* * *

Ona, meni quchog'ingga ol,
Torlik qildi qizlar quchog'i.
Kulsa, ustimdan kuldi iqbol,
Nurab tushdi ko'ksim o'chog'i.

Muzlayapman - boqmas hech kimsa,
Quvrab borar tobora ilkim.
Nahot to'ngich ustuning sinsa,
Kuzatasan, onajonim, jim?!

Pichirlashar qizchalar: g'iybat...
Raqiblarim chorlashar to'yga.
Mayxo'r do'stim osadi qiymat:
«Dunyo ishqqa tupurib qo'ygan».

Tupuraman... ammo qayerga!?
Ishqim - yerni qoplagan gilam.
Ketgim kelar havosiz yerga,
Ketgim kelar yantog'lar bilan.

Endi meni kim ham suyadi,
Endi menga kim bo'lar qalqon?
Gardun - keli, jonim tuyadi,
Gardun meni qiladi talqon.

Qochay desam - Zamin menday shol,
Quyosh boshim erga egmoqda.
Onajonim, quchog'ingga ol -
Men suygan qiz... erga tegmoqda!

                                                    1996




* * *

Birodarlar,
Mahallangizda
Bir ayol bor -
Befarzand ayol.
Ko'p ko'zikmas... iymanar sizdan,
Og'riqlari o'ziga ayon.

Manglayiga singib ketgan tuz
Kechalari milt-milt eriydi.
Eri yaxshi ko'radi... afsus...
U ham yaxshi ko'rar erini.

Bir-biridan yashirar tushin,
Yashaydilar bir-birin asrab.
Tushunadi hatto govmushi,
Berar ekkan oqqina hasrat.

Bir miskin u... hayotning barcha
Da'vosiga jimgina ko'ngan.
Bir miskin u... bevafolarcha
Kelajagi o'tmishga do'ngan.

Birodarlar,
Haq hukmi yetib,
Qabog'lari yopilar kuni -
Mozoriga beshikda eltib,
Alla aytib ko'minglar uni!..

                                            1997



    QISHLOQ


Baribir qaytaman...
Olifta shahar -
yaltiroq yo'llaru sun'iy guzarlar
ilonu chayonday chirmashib chaqar...
Dod solib qolsa-da dardsiz go'zallar -
baribir qaytaman, 
qaytmasam bo'lmas;
qaytaman eng toza she'rlarim bilan.
Qishloq peshvoz chiqar,
chiqar basma-bas -
men suygan qizlar ham...
...erlari bilan!

                                                 1997



* * *

Unutgansiz meni - bilaman,
Faqat, "yo'q” deb qilmang e'tiroz.
Yolg'on so'zlab nima qilaman,
Men ham sizni unutdim biroz.

O'z zabtiga olyapti turmush,
Goh g'am kelar, gohida sevinch.
Xotiralar go'yo eski tush
Yo'qotmoqda o'z kuchini... Tinch -

O'tayapti yuvosh kunlarim,
Kengaymoqda mayin qorachug'.
To'zg'ib ketdi o'lik kullarim,
So'nmayapti faqat bitta cho'g'.

Tomirimda yugurar betin,
Goho to'xtar... Kimga kelar duch?
O't olgisi keladi, lekin
Topolmaydi puflaydigan kuch.

Nafasini qizg’onar dudoq,
Hushtak chalar go'yoki beg'am:
«Azoblardan qutildim, Xudo,
Endi qaytib tashlama, Egam».

Manglayida borini ko'rar
Har kas - axir erkning nafi kam.
Tan olayin: sizdan ham ko'ra
Mehribonroq chiqdi rafiqam.

Hatto sizdan qattiq sevdi u,
Tuyg'ulari - tiniq va quyuq.
Bu hududsiz olamda mangu -
Unga mendan boshqa dunyo yo'q.

To'liqaman, baxtliman to'kis,
Baxt shu bo'lsa - dilni dil o'par...
Eng xush ko'rgan soni - o'n to'qqiz,
Eng yoqtirgan guli - nilufar.

Menmi?! O'zni o'nglab oldim, bas...
Sho'ng'imasman ortiq jununga.
Bersam, kuyuk yuragimnimas,
Hayotimni beraman unga.

Uzr... Sizga og'ir bu so'zlar,
Nega aytdim?! Anglaganim yo'q.
Balki menmas, aslida bo'zlar -
Tomirimda omon qolgan cho'g'.

Baribir-ku... Axir, siz meni
Unutgansiz - qilmang e'tiroz.
Endi sizdan yashiray neni -
Men ham sizni unutdim biroz.

Yana she'rlar yozayapman. Ha!
Yuragimga qaytib keldi shasht.
Bu dunyoda ming urilsang-da,
Kerak ekan baribir yashash! 

Mana, siz ham yashayapsiz-ku,
Baxtiyorsiz mendan yuz karra.
Ranjitmaydi sizni hech ham U,
Menga o'xshab qilmaydi zarda.

Kechirasiz... men kimman o'zi?!
Men o'shami - sizni deb yongan!?
Gurillashda quyoshdan o'zib,
Kuygan - o'zin urib to'rt yonga...

Bilolmadim. Unutdim. Tamom.
Kerak emas. Tugadi. Nuqta.
Ketaman o'z yo'limga tomon, 
Siz ham bunda qolmaysiz to'xtab.

Unutasiz. Endi nafi kam,
Xotiralar - ojiz yeringiz.
Unutmaydi faqat rafiqam,
Unutmaydi faqat eringiz...

                                                       1999


***

Nafasingiz - eng xushbo'y atir,
Orazingiz istamas g'oza.
Eron qizi - Shahina nadir,
Gulgunroqsiz undan, Shahnoza.

Ko'zingizda mavj uradi Baxt,
Siz yengilsiz, lekin cho'kasiz.
Sal jilmaysam - kulasiz qah-qah,
Sal injilsam - ko'zyosh to'kasiz.

«Meni shuncha suyasizmi?!» - deb
Rasmingizdan har kech so'radim.
«Uyaltirmang odamni hadeb» -
Qizardi u...
Mening suratim

Sizga neni qilar hikoya?
Bilmaydi-ku ichkin g'aybimni -
Surat siyrat emas-da, shoyad
Ko'pirtirmagandir aybimni...

Men haqimda mayda gaplar ko'p:
Qancha nozik qo'lchani o'pgan...
Siz ishonmang! Hammasi ko'pik,
Ko'nglim ayon emas-ku ko'pga.

Bilasiz-ku kasbu korimni,
Sevgi deya ne ko'yga tushdim.
Unutdimmi yigit orimni?!
Garchi bukun hammasi tushdir...

Siz ertakdan chiqib keldingiz,
Etagingiz o'par hurlar ham.
Qoshingizda - ikkita dengiz,
Har tomchisi jonimga malham.

Yosh to'kasiz - injilsam agar,
Sal jilmaysam - qah-qah kulasiz.
Ey, ruhimni kuydirgan axgar,
Qachon menga hamdam bo'lasiz?

Chayqalaman tig'day rasanda,
Tanhoman-ku, keling - toqsiz Siz.
Men Yesenin bo'lolmasam-da,
Shahinadan suluvroqsiz siz! 

                                           1998



* * *

May tugadi. Qishloqda
Boshlandi g'alla o'rim.
Ukamlar ishlamoqda,
Men bormayman, men - po'rim.

Shahardaman. o'zimga
O'zim xonman, o'zim bek.
Go'yo hamma ko'zimga
Boqar ta'na qilgandek.

«Arpangni xom o'rdimmi?!
Toshingni ter...» - kuyaman.
Yumshoqqina o'rnimni 
Panaroqqa qo'yaman.

Yozish mumkin endi she'r, 
Dehqonga she'r bitish shart:
«Uka, javlon uraver,
Topilmaydi senday mard.

Ko'zingga ter quyilsin, 
Nafasing - issiq bug'day.
Xirmon-xirmon uyilsin -
Vatanga kerak bug'doy.

Xalq och qolmas sen bo'lsang,
Soya topar o'tda ham.
Tamom bo'lar sen so'lsang,
Menday qancha muttaham.

Demak, olov faslida 
Qo'ldan tushmasin o'roq.
U o'roqmas aslida -
Menga yo'nalgan so'roq - ?

«Qaytmaysanmi?» - «Bilmayman,
Shahar qildi dabdala.
Tunda Oyga yig'layman,
Yuragim - yaydoq dala.

Nafrat mo'l-u mehr oz,
Qarashlar bir qolipda.
Go'zal hislarim - tannoz,
Fikrlarim - olifta.

Suyanchiq yo'q, ustun yo'q -
har odimda bitta jar. 
Xudo bor-ku! Ko'nglim to'q...
Ne deyapti odamlar?

Kim aytdi?! Yiqilyapman!?
Yolg'on. Orzu-o'yim - oq.
Faqat... shu... siqilyapman...
Jonga tegdi bo'yinbog'!»


                                                1999 


                     QARIQIZ

Osuda, tinch yo'ldan ham yurak yutib o'tar jim,
Topilmaydi olamda yuragiga mutarjim,
Kim bilsin, balki u ham shahzodasin kutar jim,
Axir, o'z baxtin kutib yashaydi-ku bari qiz,
Singlisini uzatib, o'zi qolgan qariqiz.

Bolalikka yo'lak yo'q. Oldga ham. Bir joyda lol,
Halinchakka osilib o'z-o'zicha ochar fol:
Balki bugun yo erta yoki indin, ehtimol...
Foli o'zgaga to'g'ri - o'ziga teskari qiz,
Qo'shni uyda kul bo'lib yor-yor aytar qariqiz.

Chehrasi dog'li deya havas qiladi Oyga,
Sochining bir tolasi zarbidan sinar oyna.
Tushin aytmaydi hatto tushunmaydi deb soyga,
Ko'nglining girdobidan qo'rqar, tubsiz qa'ri, qiz,
Xayolida baliqlar bilan suzgan qariqiz.

Bormi unga dugona, bormi dardin so'rovchi?
Bormi uning zoriga yetadigan zo'r ovchi?
Bu eshikni har kimsa qoqar - ko'rinmas sovchi,
Ostona hatlab endi chiqmas o'zi nari qiz,
Soyasi - o'zi, soya bo'lib qolgan qariqiz.

Halqa-halqa mung sochar qaroqlari havoga,
«Kimning qobirg'asiman?» - bo'zlar Momo Havvoga,
U ham gul-ku - bir kuni ochilishga da'vogar,
Ochilsa, hovlisini jannat qilar pari qiz,
Yaproqlari ostida ifor to'la qariqiz.

Ona - tinsiz: keksargan yuragin timsoh g'ajir,
Ota - tilsiz: qarigan manglayi g'ij-g'ij ajin,
Yo, Xudoyo, sen bu uch qulingga o'zing achin,
Ketayapti kun sayin, oy sayin Sen sari... qiz,
Ko'zlaridan to'kilib duolari - qariqiz...

Ko'ksimga xanjar sanchdim-qonday chiqdi bu she'rim
O'ttiz uch yil to'lg'ongan jonday chiqdi bu she'rim,
Rosti, o'zim bilmayman, qanday chiqdi bu she'rim..
Ko'zyoshingday samoda omonat Yer shari, qiz,
To'kma, yo'qsa, yo'qlikka yo'l olamiz, qariqiz!..

                                                                      1999 



* * *


O'n yil oldin boshimda do'ppi,
Egnimda to'n - ketdim uloqib.
Bekor o'tdi yillarning ko'pi,
Pushaymonman ortimga boqib.

Ko'nglimdagi o'sha jaydari
Tuyg'ularning qanchasi so'ndi.
Cho'kayapman kun o'tgan sari -
Bormikan bu qayg'uning so'ngi?

Tongga yetmay yitar tushlarim,
Umrim chala tushdan iborat.
Birga o'sgan tengu to'shlarim
To'ylar qildi, qurdi imorat.

Men-chi, hamon yo'lim noayon,
Hech narsani qilmadim qoyil.
Ba'zan, bilmay qolaman, qayon -
Olislarga bo'lar dil moyil.

Yuragimga endi tinim yo'q,
Ketish kerak bu yerlardan jim.
Uyga qaytay desam - to'nim yo'q,
Qayerdadir qop ketgan do'ppim...


                                                  2001


        O'YIN

Bu qiz bilan har kuni
O'ynardik bekinmachoq.
Darrov topardim uni
Devorga bekingan choq.

Qo'l ushlashib adirga
Chopar edik hakkalab.
Qaytardik keyin birga,
Qo'ymas edim yakkalab.

Ishonmasdan, ko'zimni
Kafti bilan yopardi.
Bekinardi. Men uni
Osongina topardim.

Kapalakday beqaror,
Ohuday edi qochoq.
Keyin bilsam, aslida
Bu dunyo - bekinmachoq.

Bir kun ogoh qilmasdan
Bir burchakka chekindi.
O'zi bilib-bilmasdan
Chimildiqqa bekindi.

Ovoz berdim: «Bo'ldi, chiq,
Qanisan?..» - tinglar edi.
Lekin negadir piq-piq
Chiqmasdan yig'lar edi.

Kiray desam yoniga,
To'siq bo'ldi yangalar.
Igna sanchib jonimga,
Dil dardimni yangilar.

Tashqaridan so'z qotdim:
«Hammasi o'yin edi,
Ko'z yumdimu - yo'qotdim,
Buyog'i to'ying endi...»

Shundan beri har kuni
Yaramga teginaman.
Uzoqdan ko'rib uni,
Shu zahot bekinaman.

Ergasholmas izimdan,
Ortimdan chopolmaydi.
Ko'rib turaru zimdan,
Hech qachon topolmaydi...

                              2002


           Y O' Q L O V

           -1-

Uzoqlashgan edim qalamdan,
Qo'llarimdan tushgandi qog'oz.
Bag'rim tutab qayg'u-alamdan,
Yuragimni to'kayapman boz.
Har bir so'zni, har bitta harfni
Dil to'ridan olyapman uzib.
Sog'intirib menday g'aribni,
Qayerdasiz, Muhammad Yusuf?

Kimdir dedi: o'lgan, u o'lgan...
Hayron boqdim: jinnimi u yo...
Odamlarga bir nima bo'lgan,
Yo so'ngiga yetdimi dunyo?
Axir, cheksiz samovot uzra
Charchadi-da Ona Yer yuzib.
Yoki Oyda axtarib misra -
Yuribsizmi, Muhammad Yusuf?

Yulduzlarni sarxush etibdi
Ko'ksimga siz kadagan rayhon.
Ammo kimdir yulib ketibdi,
So'ng ezg'ilab, etibdi payhon.
Nogoh izza bo'lgan boladay
Yig'layapman dunyoni buzib.
Cho'qqidagi yolg'iz loladay
Olisdasiz, Muhammad Yusuf.

Yetolmayman - tovonlarim qon...
Osilsam-da tikan, xaslarga -
Poyingizga yetganim hamon 
Yumalayman yana pastlarga.
Intilaman tag'in ko'k sari,
Burnim konab, laxta qon qusib.
Unutilar ozorlar bari -
Sizni ko'rsam, Muhammad Yusuf.

Diydoringiz qayda? Hansirab,
O'rmalayman - eltar qay so'qmoq?
Ketayapman faqat sha'n so'rab,
Balki tushar boshimga to'qmoq.
Axir, dunyo maslagi - makr,
Huzur qilar hiylalar tuzib.
Dardkashim yo'q, ezginman, axir,
Bexabarsiz, Muhammad Yusuf.

Men kimman?!
Huv, yo'lda o'ksinib,
Yolg'iz qolib ketgan butaman.
Yarim yo'lda oyog'i sinib,
Bo'zlab yotgan nochor bo'taman.
Chor atrofim - yonayotgan dasht,
O't yo'lini bo'lmaydi to'sib.
Endi qiyin bo'ladi yashash -
Siz yo'qsiz-da, Muhammad Yusuf.

Tog' edingiz - har kuni quyosh
Bag'ringizdan ko'kka chiqardi.
Men-ku sizdan yumalagan tosh,
Yuksalay deb quvvat yig'ardim.
Balki bir kun yo'l ochsa Samo,
Tog' bo'larman siz kabi o'sib.
Qay tomonga bo'ylayin ammo -
Qaerdasiz, Muhammad Yusuf!?

            -2-

Umr nima?
Bir sho'x nag'maki,
Tugamasdan bo'ladi sarob.
U - bir tutab o'chgan tamaki,
Yarmi yerga to'kilgan sharob...

             -3-

O'ylab qoldim birinchi marta:
Ne o'zi shoir bo'lmoq?

Hech kim qabul qilmagan dardni
Yuqtirib o'lmoq!

                                   2001 yil, 19 avgust



           SEN 
 
Faqat Sen bor, 
faqat Sen ozod, 
abadiysan faqat Sen, 
poksan - 
tomirimga sevgi quygan zot, 
toqsan! 
 
Men-chi, 
bandang - 
dunyoda tolgan, 
goh qum, goho loylarga botdim. 
Ulkan boshoq ostida qolgan 
chumoliman... 
yo‘lni yo‘qotdim. 
 
Sarbon o‘zing, 
to‘g‘ri yo‘l ko‘rsat, 
hal qiluvchi palla - 
shu fursat. 
Toki dilim bog‘lab dilingga, 
omon yetib olay 
inimga... 
 
                                             2005 

 

                 BESLAN 
 
           «Siniq oy» dostonidan 
 
Hamon seskanaman, bilmam, na holat? 
Hamon uvishadi yuragim... Eslang: 
Dunyoni larzaga solgan jaholat - 
O’tgan yil. 1 sentyabr. Beslan. 
 
Ayon bo‘ldi vahshiy to‘da matlabi, 
Iblisning amriga amal qilishdi: 
Kelajak jamuljam bo‘lgan maktabni - 
Quyoshning ko‘ksini qamal qilishdi. 
 
Mitti qo‘lchalarga "Alifbe” emas, 
Tarqatib chiqishdi bittadan mina. 
Tushuntirib bermas edi biron kas - 
Bularning gunohi, maloli nima? 
 
Ziyoga talpingan qorako‘z jujuq 
Kutgani boshqaydi, orzusi boshqa. 
Lahzada yuzini qopladi uchuq, 
Lahzada qaridi yigirma yoshga. 
 
O, ilk bor his etdim nomard o‘limni, 
O, ilk bor cho‘k tushdim qaltirab tizim. 
Go‘yo ular ichra ko‘rdim o‘g‘limni, 
Go‘yo ular ichra yig‘lardi qizim... 
 
Nima qilay, qanday bo‘layin bir yon!? 
Kaftimni Xudoga ochib yolvordim. 
Tunlari alahlab, bezovta, giryon 
Har kecha... Har kecha Beslanga bordim. 
 
Lekin... sodir bo‘ldi mash’um falokat, 
Qancha kapalakning hayoti so‘ndi. 
Onalar dodiga yo‘q edi toqat, 
Yo‘q edi otalar g‘amining so‘ngi. 
 
Maktab eshigiga turmuldim uzoq, 
Zor kutdim... (Ko‘ksimga yurak sig‘madi) 
Ko‘plarning bolasi chiqdi-yu, biroq 
Mening o‘g‘lim bilan qizim chiqmadi... 
 
                                                 2005 

     
      TЕLЕFON
Qilasizmi mеnga qo'ng'iroq,
Yoki o'zim tеraymi raqam?
Sizni juda sog'indim... Biroq,
Bahona yo'q yo'qlamoqqa ham.

Aylanadi gumonlar g'uj-g'uj...
Tеlеfon jim, 
Yotar bеzabon.
Yurak kabi qilmaydi xuruj -
Simlarida oqmaydi-da qon... 


2005, dеkabr
 


          TILSIM

Har tong turib oynaga boqsam,
Gulday yuzing bo'ladi paydo.
Chiroylisan, noziksan, oqsan -
Bir ko'rishda etgansan shaydo.

Tinchimayman, bilib qo'y, toki
Topgunimcha bu holning sirin.
Yoki ko'zgu - sеhrli... Yoki
Mеn Farhodman... Yoki sеn Shirin...

                                               2005



          КO'ZGUDAGI AYOL

O'ltiribsiz ko'zgu oldida,
Sochlaringiz chuvalgan, ma'yus.
O'tiribsiz ko'zgu oldida -
Dunyo bilan qolib yuzma-yuz.

Qalbingizni qiyma-qiymalar
Tun charxlagan qop-qora xayol.
Sizga taskin izlab qiynalar
Ko'zgudagi chiroyli ayol...

                               2005



          YOSH TO’KASIZ...

Yosh to'kasiz tunlar yashirin,
Yostig'ingiz jiqqa bo'lar ho'l.
Yosh to'kasiz tunlar yashirin,
Ko'zlaringiz - zahar to'la ko'l.

Yosh to'kasiz. Dunyo-chi loqayd -
Bu dunyodan kеchgim kеladi:
Yoningizga borib o'sha payt,
Yoshingizni ichgim kеladi!

                                       2005



           SO'ZSIZ... 

Husningizni etay dеb ta'rif,
Har soniya izlayman timsol.
So'zim g'arib, shе'rlarim g'arib,
Mo'ltirayman go'yo gungmisol.

Aylanmaydi tilim kalomga,
Tashbеhlardan go'zalroqsiz siz.
Tеrmilaman tilsiz qalamga,
Endi sizni sеvaman -
So'zsiz!!!

                                     2005




     SЕVGI

1.

O'z vaqtida kеlmaydi
Asl sеvgi hеch.
Erta kеlar va yoki
Kеlar picha kеch.

Kеlar nogoh uyg'ongan
Tungi quyunday.
Boringni ostin-ustun 
Qilar kuyunmay.

Sеvgi - ayni saraton
Yoqqan laylakqor.
Yoki muzga muz tеgib
O't chiqsa... Zinhor -

Bu olovni o'chirma,
Kaftingda tutgil.
Atirgulga aylanar
Alanga - kutgil.

O'sha - dilni muzlatib,
Yana kuydirgan.
Bеmahalda bo'zlatib,
Qah-qah kuldirgan.

Sarosimaga tushma,
Tashrif qilsa gar.
Yuragingga muhrini
Bosaru - kеtar.

Bu dеgani - odamsan,
Tashvish chеkma hеch.
Asl sеvgi yo erta,
Yoki kеlar kеch...


2.

Sеvgi - iblis chalayotgan kuy,
Sеvgi - farishtaning nolasi.
Tinglamayman dеysiz-u, ammo
Unga asir bo'lib qolasiz.

Sеvgi - chayon tomizgan zahar,
Sеvgi - asalarining boli.
Qo'l cho'zmayman dеysiz-u, lеkin
To'ysangiz ham yеysiz yotvolib.

Sеvgi - duv-duv yog'ayotgan cho'g',
Sеvgi - qish chillasining muzi.
Etagingiz silkiysiz, biroq
Kеtolmaysiz poyingiz uzib.

Sеvgi - chaqmoq singari oniy,
Sеvgi - har lahzasida baqo.
Shu bois baxt kulib boqar-u...
Baxtli bo'lolmaysiz mutlaqo!

2006
     
* * *

Oqish palto, qop-qora etik,
Oppoq chеhra, qop-qora ko'zlar...
Aytgin, qanday baxtiyor edik,
Musiqaday oqardi so'zlar.

Boshimizdan zar sochardi tun,
Poyimizda oppoq poyandoz.
Go'yo dunyo olar edi tin,
Ikkimizni tanho qo'yib, soz.

Sovuq qotma dеya avaylab,
O'rab qo'ydim qora sharfimni.
Mеni butkul so'zamol aylab,
Tinglar eding yurak zarbimni.

Jim kеtarding. Mеn esa yonib,
So'z sochardim - qolmasdi yodda.
Koshki dеrdim butun dunyoni
Kеzib chiqsam sеn-la piyoda.

Qo'llaringda qop-qora qo'lqop,
Oq qo'lingdan o'pay dеb yechdim.
Bu dunyoda mеn uchun shu tob
Sеndan boshqa yo'q edi hеch kim.

Ey yo'llari toyinchoq qorqiz,
Dunyo - bozor: ol-ho, ur-yiqit.
Taloto'pda qolma dеb yolq'iz,
Bo'lay dеvdim, axir, qoryigit.

Va lеkin, sеn - xushro'y, rasida:
Go'zallarga yaktolik udum.
Ko'zlaringning alangasida
Erib kеtdi shamday vujudim.

Tun toraydi. Kеtaman, dеding,
Sochlaringni sеkin tuzatib.
Oh, jonimdan ayrilgan edim,
Bеruh qoldim sеni kuzatib.

Ko'rpasini tortdi qora tun,
Oyoq cho'zdi uzun shaharga.
Yaxshi dam ol. Bo'lmagin mahzun -
Yetajakmiz oppoq saharga... 

2006, yanvar
Категория: SMS SHERLAR, SEVGI HAQIDA SHERLAR (18.10.2013)
Просмотров: 1608 | Рейтинг: 0.0/0