Приветствую Вас, Гость! Регистрация RSS

Турецкие Стихи

Пятница, 17.05.2024

Надир Жанузак (4)
XAT 

Aya, 
Ayajonim, 
Mehribon ayam, 
Ayting, yuribsizmi 
Masrur, salomat? 
O’zingizni asrang, 
Men uchun ayang: 
Siz borsiz - meni tark aylamas omad. 

Mehringiz tuyaman har bir qarichda, 
Olisdan sezaman duongiz kuchin. 
Sizdan nur tashiydi yuz ming farishta 
Mening yo‘llarimni yoritmoq uchun. 

O’ylanmang, 
Tetikman, 
Ishim joyida - 
Ko‘ksimda orzular yotibdi chaqnab. 
Zuvalam pishganmi oyning loyidan, 
Gohida mehrga qolsam-da chanqab - 

Olamga muhabbat purkagim kelar, 
Sevgiga g'arq bo‘lsin deyman ona yer. 
Qalbimni parilar qo‘lma-qo‘l elar, 
Tunlari uxlolmay yozarkanman she’r. 

To‘g'ri, siqilaman ba’zan, 
Nima naf, 
Kimga kerak, deyman, quyma baytlarim. 
Shoirlik men uchun edi-ku sharaf 
Yoningizda o‘ynab yurgan paytlarim... 

Sizday silamadi boshimni hayot, 
Qozonda qovrildim, qaynadim, pishdim. 
Va bugun o‘zimga qarasam, hayhot, 
Nigohim begona odamga tushdi!? 

U menga o‘zicha beradi tanbeh, 
Og'amday turtkilab yo‘liga solar: 
"Bolangga osh bo‘lmas qofiya, tashbeh, 
Nima kerak senga quruq g'avg'olar?! 

Odamday yashagin, 
Yasha sho‘x-xandon, 
Axir, yo‘q emas-ku senda layoqat. 
Qadringga yetishmas kuysang-da chandon, 
Uy qur, 
Mashina ol, 
Qilgin sayohat..." 

Unga jim boqaman, 
Qilmasman ta’na, 
Uni tushunaman - o‘zicha haqdir. 
Lekin nima qilay, ayajon, yana 
Meni olovlarga yo‘llasa taqdir?! 

Netay, yasholmasam xotirjam, sokin, 
"Qo‘lingga qalam ol, - desa bir ovoz, - 
Har bir so‘zimizni yozib ol, yoki 
Biz sendan butunlay kechajakmiz voz!" 

Aya, bu men uchun eng og'ir kulfat, 
Aya, menga bundan ortiq g'am yo‘qdir. 
U - mening ruhimga azaliy ulfat, 
U borki qornim ham, qalbim ham to‘qdir. 

Ko‘zimga ko‘rinmas gohida dunyo, 
Uning vasli bilan yashayman sarmast. 
U kelsa - mo‘‘jiza bo‘ladi bunyod, 
U kelsa - har qanday og'riq pisandmas. 

Bilaman, 
Siz uchun so‘zlarim chigal, 
Behuda o‘yinga o‘xshaydi balki. 
Go‘yoki kirvolib g'ilof ichiga, 
"Koinot - shu", deya etyapman talqin. 

Biroq maslagim shu, 
Tetikman, aya, 
qo‘limdan tutganday Xizrning o‘zi. 
Damba-dam to‘siqlar, g'ovlar chiqsayam, 
Manzilga yetamiz yovlardan o‘zib. 

Mehringiz tuyaman har bir qarichda, 
Olisdan sezaman duongiz kuchin. 
Sizdan nur tashiydi yuz ming farishta 
Mening yo‘llarimni yoritmoq uchun. 

Qalbimday chechakka to‘lganda qishloq, 
Qonimday gupirsa loyqa ariqlar - 
Men kirib boraman toychoqday kishnab, 
To‘zg'ib ketar barcha alam, og'riqlar. 

Ungacha chidang Siz, 
Charchamang, aya, 
Masrur bo‘ling doim, 
Bo‘ling salomat. 
O’zingizni asrang, 
Men uchun ayang: 
Siz borsiz - meni tark aylamas omad... 
2007 

O’ZIM 

Har ne istarsang, o‘zingdan istagil... 
Alisher Navoiy 

O’zim qo‘shin tortaman har kun o‘zimga qarshi, 
O’zim lashkarboshiman, o‘zim - sipoh-u g'anim. 
O’zimni asir aylab, o‘zim silkiyman qamchi, 
O’zimdan kelar dam-dam o‘zimga qayg'u-g'amim. 

Mehr-shafqat topilmas... Bormikan biron imdod?! 
To‘rt tomonga termulib telbavor toldi ko‘zim. 
Ayting, qachon kelarkan? Kelarmi o‘zi, hayhot, 
Meni bu balolardan xalos etguvchi O’zim!? 

2007 

YONDING… 

Yonding - falaklarga o‘rladi tutun, 
Kuyding - quyun bo‘lib o‘ynadi kukun, 
Dilingdan aritib samoning yukin, 
Yukun, faqat uning o‘ziga yukun, 
Undan o‘zga seni seva olmaydi! 

Arshidan soyangga nurlar quyilar, 
Tegrangda malaklar g‘uj-g‘uj uyilar, 
Har neki hasrating mayda tuyular, 
Tuyilar, dardlaring qayta tuyilar, 
Undan o‘zga seni seva olmaydi! 

O’sha - seni zarra-zarralab yig‘gan, 
Erkalab kiftiga ham olib chiqqan, 
Poyingga Iblisni bandilab yiqqan, 
Yuqqan, undan senga muhabbat yuqqan, 
Undan o‘zga seni seva olmaydi! 

Mayliga o‘zingni girdobga otgil, 
Mayliga olovga chirmashib yotgil, 
Har neki ma’dan bor - qalbingga qotgil, 
Bot gil bo‘lajaksan, bilib qo‘y, bot gil, 
Undan o‘zga seni seva olmaydi! 

Axir, yal-yal senga ko‘zgu tutar u, 
Kuysang, sendan oldin kuyib-tutar u, 
Xavfsirab nafasin ichga yutar u, 
Kutar u, to mahshar seni kutar u, 
Undan o‘zga seni seva olmaydi! 

Ey Odam! O’zingni zabun qilma ko‘p, 
Sen kabi sherdillar o‘tishdi to‘p-to‘p, 
Biri toshday cho‘kdi, biri sindi - cho‘p... 
O’p, uning har zarra, tolasini o‘p, 
Undan o‘zga seni seva olmaydi! 

Sevsang uni - nurga to‘lar hamma yoq, 
U - cheksiz olamda yagona mayoq, 
U borki yo‘lidan adashmas sayyoh, 
Sayoq, manzilingni topgin, ey sayoq, 
Undan o‘zga seni seva olmaydi!!! 

2007 

Qayiradi bargin gulxayri, 
Yuz ochadi kulib nastarin. 
Sochlarimni silagin, mayli, 
Titib ko‘rgin qalbim astarin - 

So‘z topilmas ismingdan o‘zga, 
Dunyodagi eng toza chechak. 
Sen borsanki - chechanman so‘zga, 
Sen borsanki - oydindir kecham. 

Mayli, gullar barq ursin zimdan, 
Atirga garq bo‘lsin tevarak. 
Hidlamasman. Sening isingdan 
O’zga hidlar menga ne kerak?! 

Titramasin barg kabi labing, 
Yuragingga cho‘kmasin g‘ubor. 
Toki sevgi ekan matlabing, 
Senga sodiq qolaman, dildor. 

Faqat seni sog‘inaman men, 
Faqat senga ilhaqman mudom. 
Faqat sen deb og‘rinaman men, 
Yuragim - bir sen uchun guldon! 

Talpinadi garchi ming chechak, 
Garchi pinhon yiglab-siqtaydi. 
Nima qilay, iloj yo‘q hech ham - 
Yuragimga ular sig‘maydi. 

Qilolmasman muhabbat tuhfa, 
Ko‘zyoshlari bo‘lsa-da ummon. 
Nigohingdan arisin shubha, 
Tuman kabi to‘zg‘isin gumon. 

Ko‘p titmagin qalbim astarin, 
Ma’yus bo‘lma - o‘yna, sevin, kul: 
Senga havas qilar nastarin, 
Senga havas qilar atirgul! 

Категория: SMS SHERLAR, SEVGI HAQIDA SHERLAR (18.10.2013)
Просмотров: 1097 | Рейтинг: 0.0/0