Приветствую Вас, Гость! Регистрация RSS

Турецкие Стихи

Среда, 18.12.2024

Hayrat To -Sherlar
Shukrkim, bo‘ldi muyassar vasli jonon bu kecha,
G‘unchai matlab ochilmoq birla xandon bu kecha.

Borgohi kibriyoga arzi hojat ayladim,
Hosil o‘ldikim menga in’omi yazdon bu kecha.

Toleim Xizri bo‘lib rahbar meni gumrohga,
Zulmati hajr ichra toftim obi hayvon bu kecha.

Vasl jomin dilbarim soqiy bo‘lib tutdi menga,
No‘sh etib yakbora bo‘ldim mastu hayron bu kecha.

Jonu dil bir-birga berdi, mujdai feruz asar,
Shodlikdin topdi quvvat nuri imon bu kecha.

Necha muddatdin beri chekdim agarchandi alam,
Mahv bo‘ldi, lavhi dildin dog‘i armon bu kecha.

Tig‘i furqatdin ko‘ngul majruh erdi, vo ajab,
Marhami qurbat yetishdi darda darmon bu kecha.

Ul jafolarkim firoqi yordin chekmish edim,
G‘am hujumin bodi vasl etdi parishon bu kecha.

Andalibi jon o‘lub, mahbus tan zindonida,
Sabr-orom olmayin aylardi afg‘on bu kecha.

Shishai dil sangi kulfatdin edi doim shikast,
Mo‘miyoi marhamatdin topdi imkon bu kecha.

Der edim, bo‘lmas magar ul dilrabo vasli nasib,
Lutfi haq yori bo‘lib bu mushkul oson bu kecha.

Soldi chun boli humo boshimga shafqat soyasin,
Masnadi vasl uzra chiqdim uyla sulton bu kecha.

Jonu dilga vasl chog‘i tushdi behad iztirob,
Bulbuli dil shavq ila bo‘ldi xush ilhon bu kecha.-

Mutlaqo qolmay hushim o‘zni faromush ayladim,
Maqdamiga naqdi jonim bo‘lsa qurbon bu kecha.

Dil duogo‘, jon rizojo‘, aqlu hushim xayrixoh,
Jism aro har ustixonimdur sanoxon bu kecha.

Yorkim, men notavon aftodaga rahm ayladi,
Haq taolo davlatin qilsun farovon bu kecha.

Masnadi izzatda bo‘lsin komroni poydor,
Yetmasun ranju alam dahr ichra bir on bu kecha,

Hosil o‘lsun har murodikim dilida bor esa,
Bo‘lsa xohi oshkoro, xoh pinhon bu kecha.

Subhi maqsudi baravjidin tulu etsin nishot,
Kavkabi baxti bo‘lib chun mohi tobon bu kecha.

Nuri tavfiqi saodat sho‘‘lasi birla dili,
Ko‘zgusi topsun jilo ham ilmu irfon bu kecha.

Hayrato, bordir agar joning tan ichra barqaror,
Aylagil doim duoyi xayri jonon bu kecha.

* * *

Sabo, yetkur salomimni nigori guluzorimg‘a,
Tahiyyoti kalomimni pari-paykar nigorimg‘a.

Sabo, arzim bayon aylab, necha eldin nihon aylab,
Ravon ashkimni qon aylab firoqi yorig‘orimg‘a.

Sabo, subhi malohatdin ketur bo‘yi latofatdin,
Damodam atri rohatdin dimog‘i mushkborimg‘a.

Sabo, man sanga ayturman, so‘zimni yora aytursan,
Yuzi gul, orazi gulshan malohat oshkorimg‘a,

Sabo, senga so‘zum shuldur, degil: «Bechora bir quldur»,
Ajoyib kori mushkuldur, tag‘ofil pesha yorimg‘a.

Sabo, ul yaxshi dilbardin, jamoli mehri xovardin,
Labi yoquti ahmardin xabar ver tab’i zorimg‘a.

Sabo, bir kun mani xolim ko‘rarsan tavri af’olim,
Yeturgil arzi ahvolim amiri komkorimg‘a.

Sabo, rahm ayla man zora yetur arzimni dildora,
Xumorim bora tobora ziyod o‘yadi xumorimg‘a.

Sabo, devonadur Hayrat aning-chun tortadur kulfat,
Nechukdur so‘rmag‘il holat, yetur nomamni yorimg‘a.

* * *

Tushtim, nigoro, bir turfa hola,
Hajru g‘amingdin ranju malola.

Ro‘zu shabona ohu fig‘onim,
To‘ldi falakka ovozi nola.

Yo‘qtur jahonda jononlar ichra
Sizdek pariro‘ shirin maqola.

Aftoda qullar netsunki kelmas,
Ko‘z-ko‘zga tushmay aslo xayola.

Mahjurliqda umri ko‘zimdin,
Joridur ashkim monandi jola.

Yolg‘on taazzur ko‘rganda aytib,
Bermay javobim qilgan savola.

Yorab, raqibi noshustaro‘lar
Yursin yiroqdin doim mo‘rola.

Oshiqlariga noz ila boqmay,
Mastura qizlar yanglig‘ uyola.

Rasmi javonlig‘ komehribonlig‘,
Ayb etsa bo‘lmas, har xurd sola.

* * *

Furqatda kuyib bo‘ldim so‘zona tong otquncha,
Jism ichra bo‘lib jonim biryona tong otquncha.

Vasling ila shod erdi mahzun dilim, ey mahvash,
Husningni charog‘iga parvona tong otquncha.

Xunoba to‘kub ko‘zdin, yig‘lab sani yod etdim,
Xilvatda tutib uzlat pinhona tong otquncha.

Dardoki, falak aylab bizlarni judo sandin,
Hamxona qilib qo‘ydi hijrona tong otquncha.

Ahsan sani kirdoru atvoringga pinhoni,
Qilding manga shafqatlar shohona tong otquncha.

Layli kabi yod aylab bu oshiqi Majnuning,
Etding o‘zingga ul kun hamxona tong otquncha.

Ey sho‘xi suxandonim bilmay sani qadringni,
Suhbatni yetkurmasdin poyona tong otquncha.

Navmidi visol o‘lgach Hayratda mani hayron,
Bilmay o‘zimi bo‘ldim devona tong otquncha.

* * *

Naylayin hayrona bo‘lmay, yori jonim sog‘inib,
Dilbari mahbublig‘da mah nishonim sog‘inib.

Vaslidin ummidi rohat jonu ko‘ngulda mudom,
Talx hajrida taqi komu zabonim sog‘inib.

Rahm etib bir yo‘l xirom etgaymu ul simin uzor„
Ishtiyoqidin hazin jismimda jonim sog‘inib.

Ey meni, mahzundin ayting, ul pariga shahri roz„
Do‘stlar, yodida kuydi ustixonim sog‘inib.

Lahza-lahza yodida behushliklar ro‘ berur,
Yo‘qlig‘idin aqlu idroku bayonim sog‘inib.

Dam-badam sorig‘ yuz ila yo‘llarida ko‘z tutib,
Intizorida yoturman kelmagonim sog‘inib.

Yo‘lida garchand ko‘pdur men kabi aftodalar,
Jumlasig‘a muqtadoman qadrdonim sog‘inib.

Nomalar yozdim necha so‘zi dilimni sharh etib,
Hayrati devona o‘ldim, debki xonim sog‘inib.

* * *

Neshi g‘am yetdi jigarga ustixonimdin o‘tib,
Darbadar qildi, nigoro, balki jonimdin o‘tib.

Otdilar har chand ag‘yor ahli tiyri ta’nalar,
Tegmadi, alhamdulillo, ketdi yonimdin o‘tib.

Xuni ashkimdur sharobu bag‘ri biryonim kabob,
Ulfatimdur dog‘i hasrat inu onimdin o‘tib.

Raxti iqbolim kasod o‘lmish fano bozorida,
Xor o‘libdur ul mato bu ostonimdin o‘tib.

Voykim, dardu alam ko‘pdur dilimda dog‘-dog‘,
Nola bulbul kasb etar ohu fig‘onimdin o‘tib.

Sabru oromu tahammul jumla barbod o‘ldilar,
Sarsari furqat qazoro gulsitonimdin o‘tib.

Nuktaperoylar suxan bobida hamrozim erur,
Men nechuk sabqat qilurman ham inonimdin o‘tib.

Mazhari fazlu fasohat bo‘lsa harkim, Hayrato,
So‘zlasun ul yor vasfida nishonimdin o‘tib.

* * *

Ey habibi mehribonim, muncha noz etmay keling,
Xo‘b bilursiz holi zorim, imtiyoz etmay keling.

Garchi bizdin beadablik sodir o‘ldi har necha,
Shafqat ila afv etib jurmim, aroz etmay keling,

Rashk o‘tida o‘rtanib yonsin meningdek g‘ayr ha,m,
Sarnigun aylab g‘ami-la sarfaroz etmay kelyng.

Otashi furqatda siynam kuydirib hamchun sipand,
Ham tag‘ofil o‘tida bag‘rim gudoz etmay keling.

Mumkin ermas bo‘lmasa ag‘yorlarning ta’nasi,
Bilmasin ahli g‘araz, ifshoi roz etmay keling.

Ayb emasdur husn shohidin gadoga marhamat,
Jabringizni ko‘pu lutfingizni oz etmay keling.

Yo‘q menga sizdin bo‘lak bir rozdoni dilnishin,
Hasratimga o‘zgalarni ahli roz etmay keling.

Xor etib suygan giriftoringiza aylab nazar,
Ijtinob ila jafo boz uzra boz etmay keling.

Aytabersam to qiyomat hasratim bo‘lmas ado,
Qissa ko‘tah bo‘lsa yaxshidur, daroz etmay keling.

Nomingizga bir muvashshah qildi insho Hayratiy,
Kulbai vayronasiga ehtiroz etmay keling.

* * *

Kecha oxtardim, o‘shal sarvi ravon uchramadi.
Oshkoro demayin, balki nihon uchramadi.

Ko‘chalarga suv urub qonli yoshim birla, darig‘,.
Bir qadam qo‘ymayin ul sarvi ravon uchramadi.

Telbalardek yurubon har sori ko‘b tentiradim,
Keldi chiqmoqqa yaqin og‘zima jon uchramadi.

Qolmadi sabru qarorim oni hijronida oh,
Mani sargashtag‘a ul sarvi ravon uchramadi.

Dashti furqatda adam bo‘ldi vujudim go‘yo,
Boshima soya solib, rohati jon uchramadi.

Bir ko‘rarg‘a mani zor ayladi, jonon na qilay,
Qasdi o‘ldurmak ekan, bermay amon uchramadi.

Qomati tubiyi jannat, labi chun la’li Yaman,
Orazi sham’i shabistoni jahon uchramadi.

Nargisi mastidin ohuyi Xo‘tan xijlat aro,
Qoshi yo kiprigi chun tiyru sinon uchramadi.

Hayratim oshdiyu har yon yugurib qolmadi tob,
Yana ma’yus bo‘lib yondimu jon uchramadi.

* * *

Ey pari, bas qilg‘il istig‘noni, jonim qolmadi,
Senga uzr ayturga nutq ila zabonim qolmadi.

Sabr qildim onchunon, bir yo‘l tarahhum etmading,
Chohi hijrsgada qolib, chiqmoq gumonim qolmadi.

G‘ayrilarning suhbatida bulbuligo‘yo bo‘lib,
Manga qolganda deding:— Emdi zabonim qolmadi.

Rahm qil minba’d, nechun bag‘rim ezdi furqating,
Zohir etdim senga, bir sirri nihonim qolmadi.

Xor tutma garchi bo‘lsam ham faqiru notavon,
Hasratingda ushbu joni notavonim qolmadi.

Aylading behad mani oshuftahol, ey dilrabo!
Kuymagan hajr o‘tida bir ustixonim qolmadi.

Nazm aro ziynat uchun nomi hurufingni olib,
Yig‘lamay bu xomai miskin fishonim qolmadi.

Iltifot et, qolmayin to vodii Hayrat aro,
Muxtasar qildim suxan, alqissa jonim qolmadi.

* * *

Bir-birin degan kishi payvandi jon bo‘lmoq kerak,
Talx so‘zini qo‘yib shirin zabon bo‘lmoq kerak.

Do‘stu dushman o‘rtasida farqi shuldur, ey ko‘ngul,
Lutfu shafqat birla doim mehribon bo‘lmoq kerak.

Doimo istab rizosik xotirini ovlabon,
Aylanib ahvoliga ham rozdon bo‘lmoq kerak...

Hoziru g‘oyibda aylab yod yaxshi vasf ila,
Zohiru botinga bir jism ichra jon bo‘lmoq kerak.

Beg‘araz ulfatchilik aylab hamisha ro‘zu shab,
Bu emish sharti muvaddat yak zabon bo‘lmoq kerak.

Har necha mufsid eli qilsa aroda vasvasa,
Bovar etmay daf’atan bo imtihon bo‘lmoq kerak.

Bu zamona oshnosi bul ajab har rang erur,
Yaxshiga yaxshi, yomonlarga yomon bo‘lmoq kerak.

Til bila sidqu muhabbat, dilda yuz kibru nifoq,
Bu tariqa oshnodin badgumon bo‘lmoq kerak.

Hayrato, dahr ahlidin mehru vafo tutma umid,
Bo‘ldi lozim bu arodin benishon bo‘lmoq kerak.

* * *

Qilay har dam duoyi davlating, dilbar salomat bo‘l,
Bo‘lubman mubtaloyi surating, dilbar salomat bo‘l.

Omon bo‘lsun hamisha sen bila har kimki hamdamdur,
Munosib ham kelishgan ulfating, dilbar salomat bo‘l

Rusumi dilrabolig‘, ey pari, saNga musallamdur,
Xususan o‘lturishda suhbating, dilbar salomat bo‘l.

Yuzing gul yosamin, la’li labing chun g‘unchai guldur,
Misoli navdai gul qomating, dilbar salomat bo‘l.

Xabardor o‘lg‘il, ey mahvash gahi aftoda holimga,
Bo‘libdurman asiri furqating, dilbar salomat bo‘l.

Na qilsun qolmadi sabri ko‘rib husni jamolingni,
Qilur doim duolar, Hayrating, dilbar salomat bo‘l.

* * *

Yo iloho, men kabi hech kimsa hayron o‘lmasun,
G‘urbat ichra kulfat ila bandi zindon o‘lmasun.

Yo‘q kishikim xasta holimni so‘rab shod etkudek,
Beshuuru, beqaroru, benigahbon o‘lmasun.

Ayrilib yoru diyoridin alam yobonida,
Zoru dur aftodalik birla jigar qon o‘lmasun.

Qadrdonlardin judoyu, noshunos ahliga xor,
Ibtiloliqda meningdek dog‘i hijron o‘lmasun.

Har zamon nojinsu nomavzun ila hamroz o‘lub,
Xotiri gul bargidek har yon parishon o‘lmasun.

Ne bir ahbobi samimiy ahli dardi beg‘araz,
Hamdami xayli taxallufpesha nodon o‘lmasun.

Noz etib, nozik adoi nozaninlar noziki,
Oqibat hajrida onlarni pushaymon o‘lmasun.

Har kim yorab, bu foni dahr aro ahbobidin,
Ayrilib devona Hayratdek g‘azalxon o‘lmasun.

* * *

Ochma ruxsoring chamandin rangu bo‘ qo‘zg‘almasun,
Aksidin oyinalar monandi suv qo‘zg‘almasun.

Gulshan ichra kulma tokim, g‘uncha bag‘ri chok o‘lib,
La’lingga aylab o‘zini ro‘baro‘ qo‘zg‘almasun.

Rahm etib mushtoqlar sorig‘a goho qo‘y qadam,
Vasling istab misli Majnun ko‘bako‘ qo‘zg‘almasun.

Muddatedur dardi hijroningga bo‘ldim mubtalo,
Tandin aylab ketgali jon justujo‘ qo‘zg‘almasun,

Ishq bemoriga, ey nodon, tabib etma iloj,
Bevafo deb hikmat ahlidin g‘ulu qo‘zg‘almasun,

Loladek qat-qat ko‘ngullar hasratidin dog‘dur,
Qo‘rqaram izhoriga deb guftugo‘ qo‘zg‘almasun.

Nqa birla jaybu domonim g‘amingning panjasi —
Chok-chok etdi, o‘zingdin fe’li xo‘ qo‘zg‘almasun.

Jonu dil mushtoqdur, jono, visoling jomiga
O‘zgalar sahboya pur aylab, sabu qo‘zg‘almasun.

Aylama har bulhavasni suhbatingdin bahravor,
Toki bu nuqsoniga afsonago‘ qo‘zg‘almasun.

Nozanino, bu jahon ichra ko‘ngulda muddao
Vasling ummididin o‘zga orzu qo‘zg‘almasun.

Hayrati devona, birni deb bo‘lakka boqmakim,
Charx davronida nogoh sahv duv qo‘zg‘almasun.

* * *

Bo‘lmasun, yorab, kishi mendek diyoridin judo,
Ayshu ishrat no‘shi jomi ro‘zg‘oridin judo.

Tortibon tori nasiba har taraf zanjir ila,
G‘urbat ichra zor o‘lib ahli qatoridin judo.

Intizori ahli avlod o‘lmasun furqat aro,
Yori mushfiq zumrai xeshu taboridin judo.

Maskani ma’lufu ma’vo manzili joyi aro,
Garchi bo‘lsun ankabut ul tori koridin judo.

Bulbul o‘lmas xush navo ayrilsa gulshandan agar,
Nolasi jonso‘z ul fasli bahoridin judo.

Toqat etmaz hech vaqti hajr aro mahzun ko‘ngul,
Yorab, aslo bo‘lmasun oshiq nigoridin judo.

Intizorin va’dai diydor dildor etgusi,
Xalq aro afsonai ham aqlu oridin judo.

Hayratiy devonaga hubbul vatan manzurdur,
Bo‘lmasun ul nuri chashmi ro‘zg‘oridin judo.

* * *

Ko‘nglumda g‘aming nashtaridin dog‘i alam bor,
Kim sanga asir o‘ldi anga ushbu nadam bor.

Ey sho‘xi pari chehra, seni deb bu jahonda,
Na mayli chaman, na havasi bog‘i Eram bor.

To jonim erur tan qafasi ichra muqarrar,
Ishqingda qalandarman, anga shohid egam bor.

Bu telbalig‘im boisidur ishq jununi,
Qismatda menga yozgan oni lavhu qalam bor.

Xunoba to‘kay tobakay, ey yor ko‘zimdin,
Hajringda agar yetsa ajal menga na g‘am bor.

O‘ldim dedimu, aylamading lutf ila parvo,
Hargiz demading, ishqim aro sanda alam bor.

Nomingni durri harfini bu nazm uzra yozdim,
Devonai Hayrat dilida ushbu raqam bor.

* * *

Necha kundurkim menga ul sho‘x jonon iidamas,
Har necha qilsam g‘ami hajrida afg‘on, indamas.

Ul parivash yor hajrida davomat ko‘zlarim,
Dard birla har nechakim yig‘lasun qon, indamas.

Jonu dil birla muhabbat ayladim ammo na sud,
Bilsa ham ishqida ahvolimni chandon, indamas.

Yo‘qlamas garchand bemorini dardi hajridin,
Qoldi na jonimda rohat, tanda darmon, indamas.

Ul parivash ishqida o‘lmakdin o‘zga chora yo‘q,
Endilikda har kuni bersamki yuz jon, indamas.

Bo‘ldi Farhod ila Majnun qissasi afsonadek,
Chunki yor oldimda, ammo dil parishon, indamas.

Naylayinkim g‘ayrilar birla mening rag‘mim uchun
Ro‘baro‘da o‘lturib, ul yori nodon, indamas.

Va’dai vasliga men nodon inonib shod edim,
Qayda qoldi ul vafoyi ahdu paymon, indamas.

G‘unchai tab’im nasimi mujdadin ochilmagay,
To ketib kulbamga ul sho‘xi suxandon, indamas.

Rost deb bo‘lmas ishonib bevafolar ahdiga,
Bo‘lsa hamkim va’dasi ko‘rganda yolg‘on indamas.

Tut umid ilki bila domoni matlab oxiri,
Hayratiy devona senga, yo‘qtur- imkon indamas.


MUXAMMASLAR

NODIM G‘AZALIGA MUXAMMAS

Kelgil, ey mahvash, ko‘zim mushtoqi diydoring sening,
Ishq bozorida jon jazmi xaridoring sening,
Ushbu savdoga sabab, bu husnu ruxsoring sening,
Umrlardurkim ko‘ngul, jono, giriftoring sening,
Orzumandi labi la’li shakarboring sening.

Qomatingdan sarv ham gul novdasi bebokdur,
Lablaring la’lu, tishing durdonai noyobdur,
Mahrami husn ichra ul kim sho‘‘lai mahtobdur,
Bazm aro sham’i nishot afro‘z, olamtobdur,
Ey parilar sarvari, ul ikki ruxsoring sening.

Bir yo‘l, ey berahm, dil vasling-la xursand o‘lmadi,
Bazmlarda iltifoting-la farahmand o‘lmadi,
Men kabi hech kimsa domi hajringga band o‘lmadi,
Ohkim, hargiz visolingdin barumand o‘lmadi,
Jon berib yuz ming meningdek oshiqi zoring sening.

Mardumi chashming solib ko‘ngulga yuz ming sho‘ru shar,
Xoli hindukim zanaxdoningda ko‘rdim mustaqar,
Hasratida nola qilmoqdur fanim shomu sahar,
La’li nobing ishtiyoqidin bo‘lib xuni jigar,
G‘uncha yanglig‘ tah-batah qondur dilafgoring sening.

Ey malohat taxtida sensan amiri sarfaroz,
Xo‘blarning sarvarisan, dilbari oshiq navoz,
Ishq elining kori-boridur hama ajzu niyoz,
Har jafoyu jabr qilsang injimam, ey sarvi noz,
O‘zgalar lutfidin ortiq jonga ozoring sening.

Chashmi xunrezing hamisha qasdi jon etmoq tilar,
Orzuyi lablaring bag‘rimni qon etmoq tilar,
Shavqi diydoring ko‘zim yoshin ravon etmoq tilar,
Xoki poyingni nisori naqdi jon etmoq tilar,
Kecha-kunduz yig‘labon har yerda xushtoring sening.

Ey pari, sensan hama mahvash eli ichra sinad,
Olam ichra oshiqi diydoring ermish beadad,
Hayratiy devonaga isming ayon etmoq na had,
Nodim ash’origa muzmar harfu ishqing to abad,
Hirzi joni ahli ushshoq o‘ldi tummoring sening.

NISBAT G‘AZALIGA MUXAMMAS

Ohkim, bir bo‘lmadik aslo qadrdon ikkimiz,
Etmaduk qo‘l ushlashib sayri guliston ikkimiz,
Ne bo‘lur, ey yuzlari xurshidi tobon ikkimiz,
Oshnolik birla bo‘lsak shodu xandon ikkimiz,
O‘rtamizga tushmasa begona bir on ikkimiz.

Doimo kezgum chu bulbul gulyuzim yodin qilib,
Nang ila nomus, aqlu hush barbodin qilib,
Ittifoqo yorimi ko‘rganda dil shodin qilib,
Hayfkim, har dam falak kajravlik ijodin qilib,
Gar topishsak qo‘ymagay suhbatga chandon ikkimiz.

Ishtiyoqidin bo‘lib jon ila dillar behuzur,
Yetmadim vasliga hargiz, ko‘rmadim ayshu surur,
Bor ekanmu bilmadim oyo bu peshonamda sho‘r,
Muddao naqshi muhabbat ko‘nglimiz lavhidadur,
Ramz ila imo etishmoq erdi, ey jon, ikkimiz.

Muddaoyi xotirim bo‘lgaymukin, yorab, husul,
Tig‘i hijron ila zaxmin ko‘nglum o‘ldi pur malul,
Bo‘lsa xohi oshno yokim raqibi bulfuzul,
Daxli yo‘q g‘ayri digar gar topsa o‘rtamizga yo‘l,
Mahzi hasratlar bila qilgaymiz armon ikkimiz.

Ishq jomin mast har kim no‘sh etar hushyor emas,
Kimdur ul bo‘lsun farishta hamnafas ag‘yor emas,
Volai maftun ko‘ngul deb orzug‘a or emas,
Xohi do‘stu xohi dushman bizga hech darkor emas,
Joni dildek bo‘lsak ar tan ichra pinhon ikkimiz.

Sayr etib yursak ikov bog‘lar aro dilxushlashib,
Uchrasa hajr ila furqat jon boricha mushlashib,
Bodai gulrangdin no‘sh aylabon mayxushlashib,
Orzum shuldur hamisha siz bilan qo‘l ushlashib,
Aylasak har yon xiromon ila javlon ikkimiz.

Qahr etib gohi sitam tig‘ida siynam tildirib,
Nim nigohi xandaomiz ila gohi kuldirib,
Hayratiy devonaga mahbub ekonin bildirib,
Nisbatiyga amr etib, gohi muvashshah qildirib,
Nomingiz ash’origa bo‘lsak g‘azalxon ikkimiz.

MUQIMIY G‘AZALIGA MUXAMMAS

Ishq aro oshiq elin afgor qilmoq shunchalar,
Yig‘latib ko‘z yoshini xunbor qilmoq shunchalar,
Arzi hol etsa agar inkor qilmoq shunchalar,
Zulm ila qahru g‘azab izhor qilmoq shunchalar,
Oshiqi bechoraga ozor qilmoq shunchalar.

Lutf etib ag‘yoriga rashk o‘ti birla kuydurib,
Tig‘i noz ila necha mushtoqlarni o‘ldurib,
Vaslidin mahrum etib, har yon raqib ila yurib,
Gul debon sevgan kishining ko‘kragiga nish urib,
Xastayu ma’yus etib, afgor qilmoq shunchalar.

Bir takallum aylamay xushtorlarning bazmida,
Komyob guldek chu man bemorlarning bazmida,
Oshiqi sodiq dili afgorlarning bazmida,
To‘tii shirinsuxan ag‘yorlarning bazmida,
Bizga kelganda gapurmay, zor qilmoq shunchalar.

Nozu istig‘nolar ila olmayin yuzdin niqob,
Bir qiyo boqmay, yana aylab necha qahru g‘azob,
Ey shahi taxti malohat, dilbari oliy janob,
Sizga kim aydi, muhabbat ahlini qil ehtisob,
Qo‘rqutib o‘z aybiga iqror qilmoq shunchalar.

Bo‘lsa har qandog‘ kishi ulfat yaqosi tugmalik,
Har kasu nokaski, badtiynat, yaqosi tugmalik,
Xush tavoze bo‘lsa, sersavlat, yaqosi tugmalik,
Kelsa oldingizga boy surat, yaqosi tugmalik,
Izzat ila shodu minnatdor qilmoq shunchalar.

Kim kezib dashti muhabbat ichradur zoru asir,
Tut faqirlar ilkini bo‘lsa agar ravshan zamir,
Ko‘zga ilmay, ehtiroz ila ani aylab chaqir,
Garchi kelsa eski to‘n, bizdek duogo‘yi haqir,
Kambag‘alning xirqasidin or qilmoq shunchalar.

Yor agar zulm etsa, Hayrat, tonmagay hargiz Muqim,
Hajr jomin no‘sh etarda qonmagay, hargiz Muqim,
Har bir ishkim yetsa, mehnat sonmagay hargiz Muqim,
Har baloyu jabr kelsa yonmagay hargiz Muqim,
Oshiq ahlini urubon xor qilmoq shunchalar.


RUBOIYLAR

* * *

Yorab, ahli dard ila hamroz qil,
Munisu hamsuhbatu damsoz qil.
Qilma har nojins ila hamdam mani,
Ulfati ahli salohi soz qil.

* * *

Soqiyo, navbat ila jom ketur,
No‘sh etay dam tutib tamom, ketur.
G‘am bila xotirim mushavvashdur,
Tark qilmay ani davom ketur.

* * *

Agarchi Hayratiy devonadurman,
Bihamdillohkim, farzonadurman.
Ko‘zi ko‘r ahliga go‘yo somone,
Ko‘zi biynoga chun durdonadurman.

* * *

Soqiyo, lolagun sharob ketur,
Jismi jonimga pechu tob ketur,
Domi g‘amdin dame xalos bo‘lib,
Yozayin hasratim, kitob ketur!

* * *

Eshitgan, o‘qug‘onga Hayratiydin arg‘umondur bu,
Dilidin, rozi ifshodin bayon ham tarjimondur bu.
Yozilgan safhai ko‘nglumga ilhomi ilohiydin
Ki bir nozik ado dildor vasfidin nishondur bu.
Категория: SMS SHERLAR, SEVGI HAQIDA SHERLAR (21.10.2013)
Просмотров: 1489 | Рейтинг: 0.0/0