Приветствую Вас, Гость! Регистрация RSS

Турецкие Стихи

Четверг, 21.11.2024

Furqat (1859-1909)-She’rlari
BAHOR AYYOMIDA

Bahor ayyomida gulgasht etarga bir chaman bo‘lsa,
Qilurga sharhi hol, ahli muhabbat ikki tan bo‘lsa.

Xazon ayyomida ul tavba qilgan bo‘lsa ham maydin,
Yetib mayxoralikning mavsumi, paymonshikan bo‘lsa.

Bulut qatra fishonu, ruhafzo sabzalar xandon,
Arig‘larning labida sabzakori bir chaman bo‘lsa.

Havo ham mo‘‘tadil, havzi musaffo, suffai dilkash,
Oqar suv g‘alt urib, sebarga uzra mavjzan bo‘lsa.

Sabui la’l birlan shishai bayzou oltun jom
O‘shal majlisda soqiy bir nigori siymtan bo‘lsa.

Gul uzra andalibu, sarvning boshida qumrilar
Yuzu qad hasratidin ohu faryod aylagan bo‘lsa.

Kishi to‘biyu kavsar, jannatu rizvonni ne qilsun?
Jahon ayvonida hosil bu yanglig‘ anjuman bo‘lsa.

Sururu shodlikni dahr bog‘ida nechuk ko‘rgay?
Kamina Furqatiyning maskani baytul-hazan bo‘lsa.


UMR XUSH O‘TMAS

Umr xush o‘tmas bahor ayyomi sahro bo‘lmasa,
Lolazor ichra bisoti aysh barpo bo‘lmasa.

Hosil o‘lmas bodau jom ila miynodin murod,
Jilvagar to soqiyi gulchehra ando bo‘lmasa.

Bazm ahli bo‘lsalar mayxoralar anda zarif —
Dardi yo‘q ag‘yor o‘shal majlisda aslo bo‘lmasa.

Dahr gulzorida xushdir yaxshi ta’miri bisot,
Gar xazondin gardi hodis anda paydo bo‘lmasa.

Obihayvon birla umri jovidonni ne qilay
Bir xati Xizru labi la’li Masiho bo‘lmasa.

Xok bo‘lsun ul tanekim, ishq o‘tida kuymasa,
Zeripo bo‘lsun sarekim, anda savdo bo‘lmasa.

Furqat aylar orzu bu anjumaini har bahor,
Odam ermas har kishida bu tamanno bo‘lmasa.


OHISTA-OHISTA

Vafo aylab yiroqdin oshkor ohista-ohista,
Bir ishqim aylading, jono, hazor ohista-ohista.

Na yaxshi marhamatlar aylamishsan nomada izhor;
«Muhabbat rasmi qilg‘il» deb shior ohista-ohista.

Jadal birla kishi maqsudig‘a yetgan emas, ore,
Bo‘lur vaqti bilan har nav’ kor ohista-ohista.

Nechuk toqat qilaykim, bora-bora zo‘r etib ishqing,
Ko‘nguldin oldi sabr ila qaror ohista-ohista.

Berib taskin ko‘ngulg‘a: vasliga bir kun yetarman deb
O‘zimni o‘rgatay hajringga, yor, ohista-ohista.

Parishon o‘lmayin to xotiringni jam’i qil, jono,
So‘rab holimni xat birlan biror ohista-ohista.

Nechuk osoyish aylay, ey ko‘ngul oromikim, sensiz
Bo‘lub borur jahon ko‘zimg‘a tor ohista-ohista.

O‘shal kun bir ko‘rib qolganda qilgan novaki g‘amzang
Hanuz aylab kelur ko‘ksim figor ohista-ohista.

Visoling bodasidin qilmasang shodob Furqatni,
Xabar aylar ani hajru xumor ohista-ohista.


RUXSORI AHMAR USTIDA

Termu tobi bodadin ruxsori ahmar ustida?
Qatra-qatra yoki shabnamdur guli tar ustida?

O‘smaliq qoshlarmu yo shamshir qondin zangliq?
Yoki pistoqi to‘kulmish rangi ahzar ustida.

Yuz uza kokulmidur har sori pechutob ila?
Ganji husningmu yotur yo ikki ajdar ustida?

Chehra ochtingmu bu tadbir-la chamanda toldilar,
Xasta bulbul gul uza, qumri sanovbar ustida?

Xoki poyingni taloshur ko‘zga el surmoq uchun,
Ore, har yerda hujum aylar gado zar ustida.

Ikki jodu nargising solg‘ay jahong‘a fitnalar,
Bo‘lmasa uryon qoshingdin ikki xanjar ustida.

Nozanin, sen tashla istig‘noni, xud bori garon,
Noz debosi nazokat xulq paykar ustida.

Furqatiy qoshu ko‘zingdin fitnalar ko‘rdi bale!
Sho‘rish o‘lmoq rasmdur oy tug‘sa axtar ustida.


KASHMIRDA

Bir qamar siymoni ko‘rdim baldai Kashmirda,
Ko‘zlari masxuru yuz jodu erur tasxirda.

Zarra-zarra zar sochar boshig‘a har kun oftob,
Subh kelgach, kecha yotib chashmai iksirda.

Bir ko‘rib chohi zaqan Horut ila Morut ikov,
Chohi Bobil ichra qolmishlar bo‘lak tadbirda.

Lam’ai qiyg‘och ko‘zidin aning barqi nigoh,
Tezlik javharlari gar bo‘lsa har shamshirda.

Qoshi uzra xolining asroridin bir nuqtadur,
Surai Nun o‘qudim payvasta har tafsirda.

Forig‘ ermas hech kim ul dilraboning ishqidin,
Zulfiga dilbastalig‘ har bir juvonu pirda.

Aydim: «Ey, jon ofati, zulfingga bo‘lmishman asir!
Aydi: «Bu savdoni qo‘y, umring o‘tar zanjirda!»

«Nuqta lab ustida bejodur»,— dedim, aydi kulib:
«Sahv qilmish kotibi qudrat magar tahrirda».

Aydi: «Ey bechora, qilding na uchun tarki vatan?»
Man dedim: «G‘urbatda Furqat bor ekan taqdirda!»


KAVLAMA
(Mashrab g‘azaliga muxammas)

Oshiqi dildodadurman dilbarimni kavlama,
Axgar o‘ldi g‘am o‘tida paykarimni kavlama,
Sayr qildim bahru bar xushku tarimni kavlama,
Ey sabo, g‘amzodadurman, bistarimni kavlama,
Chun shafaq oludaman xokistorimni kavlama!

Charxi kajraftordin behad alomatlar kelur,
Bu sabab ko‘zdin yuza ashki nadomatlar kelur,
Gar yurakni qo‘zg‘asam shirin hikoyatlar kelur,
Har zamone Laylidin menga kitobatlar kelur,
Sanki Majnun bo‘lmasang sardaftarimni kavlama!

G‘amdin ozoda bilur ozodalarni holini,
Yo‘qsa miskin na bilur shahzodalarni holini
Xurdadonlar bilmadilar soddalarni holini,
Xonavayronlar bilur aftodalarni holini.
Eyki mahram bo‘lmasang chashmi tarimni kavlama!

Ishq savdosi tushub boshimg‘a, ahvolim xarob,
Jonim aylar tan aro siymob yanglig‘ iztirob,
Ta’na qilma, zohido, ko‘nglumda g‘amlar behisob,
To kishig‘a dard tegmay bo‘lmadi bagri kabob,
Dilda darding bo‘lmasa dardi sarimni kavlama!

Necha kunlar hamdam o‘zga vahshiyu tayr ayladim,
Bilmadim bu yo‘lda shar’ qildim vayo xayr ayladim
G‘am hujum etti aning-chun maskanim dayr ayladim,
Lomakonni shahrini bir hu bila sayr ayladim,
Jabraili ishqman, bolu parimni kavlama!

Gah o‘zimni suvg‘a urdum, goh o‘tga dam-badam,
Bo‘lmadi davron safosi lahzae boshimg‘a kam,
To shariatni tutub qo‘ydum tariqatga qadam,
Bahri rahmatga kprib qildim vujudimni adam,
Ma’rifatdin bexabarsen, gavharimni kavlama!

Chun qadam qo‘ydung bu yo‘lg‘a bo‘lma bematlab vale,
Faxri zillat bo‘l, talashma g‘urbati mansab vale,
Furqatiy, sargashta bo‘lsang, yig‘lagil har shab vale,
Durri daryoyi maoniy bo‘ldu chun Mashrab vale,
Diyda bino bo‘lmasang ko‘b javharimni kavlama!


SAYDING QO‘YABER, SAYYOD

Saydnng qo‘yaber, sayyod, sayyora ekan mendek,
Ol domipi bo‘ynidin, bechora ekan mendek,
O‘z yorini topmasdan ovora ekan mendek,
Iqboli nigun, baxti ham qora ekan mendek,
Hijron o‘qidin jismi ko‘p yora ekan mendek,
Kuygan jigari bag‘ri sadpora ekan mendek.

Kes rishtanikim, qilsun chappaklar otib jasta,
Hajrida alam tortib, bo‘ldi jigari xasta.
Tog‘larg‘a chiqib bo‘lsun yori bila payvasta,
Kel, qo‘yma balo domi birla oni po basta,
Hijron o‘qidin jismi ko‘p yora ekan mendsk,
Kuygan jigari bagri sadpora ekan mendek.

Besh kun seni davringda bechora xirom etsun,
Ohular ila o‘ynab, ayshini mudom etsun,
Yomg‘ur suvi to‘lganda, tog‘ lolani jom etsun,
Haqqingg‘a duo aylab, umrini tamom etsun,
Hijron o‘qidnn jismi ko‘p yora ekan mendek,
Kuygan jpgari bagri sadpora ekan mendek.

Sargashta bu vodiyda bnr boshng‘a rahm etkil,
Yo‘q toqati bandingga, bardoshiga rahm etkil,
Yig‘lab senga termulur, ko‘z yoshiga rahm etkil,
Rahm etmasang o‘ziga, yo‘ldoshiga rahm etkil,
Hijron o‘qidip jismi ko‘p yora ekan mendek,
Kuygan jigari bag‘ri sadiora ekan mendek.

Tog‘da ochilib lola, yer sabza bahor o‘lsa,
Axir bu nechuk bedod, olam anga tor o‘lsa?
Chiqmay desa joyidin, uzlatda figor o‘lsa,
Gar chiqsa banogohi domeg‘a duchor o‘lsa,
Hijron o‘qidin jismi ko‘p yora ekan mendek,
Kuygan jigari bag‘ri sadpora ekan mendek.

Bechorani zulm aylab, qo‘l-bo‘ynini bog‘labsan,
Har sori chekib-sudrab, o‘ldirgali chog‘labsan,
Ko‘ksini jafo birla lola kabi dog‘labsan,
Sot menga, agar qasding olg‘uvchi so‘rog‘labsan,
Hijron o‘qidin jismi ko‘p yora ekan mendek,
Kuygan jigari bag‘ri sadpora ekan mendek.

Yo‘q hushi, pari tekkan devonag‘a o‘xshaydur,
Ko‘z yoshi yana to‘lgan paymonag‘a o‘xshaydur,
G‘am seli bilan ko‘ngli vayronag‘a o‘xshaydur,
Furqatda bu Sa’dullo hayronag‘a o‘xshaydur,
Hijron o‘qidin jismi ko‘p yora zkan mendek,
Kuygan jigari bag‘ri sadpora ekan mendek.
Категория: SMS SHERLAR, SEVGI HAQIDA SHERLAR (21.10.2013)
Просмотров: 2187 | Рейтинг: 2.0/10