Hayratiy (1870-1963)-She’rlari
Ayo gulchehra, soqiy, kel qadah davrini ijod et, Muhabbat qoplagan g‘amlik dilim lutfing bila shod et. Payopay tut qadahni, tashnalik ketsin vujudimdan, Muruvvat birla jismim bog‘ini yangidan obod et. Qizil may aksi ruxsoringni gulgun ayladi, e jon, Qizorgan, yashnagan chog‘ingda man mahzunni bir yod et. Bukun g‘amdan qutuldim, suhbatingga arjumand o‘ldim, Berib bir kosa, ko‘nglim zangini yakbora barbod et. Kuyarman ishq o‘tida doimo misli samandardek, Xalos etmoqqa, jono, bu alamdan, manga imdod et. Raqiblar bilmasin, qilg‘il tarahhum manga pinhoniy, Talab sandan shudir, e nozanin, bir bor dilshod et. Bu bazmi dilkushoda Hayratiyga marhamat aylab, Asir bo‘lg‘on dilimga rahm qil, qayg‘udan ozod et. * * * Ishq savdosida doim maskanim mayxonalar, Bir puchak pulga sotarman masjidu butxonalar. Mohro‘lar yuzlari guldek ochilgan to sahar, Bazm aro davron etar oqu qizil paymonalar. Maskanim mayxona bo‘ldi, ulfatim maxmurlar, Sajdagohim toqi abro‘i pari jononalar. Nasya jannatning sharobin menga, zohid, maqtama, Dayr aro ko‘rgil borib gulgun qabo g‘ulmonalar. Bir piyola may qilur g‘am xonasini tor-mor, Yumshatib moyil qilur, bo‘lsa dili sandonalar, Ahramanlardan batar ag‘yordan bezorman, Yurgizar el o‘rtasida asli yo‘q afsonalar. Hayrato, bir yo‘qlabon kelsa nigorim oldima, Xo‘p to‘yib husniga qongaydi dili so‘zonalar. HAJVIYALAR * * * Biz musulmonlarga o‘lganga azo qilmoq nadur? Jiddu jahd ila dengiz, bu mojaro qilmoq nadur? Soch yozib, o‘zdan ketib, ko‘kka yeturib navhalar, Sodir aylab hoy-hu birlan navo qilmoq nadur? «Sizni ko‘p ko‘rdi xudoyim», deb tobutga tashlanib, Kosh men o‘lsam, debon, o‘zni fido qilmoq nadur? «Voy bolamu, voy otam» deb, yuzni tirnab qon qilib, Ko‘p xotin o‘zdan ketib, faryodu vo qilmoq nadur? Chiqsa erkaklar o‘likni ko‘tarib gar ko‘chaga, Ergashib qiz ham xotinlar ohu vo qilmoq nadur? Ya’ni kim o‘lsa, uning otin yetaklab qabriga, Ukkipardan otning boshiga jig‘o qilmoq nadur? Uch kun o‘tmasdan xotin-qizlar libosin boshqalab, Yil — o‘n ikki oy kiyim-boshni qaro qilmoq nadur? . Bas «yigirma», «qirq», «yil oshiga» yer-mulkin sotib, Bor-yo‘qdan ajrab, o‘zni mosivo qilmoq nadur? Ya’ni bir miskin o‘lugiga ketar bir qancha pul, O‘lgani yetmasmi, ortiqcha jafo qilmoq nadur? Kosa suv ustiga bir cho‘pni qo‘yib qirq kungacha, Qelsa arvohi, o‘tirsin deb, rijo qilmoq nadur? * * * Ey yoru oshnolar, ham qavmi bosafolar, Dunyo yuzini tutdi janjolu mojarolar. Jang erdi bir tarafda, ancha uzoq bizdan, Oxirda bizni bosdi ochlik degan balolar. Bechora kambag‘allar non ko‘rmagay tushida, Uyda yotib go‘daklar yig‘lab qilur navolar. Bir yon sovuqning vaxmi, bir yonda nonga muhtoj, Qilmas tarahhum aslo boyoni besaxolar. Har bir eshikda soil besh-olti, balki o‘ndir, Bo‘ldi ulusning yarmi ovqat uchun gadolar. Ochlikning hukmi joriy, bechoralarga qishda Non qayda, bal o‘tin yo‘q, o‘lmoqqadir rizolar. Soilga bersang, avval non yoki boshqa narsa, Non olmas erdi pul deb, aylardi iddiolar. Hozirda bersangiz pul, ayturki: «Parcha non ber, Nonsiz vujudim o‘ldi monandi kahrabolar!» Bir necha ahli qishloq tashlab diyoru mulkin, Ovqat g‘amida bo‘ldi farzandidan judolar. Ba’zi xotin bolasin masjidga ketdi tashlab, Ba’zi birovga berdi yig‘lab u benavolar. Qimmatchilik uzaydi, bormi buning davosi, Boylarda g‘alla ko‘pdir, bermaydi ro‘ siyohlar. Har jins g‘allalar bor, popo‘shlar, diram bor, Boylarga bo‘lsa tayyor, xoh kecha, xoh sabolar. Bechoralarning haqqin bermas o‘ziga hargiz,, Qishloqning kattasini aylar ular rizolar. Bir yonda nonga muhtoj, bir yonda bosmachilar,, G‘oratchi muttahamlar elga qilar jafolar. Har uyda dodu faryod, kim aylagay uni yod, Boshin urib pachoqlar avboshi behayolar. Har kimning bo‘yga yetgan bo‘lsa qizinolurlar,. Qon yig‘lasa eshitmas, yo‘q unga bir davolar. Bezor o‘lib xaloyiq, har kecha qizlarini Saqlashga garnizonga aylardi iltijolar. Moli bilan qizini eltardi krepostga, Qeltirgali borardi tong vaqtida atolar. O‘ylang, nechuk bu kulfat, aylab bo‘lurmi toqat, Ming bosmachiga la’nat, badbaxt, yuzi qarolar. Tom ustida xaloyiq, har kecha uyqusizlik, Gar yog‘sa qor, yomg‘ur yig‘laydi benavolar. Bilganda bosmachilar narvon qo‘yib chiqarlar, Gar qochsa tomda otib, jismin qilur fanolar. MARDIKOR OLDI (1916 yildagi loshmon, ya’ni mardikor janjalidan boshlab Farg‘onada bo‘lgan hodisalar) Birodarlar, kelinglar, bizga bir yangi zamon o‘ldi, Jahon ayvonida bu nomimiz bir qahramon o‘ldi. Edi bir mingu to‘qqiz yuz o‘n olti ro‘za oyida, Iyul oyiga o‘n bir erdi bir sho‘rish ayon o‘ldi. Ki, ya’ni mardikor olmoqchi farmoni kelib birdan, Xaloyiq o‘rtasida askar olmoq, deb gumon o‘ldi. Bu yangi ish edi xalq o‘rtasida bo‘lmagay joriy, Bu ish ham bir sababdek qaynatilgan bir qazon o‘ldi. Tamomi poraxo‘r bo‘lgan edi hokim, pristuplar, Ishi bitmas edi, gar bermasa, shunday zamon o‘ldi. Amaldorlar hamisha boyga aylar erdilar xizmat, Ularga ishchi-dehqonlarni ashyosi talon o‘ldi. Eshitmas erdi dehqon arzu dodin qozi, mingboshi, U zolimlarni qilgan zulmi kun-kundan yomon o‘ldi. Na qilsin kambag‘allar, qayga borsin, kimga arz etsin? Misoli qo‘y kabi dehqonlara bo‘ri shubon o‘ldi. Amaldorlarga yordamchi bo‘lib boy birla eshonlar, Firibgar omidan ham salla boylab bir eshon o‘ldi. Jahonga kelmasin aslo o‘shal zolim hukumatlar, Bukun el yayradilar ham gadolar al’amon o‘ldi. Murodim mardikor olmoqni ta’rixin yozish erdi, Va lekin chetga chiqdim, bir qo‘shimcha doston o‘ldi.
| |
Просмотров: 1047 | |