Приветствую Вас, Гость! Регистрация RSS

Турецкие Стихи

Воскресенье, 24.11.2024

Manzurabonu-She’rlari
Ey, nozparvar gul, sarvi ra’no, 
Husn ahli ichra maqomi zebo. 

Ul huri jannat quldur qoshingda, 
Gul yuzlaringdin xurshid huvaydo. 

Xoli xatingdin o‘t tushdi dilga, 
Yolg‘iz boshimga ming turli savdo. 

Laylivashim san, tanda madorim, 
Bo‘lsam, ajab yo‘q, Majnuni shaydo. 

Ul lola yanglig‘ bag‘rim aro dog‘, 
Qilsam yeridur oh ila g‘avg‘o. 

Zulfingni tori chulg‘ab tanimni, 
Har sori sudrar dasht ila sahro. 

Mujgon o‘qidin ko‘ksumga sanchib, 
Usru ko‘z ila qilding tamosho. 

Yondurdi hijron, Manzurabonu 
Oshiqlar ichra ham bo‘ldi rasvo.


MASHRAB G’AZALIGA MUXAMMAS

Biling, ishq otashi, do‘stlar, yurak-bag‘rim nihon o‘rtar, 
Bu tan mulkini vayron aylabon har dam yomon o‘rtar, 
Yururman ishqi vodiysi aro, jismimda jon o‘rtar, 
Agar oshiqligim aytsam, kuyub jonu jahon o‘rtar, 
Bu ishq sirrin bayon qilsam, taqi ul xonumon o‘rtar.

Kimam ishq yo‘lga po(y) urdi, bo‘libdur zoru sargardon, 
Quyun dashti aro bo‘lg‘ay misoli chug‘zdek* hayron, 
Agarchi zohiri odam, bo‘libdur botini biryon, 
Kishig‘a ishq o‘tidin zarrai yetsa bo‘lur giryon, 
Bo‘lub besabru betoqat, yurak-bag‘ri chunon o‘rtar.

O’shal parvonadek, naylay, kuyub-yondim firoqingda, 
Visol ayyomi na bilmay, kuyub-yondim firoqingda, 
O’zim ahvolimi so‘rmay, kuyub-yondim firoqingda, 
Mani bexonumon tinmay, kuyub-yondim firoqingda, 
Oting tutsam, nigoro debki, zavqidin zabon o‘rtar.

Jahon oshiqlari ichra bu ishqimni ayon aylay, 
Fig‘onu nola birla andalibni bezabon aylay, 
Ta’magir, ta’nagir, zuhhod elig‘a sad ziyon aylay, 
Qayu til birla, ey jono, seni vasfing bayon aylay, 
Tilim lolu ko‘zum giryon, so‘ngaklarim nihon o‘rtar...

Firoqingda ado bo‘ldum, kelib holimni so‘rmassan, 
Ochilg‘on gul edim, so‘ldum, kelib holimni so‘rmassan, 
Ko‘ngul g‘avg‘osidin to‘ydum, kelib holimni so‘rmassan, 
Bu dard ila xarob o‘ldum, kelib holimni so‘rmassan, 
G’aming boshqa, alam boshqa, yuragimni fig‘on o‘rtar.

Qulingdur, Bonuni, yor-o, ki vaslingdan judo qilma, 
Kechibdur dinu imondin, ani ko‘b shuncha kuydirma, 
G’amingda marg bo‘lmushdur, yana yakbora o‘ldirma, 
Bu Mashrab dardini, jonoki, hech kim boshig‘a solma, 
Agar mahsharda oh ursam, bihishti jovidon o‘rtar.
Категория: SMS SHERLAR, SEVGI HAQIDA SHERLAR (21.10.2013)
Просмотров: 1005 | Рейтинг: 0.0/0