Приветствую Вас, Гость! Регистрация RSS

Турецкие Стихи

Четверг, 26.06.2025

Sadriddin Ayniy (1878-1954)-She’rlari
BEHBUDIY RUHIG‘A ITHOF
(Shabi hijron havosig‘a)

Sani mundin buyon Turon ko‘rolurmu, ko‘rolmasmu? 
Saning mislingni Turkiston topolurmu, topolmasmu? 

San, ey ustodi oliyshon, eding ajubai davron, 
Otingni tilga har inson buyuk hurmat-la olmasmu? 

Saning tarixiy davroning, saning osoru urfoning, 
Saning noming, saning shoning jahon qoldiqcha qolmasmu? 

Saning ko‘ksung cho‘kulganmu, saning beling bukulganmu?
Saning qoning to‘kulganmu? Muni(ng) hech kim so‘rolmasmu? 

Boshingni kesduran qotil, u badtiynat, u sangin dil, 
Xudodan gar esa g‘ofil, xaloyiqdan uyolmasmu? 

Vatan avlodi yod etdi, sani hurmat-la shod etdi, 
Va lekin intiqomingni ololurmu, ololmasmu? 

Jahonda zulmdur zohir, jahon xunxo‘r, jahon jobir, 
Jahondan bir zamon oxir sitamgarlik yo‘qolmasmu? 

Behishtu hurii g‘ilmon sanga Haq aylasun ehson, 
Sanga rahmat, sanga g‘afron Xudoyim yetkazolmasmu?!


BEHBUDIY AFANDINI ESGA TUSHIRIB, QATL VA QATLGOHIGA XITOBAN

Ey madfuni insoniyat, ey maqtuli ahror!
Ey markazi vahshoniyat, ey mahmani ashror!

Minglarcha yigitlar boshini tandan ayuruding,
Minglarcha asoratzada o‘g‘lonlari qirding.

Qon to‘k, yana qon to‘k, yana qon to‘k!
Qon seli bilan oqibat-al-amr, yoril, cho‘k!

Qon to‘k-da, cho‘mul qong‘a! Yiqil qong‘a! Bo‘g‘ul, o‘l!
To qonga bulg‘anmasin ozoda biror qo‘l!

Ey devi jaholat uyi, ey, qon-la to‘lan g‘or!
Shod o‘l bu kun! Ammo bu kunning ertasi ham bor! 

Bir dasti riyo, dasti jafo, dasti xiyonat 
Mumkinmi sani aylasa ketdikcha siyonat?!... 

Ey qotila, ey fojira, ey fitnai Turon! 
Turon eli fitnang ila bo‘lsunmi parishon?! 

Minglarcha yigit boshini kaltak bilan ezding, 
Minglarcha yigit nash’ini sarjin kabi tizding. 

Zindonlara minglarcha tiriklarni chirutding, 
Tezob ila minglarcha o‘luklarni eritding. 

Qur’onni, shariatni ayog‘ ostida bosting, 
Behbudiy kabi dohiyi Turonni-da osting! 

Bosh kes, yana bosh kes, necha kun kayfu safo sur! 
Lekin ko‘zingni och! Kelasi kunlaringi ko‘r! 

Bilgilki, bu ahmol emas! Ahmoli ilohi! 
Bilgil, abadiy qolmayajak muncha malohi! 

Bir kun kelur albat, kelur albat, kelur albat 
Ey xoina! O‘ch olmag‘a ojizlara navbat!

Ey maqtuli ahror! Ey mamkini ashror!
Qon to‘k, yana qon to‘k!
Qon to‘k-da, yoril, cho‘k!
Bir dasti xiyonat
Aylarmi siyonat
Doim osor?
— Aslo! Bir kun kelur albat, ojizlara navbat 
O‘ch olmag‘a sandan. 
Ey manbai nakbat, 
Ko‘rsam o‘sha kunni!

1920, IV, Samarqand.
Категория: SMS SHERLAR, SEVGI HAQIDA SHERLAR (21.10.2013)
Просмотров: 3091 | Рейтинг: 0.0/0