Abdurauf Fitrat (1886-1938)
MIRRIX YULDUZIGA Go'zal yulduz, yerimizning eng qadrli tuvg'oni, Nega bizdan qochib muncha uzoqlaiga tushibsan? Tuvg'oningga nechun sira gapurmasdan turibsan, So'yla, yulduz, holing nadir, nechuk topding dunyoni? Bizning yerda bo'lib turgan tubanliklar, xo'rliklar, So'yla, yulduz, sening dag'i quchog'ingda bo'lurmi? Bormi senda bizim kabi insonlar, Ikki yuzli ishbuzarlar, shaytonlar, O'rtoq qonin qonmay ichgan zuluklar, Qardosh etin qo'ymay yegan qoplonlar? Bormi senda o'ksuz yo'qsulning qonin Gurunglashib, chog'ir* kabi ichkanlar? Bormi senda butun dunyo tuzugin* O'z qopchig'in to'ldirgani buzganlar? Bormi senda bir o'lkani yondirib, O'z qozonin qaynatg'uvchi xoqonlar? Bormi senda qorin-qursoq yo'lida Elin, yurtin, borin-yo'giin sotqonlar? GO'ZALIM Go'zalim, bevafo gulistonim, Bog'i umrimda toza rayhonim. G'am-u qayg'ularim hujumindan Sen eding mehribon, nigohbonim. Meni behuda tashlading-ketding, Nega o'ldirmading-da, tark etding. Kel, gulim, kel, ayog'ingga yiqilay, Bir zamon qo'y: to'lib-toshib yig'lay. Qo'y, biroz qo'yki, xoki poyingni Surmadek yoshli ko'zima surtay. Ketma, tur, tingla arzi holimni, Arz etay holi purmalolimni. Qani u damki, sen eding yorim, Munisim, hamdamim, madadkorim, Sening og'ushing, iltifotingda Rohat etmishdi jismi bemorim. Meni behuda tashlading-ketding, Nega o'ldirmading-da, tark etding. Kel, ayog'ingga qon bo'lib to'kulay, Bir nafas dard-hajrdan qutulay, Kel, go'zal dilbarim, kel, sochingni Bir taray, bir o'pay-da, o'lay. Meni behuda tashlading-ketding, Nega o'ldirmading-da, tark etding. YANA YONDIM Yuragimning qalin, qizg'in olovi-la qaynag'on Ko'z yoshlarim, qaydasiz? Kunim kabi uzun, qora shu kechada kutub men Erishmadim sira sizga, nega bo'yla qochasiz?! Nechun meni sababsizcha unutdingiz, aytingiz? O'tunamen, yalinamen, qochmangiz, qaytingiz! Yana butun borlig'imning negizlari yemrildi, Umidimning ko'p chidamli teraklari yiqildi. Xayolimning totli, chuchuk soatlari butunlay Uzoqlashib ketdi mendan... to'sub turar yo'limni. O'lim dag'i qutqorg'ani kelib tutmas qo'limni. Kecha uning nur tengizi bo'lg'on go'zal manglayin Tolg'alanmish ko'rgach men... Yer yuzida borlig'imni ko'rsatmakdan uyaldim, Yutdim butun qayg'ularning, motamlarning og'usin. Jon tutg'usi bo'lgan ko'zi og'ir, nozli suzilardi, Biroz burun chog'ir ichgan parilarga o'xshardi. Bilmam nechun o'ynardi!.. Ka'ba uzra aylanguvchi ko'garchindek* yuragim, Soatlarcha shul ko'zlarning tegrasida aylandi. Biroq u Menga sira boqmadi. Yig'ladim, Kuldim, Yolindim. Tushundim - Bittasi ham mizojig'a yoqmadi. Yig'la biroz, o'ksuzlangan tilagim, Men ham senday baxtsizlikka tutundim, Umidsizlik ora tushub, yo'qsul jonim o'rtandi. ONAM Onam! Seni qutqarmoq uchun jonmi kerakdir? Nomusmi, vijdon bila imonmi kerakdir? Temur ila Chingiz qoni toshdi tomurimda - Aytgil,Seni qutqarmoq uchun qonmi kerakdir? Yov suqg'ali kelgach,qilichini yuragingga, Tush oldiga,ol ko'ksumi - qalqonmi kerakdir? Boq,boq,mana turk tengizi toshqun qila qoldi, Turon yovini quvg'ali to'fonmi kerakdir? Turon, yigiting,barchaga boq,qalqdi oyoqg'a, Yurtda qorovul qo'yg'ali arslonmi kerakdir? KIM DEYAY SENI? Oppog'im,xudoy asragay seni, Ko'z balosidan saqlagay seni. Sen jahonning nozaninisen, Qayg'ularga hech solmag'ay seni. Qip-qizil gulim,yop-yorug' oyim, Ketma,tur bir oz,men ko'ray seni. Dardli dilimning sen davosimi, Mungli ko'nglimning podishosimi? Gulmisen, ko'zim,jonmisen,qo'zim, Ko'nglimning buti yo xudosimi? Bilmadim,gulim,ayt,o'zing kulib, Oshiqing nechuk atagay seni? BIR OZ KUL! Ko'z yoshlarim bukun tag'in oqarmi, Qizil gulim boshqalarga kular-da? Qizil gulim,borlig'imning sultoni, Jonim sening xayolingdan kuchaydi. Yuragimning eng qimmatli armoni, Nechun menga marhamating ozaydi? Ikki ko'zim,malak yuzim,sevdigim, Jonlar sening yuzginangdan aylansun. Qizil gulim,qora ko'zim, tilagim, Dunyo sening boqishingdan o'rgulsun. Yovuz yorim,yuzingga hech boqolmam, Ko'ngil dardin oyog'ingga to'kolmam. Tuproq kabi yiqilmisham yo'lingda, deya olmam, Istar esang menga kelib gapirma, yonimda hech o'tirma: Yolg'uz yig'lab turganimni uzoqdan Ko'rganingda marhamat et,bir oz kul! O'GUT Og'ir yigit, sening go'zal, nurli ko'zingda Bu millatning saodatin, baxtin o'qudim. O'ylashingda, turishingda hamda o'zingda Bu yurt uchun qutulishning borligin ko'rdim. Turma - yugur, tinma - tirish, bukilma - yuksal, Hurkma - kurash, qo'rqma - yopish, yo'rilma* - qo'zg'al. El yo'lini to'sib turgan eski bulutlarni Yondirib qo'y, yirtib tashla, barchasin yo'q et! Qilolmasang shu ishlarni, Sening uchun xo'rlikdir bu!.. Yiqil, yo'qol, ket! NEGA BO'YLA? Sen kelgach, She'rim uchun Qizil gullar to'shalgan, Yulduzlar-la bezalgan Eng keng bir yo'l ochildi. Sen kelgach, Ko'nglimni Qayg'ular-la,motamlar-la o'ragan Qora qalin pardalar Yirtildi. Sen kelgach, Xayolim Umid,armon chechaklari ochilg'on Uchmoh kabi bog'chalarda bulbuldek Sayrab yurdi. Biroq sen Ishqingdan Kecha-kunduz yonib turg'on ko'nglumning Dardini Hech sezmasdan,kula-kula turar-da, Yonar butun borlig'im... Nega bo'yla?
| |
Просмотров: 2122 | |