Abdulla Qodiriy (1894-1938)-She’rlari
TO‘Y Qildi bu vaqt bizda javlon to‘y, Oqchasi yo‘qni etdi hayron to‘y. Bir-biridan oshurdilar to‘yni, Topdi ravnaq, hayratila boyon to‘y. Besh kun to‘yni so‘ngidin Ketibon mulklar bois fig‘on to‘y. Boyon to‘yig‘a yerlilar qarab Etdi sarf toki tandagi jon to‘y. Ey g‘aniylarimiz, ey faqirlarimiz, Amr etubdurmi bizg‘a Qur’on to‘y. Mundayin ishlar shar’imizda yo‘q Kori maj’us, kori shayton to‘y. Ishlamas shunday ahllik kishi, Yo‘lamas aslo ahli vijdon to‘y. O‘tsa to‘y birla yozu qishimiz, Aylagay bizni yerg‘a yakson to‘y. Kelingiz do‘stlar, din qarindoshlar, Tashlasun bo‘lsa gar musulmon to‘y. G‘aniy-boy. Ma’jus-nasroniy. Abdulla Qodiriy, "Sadoyi Turkiston” 1915 yil, 64-son, 20 mart, 2-bet AHVOLIMIZ Ko‘r bizning ahvolimiz, g‘aflatda qanday yotamiz, Joyi kelgan chog‘ida vijdonni pulg‘a sotamiz. O‘g‘limizg‘a na adab, na fan, na yaxshi so‘ylamak, Na xudoni buyrug‘i bulgan ulum o‘rgotamiz. Korimiz shundan iborat bo‘ldi ushbu vaqtda, O‘ntadin bedona boqib yozu qish sayrotamiz. Hamda har kun takyalarda nasha ko‘knori chekib, Bachchag‘a kokil solib, oh-voh ila o‘ynotamiz. Qarimiz, boyonimiz, balki bu vaqt oqvondamiz, Nogahon ko‘rsak agar bir besoqolni qotamiz. O‘rtadan chiqsa agar millatni yaxshi suyguchi, Biz ani dahriy sanab, to‘fangcha birla otamiz. Kelingiz yoshlar, ziyolilar bu kun g‘ayrat qiling, Uxlaganlarni agar qodir esak uyg‘otamiz. Ulum-ilmlar. 1915 yil MILLATIMGA BIR QAROR Kel ey millat, bir kun bir maslahat bilan qaror o‘lsun, Bu kundin o‘tgan ishlarga pushaymon birla or o‘lsun. Qilaylik bul kuni hayrat hama birdan qilib himmat, Jaholat cho‘l sahrosida minba’d sabzavor o‘lsun. Bu nodonlik biza qilmish edi to‘rt faslni qishdek, Jahonni zimistoni do‘nub fasli bahor o‘lsun. Ayashmay kumush-oltunni hamma boyonlar aslo, Solib dorilfununlar ham makotiblar hazor o‘lsun. O‘qushsun millat avlodi bizni doim duo aylab, Qilib tahsil ulumlarni fununa yaxshi yor o‘lsun. Ochayluk jami’atlar, ko‘b yig‘aylik ham inoyatlar, Ki toki yatim va bechora bekasg‘a mador o‘lsun. Necha chog‘lar bo‘lubdurkim, qochibmiz biz taraqqiydin, Bu kun bir iltifot birlan bu yo‘lg‘a bir guzor o‘lsun. Jaholat sassig‘i bizni hamisha behuzur etdi, Bu kun ilmning bo‘yi birlan dimog‘lar mushkibor o‘lsun. Bizning johilligimizni ko‘rib ul shod bo‘lganlar, Ko‘rib mashg‘uliyatimizni ilmg‘a sharmisor o‘lsun. Kimikim jur’at aylab, bul kalomlarg‘a amal qilsa, Jahonda ismi ani pahlavon nomdor o‘lsun. Bu kun men so‘zladim oz nutq siza to Qodir o‘lguncha, Ilohi aylasun ta’sir shu so‘z sizga bakor o‘lsun. FIKR AYLAG‘IL Oqilo fikr aylag‘il, ki na ishlayur ahli vatan, Qaysi fosiq, qaysi johil, qaysisi bo‘ldi chapan? Qildilar bir-birig‘a dushmanlikni har vaqt beibo, Bir-birini aybin ochmoqg‘a kirishdilar bajan. Yer sotarlar elda necha to‘y bajo etmak uchun, Chunki bid’atin yo‘lida ham fidodur jonu tan. Pulni ko‘b isrof etarmiz, bizg‘a to‘g‘ri kelmag‘ay, To‘libon toshti bu vaqt ul aqchalardin resto‘ran. Zanlari sohibjamolu ham satang deb o‘ylama, Yeb-ichib jir bitmagan andoq sigiri belabon. Qizlarin bo‘ynida ko‘rub zebigardon ham tumor, O‘ylamangiz olima deb jumlasi naf’siz, ziyon. Tushsa pul qo‘lig‘a gar, soatcha to‘xtab turmagay, Chunki nodonni qo‘lida musht tufroqdur suman. Qodiriy nazdingiza oz hasratidin so‘yladi, Ayb etub qilmang haqorat, muhtaram ahli vatan.
| |
Просмотров: 27216 | |