Charxiy (1900-1979)
KO‘NGLIM YAQIN Ko‘ngil yaqin nigorim, ammo o‘zim uzoqda, Kelmas ko‘zimga uyqu har kecha ishtiyoqda. Ag‘yora bo‘lma moyil, bo‘lgil so‘zimga qoyil, Ahdingni qilma zoyil, tashlab meni yiroqda. Jon erdi resha-resha, kilding karamni pesha, Ikki ko‘zim hamisha parvonadek chiroqda. Ko‘rsat yuzingni barno, husning qilay tamosho, Qosh o‘sma qo‘ysa, ammo soch dardidur taroqda. Yorimning ishvasidan, nozu karashmasidan, Kelmoqqa va’dasidan og‘zim bu kun quloqda. Charxiy misoli bulbul shaydosi bir qizil gul, Ming marta arzimasmu aylansa ushbu bog‘da. 1951 yil. GUL DASTA-DASTA Qadding, ey nozanin, guldasta-dasta, Jamoling ko‘rgali olam havasda. Binafsha kokiling bo‘yiga shaydo, Sanubar qaddu shamshodingga basta. Yarashgan qomati zebolaringga Taralgan qora soching rasta-rasta. Javohirmu tishing yo durru gavhar, Tamannoyi labing Rumu Adasda. Meni ko‘nglum seni yoding-la xursand, Raqib ahli itobingdin shikasta. Chaman bulbullari yodingda sayrab, Seni deb qolmagay qumri qafasda. Muhabbat otashi har kimda bo‘lmas, Bo‘lur Majnun kabi Layliparastda. Qachonkim Charxiy vaslingdan ichib may, Erurman to bu dam mastu alastda. 1927 yil. ISHQ DARGOHIDA MAQBUL Bir nafaslik tinch hayotim eng ulug‘ fursat menga, Har minut zavqi-quvonchim, baxt har soat menga. Yor sochidek uzun tunlarda xobim kim desun, Vasl oqshomida ko‘z yummak emas rohat menga. Yoridan quvlandi bo‘lganlar, menga.kelmang yaqin, Ishq dargohida maqbul-dard eli ulfat menga. Fitnadan, oluda ishrat bog‘idan yo‘q hosilim, Bog‘u rog‘imdir-tikansiz gul-shirin suhbat menga, Jismi jon torojiga yetganda nafsning lashkari, Qudratim qalqoni to‘ssa, yetmagay zahmat menga. Har nechuk nokasga hargiz gardanim xam bo‘lmagay, Chunki bu ta’limni o‘rgatgan halol mehnat menga. Fildimog‘ ayshi-la xursandlardin olmasman saboq, Tinchimas mehnatda botir-mo‘r ham ibrat menga, El nazargohidan ayrilmoq erur ko‘p xorlik, Yaxshilarning davrasida bo‘lmog‘im-davlat menga. Charx gardundan balanddir himmatim me’roji ham, Qahramon xalqimni shonu shuhrati shuhrat menga. MUNOSIB Ko‘ngil ganjasiga jon munosib, Erur har jonga bir jonon munosib. Hayolim motami hijronda qolmish, Najot istarga sen-sulton munosib. Xirom etganda zebo qomatiga, Muhabbat shavqi-la javlon munosib. Demasman rozi dil ifsho eturga, Kesa bedard, beunvon munosib. Talab etsa murodni oshiq ahli, Muruvvat ahlidan ehson munosib. Ko‘ngil sanduqida ko‘pdur havaslar, Bayon aylarga bir devon munosib. Desalar munisi Charxiy bo‘lurga, Fasohat bobida Davron munosib. EY YUZI NUR Ey yuzi nur silsilai oftob, Ey ko‘zi xummor, labi shahodnob, Qaysi chaman gullari sendek harir? Qaysi pari sen kabi olijanob? Necha sanamlarki yuzing shavqida Ko‘rmoq uchun bag‘ri bo‘libdir kabob. So‘zga ketir labni tabassum bilan, Tortmasin ortiqcha dilim iztirob. Tanga yeturgay yangi jon boqishing, Tashlama mehringga jafodan hijob. Ne desam andin yana sen yaxshiroq, Sensan umidim yoritur mohitob. Qahr ila sindirma ko‘ngil ko‘zgusin, O‘z uyini hech kishi qilmas xarob. Harna deding arz ila, ul nozanin, Charxiy, savolingga berurmi javob. 1969 yil. YOSHLIK Esizki, yoshlik o‘tib, sochlarimga tushdi qirov, Yigitlik avji ketib keksalikda qoldi sinov. Yiroq-yiroqqa boqib ko‘zlarim to‘yub-to‘ymay, Uzoq-uzoq safarim otiga urildi jilov. Qimorxona ishq ichra necha yil yurdum, Ko‘ngil olur kishiga jonu dilni tikdim dov. G‘ayur iroda tifli yo‘limda har ag‘yor, Kuyub o‘zin o‘tida mahv bo‘ldi bir necha yov. Gahi dilimda muhabbat alangasi tutoshib, Ne so‘z demayki, fig‘onim to‘solmadi hech g‘ov. Birov boqib menga xolis silardi peshonam, Birovga chin so‘zim aytsam, tilimga soldi g‘arov. Ulug‘lar oldida odob bilan edim xomush, Birov dedi bu na odam, birov dedi bu soqov. Madad tilab necha ustozlarimni xizmatida, Saqol shupurgi va ikki qo‘lim bo‘lurdi kosov, Hayot nash’asining lazzati shu deb bildim, Yamon sog‘inmasa, jabr etmasa birovgv birov. Bu bir fasona, demang, so‘zlarimni, farzandlar G‘ururi nafs ila solmang shirin umrga egov. Hamisha xush, bu damingdur g‘animat, ey Charxiy, Masalki, keksalik illat, yigitlik umri olov. ISTASANG Ista do‘stingning rizosin, chin qadrdon istasang, Jonni ol, ranjitma jonni, mehribon jon istasang. Ranjigan ko‘ngil binosi qayta bunyod bo‘lmagay, Xoru hasdan toza qil, pokiza bo‘ston istasang. Bir masal: sho‘ra zaminga sochma hosil tuxmini, Yerning sen sho‘rini yuv, bag‘ridan don istasang. Bog‘lasang dil arzigay o‘z mehribon dildoringga, Jon qushin har shox uza qo‘ndirma, vijdon istasang. Bo‘l chiroyligu va lekin bevafolar hamdami, Kunda yuz jabru jafo, ming xil pushaymon istasang. Makriga aldanma, nozi yuz pushaymon keltirur, Mard esang qadringni bil sen, ahdu paymon istasang. Yaxshilarning yori Charxiy , xasta dillar marhami – Bo‘l jahonda to abad, nomingga doston istasang. CHASHMI XUMORINGDAN SENING Men o‘rgilay, ey nozanin, chashmi xumoringdan sening, Chashmi xumoringdan sening, nomusi oringdan sening. Fikri xayolim sen bilan, shirin maqolim sen bilan, Olmaysan aslo bir xabar, bu intizoringdan sening. Sayrim visoling bog‘ida, gul g‘unchasin yaprog‘ida, Paydo u nopaydoligim, ko‘zguda boringdan sening. O‘ylab seni paymonlarim yonimda yurgan onlaring, Ko‘nglim hamisha shod erur, ahdu qaroringdan sening. Bog‘ ichra ungan loladan, la’ling tamannosi bilan, Kasb ayladi oliy yashin, gul-gul uzoringdan sening. Gar tushda ko‘rsam qomating, uyg‘otmasin derman sabo, Kasb aylasam bo‘yi vafo, kulgan bahoringdan sening. Charxiy visoling bog‘ida, sayr etsa gul yaprog‘ida, Ko‘nglin qushi ajralmagay hech ixtiyoringdan sening.
| |
Просмотров: 1008 | |