Приветствую Вас, Гость! Регистрация RSS

Турецкие Стихи

Четверг, 21.11.2024

Uyg'un (1905-1990)-She’rlari
OLTIN SEVGI

Ayb emasdir sevilmoq, sevmoq, 
Ayb emasdir sevgim bor desam. 
Sevgisi hur, tolei baland, 
Ayb emasdir seni yor desam.

Aytib ber, deb qistama meni, 
Sevgimizning tarixi uzoq. 
Mening dilim kabutar bo‘ldi, 
Yo‘llariga sen qo‘yding tuzoq. 

Domingga ilingan kabutar 
Yuragani pora qilmadi. 
O’tganlarday zor-zor yig‘lab, 
Toleini dorga ilmadi. 

Oshiq Farhod kabi uning yoshi 
Daryo-daryo bo‘lib oqmadi. 
Ko‘kragani bosib azob, uni 
Ajal yeli kelib qoqmadi.
 
Balki u, mehribon hayotning 
Shirin bo‘sasiga yo‘liqdi. 
Sezishga sazovor hislari 
Balog‘atga yetdi, to‘liqdi. 

Muhabbatning bahosi yo‘qdir, 
Bizning uchun sevgi fazilat. 
Sevgi odat bizning kunlarda, 
Sevgi bizga oltin zarurat.

2

Qarashlaring dilnavoz edi, 
G’amga duchor bo‘lmadi zarra. 
Oy to‘lishgan kecha soz edi, 
Bo‘sa berding birinchi karra. 

Shunda bildim bo‘saning kuchin, 
Bo‘sa meni ayladi sarxush. 
O’ynab turib sochingning uchin, 
Yengil tortdim go‘yoki bir qush... 

Bu bo‘sada bor edi quyosh –
Harorati, may malohati. 
Shu bo‘sadan boshlanmishdi yosh –
Hayotimning baxti, rohati. 

U umrimning oltin bobiga 
Ravnaq berib munavvar qildi. 
U ishqimning gul kitobiga
O’chmas muhir bo‘lib bosildi. 

Men yigitman, sen barkamol qiz, 
Bo‘sa berding safoli tunda, 
Oltin zanjir kabi umrimiz 
Bir-biriga ulandi shunda. 

Xotiramda: ilk bo‘sa bizni 
Haddan ziyod qilmish edi shod. 
Chunki o‘sha taqdirimizni 
Qo‘shib qo‘ygan edi umrbod. 

Shul sababdan taqdir ataldi, 
Ilk bo‘saning ikkinchi oti. 
Shul sababdan umrbod qoldi 
Labda o‘sha bo‘saning toti.

YOMG’IR YOG’AYAPTI...

Yomgir yog‘ayapti shivirlab, mayin, 
Hammayoq shalabbo, boshdan-oyoq nam. 
Yomg‘ir tomayapti, kipriklaringga, 
Ho‘l bo‘ldi loladay yonoqlaring ham...

Ho‘l ko‘ylak tanangga chippa yopishdi, 
Qaddi-qomatingni ko‘rsatib yaqqol. 
Ko‘ksing bo‘rtib turar ohista qalqib, 
Husningga yetmasin hech qachon zavol!

Tinmay yog‘ayotgan o‘jar yomg‘irning 
Salqini urilar gulday yuzingga. 
Negadir labingda mayin tabassum, 
Go‘zal ko‘rinadi olam ko‘zingga.

Ehtimol jo‘sh urar ko‘nglingda shoddik, 
Ehtimol qalbingdan uzokdadir g‘am... 
Yodimda qoladi shu safoli payt, 
Xotiramdan chiqmas shu sehrli dam...

Shu choq ko‘zlaringga termulib turdim, 
Sahro lolasiday yomg‘irda qolding... 
Yetilgan, barkamol, durkun go‘zal qiz 
O’tgan yoshligimni yodimga solding...
Категория: SMS SHERLAR, SEVGI HAQIDA SHERLAR (21.10.2013)
Просмотров: 2803 | Рейтинг: 1.0/1