Приветствую Вас, Гость! Регистрация RSS

Турецкие Стихи

Суббота, 30.11.2024

Maqsud Shayxzoda (1908-1967)-She’rlari
SHE’R CHIN GO’ZALLIK SINGLISI EKAN...

She’rsiz qalblarga achinaman men, 
Ularda na tonglar kunduzin boshlar, 
Na oqshom yulduzlar ufkin ochar keng, 
Na bahor chog‘ida sayraydi qushlar.

Qo‘shiqsiz uylarga kulgi yoqmaydi, 
Xonadon ahlining qovog‘i osiq. 
Hatto derazadan quyosh boqmaydi, 
Soatning o‘zi ham tiqillar bosiq. 

She’rsiz ko‘chani tole qarg‘agan, 
Bu yerda sevgining manzili bekik... 
Quvonch bunda kezar kayfi tarqagan –
Keksa xumoridek qomati bukik...

Bechora odamlar, bilmaski ular, 
She’r chin go‘zallik singlisi ekan. 
Har kimki u bilan sevishsa agar –
Husniga chiroylar qo‘shilar aynan. 

She’riyat diyorin shoirlarimiz, 
Har uy, har ko‘ngilga baytlar bo‘lsin yor! 
Elga dastyor bo‘lsa she’rlarimiz –
Demakki, umrimiz o‘tmabdi bekor!..

G’AFURGA XAT

Oltmish yillik umrning hayajonlarin, 
To‘polonlar, hujumlar, qahqahalarin, 
Ko‘priklarni, bog‘larni, chorrahalarni, 
G’azablarni, mehrni, so‘z marjonlarin –
Bir lahzada tark etib ko‘chdingmi, do‘stim? 
Shahringning ro‘yxatidan o‘chdingmi, do‘stim?

Abdulg‘afur, mavlono, shoshdim zovtalab: 
Xabarlarmi yanglishgan, yo‘qsa quloqlar!.. 
G’afur G’ulom va o‘lim - qovushmagan gap, 
Misoli qish va rayhon, dasht va buloqlar. 
G’afur G’ulom va sukut - ikki yov lashkar, 
Nuqul urushayotgan dushman taraflar.

«Xayr!» demay ketganing ne deganing u?
«Tez qayturman bemuhlat!» deganingmi u? 
«O’lim asli o‘tkinchi bir hodisa-yu, 
Hayot mangu bir holat!» deganingmi u?
Kaydan seni qidiray, adresing qaer? 
Kimdan seni so‘rayin? Odamlar ne der?

Mangu elda esdalik bo‘lsin deb mendan, 
Borib yetgay bu xatim senga daf’atan. 
Oh, qardoshim, og‘ajon, piri barkamol, 
Qirq yillik bir daftardir xotira, xayol.
Eh-he, ne-ne kunlarni kechirdik birga, 
Nahot, ular barchasi cho‘kdi qabrga?

Tinmas, tolmas, jonparvar ko‘z bordi senda, 
Qirq shoirga yetarlik so‘z bordi senda. 
Hofizangda yuz ming bayt, o‘n ming latifa, 
Ming sarguzasht, yuz qissa, sonsiz sahifa... 
Mutoyiba, hajvlar, pandu tanbehlar, 
Yashin kabi chaqnagan keskin tashbihlar,
Hammasi senda edi va sendan edi, 
Idrokingdan, zehningdan, ko‘ksingdan edi. 

Xalq dardiga qo‘shilib nola ham tortding, 
Yetimlar diydasidan ko‘z yoshin artding, 
Tole seni do‘stlardan ajratgan damlar Sen 
Homidning1 shu baytin derding serkadar: 
«Evoh, na yer, na yor qoldi, 
Ko‘nglim to‘la ohu zor qoldi!» 
Ammo...
Xulqan o‘zgacha manzillar uchun, 
Tug‘ilganding kulgilar, hazillar uchun, 
Quvonchlar, muloqotlar va to‘ylar uchun, 
Qalaming bag‘ishlagan obro‘lar uchun. 
Kurashlarning qizg‘in dabdabasini, 
Muhabbatning ko‘p asov jazavasini 
Hayot degan kitobdan o‘qib olganding, 
Chiroy gulin chakkangga taqib olganding.

Ko‘p sog‘indim, o‘rtoqjon, ko‘p sog‘intirding, 
Nogoh ketding, shodliklar uyin yondirding. 
Go‘yo sensiz oy emas ko‘kda porlagan, 
Go‘yo kuyov emas u to‘yga chorlagan.
Ko‘p sog‘indim, o‘rtoqjon, azbaroyi haq, 
Hali o‘tmay to‘qson kun, shu zahotiyoq 
Senga aytar gaplarim, hasratim cheksiz,
Davrimizda o‘rning bo‘sh, kimsasiz, o‘ksiz. 
Dardlar borki, zamona unuttiradi, 
Uchqun yanglig‘ o‘chadi bir on lipillab. 

Ammo shunday dard borki, kuyib turadi 
O’rmondagi gulxandek doim lovillab. 
Ha, yillar so‘nib qolmas, to‘xtamas karvon, 
Sovimas she’rimizda harorat - hovur, 
Do‘stlaring noming bilan yo‘l bosar hamon, 
Ammo yurmas saflarda ikkinchi G’afur, 
Ko‘p sog‘indim, o‘rtoqjon, bir oz gaplashsak, 
Burungidek Xadradan tushib O’rdaga, 
Yayov yurib muzdayin pivo ho‘plashsak, 
Navoiyning kalomin solsak o‘rtaga... 

Yeri aziz, qaydasan, qaydan qidiray? 
Hasrat to‘lgan xatimni qayga yuboray?
Tanaffus cho‘zildimi, Vaqt uzildimi? 
Yo xazon nafasidan gul to‘zidimi?
 Qaydasan, ey qadim do‘st, eshitgin meni! 
Shahringning menga ayon bo‘yi va eni. 
«Arpapoya 1»danmi axtaray seni? 
Yo‘q, unda egasining o‘chibdir uni. 
Yo samoda, jannatda yotibsanmi tinch? 
Yo‘q, u joyga bormaysan chaqirsalar ham. 
Qaerdasan, nido ber, senga shu o‘tinch! 

Ko‘ngillarni kemirib ezmokda-ku g‘am. 
O’lim shunday bir mulkki, sultoni jimlik, 
Unda tovush chiqarmay yotar fuqaro. 
Qaro zulmat u joyda qilar hokimlik, 
Shu tufayli o‘limning tug‘i ham qaro. 
Oh, ufklar kuychisi, sen yotgan mozor 
Qorong‘u bir maskandir, eshiksiz va tor!
Bilmam, qanday chidaysan sovuqqa, o‘rtoq! 
Bosh ustida yostig‘ing zil-qattiq tuproq. 
Yo‘q, o‘rtoqjon, yo‘q, do‘stim, shoiri a’zam,
«Chig‘atoy»da ko‘milib ketmading hech ham. 
Adresingni angladim, adresing ma’lum: 
Adresing yuraklarning aynan to‘rida. 
She’rga qo‘l tegizma, yo‘kol, ey o‘lim! 

Shoirning soyasidir yotgan go‘rida. 
G’afur, bayting zarb bo‘lib million dilga 
So‘zing ko‘char masaldek tillardan-tilga.
...Ammo bejo bo‘lsaydi shu g‘amgin she’rim, 
Oh, naqadar bo‘lardim xursand va xurram. 
Agarda, sen noxosdan (bo‘lsin deb irim) – 
Qopqada gudok chalib tanish mashina, -
Menga mehmon qo‘nsayding bir oqshomgina.

KO’ZLAR

Qancha nafis edi uning nigohi, 
Suzilib boqqanda u goh-gohi –
O’ylardim go‘zallik bilan ko‘zlarning 
Azaldan o‘qilgan mangu nikohi...

YAXSHILAR QADRI

Do‘stlar, yaxshilarni avaylab saqlang! 
«Salom» degan so‘zning salmog‘in oqlang. 
O’lganda yuz soat yig‘lab turgandan, -
Uni tirigida bir soat yo‘qlang!
Категория: SMS SHERLAR, SEVGI HAQIDA SHERLAR (21.10.2013)
Просмотров: 1439 | Рейтинг: 0.0/0