Приветствую Вас, Гость! Регистрация RSS

Турецкие Стихи

Четверг, 26.06.2025

Hamid Olimjon (1909-1944)-She’rlari
O’RIK GULLAGANDA

Derazamning oldida bir tup 
O’rik oppoq bo‘lib gulladi...

Novdalarni bezab g‘unchalar, 
Tongda aytdi hayot otini 
Va shabboda qurg‘ur ilk sahar 
Olib ketdi gulning totini.

Har bahorda shu bo‘lar takror, 
Har bahor ham shunday o‘tadi, 
Qancha tirishsam ham u beor 
Yellar meni aldab ketadi.

Mayli, deyman va qilmayman g‘ash, 
Xayolimni gulga o‘rayman; 
Har bahorga chiqqanda yakkash, 
Baxtim bormi, deya so‘rayman.

Yuzlarimni silab, siypalab, 
Baxting bor, deb esadi yellar. 
Etgan kabi go‘yo bir talab, 
Baxting bor, deb qushlar chiyillar...

Hamma narsa meni qarshilar, 
Har bir kurtak menga so‘ylar roz, 
Men yurganda bog‘larga to‘lar 
Faqat baxtni maqtagan ovoz:

«Mana senga olam-olam gul, 
Etagingga siqqanicha ol, 
Bunda tole har narsadan mo‘l, 
To o‘lguncha shu o‘lkada qol.

Umrida hech gul ko‘rmay, yig‘lab 
O’tganlarning haqqi ham senda, 
Har bahorni yig‘lab qarshilab 
Ketganlarning haqqi ham senda...»

Derazamning oldida bir tup 
O’rik oppoq bo‘lib gulladi...

XAYOLIMDA BO’LDING UZUN KUN...

Xayolimda bo‘lding uzun kun, 
Seni izlab qirg‘oqqa bordim. 
Och to‘lqinlar pishqirgan tunda, 
Topib ber, deb oyga yolvordim. 

Ishon, bunda seni doimo
Esga solar chiroyli tunlar,
Sho‘x yulduzlar, salqin saharlar, 
Esga solar baxtiyor kunlar. 

Toleimning oshinosi sen, 
Sen sevgimning ko‘kargan bog‘i. 
Sening bilan birga iqbolim, 
Ishonchimning sen vafo tog‘i. 

Meni qurshar salqin bir havo, 
Suv ustidan tun quyuladi. 
Shunda qancha-qancha gaplarni 
Esga solib oy ham to‘ladi. 

Kecha jim-jit, yolg‘iz to‘lqinlar 
Pishqiradi bilmay tinimni. 
Hiylagar oy, sehrgar dilbar, 
Solib qo‘yding yodimga kimni?..

* * *

Sevgi desam, faqat sen desam, 
Sening bilan yashasa qalbim; 
Sen desam-u, butun dunyoning 
Sho‘rishiga quloq solsam jim...

Quyun kabi aylanar boshim, 
Qarayman-u, ko‘zim tinadi 
Va jilvangdan ko‘ngil ko‘zgusi 
Parcha-parcha bo‘lib sinadi.

Shu qarashga bormi nihoya, 
Bo‘larmanmi maqsadga vosil? 
Toparmanmi bir yangi g‘oya, 
Bo‘larmikan bir murod hosil?

Topilarmi unda bir chora, 
Agar meni qurshasa junun: 
Bo‘lib qolsa sirim oshkora, 
Atasalar nomimni Majnun?

HOL

Qaydan kelding, fikrimni bo‘lding, 
Nega etding meni parishon? 
Nega buzding munis holimni, 
O’ylarimni nechun bemakon? 

Ehtiroslar, hislar, yonishlar 
O’lkasini kezardi xayol, 
Hokim edi mening ruhimda 
Shunday latif ilhomiy bir hol. 

Bir kichik tor, bir yoniq parda 
Qancha gapni aytib berardi... 
Onasidan o‘rganganini 
Chumchuq chuvlab qaytib berardi... 

Tikkan edim qalb qulog‘ini 
Va fikrimga bergan edi jon, 
Chivin uchsa kelardi malol, 
Shunga edi sadoqat, imon. 

Xalal berma, ozroq qo‘nib tur, 
Tamom qilay shu gul suratni, 
Qo‘ygil meni, yurakning qoni 
Bilan tortay eng so‘nggi xatni.

* * *

Tinimsizdir yolg‘iz shaboda, 
Maysalarning sochi silkinar, 
Mana, hozir chirqirab turgan 
Parrandalar, qushlar ham tinar...

Hamma uxlar va faqat tunni 
Mening o‘zim qarshi olurman. 
Qarshi olur va tongga qadar 
Mening o‘zim uyg‘oq qolurman.

Qulog‘imga sekin shivirlab 
Tun uyquni o‘rgatar menga, 
Bo‘lganmisan tunda sahroda? 
Bo‘lmasa kel, so‘ylayin senga...
Категория: SMS SHERLAR, SEVGI HAQIDA SHERLAR (21.10.2013)
Просмотров: 10969 | Рейтинг: 2.5/36