Zafar Diyor (1912-1946)-She’rlari
BINAFSHA Binafshaxon, binafsha Kulishlaring chiroyli: Bog‘imizda ochilib Turishlaring chiroyli. Hamma chiqar dalaga Binafshalar tergali, Men ham terdim bir dasta Opamizga bergali. — Mana, opa, binafsha, Qarang, qanday chiroyli. — Yuring, — dedi opamiz, — Binafshalar teraylik. Binafshalar ochildi Chakkangga taq, chakkangga: Atir hidi sochildi, Chakkangga taq, chakkangga. Lazzat olib hididan Bolarilar uchadi. Ipakqanot kapalak Barglarini quchadi. Seni maqtab kuylaydi, Bog‘ aylanib qushchalar. Darak berib bahordan, Quvontirding shunchalar. Binafshaxon, binafsha Kulishlaring chiroyli. Ko‘ksimizda hid sochib Turishlaring chiroyli! KAPALAK Hoy, kapalak, kapalak, Qanotlaring ipakdak. Muncha shoshib uchasan, To‘xta, so‘z!ayin andak. Uchrataman har kuni Seni har kun bog‘chamda, So‘rib gullar sharbatin O‘ltirasan olchamda. Borib ushlay deganda Shoshib darhol uchasan. Sira tutqich bermasdan Guldan gulga ko‘chasan. Mendan aslo qochmagin, Do‘st bilaman o‘zimga. Pildir-pildir uchishing, Oh, yoqadi ko‘zimga. Uch, uchaver, uchaver, Go‘zal bog‘cham — gulshanda. Sira ozor bermayman Sevgim, fikrim bor senda. Kapalakjon, kapalak, Qanotlaring ipakdak. Do‘st bo‘laylik ikkimiz, To‘xta, so‘zlayin andak! TO‘P To‘pim, to‘p-to‘p etasan, Ursam uchib ketasan. Havolanib nariga — Do‘stlarimga yetasan. O‘ynatasan ko‘zimni Hovliqtirib o‘zimni. Biroz ko‘proq o‘ynasam, Terlatasan yuzimni. Senga sira to‘ymayman, Bo‘sh ekanman qo‘ymayman. Ovunchog‘im, — deb seni Do‘stlarim-la o‘ynayman. To‘pim, to‘p-to‘p etasan. Ursam uchib ketasan. Handalakdek yumalab Bizni xursand etasan.
| |
Просмотров: 15162 | |