Turob To-She’rlari
O‘ZGA Ko‘z ochib ko‘rmadi ko‘z mardumi sandin o‘zga, Seva olmaydi meningdek sani mandin o‘zga. Bag‘ri keng, ishqi musaffo guli, bulbullariga Bormi olamda chaman hech bu chamandin o‘zga! Bilinur mard kishi mardlik ila bu maydonda, Saman o‘rnini bosolmaydi samandin o‘zga. Yuragim torida yo‘q boshqacha kuy, boshqacha soz, Sen otib poralagan zarbi kamandin o‘zga. Bari mehrimni olib kimga in’om aylaganing, Menga ne qoldi xayolingda chamamdin o‘zga? OHISTA-OHISTA Ko‘ngil mulkiga kirding, dilrabo, ohista-ohista, Uning dildori bo‘lding bebaho ohista-ohista. Banogoh beijozat kirdingu hayratda qoldirding Olib domingga bir ohanrabo ohista-ohista. Dilim bog‘iga o‘tqazgan bu ezgu dard niholingdin Vafo undi, vafo undi, vafo, ohista-ohista. Shirin damlar ato qilding xayolim koinotiga, O‘zing kel endi jono, marhabo, ohista-ohista. Ko‘zidin o‘zga aybi bormidir olamda ohuning, Ko‘zing mardumi-la etgil shifo, ohista-ohista. ISHQ BORKI... Ishq borki go‘zal olam, u ko‘zlar qarog‘inda, U borki ko‘ngil so‘nmas hattoki firog‘inda. U borki bahor hargiz bog‘laydi yarang guldan, Mas’udi, maloling ham qosh ila qovog‘inda. Dasht birlan o‘tib ketdi bir ohu misol navro‘z, Lolai gulobingni ezg‘ilab oyog‘inda. Qolmishdi yaqo yirtib barginda tiniq, shabnam, Go‘yoki fig‘onidin yosh erdi yonog‘inda. U tobe etar go‘yo baxtingni qilib gulxan, Olamga bayon aylab mash’ali mayog‘inda. Qancha dardi-hasrat bor, qancha qulfi tilsimot, U uzgan ko‘ngil torin har bitta ulog‘inda. Barchasin bilar ko‘ngil, barchasin etar barham, U bois rivoyatlar el-yurti qulog‘inda! YOR ETMA Agar ahdimni buzsam, dilnavozim, asti yor etma, Muhabbat bog‘ini tark et va aslo guluzor etma. Agar yov oldida behuda ish birlan asir o‘lsam, Qasos nafrat bilan o‘ldir, meni aslo xumor etma. Harom o‘lsin muhabbat gar yo‘limdan bir qadam qaytsam Raqibim bo‘l, rafiqam bo‘lmagil, motam mazor etma. Zafar birla jahonga ko‘rsaturman chin muhabbatni, Muhabbat farz ham qarzdir, qo‘zim, nomusi or etma, Qo‘limdan tushmagay aslo qasos shamshiri janglarda,. Agar o‘lsamki mardona, o‘zingni g‘amguzor etma. Va lekin qumrilar g‘am birla aslo nolavor bo‘lmas, Ko‘zingga bu jahonni asti, yorim, tangi tor etma. Go‘zal gulshan Turobi pok etilgay tezda yovlardan, Agar ahdimni buzsam, dilnavozim, asti yor etma. MUHABBAT MADHI «Jonim», dedim qulog‘ingga, ohista «jon», deding, Ortiq bu jon sensiz menga, jonim, inon, deding. Gul o‘rniga durdek terib kelgan kalomimni A’lo bilib hamisha sen «bu doston», deding. Quyosh bo‘lib kirding mening qalbimga bir yo‘la, Qalbing menga keng, beg‘ubor bir osmon, deding. Aytgil, dedim bormi tag‘in olamda baxtiyor, Xumor boqib «mening bilan sen begumon», dednng. Bu baxtga qilsam arzigay koshona armug‘on, Nozim bilan Muhabbating bo‘lsin omon, deding, «Jonim», dedim qulog‘ingga, ohista «jon», deding, Ortiq bu jon sensiz menga, jonim, inon, deding. KUYLATIB QO'YDING MENI Bir qiyo tashlab ko‘ngilga, o‘ylatib qo‘yding meni, Bir mug‘anniy, oshiqona kuylatib qo‘yding meni. Chaqdingu chaqmoq, qilich solding dilim osmoniga, Oh, dilim birla barobar o‘ynatib qo‘yding meni. Oldingu ketding o‘yimni, tinchimu sabrimgacha, Izlatib ko‘yingda jon, ko‘y-ko‘ylatib qo‘yding meni. Shuncha ham qimmat bo‘lurmi bir qiyo bir zorga, Har chaman, har boqqa bir bo‘y-bo‘ylatib qo‘yding meni. Endi bildim, tog‘ ekan Majnun qalbi, yopiray, Ko‘cha-ko‘yda har kishiga so‘ylatib qo‘yding meni. ONAIZOR («Osiyo ustida bo‘ron» kinofilmidan) Yaxshi so‘z chiqqay yurakning qa’ridan, Bormikin bahr olmagan yor bahridan! Bormikin issiq, iliqroq bir bag‘ir Olam ichra onaizor bag‘ridan! Ey, janubga talpinib uchgan xayol, Sog‘inishdan o‘rtagan bag‘rimni ol, Onaizorimni etgil baxtiyor, Intizor u, intizor u, intizor! Lochining bor, deb onamni shod qil, Ayriliqning dardidan ozod qnl. Baxt bo‘lib, oro bo‘lib kir bag‘riga, Bag‘rini gul, ko‘nglini obod qil. Aylanur tun bag‘ri to‘lgan oy bilan, Aylanur bosh o‘ynab oqqan soy bilan! Baxt kelur, baxting kelur, kutgil, ona, Har na kelgay jang bilan, ham joy bilan. Yaxshi so‘z chiqqan yurakning qa’ridan, Bormikin bahr olmagan yor bahridan! Bormikin issiq, iliqroq bir bag‘ir Olam ichra onaizor bag‘ridan!
| |
Просмотров: 1653 | |