Приветствую Вас, Гость! Регистрация RSS

Турецкие Стихи

Четверг, 26.06.2025

Zohidjon Obidov (1923-1996)-She’rlari
KUYLA, DILKASH DUTORIM

Kuyla, dilkash, sadoqatli dutorim.
Yozib dildan yor ishqida xumorim.
Qalb sadosi bo‘lib yangra qo‘limda,
Zarra qo‘ymay bu ko‘ngilning g‘uborin.

Hamdamim bo‘l, uyqu qochgan kechalar,
Intizorlik daftar ochgan kechalar.
Har pardada visol shomin et yaqin,
Qo‘msatur yor birga yurgan ko‘chalar.

Dardlashurmap boshing bosib ko‘ksima,
Yor kelganda chetda qolib o‘ksima.
Yor ketganda qo‘lga olsam o‘rtanib,
Dilkashim bo‘l, nozlanib sen yo‘q dema.


OSHKORALIK

Duch kelsang xavf ko‘rdilar,
Churq etsang, cho‘rt bo‘ldilar
So‘ng telba deb kuldilar,
Sho‘ring qurib qolgandi
Bechora, oshkoralik.

Tik boqsang boshga so‘qib,
Ayyorlar zog‘day cho‘qib,
Sha’ningga bo‘hton to‘qib.
Tinkangni quritdilar,
Ey, sho‘rlik oshkoralik.

Mast tuyadek bo‘kirib,
Chaqmoq chaqib, o‘kirib
Minbarlarga musht urib,
Tuhmatchi ham dedilar,
Seni, ey, oshkoralik.

Illatlarga o‘t qo‘yib,
So‘zlolmay, tiling kuyib,
Dimiqib, diling kuyib,
Darding yutib yurakka,
O‘rtanding oshkoralik.

Qaydan kelsang, shart to‘sib,
O‘tar yo‘llaring buzib,
Umid rishtasin uz deb,
Abgor etmoq bo‘ldilar
Seni, ey, oshkoralik.

Qo‘l sinig‘i yeng ichra,
Sir ochako‘rmang sira,
Darkor deb yuz-xotira,
Dakki, dashnom berdilar
Jim bo‘l deb, oshkoralik.

Necha bor dog‘da qolding,
Toru tang chog‘da qolding.
Quvg‘in, avloqda qolding
Lol bo‘lib, hayron bo‘lib,
Uy surib, oshkoralik.

Tislanding, chekinmading,
Shumlarga bukilmading.
Qo‘rqib duv to‘kilmading,
Berding bariga bardosh,
Jafokash, oshkoralik

Avroqlarga yurmading,
Ikkilana ko‘rmading,
Otni ortga burmading
Sinovlarda sinalgan
Ey, tanti oshkoralik.

Odillik zamin edi,
Pok vijdon g‘aming yedi.
Tantanang ta’min edi,
Na o‘t, na suvda yitmas
Barhayot, oshkoralik.

Bor ekan-ku, ro‘shnolik,
Adolatga oshnolik,
Bor bo‘l haqqa tashnalik,
Bor bo‘l hamisha hamro‘z
Qadirdon, oshkoralik.

Yolg‘on to‘kilgay to‘s-to‘s,
Qing‘irlik qo‘rg‘onin buz,
Haqlik — doim yorug‘ yuz.
Yashayver yorug‘ yuz-la
Ey, rostgo‘y, oshkoralik!
Категория: SMS SHERLAR, SEVGI HAQIDA SHERLAR (21.10.2013)
Просмотров: 1298 | Рейтинг: 0.0/0