Qudrat Hikmat (1925-1968)-She’rlari
ERTALAB Osmon tiniq, zangori, Beg‘ubor aft-angori. Yarqirab nur anhori, Oftob chiqdi olamga. - Assalom! - der Yer pastda, - Assalom! - der el asta. - Qancha orzu-havasda - Oftob chiqdi olamga. - Dovon oshib shod-xandon, Xursand bo‘lib u chandon, Yashasin deb har bir jon, Oftob chiqdi olamga. BAHOR Uchib yurar mayin shamollar, Yelpib-elpib anhor yuzini. Qirg‘oqlarda soyabon tollar Oyna-suvda ko‘rar o‘zini. Tong yellari o‘ynoqlab sekin, Jiydazorga kirib yo‘qolar. Maysa o‘tlar tebranib sekin, Orqasidan kuzatib qolar. Chumchuqlarning og‘zida cho‘p-xas, In qo‘yishar tutlar ustiga. Ko‘kni quchgan teraklar tinmas, Oro berar kulrang po‘stiga. Bedapoya, yam-yashil o‘tloq, Chinorlarda qushlar chug‘urlar, Ko‘klam ko‘rkin ko‘rdingmi, o‘rtoq, Chamanzordek hammayoq gullar. TOG’ MANZARASI Go‘yo ko‘kka ustun tog‘, Kiygan suvsar, oq qalpoq. Cho‘qqilari o‘rkachdek, Tosh gavdasi keng, yalpoq. Ko‘ksin bezar alvon gul, Kifti archa - to‘nlari. Sho‘x qo‘shiqlar aytadi Shalola - fontanlari. Har xarsangi ming botmon, O’rtasida nil hovuz. Butalarning tagiga In qo‘yishgan g‘oz, tovus. O’tzorlarda chiyovlar Qirg‘ovulu tustovuq. Ba’zan quyosh yilt etar, Ba’zan tushar tez sovuq. Chodir - uyni ivitib, Savalaydi sel, jala, Hurkib kiyik, jayronlar Qochishar gala-gala. ALISHER VA KITOB Kitobga o‘ch o‘g‘ilcham, Oltin topgan singari, Chiqsa yangi bir asar O’qir mendan ilgari. Mayli, bo‘lsin hikoya Yoki to‘rt yo‘l quvnoq she’r. Ayvonchada muk tushib, Sharillatar Alisher. Qosh qorayib ketkuncha Qo‘ldan tushmas kitobi. Unga yoqqan she’rlarning Hozircha yo‘q hisobi. Olimdek serharakat, Ishlar puxta berilib. Uncha-buncha yoshlardek Oshib ketmas kerilib. Turna qator savolga Soldat kabi doim shay. Hozirjavob bo‘lmasdi, Shuncha kitob o‘qimay. MIX Qalpoq kiygan askarga O’xshaydi mix polvon ham. Birikadi u bilan Eshigu rom, narvon ham. U bor uylar saranjom. Havas qilar har asbob. Ko‘rinishdan kamsuqum, Ro‘zg‘or uchun qulay, bop. Maxsus katak qutida Saqlashadi tejalab. Qurilishda ustalar Ishlatishar rejalab. Goh yanglishib ko‘p joyga Qoqib ayb qilishsa, Qalpogini qiyshaytib, Uni mayib qilishsa, Norozilik bildirib, Mix qoladi qayrilib. Deraza ham o‘rnashmas Kesakidan ayrilib. Ko‘rsa o‘yinqaroqlar Tepib, sochib ketadi. Ko‘zim tushsa nogahon Jonim achib ketadi. Turli-tuman buyumning Pay tomiri o‘shadir. Bo‘lak-bo‘lak yog‘ochni Bir-biriga qo‘shadir. Bir istagim bor, uka, Mixday to‘g‘ri, o‘tkir bo‘l. Hurmat qilib do‘stlaring Shunda senga berar qo‘l.
| |
Просмотров: 1875 | |