Приветствую Вас, Гость! Регистрация RSS

Турецкие Стихи

Пятница, 22.11.2024

Olimjon Xoldor (1932-yili tug-She’rlari
O‘TGAN KUNLAR

O‘tgan kunlarimdan emasman xafa,
U kunlar men uchun mo‘‘tabar, aziz.
O‘tgan kunlarimni eslab har daf’a,
Xayolga tolaman, o‘ylayman yolg‘iz:

U kunlar bo‘lmasa ko‘ngil to‘lmasdi,
Bilmasdik, nimadir shodlik bilan g‘am.
U kunlar bo‘lmasa, bu kun bo‘lmasdi,
Bu kunning qadriga yetmas edik ham.


OSHIQONA

— Nima derkin odamlar? — deding,
Bir nuqtaga tikilding uzoq.
Yuragingga ishonar eding,
Shubhaga ham borarding biroq.

Ko‘zlaringdan o‘qirdim buni,
Gar yanglishsam ayb etma, kechir.
Bir ko‘rmasam seni har kuni,
Ne bo‘lishim senga emas sir...

Oshiqona kuylab o‘taman,
Qani edi eshitsa deb yor.
Sevgimizni qo‘shiq etaman
Va hamisha aytaman takror.

Uchrashganda o‘sha bahona:
«Nima derkin, odamlar? Qaydam...»
Qo‘zlarimga boqsang pinhona,
Yuragingni o‘qirdim men ham.

«Yigit xunuk, qiz tenggi emas!»
Deguvchilar bordir hoynahoy.
Shundaylarga desang, jonim, bas:
«Sevgi degan tanlamas chiroy!»

...O‘zga gap ham topishar, balki
Boshimizga uiishar g‘amlar...
Parvo qilma sevgimiz haqqi,
Nima desa, desin odamlar!

 

 Tong

Tong otmoqda, sutdek oppoq tong,
Xayrlashib tun bilan shodon.
Tong ortidan quyosh urib bong 
Chiqar – nurin sochib har tomon.


 Balkim...

Oq kiyinib, oppoq qush bo‘lib,
Osmonlarga uchib ketaman.
Kechalari senga tush bo‘lib,
Ko‘zlaringni ochib ketaman.

Ta’birini yecholmay dilxun,
Ko‘zing yumuq, bedor yotarsan.
O, farishtam, yana o‘sha tun,
Tushlar ko‘rib, meni kutarsan.

Endi meni ko‘rmassan, balkim,
Yana qaydam, kim biladi, kim?


 Yulduzlar o‘yini

Andijon osmoni, voh, ajab,
Kimni etmagan mahliyo?
Men undan qidirgim yangi gap,
Har yulduz bittadan avliyo.
Avliyo sirlari pinhona,
Bisoti yurakda yashirin.
Bu kecha to‘qilar afsona,
Bir chetin ocholdim daftarin.

Bir yulduz ko‘zlari yoshlandi,
U uchdi va qo‘ndi parquvga.
Yulduzlar o‘yini boshlandi,
So‘ng yana oy ketdi uyquga.

 Qatra

Qatrada olamning aksi bor,
Qatrada hayotning mazmuni.
Qatrada shamolning raqsi bor,
Qatrada umrning har kuni.

Sevinchu, alamu, shodlik, g‘am,
Qatrada yaralmish odam ham.


 Eshik

U san’at asari, tikilur har kim,
Bir oz g‘ichirlaydi ochsang va yopsang.
Sindirmoqchimisan eshikni, do‘stim,
Axir, kalitini bo‘lmasmi topsang?
Almashtir tirgagin, almashtir zulfin, 
Attang qilib yurma, oxiri bir kun.


 Yurak-yurakka elchi

– O‘zingdadir ixtiyor,
Yuragim ne der, bil-chi?
– Bildim, u der oshkor,
Yurak-yurakka elchi.


 Tunning ertasi

Kunduz o‘rnin bo‘shatib berdi, 
Kecha bosib kela boshladi.
Yulduz yerga yuzini burdi,
Tong shamoli esa boshladi.

Oy yonboshlab ko‘kning toqiga,
Qoqar yerga zarrin etagin.
Shunday tunlar bo‘lar gohida,
Yozib oldim uning ertagin.


 Ustozning dastxati
 (Mirtemirni eslab)

 I
Kitoblar ko‘p, dastxatlar ko‘p,
Maktublar ko‘p javonda.
Bundan boshqa boyligim yo‘q,
Bu jahoniy ayvonda.

Goh ularni varaqlayman,
Shamollatib qatini.
Va o‘paman ko‘zga surtib, 
Ustozim dastxatini.

 II
U Hofiz edi, Bedil edi,
Donishmand ham edi, g‘azalxon.
Yolg‘izlar ichra yolg‘iz edi,
Shunaqaroq edi u zamon.

Yolg‘onga qurilgan saltanat,
Omonat edi ustunlari.
Mistovoqda maddohlar faqat,
Sarob edi o‘tgan kunlari.

Istiqlolni u zot ko‘p kutdi,
Ogoh edi munajjim – qalam.
Afsus, o‘zi bilan olib ketdi, 
Aytadigan gaplarini ham.


 Tuyuq

Ul sanamki: Feruza, Olmosmikan, 
Yoki la’l, yoqut va yo olmosmikan?
Dasta gul tutmoq edim, bilolmadim,
Gullarimni yo olur, yo olmasmikan?


 Fard

O‘zin sanab osmonga ustun,
Ko‘k toqiga chirmashur tutun.


 Qish she’ri

Bunaqa holatlar bo‘lar juda kam,
Dalalar qishga ham rosa to‘yibdi.
Bir to‘rtlik yozolmay, tashqari chiqsam,
Qish yana oq she’rin yozib qo‘yibdi.
Категория: SMS SHERLAR, SEVGI HAQIDA SHERLAR (21.10.2013)
Просмотров: 1099 | Рейтинг: 0.0/0