Приветствую Вас, Гость! Регистрация RSS

Турецкие Стихи

Пятница, 22.11.2024

To'ra Sulaymon (1934-2005)
SOZIM

Sening tilaklaring bo‘lmas mustajob, 
Uzilmas torlarim, sinmas sozlarim. 
Nolam Biru Borga yetsa ne ajab, 
Uzilmas torlarim, sinmas sozlarim.

Sen aytganday ermak, kasb-kor emas bu, 
Ko‘plar yeta bilmas orzu-havas bu. 
Bobomlardan qolgan yolg‘iz meros bu, 
Uzilmas torlarim, sinmas sozlarim.

To ona tabiat menga yor ekan, 
Har dami g‘animat, betakror ekan, 
Diyonat bor ekan, yaltoq xor ekan, 
Uzilmas torlarim, sinmas sozlarim.

Birning taqdiri - bu tuman taqdiri, 
Sarbonga bog‘liqdir karvon taqdiri, 
Sozchining qo‘lida kamon taqdiri, 
Uzilmas torlarim, sinmas sozlarim.

Tong - tal’at belgisi. Tun esa Tanglik. 
Oy - oqshom tangrisi, Quyosh - Mangulik. B
adnomga bo‘lmasa Yerda yurgulik, 
Uzilmas torlarim, sinmas sozlarim.

Xohi rozi bo‘lgin, xohi norizo, 
Xohi motam tutib, xohi och aza, 
Dovrug‘lari bo‘lib elga ovoza, 
Uzilmas torlarim, sinmas sozlarim.

Senga qolgan kunim, kunmas - qabohat. 
Koshki sendan kutsam imdod, inoyat! 
Meni qo‘llay olur, qilur himoyat. 
Uzilmas torlarim, sinmas sozlarim!

QAYTA KETMAS BO’LIB KELDINGMI, BAHOR?

Yeru samovotda navro‘z nafasi, 
Bog‘u bo‘stonlarda andalib sasi, 
Bu nafas, bu sasning yo‘q muqoyasi. 
Qayta ketmas bo‘lib keldingmi, bahor?

Dastlab tong chog‘inda ko‘rgandim seni, 
So‘ng Tangri tog‘inda ko‘rgandim seni, 
Qizlar yonog‘inda ko‘rgandim seni. 
Qayta ketmas bo‘lib keldingmi, bahor?

Malak holatinda ko‘rgandim seni, 
Qushlar qanotinda ko‘rgandim seni, 
Kuychi bayotinda ko‘rgandim seni. 
Qayta ketmas bo‘lib keldingmi, bahor?

Hali aytilmagan ta’rifing qancha, 
Sen to o‘ru qirni aylanmaguncha 
Bog‘lar gulga kirmas, ochilmas g‘uncha. 
Qayta ketmas bo‘lib keldingmi, bahor?

Qoshlari o‘smalim, ko‘zi surmalim, 
Etak-etak gulli, bari burmalim, 
Seni dunyoda hech kima bermalim! 
Qayta ketmas bo‘lib keldingmi, bahor?

Sen qayta yaralish, yoshlik timsoli, 
Hayot baxsh etguvchi Maseh misoli. 
Sensiz odamzodning ne jechar holi? 
Qayta ketmas bo‘lib keldingmi, bahor?

To‘rt faslning tanho malikasi sen, 
Tugal go‘zallikning nihoyasi sen, 
Oshiq-ma’shuqlarning tamannosi sen! 
Qayta ketmas bo‘lib keldingmi, bahor?

Yer birla osmonning tillaqoshi sen, 
Aytar qo‘shig‘imning avval-boshi sen, 
Oltin beshigimning safardoshi sen! 
Qayta ketmas bo‘lib keldingmi, bahor?

TAVALLO

Nelardandir ko‘ngil bo‘lib g‘ash, 
Ham egilib bu egilmas bosh, 
Ko‘zlarimda qalqib tursa yosh, 
Bu holimga berolmay bardosh,
Mushtipar bir Onam yig‘laydir, 
Qolganlari yolg‘on yig‘laydir.

Qaytar bo‘lsam quruq qo‘l ovdan, 
Qora qozon qolsa qaynovdan, 
Ham ayrilib o‘lja, ulovdan, 
Qarzga botar bo‘lsam birovdan,
Taskin berib Onam yig‘laydir, 
Qolganlari yolg‘on yig‘laydir.

Birda hakdin, birda nohaqdin, 
Jabr ko‘rsam bir betavfiqdin. 
Ortda tursam qalbi quroqdin, 
Qadrim xarob bo‘lsa tuproqdin,
Ohlar urib Onam yig‘laydir, 
Qolganlari yolg‘on yig‘laydir.

Og‘a-ini o‘rtasida gap... 
Alhol kelib chiqmish ixtilof: 
Biri izzat, biri mulk talab. 
- Bu oq sutim, mehrimga xilof, -
Deya sho‘rlik Onam yig‘laydir, 
Qolganlari yolg‘on yiglaydir.

Sinalmoqning gali kelganda, 
Nohaq mag‘lub bo‘lsam maydonda, 
Nomim qolmas bo‘lsa jahonda, 
Kim do‘st-dushman bilinar onda,
Ahvolimga Onam yig‘laydir, 
Qolganlari yolg‘on yig‘laydir.

G’anim bir yon, men bir yon bo‘lsam, 
U ustuvor, men uryon bo‘lsam, 
Bu ham kamday nogiron bo‘lsam –
Og‘och otga yonma-yon bo‘lsam,
Oy tutilib, Onam yig‘laydir, 
Qolganlari yolg‘on yig‘laydir.

Bo‘lsam gumroh, bo‘lsa gunohim, 
Vujudimga solmasdin vahim, 
Qabul aylab tavallo-ohim, 
Darig‘ tutmay mehring, ilohim,
Yig‘latmagil mushfiq Onamni, 
Volidai Muhtaramamni.

SOXTA

"Ergash Jumanbulbul o‘g‘li el kezadi" turkumidan

Ne uchundirkim bu elda
saodat soxtadin soxta, 
Xiyonat avjida, yorab,
diyonat soxtadin soxta. 

Izzat-ikrom, hayo, mehru
oqibat soxtadin soxta. 
Iltijolar ijobatsiz
ibodat soxtadin soxta. 

So‘fiylari so‘g‘on yerlar
tariqat soxtadin soxta. 
Tabib riyo, hakim badnafs
tabobat soxtadin soxta. 

O’zin bilmas xotin-qizda
nazokat soxtadin soxta. 
Halol - afkor, harom - g‘olib
tarovat soxtadin soxta. 

Onang puldir, otang puldir
tijorat soxtadin soxta. 
Fozil ham ta’magir banda
kitobat soxtadin soxta. 

Qalam axli riyozatda
hikoyat soxtadin soxta. 
Jafokash dehqondin o‘zga
tumonat soxtadin soxta. 

Qozi fatvosi, shoh hukmi
nihoyat soxtadin soxta. 
Taxtiyu toji, tug‘rosi,
saltanat soxtadin soxta.


UMR O‘TMOQDA

Esiz-esiz bolalikni qoldirib ortda,
Umr o‘tmoqdadir, umr o‘tmoqda.
Qoldirib qoldirmay iz bu hayotda
Umr o‘tmoqdadir daryo misoli.

Har safar to‘rg‘aydan avval uyg‘onib,
Chamanlar yaratish ishqida yonib,
Ko‘cha-guzarlardan ko‘ngul dog‘lanib,
Dilni buzarlardan ko‘ngul dog‘lanib,
Umr o‘tmoqdadir, umr o‘tmoqda.

Ba’zan boy berilib bebaho onlar 
Bekor o‘tgan damga ko‘ngul ezilar,
Ba’zan g‘olib kelib tulkisimonlar,
Umr o‘tmoqdadir, daryo misoli.

Dengizdek mavj urib, qirg‘oqdan toshib,
Yurar yo‘limizdan ba’zan adashib, 
Kimlar bilandir zimdan mansab talashib,
Umr o‘tmoqdadir, umr o‘tmoqda.

O‘rinsiz nolayu navozish bilan,
Ba’zan g‘am-tashvish ham honish bilan,
Kimlargadur asta chox qazish bilan,
Umr o‘tmoqdadir, umr o‘tmoqda.

Keksalik mo‘ralab eshik qoqmoqda,
Bolalik qaytadan qaytarilmoqda
Bizdan erta kunga nelar qolmoqda,
Umr o‘tmoqdadir daryo misoli.

Mard bilan nomardni farqiga bormay,
Yaxshi-yomonni ham ajrata olmay,
Sevgan yorlarimiz qadriga yetmay,
Umr o‘tmoqdadir, umr o‘tmoqda.

O‘lmas sozdan so‘ylab tugatolmasman,
O‘chmas izdan so‘ylab tugatolmasman,
Mangulikdan so‘ylab tugatolmasman,
Umr o‘tmoqdadir, daryo misoli.
Umr o‘tmoqdadir, umr o‘tmoqda.
Категория: SMS SHERLAR, SEVGI HAQIDA SHERLAR (21.10.2013)
Просмотров: 1161 | Рейтинг: 0.0/0