Azimjon Rahimov (1935-yili tug-She’rlari
SONETLAR * * * Mayli, meni sevmasang, dilbar, Mayli, menga qilmasang vafo. Mayliga, yuz o‘girsang agar, Mayli, ming bor aylasang jafo. Mayli, meni darbadar etsang Mayli, senga sevgim tufayli Har baloga daf bo‘lsam, mayli. Mayli, meni tanimay ketsang... Mayli, kuyib kul bo‘lsa bag‘rim. Mayli, yaram bitmasa ishqdan, Mayli, yoyday egilsa yag‘rim. Mayli, Majnun holiga tushsam, Faqat, faqat, aylab malomat, Meni badnom qilmagil faqat... * * * Bu yil havo past keldi, derlar, Injiqligin qildi tabiat. O‘zimizni qahramon o‘ylab, Tabiatni aybsitish g‘alat. Sobit emas tabiat, o‘ktam Har faslning o‘zgacha nozi, Kuzi to‘kin, issiqdir yozi. Shuning uchun go‘zaldir o‘lkam. Sen ham sobit emassan, erkam. Kuydiradi nozu firog‘ing. Sitamingda hoksor ersam, Shahzodaman visoling chog‘i. Ayriliqda yer quchaman, yer, Sitam qilsang, she’r yozaman, she’r. * * * Binafshagul kitob qatida, Jonlantirar xotirotingni. Yuraklarim zirqiratadi Eslar bo‘lsam dilda otingni. Tuman yanglig‘ ketasan tarqab, Ayon bo‘lib tong sabohida. Seni eslab gohi-gohida, O‘tmoqdaman taqdirni alqab. Umid kabi juda uzoqsan, Yoshlik misol qaytmaysan butkul, Miltillagan mangu chiroqsan. Porlamaysan, o‘chmog‘ing tugul.. Ilk muhabbat qalbda tosh yotar, Yodi bilan har kun tong otar. G‘AZAL Qaroligi bu tunning qoshing qarosidanmu? Ko‘zingda yongan otash ishqning balosidanmu? Gul g‘unchasin yulibsan, qo‘lga xino qilibsan, Etdingmi bag‘rini chok tutib yaqosidanmu? Mehr bilan tikilsam, qo‘l birla yuz yashirding Yuzingdagi qizilliq qo‘ling xinosidanmu? Fig‘onim otashidan yugurdi qon ufqqa, Shafaq qizilligi yo yuzing jilosidanmu? Azim — buyuk demak so‘z, lekin buyuk emasman, Ishqim buyukligi rost, firoq jafosidanmu?
| |
Просмотров: 967 | |