Приветствую Вас, Гость! Регистрация RSS

Турецкие Стихи

Пятница, 22.11.2024

Jamol Kamol (1938-yili tug-She’rlari
SHE’RIYAT

Ko‘l yotardi tog‘larga tutash, 
Mavjlariga shamollar shaydo. 
Bir bolakay nigohi otash, 
Bo‘ldi bir kun sohilda paydo.

Ufqlarga talpingan zilol 
Ko‘zlariga bo‘larkan payvast, 
Bir zum qoldi hayrat ichra lol, 
Hayajonda lol qoldi birpas.

Dam bir hadik, dam havas bilan 
Moviy ko‘lga bokdi bolajon. 
Bir xo‘rsinish uchdi labidan, 
Yuragiga tushdi bir armon.

Egildi-yu, sadaf qayroqni 
Moviy ko‘lga tashladi asta. 
Suv betida yashnab bir oniy, 
Paydo bo‘ldi zilol guldasta.

Yana otdi, yana.. paydar-pay, 
Yulduz bo‘lib sochildi to‘zon. 
Ko‘l chayqaldi, toshdi bolakay, 
Unut bo‘ldi jumlai jahon.

Shovullagan to‘lqinli dunyo 
Xayolini qamradi quchib. 
Bir payt boqsa, turar shalabbo, 
Ko‘l ichida beldan suv kechib.

Entikdi-yu, o‘zni serguluv 
To‘lqinlarga otdi bolajon. 
Suzar bo‘lsa, iqbolga yor u, 
Cho‘kar bo‘lsa, fidoyi bir jon...

QOLDI UMRIM KO’KLAMI...

Qoldi umrim ko‘klami
Kechmish yo‘lim so‘qmog‘ida, 
Qatra nuru qatra ko‘z yoshim
Yonar yaprog‘ida...

Qatra-qatra shabnamida
Shodligimdir yoshirin,
Yoshirindir hasratim ham
Qatra-qatra dog‘ida.

Qatra-qatra nur to‘kib,
Boshimda yondi yulduzi,
O’pdim ilhom qatrasini
G’unchayi titrog‘ida.

Mast etib ko‘nglimni bir dam, 
Yashnadi armonlarim,
Aks etib jonon faslning
Chaqnagan chaqmog‘ida.

Hislarim sellarga qo‘shdim, 
Okdi anhori azim.
O, o‘zim sargashta qoldim
Termulib qirg‘og‘ida.

Ey Jamol, yozing yetishdi,
Bitdi umring ko‘klami,
Bir parining bir nafaslik 
Bo‘sayi qaynog‘ida...

UMID

Olam ichra kimga yeru
Kimga osmondir umid, 
Kimga olamdek muqarrar,
Kimga armondir umid.

Kimki sahroni chaman istar,
Umid daryosi bor, 
Kim yonib ko‘zlar falakni,
Yulduzistondir umid. 

Men umid o‘g‘loniman,
Oshdim xatarlar tog‘ini, 
Otamen, endi dovon
Oshguvchi o‘g‘londir umid. 

Bu hayot ummoni kengdir,
Keng umidlar bahri ham, 
Kimga imkon, kimga davron,
Kimga tug‘yondir umid. 

O’yla, jon berdi Ulug‘bek,
Qon tutar dushmanni lek, 
Zanglagan egri qilichga
Sachragan qondir umid. 

Shamsi anvardir tilim, deb
Elga keltirdi imon -
Ul Navoiykim, basharga
Nuri iymondir umid. 

Tong-la kel, deb ul parivashga
Salomlar yo‘lladim, 
Tunda borgum, deb javob aytdi,
Shabistondir umid. 

Sen umidga banda bo‘lma,
Sen umidlar shohi bo‘l, 
Keksalar der: gohi rahmon,
Gohi shaytondir umid. 

Kimga qatra, kimga dengiz,
Kimga bir dunyo qadar, 
Kim uchun og‘riqli tandin
Chiqmagan jondan umid. 

O’z eli-la iftixor etsa,
Jamolga ayb emas, 
O’tsa gar ming yil jahondin,
O’zbekistondir umid...

MENING UVOQ SHE’RIM - MENING DILPORAM
(Turkumdan)

Qarshimda turibdi umrim bir kuni, 
Mening uvoq she’rim - mening dilporam 
Tong siylagan, oqshom opichgan uni, 
Bir satrida sevinch, bir satrida g‘am.

Agar g‘amgin bo‘lsang, sevinchim - najot, 
Shod bo‘lsang, ol mana, g‘amimni berdim. 
Qanoting bo‘layin, sen ham bo‘l qanot, 
Hamdarding bo‘layin, bo‘lgan hamdardim.

* * *
Ko‘kka boqib sukut saqlaydi zamin, 
Yerga boqib osmon saqlaydi sukut.
Ko‘kning sukutida qanchalar mazmun, 
Yerning sukutida qanchalar o‘git...

Ko‘kday bo‘lsa hamki yuksak, barkamol, 
Yerday sukut saqlab turadi oqil. 
Birpas sukut sakdab, holingga ko‘z sol, 
Birpas sukut saqlab, olamga boqgil...

* * *

Ko‘zda yoshi bilan kuladi bola, 
Ilhom asir etgan shoirga monand. 
Shoir ham boqarmish yorug‘ olamga 
Bolaning musaffo ko‘zlari bilan.

Ajab sehrlidir bu ikki dunyo: 
Birpasda sevinchu birpasda qayg‘u 
Biri ermak izlab, topadi ma’no, 
Biri ertak so‘ylab, aytadi orzu...

- Taqdir, meni nega inson yaratding, 
Ko‘ksimda shodligu g‘amdan yuz nishon. 
- Men senga qalb ila shuur baxsh etdim, 
Bilgin deb hirs nima, nimadir hayvon.

- Taqdir, nega meni mehmon yaratding, 
Yarq etgan chaqindek ketgum begumon.
- Men senga o‘lchovli umr baxsh etdim, 
Bilgin deb ishq nima, nimadir inson...

 

SAKKIZLIKLAR

* * *

Uni nasib etdi menga Xudoyim,
Yulduzlar yonadi uning ohida.
Nima u, shivirlab turguvchi doim,
Ruhimga zamzama solib gohida?

She’riyat, birovning ko‘zidagi yosh,
Birovning bo‘yniga osilgan toshsan.
Dunyo bor ekanki, bo‘lmaysan adosh,
Mening osmonimda yongan quyoshsan...

*  *  *

Oqshom cho‘kar, zulmat bosar timqaro,
Sukunatga singib, tin olar tovush.
Shabnamga burkanib yotgan bog‘ aro
Tungi nolasini boshlaydi Haqqush.

Haq deb qichqiradi Haqqush har kecha,
Qichqirib, o‘zini g‘amga o‘raydi,
Falakka ko‘z tikib oppoq tonggacha,
Insonlar qavmiga najot so‘raydi...

*  *  *

Yo‘limiz ayrildi, do‘sti arjumand,
Sen u yon, men esam ketdim bu yoqqa.
Qayoqqa, deb mendan so‘ramading sen,
Men ham so‘ramadim sendan: qayoqqa?

O‘rtamizda daryo, oqar sahroga,
Sen toshlar otasan, ketadi cho‘kib.
Sen tosh otayotgan o‘sha daryoga
Men ham o‘ltiribman ko‘z yoshi to‘kib...

*  *  *

Avtobusga chiqsam, ajib manzara,
Hamma shivir-shivir... o‘z-o‘zi bilan.
O‘zi bilan o‘zi gaplashar hamma,
Ishi yo‘q yonida qo‘shnisi bilan.

Hamma shivir-shivir... g‘arib bir holat,
O‘ylab, yetolmadim aslo bu sirga.
Vo ajab, deb hayron bo‘lib bir muddat,
Men ham tushib ketdim pichir-pichirga...

*  *  *

Deymanki, dunyoda jaholat o‘lsin,
Kishi o‘z naslini o‘zi bo‘g‘adi.
Unutma, hoy, bola, yodingda bo‘lsin,
Millatni erkakmas, ayol tug‘adi.

Ayolning g‘ashiga tegaverma ko‘p,
Turmushing rohati senga kam bo‘lar.
Ayolning boshini egaverma ko‘p,
Millatning boshi ham egik, xam bo‘lar...

*  *  *

Paydo bo‘ldimmi, bas, qarshimda qator
Eshiklar taqa-taq yopilar faqat...
Odamlar, hay, shoshmang, sizda gapim bor,
Odamlar, bir nafas sabru qanoat...

Men non so‘ramayman, so‘ramayman mol,
Pul ham so‘ramayman, oshiqmang uncha.
Bir savol so‘rayman, faqat bir savol,
Kishi savoldan ham qo‘rqarmi shuncha?..

*  *  *

Qodiriyni otgan kim edi o‘sha,
Kim edi alamga etgan mubtalo?
Tarix tarix bo‘lib, xalqim, hamisha
O‘zingdan chiqqaning o‘zingga balo.

Birovlar yemasdi balki holvani,
Kimga to‘y bo‘lmasdi, kimlarga aza.
O‘zingdan chiqqaning sotmasa seni,
O‘zingdan chiqqaning seni ayasa...

*  *  *

Yo‘lingda yo‘lboshchi bo‘lib qolmasin,
O‘zing doim yo‘lga boshla nafsingni.
Hazir bo‘l, boshingga chiqib olmasin,
Oyog‘ing ostiga tashla nafsingni.

Ba’zilar ko‘tarib yuradi qo‘lda,
Hamma aytganiga rozi bo‘ladi.
Nafsi idrokiga hukmron elda
Oqil qolib, johil qozi bo‘ladi...

*  *  *

Xudoyo, o‘zing et mushkulimni hal,
Bu dardim jonimni andoq o‘rtadi.
Ostonangga qo‘ysam boshimni har gal,
Iblis yetib kelib, meni turtadi.

Yetishmoq bo‘laman inoyatingga,
Lekin mushkulim bor yana, Xudoyo.
Har safar bosh egsam ibodatingga,
Boshimga yoprilib keladi dunyo...

*  *  *

Millatni so‘raysan g‘ashimga tegib,
Bu haqda dunyoning to‘xtami ayon.
Yursang haqsizlikka boshingni egib,
O‘zingni millat deb sanama, o‘g‘lon.

Haqiqatparastlik — millat belgisi,
Busiz elning millat bo‘lmog‘i mushkul.
Xaloyiq deganing millat bo‘lgusi
Himoya etolsa haqgo‘ylarni ul...

*  *  *

G‘alati  fe’li bor... har safar hurib,
Itlik tabiatin ayon qiladi.
Har kuni bir eshik oldida turib,
Vovullab, yurakni xufton qiladi.

Yo‘ldan o‘tganda ham ko‘tarar dod-voy,
Asabni qaqshatar goho toldirib.
Dunyo senikimi, aytaqolgin, hoy,
Ketay shu dunyoni senga qoldirib...

*  *  *

Shaytonlar galasi yashaydi yerda,
Yuraklarda kezar sharpasi, vahmi.
Qaylarda yuribdi, qaysi bir go‘rda
Insonga pand bergan Azozil qavmi?

Savol qarshisida qotib turma lol,
Dema, qaydan topay bugun ularni?
Sen asta sinchiklab atrofga ko‘z sol,
Shaytonning qavmi bil munofiqlarni...

*  *  *

Havo siyraklashib, bo‘g‘ilar nafas,
Soatlar ketidan soat o‘tadi.
Yolg‘on chuldiraydi hamon, tinchimas,
Haqiqat bir chetda navbat kutadi.

Haqiqat — yigitdir, yolg‘on — xunasa,
Yolg‘onning dardiga, do‘stlar,  davo yo‘q.
Majlisda haq so‘zga navbat yetmasa,
Jamoat uyida demak havo yo‘q...

*  *  *

Navoiy adolat istadi faqat,
Dediki, yo‘qolsin zulm va pora.
Quloq solishmadi, oxir-oqibat
Davlat ham, ulus ham bo‘ldi chilpora.

Zo‘ravonlik qilmang, deydi azizlar,
Yuraklarga solmang alam va qutqu.
Dunyodan suprilur adolatsizlar,
Dunyoning basharga adolati shu...

*  *  *

Bir voiz ma’rifat, ma’naviyat deb
So‘z ochdi moziydan, necha xonlikdan.
Lekin so‘z ochmadi sababiyat deb
Eldagi kitobdan, kitobxonlikdan.

Bobolar kitobni oftob demish,
Birodar, xolis qil dilda niyatni.
Kitobsiz ma’rifat qayda bor emish,
Kim ko‘rmish kitobsiz ma’naviyatni?..

*  *  *

Hofiz davralarda qo‘shiq aytmasa,
Tog‘larga borarmish aytib navoni.
Aytgani jaranglab, eldan qaytmasa,
Toshlardan kutarmish aksi sadoni.

Shoir so‘z aytgali kelar dunyoga,
Indamay  jim turish shoirga — o‘lim.
Qaysi toqqa boray, qaysi daryoga,
Tovushlarga to‘lib ketganda ko‘nglim?..

*  *  *

Halol bor, harom bor, haq bilan botil,
Shaytoniy qutqu bor, ilohiy sharaf.
Jang borar maydonda, shahid bor, qotil,
Yo ul tarafdasan, yoki bul taraf.

Olloh bergan aql, biyron til bilan
Agarda aytganing yolg‘ondir sening,
Demakki, iblisning malayidirsan,
Demak, qiblagohing shaytondir sening...

*  *  *

O‘ttiz besh yoshida otam otildi,
Uch oylik chaqaloq edim o‘shanda.
O‘sha tun oshimga zahar qotildi,
Taqdir zarbasini yedim o‘shanda.

Yo‘q, deb qichqiraman umrim boricha,
Lekin qismat degan turmaydi ayab.
O‘ttiz besh yildirki, har yarim kecha
Meni otishadi devorga suyab...

*  *  *

Bir eshikka kelib, salom bermasdan,
Da’fatan bir nima so‘rarmi kishi?
Shundoq bo‘lsin deylik, shundoq bo‘lganda,
O‘ylab ko‘r, kishining bitarmi ishi?

Ba’zan Xudo deysan bir kunda yuz bor,
Lekin salom deyish senga ko‘p qiyin.
Sajdaga bosh qo‘yib, avval salom ber,
So‘raydiganingni so‘rayber keyin...

*  *  *

Maqtanma, negaki nasabing ulug‘,
Beklar maqtanmaydi, qullar maqtanar.
Oqillar hech zamon maqtanarmi, yo‘q,
Nodonlar maqtanar, go‘llar maqtanar.

Dunyo unutarmi asrlar osha
Turkiston arsloni chekkan na’rasin?
O‘zbek bo‘l, donishmand bek bo‘lib yasha,
O‘zbekqul bo‘lishdan Xudo asrasin...

*  *  *

Darvozang taqillab qoldi nogahon,
Kimdir eshigingni qoqdi bir kuni.
Sen esa qo‘ymading, haydading hamon,
Hattoki itingga talatding uni.

Kim edi ul sayyoh, eshikdan quvib,
Juldurchoponli deb etmading qabul?
Haqning dargohidan inoyat bo‘lib,
Eshigingga kelgan Qur’on edi ul...

*  *  *

Ilgari eshikka kelsa bir gado,
Yo Olloh, yo Haqdo‘st, deguchi edi.
Gadolar eshikka kelishib goho,
Voh-hey, bola, deya qichqirar endi.

Sen ham shu dunyoda bitta gadosan,
Gadoliging aytgan so‘zingda zohir.
Xalqning eshigida Haqdo‘st demasdan,
Voh-hey, bola,  deysan, yolg‘onchi shoir...

*  *  *

Namozni tugatib, shukrona aytib,
Qo‘l ochdim tilakka, xayri duoga.
Qarshimda to‘lin oy turardi qalqib,
Men esam yolborar erdim Xudoga.

Shoshma, dedim oyga, shoshma, dedim, hoy,
Lekin ketolmadim qismatdan o‘zib.
Duoyim bitgancha botib ketdi oy,
Men-chi, qola berdim qo‘llarim cho‘zib...

*  *  *

To‘ymi yo ma’raka, har holda yig‘in,
Yonib so‘z aytardi o‘rtada o‘g‘lon.
Qo‘shnim qo‘shnisiga engashib sekin,
Shivirlab dediki, hammasi yolg‘on...

Oshnam, sayrayverarma xuda-behuda,
Izzating sazasi qaytgay, qaytmagay.
Odamlar shivirlab bir-birlariga,
Hammasi yolg‘on, deb yana aytmagay...

*  *  *

Necha bir to‘ning bor, ko‘rdim barchasin,
Choponim bitta deb turmaysan qarab.
Birini shart yechib tashlab, boshqasin
Kiyib olish senga bir lahzalik gap.

Men esa qishmi-yoz, issiqmi-sovuq,
Egnimda shu eski, juldur choponim.
Uni yechar bo‘lsam, boshqa to‘nim yo‘q,
Qahratonda qolib, titraydi jonim...

*  *  *

Derlar: tasodif bor, qonuniyat bor,
Ular bir-biriga tutashdir mahkam.
Qonuniyatsizmas tasodif zinhor,
Tasodifsiz emas qonuniyat ham.

Ko‘kda qonuniyat yashaydi, yo‘qsa,
Yerda bo‘lmas edi nomu nishoni.
Tepada tasodif hukmron esa,
Tasodiflar bosib ketar dunyoni...

*  *  *

Har yili muqaddas Makkaga borib,
Shaytonga tosh otar muslim hojilar.
Gohida oyoqlar ostida qolib,
Jonidan ayrilib, tani yanchilar.

Hoy, mo‘min, yog‘ochga toshlar otasan,
Ne uchun shayton deb ataysan uni?
Chinakam shaytonlar istehzo bilan
Yiroqdan kuzatib turibdi seni...

*  *  *

Sen ham ko‘rasanmi meni tushingda,
Farishtalar ko‘kda tuzganda bazm?
Tutashib ketarmi, jonim, o‘shanda,
Shirin nafasingga mening nafasim?

Ko‘kda farishtalar kuzatar meni,
Men esam ayrilib aqlu hushimdan,
Qo‘rqaman, har safar o‘pganda seni,
Ayrilib qolmay deb ko‘rgan tushimdan...

*  *  *

Balli, zo‘rning ishi dunyoda zo‘rlik,
Shamolday uchasan chaqmoqdek otda.
Mening otim esa, chang yutib sho‘rlik,
Oqsoqlanib chopar hammadan ortda...

Qaygacha borasan otingni surib,
Haq va haqsizlikning buyuk jangida?
Bir kuni yig‘lama lekin oh urib,
Qolib ketsang cho‘loq otning changida...

*  *  *

Bu dunyo o‘g‘riga — o‘g‘rixonadir,
Fosiqlarga esa — fohishaxona.
Go‘daklarga — cheksiz bir afsonadir,
Oshiqlar xayliga — ishqu tarona.

Ammo aslida-chi, nechuk dunyo bu?
Borib, qayga yetar uning davomi?
Asl insonlarga — ibodatgoh bu,
Samoviy gumbazli masjidi jomiy...
Категория: SMS SHERLAR, SEVGI HAQIDA SHERLAR (21.10.2013)
Просмотров: 1557 | Рейтинг: 0.0/0