Abdulla Oripov-She’rlari
BIRINCHI MUHABBATIM Kecha oqshom falakda oy bo`zarib botganda, Zuhro yulduz miltirab, xira xanda otganda, Ruhimda bir ma'yuslik, sokinlik uyg`otganda, Men seni esga oldim, birinchi muhabbatim. Eslab xayolga toldim, birinchi muhabbatim. O`tdi yoshlik zavq bilan, gohi to`polon bilan, Gohida yaxshi bilan, gohida yomon bilan, Ayri ham tushdim ba'zan qalb bilan, imon bilan, Lekin seni yo`qotdim, birinchi muhabbatim, Mangu g`aflatda qotdim, birinchi muhabbatim. Dunyo degan shundayin anglab bo`lmas sir ekan, Goh keng ekan, gohida tuynuksiz qasr ekan. Lekin inson hamisha bir hisga asir ekan... Nechun bilmovdim avval, birinchi muhabbatim, Parvo qilmovdim avval, birinchi muhabbatim. Holbuki orzulardan judo ham bo`lganim yo'q, yulduzday kulganim yo`q, oy kabi to`lganim yo'q. Erta xazon gul kabi sarg`ayib so`lganim yo'q, Seni eslab yig`layman, birinchi muhabbatim, Eslab bag`rim tig`layman, birinchi muhabbatim. Yo`lin yo`qotsa odam - muhabbatga suyangay, G`ussaga botsa odam - muhabbatga suyangay. Chorasiz qotsa odam - muhabbatga suyangay, Men kimga suyangayman, birinchi muhabbatim. Faqat eslab yongayman, birinchi muhabbatim. Nido bergil, qaydasan, sharpangga quloq tutdim, Sirli tushlar ko`rib men bor dunyoni unutdim. Tongda turib nomingga ushbu she'rimni bitdim, Dildagi ohim mening, birinchi muhabbatim, Yolg`iz Ollohim mening, birinchi muhabbatim. ONAJON Onam Turdi Erdona Karvon qizi xotirasiga I Necha kunki yo`q oromim Kelolmayman hushimga. Onajonim kechalari Kirib chiqar tushimga. Qo`llarida oq elpig`ich Oy nurida yaltirar. Onajonim imlab meni Qoshlariga chaqirar. Keltirarlar goho beshik Ko`zlarida hayajon. Yotar payting bo`ldi-ku der, Kela qol, der, bolajon. Qaylargadir yuguraman, Fig`onimdan chiqar dud. Yig`lama, deb qo`llarimga Tutqazarlar so`ng tobut. Tongda ruhsiz ko`z ochaman, Qovurilar tanda jon. Onajonim, bunday qilma, Bunday qilma, onajon. Axir o`zing der eding-ku, Silab o`ksuk boshimni: - Endi senga bersin umr, Senga bersin yoshimni. Afsus, o`zing erta ketding, Erta ketding olamdan. Ukalarim bag`rim ezar, Ajradik deb onamdan. Bevaqt xazon bo`lmay har kim Yoshab o`tsin dunyoda. Onajonim, har kim oshin Oshab o`tsin dunyoda. Garchi fano har kimsaga Azaliy bir qismatdir. Lekin, ona, tiriklik ham Bilsang, yarim hikmatdir. Tushlarimda, mayli, boshim Silab turgin, onajon. Qolganlarga endi umr Tilab turgin, onajon. II U kun chetda oh chekardim G`ussalarning dastidan. Sen otamga pul beribsan Yostig`ingning ostidan. Aytibsanki, onasizlik Kelmasin hech o`yiga. Sarf qilingiz, menga emas, Abdullaning to`yiga. O, o`g`lingga sen shafqatni Bilarding-ku, onajon. Bundan ko`ra bag`rim o`ysang Bo`lardi-ku, onajon. Zarragina rahm etgali Sabring menga yo`qmidi? Onajonim, bundan o`zga Jabring menga yo`qmidi? Yo`qmidi hech o`zga gaping, - Nola qilib so`ylasang. Nahot, axir so`nggi dam ham Farzandingni o`ylasang. Axir orzu qochib ketmas, Bitkazar-ku tiriklar. Onajonim, bir kunini O`tkazar-ku tiriklar. Unutilar g`ussalar ham, Orzular ham cho`zar bo`y. Onajonim, balki bir kun Aytganingday bo`lar to`y. Balki sening qabring uzra Ko`karganda gul, chechak, Ostonamga qadam qo`yar, Sen istagan kelinchak. Kimdir uning yo`llariga Balki gul ham sochadi. Balki munis opajonim Kel, deb, quchoq ochadi. Balki do`stlar davrasida Kamim bo`lmas hech qachon. Lekin seni o`sha damda Qaydan topay, onajon. III Esimdadir, titrar edim - G`amgin, bolish pastida. Kitobimni ko`rdim nogoh Boshginangning ostida. Toshday qotdim o`shal oni Bor toqatdan ayrilib. - Shoir o`g`lim, - deding menga Sekingina qayrilib. Onajonim, so`ng bor menga Nafas qilding u zamon. Shoir bo`lgin, deya balki Havas qilding u zamon. Onajonim, balki men ham Bir kun shavqqa to`larman. Balki men ham aytganingday Bir kun shoir bo`larman. Kuylay desam hurmatingni Ushbu kunda tilim lol. Balki faqat shu sababli Shoir bo`lsam ehtimol. Balki sarson-arosatda Qolib ketmas bu tanim, Kamolimni ko`rar balkim, Yurtim, ona Vatanim. Payti kelib to`lar bir kun Paymona ham beomon. Kuzatarlar meni ham so`ng Senga tomon, sen tomon. Balki u kun boshim uzra Do`stlar bosh ham egadir. O`sha damgi iqbolim ham, Onajonim, sengadir. Dilda neki jur'atim bor, Dilda neki hayajon, Bari, bari senga bo`lsin, Senga bo`lsin, onajon. Senga bo`lsin bor hayotim, Nomim, shonim bir yo`la. Xotirangga ushbu she'rni Yozdi o`g`ling Abdulla. SHOIR YURAGI O'tar bu ko'prikdan jamiki jonzod, Chumolidan tortib fillar ham o'tar. Sultonlar o'tadi goh shod, goh noshod, Zanjirlarin sudrab qullar ham o'tar. Elchilarga o'xshab turfa zamondan, Shaloq aravalar, "mers"lar o'tadi. Ro'baro' kelishib ikki tomondan, Bir-biriga tamom terslar o'tadi. Suyishganlar o'tar suyab bir-birin, Buzuvchilar o'tar, o'tar ustalar. Hushyorlar o'tadi tejab ko'z qirin, O'tadi emaklab piyonistalar. O'tib borayotir ana juft guruh, Biri sh'o'x, birovin ko'zlarida nam. Yetaklab bormoqda birini shukuh, Boshqa birovini yetaklagan g'am. Oliftalar o'tar g'arib siyrati, Botirlar o'tadi - qalbida o'tlar. Beshiklar o'tadi - dunyo ziynati, O'tadi lapanglab, vazmin tobutlar. Muttasil bu yo'lda keladi to'qnash, Nur bilan zulumot, o'lim va hayot. Bu ko'prik olamning o'ziga o'xshash, Bir farqi - sohibi ixtiyorsiz zot. Ko'prik ostidagi jo'sh urgan daryo, Suv emas - o'tganlar taxir ko'z yoshi. Har neni ko'targan bir o'zi tanho, Bor na ta'mirchisi, na bir yukdoshi. Bu ko'prik, bu ko'prik qulasa agar, Ne hislar qolardi sarson - sargardon. Garchi qismatida bor qancha xatar, Har nechuk bariga u balogardon... SEN BAHORNI SOG'INMADINGMI Uyg'onguvchi bog'larni kezdim, Topay dedim qirdan izingni. Yonog'ingdan rang olgan dedim - Lolazorga burdim yuzimni, Uchratmadim ammo o'zingni, - Sen bahorni sog'inmadingmi? Uzoqlarda zalvorli tog'lar Xayolimni keldilar bosib. Kechdi qancha intizor chog'lar, Vasling menga bo'lmadi nasib, Sensiz men ham, bahor ham g'arib, - Sen bahorni sog'inmadingmi? O'ngirlarda sakraydi ohu, Na'matakda sa'va mittijon. Qorliklardan sipqarilgan suv, Daralarda uradi javlon. Nigohimdan faqat sen pinhon, - Sen bahorni sog'inmadingmi? Mana, bugun navro'zi olam, Do'stlarimga gullar tutarman. Qaylardasan, sevgili erkam... Qo'limda gul, seni kutarman, Umrim bo'yi chorlab o'tarman, - Sen bahorni sog'inmadingmi? O'ZBEKISTON Yurtim, senga she'r bitdim bu kun, Qiyosingni topmadim aslo. Shoirlar bor, o'z yurtin butun - Olam aro atagan tanho. Ular she'ri uchdi ko'p yiroq, Qanotida kumush diyori, Bir o'lka bor dunyoda, biroq Bitilmagan dostondir bori: Faqat ojiz qalamim manim, O'zbekiston, Vatanim manim. Yurmasman hech behishtni izlab, Topolmasam chekmasman alam. O'tirmasman ertaklar so'zlab, Musallo deb yo'nmasman qalam. Ko'klamingdan olib sururni, Dovrug' soldi ustoz Olimjon, G'afur G'ulom tuygan g'ururni Qilmoq mumkin dunyoga doston. Olis tarix qadamim manim, O'zbekiston, Vatanim manim. Kechmishing bor chindan ham uzoq, Ilg'ay olmas barchasin ko'zim. Maqtamasman moziyni biroq, O'tmishingni o'ylayman bir zum. Zabtga olib keng Osiyoni, Bir zot chiqdi mag'rur, davongir, Ikki asr yarim dunyoni Zir qaqshatdi Buyuk jahongir. Aytgum, bu kun, u manim, manim. O'zbekiston, Vatanim manim. Bobolardan so'z ketsa zinhor, Bir kalom bor gap avvalida. Osmon ilmi tug'ilgan ilk bor Ko'ragoniy jadvallarida. Qotil qo'li qilich soldi mast, Quyosh bo'lib uchdi tilla bosh. Do'stlar, ko'kda yulduzlar emas, U, Ulug'bek ko'zidagi yosh. Erda qolgan, o, tanim manim, O'zbekiston, Vatanim manim. Ko'z oldimdan kechar asrlar, Ko'z-ko'z etib nuqsu chiroyin. Sarson o'tgan necha nasllar, Topolmasdan tug'ilgan joyin. Amerika - sehrli diyor, Uxlar edi Kolumb ham hali, Dengiz ortin yoritdi ilk bor, Beruniyning aql mash'ali. Kolumbda bor alamim manim, O'zbekiston, Vatanim manim. Ko'p jahongir ko'rgan bu dunyo, Hammasiga guvoh er osti. Lekin, do'stlar, she'r ahli aro Jahongiri kam bo'lar, rosti. Besh asrkim, nazmiy saroyni Titratadi zanjirband bir she'r. Temur tig'i etmagan joyni Qalam bilan oldi Alisher. Dunyo bo'ldi chamanim manim, O'zbekiston, Vatanim manim. Bobolardan so'zladim, ammo Bir zot borkim, baridan suyuk: Buyuklarga baxsh etgan daho, Ona xalqim, o'zingsan buyuk. Sen o'zingsan, eng so'nggi nonin O'zi emay o'g'liga tutgan. Sen o'zingsan, farzandlar shonin Asrlardan opichlab o'tgan. Ona xalqim, jon-tanim manim, O'zbekiston, Vatanim manim. Bosh ustingdan o'tdi ko'p zamon, O'tdi Budda, o'tdi Zardushti. Har uchragan nokasu nodon, Ona xalqim, yoqangdan tutdi. Seni chingiz g'azabga to'lib Yo'qotmoqchi bo'ldi dunyodan. Jaloliddin samani bo'lib Sakrab o'tding Amudaryodan. Sensan o'shal samanim manim, O'zbekiston, Vatanim manim. Toleingda bor ekan yashash, Goh qon ichding, gohida sharob. Etmoq bo'lib yurtim xomtalash, Bosh ustingga keldi inqilob. Chora istab jang maydonidan Samolarga uchdi unlaring, Shahidlarning qirmiz qonidan Alvon bo'ldi qora tunlaring. Qonga to'lgan kafanim manim, O'zbekiston, Vatanim manim. Lekin oftob poymol o'lmas, Kavaklarda qolmas oy nuri, Odil hakam - haq bor, beg'araz, Mazlumlarning buyuk g'amxo'ri. Qilich serpab tole tongida O'zligingni tanib qolding sen. O'g'lonlarning qatra qonida O'zbekiston nomin olding sen. Nomi qutlug' gulshanim manim, O'zbekiston, Vatanim manim. Tinch turarmi bu ko'hna olam, Tinch turarmi dog'uli zamon. Oromingni buzdi sening ham Fashist degan vahshiy olomon. Qonim oqdi Danoigda manim, Sobir Rahim yiqilgan chog'da. Lekin, yurtim, kezolmas g'anim. O'zbekiston atalgan bog'da. Sensan nomus va sha'nim manim, O'zbekiston, Vatanim manim. Kech kuz edi, men seni ko'rdim, Derazamdan boqardi birov. U sen eding, o, dehqon yurtim, Turar eding yalangto'sh, yayov. - Tashqarida izillar yomg'ir, Kir, bobojon, yayragil bir oz. Deding: - Paxtam, qoldi-ku axir, Yig'ishtiray kelmasdan ayoz. Ketding, umri mahzanim manim, O'zbekiston, Vatanim manim. Sen ketarsan balki yiroqqa, Farg'onada balki, balqarsan. Balki chiqib oqargan toqqa, Cho'pon bo'lib gulxan yoqarsan. Balki ustoz Oybekdek to'lib Yozajaksan yangi bir doston. Balki Habib Abdulla bo'lib, Sahrolarda ochajakson kon. Tuprog'i zar, ma'danim manim, O'zbekiston, Vatanim manim. Mayli, yurtim, kezsang ham dunyo, Fazolarga qo'ysang ham qadam, O'zligingni unutma aslo, Unutma hech, onajon o'lkam. Bir o'g'lingdek men ham bu zamon Kechmishingni qildim tomosha. Iqbolingni ko'roldim ayon Istiqlolning ufqlari osha. Iqboli hur, sho'x-shanim manim. O'zbekiston, Vatanim manim. Zavol ko'rma hech qachon, o'lkam, Zavol bilmas shu yoshing bilan. Muzaffar bo'l, g'olib bo'l, o'ktam, Do'stu yoring, qardoshing bilan. Asrlarning silsilasida Boqiy turgay koshonang sening. Ulug' bashar oilasida Mangu yorug' peshonang sening. Mangu yorug' maskanim manim, O'zbekiston, Vatanim manim. DUNYONI QIZG'ANMA Dunyoni qizg'anma mendan, azizim, Men sening ko'changdan o'tmasman zinhor. Mening bu olamda o'z aytar so'zim Va o'zim sig'inar mozorlarim bor. Dunyoni qizg'anma mendan, azizim, Sen ichgan buloqdan ichmasman aslo. Sen yurgan tog'larda qolmagay izim, Sen kechgan daryodan kechmasman aslo. Dunyoni qizg'anma mendan, azizim, Qalbingni yoqmasin shubha va so'roq, Men o'zga manzilga tikkanman ko'zim, U sening kulbangdan juda ham yiroq. * * * U qo‘shiq kuyladi yor sha’niga mast, Sho‘xchan she’rlar aytdi sevgi nomidan. Hammani kuldirdi, qiz esa faqat Beparvo jilmayib o‘tdi yonidan. U qo‘shiq kuyladi yor sha’niga mast, Yig‘lab, faryod chekdi sevgi nomidan. Hammani yig‘latdi, qiz esa faqat Beparvo jilmayib o‘tdi yonidan. U qo‘shiq kuyladi yor sha’niga mast, Na kuldi, na qatra to‘kdi yoshini. U kuyladi mag‘rur, qiz bo‘lsa shu vaqt Huzuriga keldi egib boshini. «MUNOJOT»NI TINGLAB Qani ayt, maqsading nimadir sening, Nega tilkalaysan bag‘rimni, ohang, Nechun kerak bo‘ldi senga ko‘z yoshim, Nechun kerak, rubob, senga shuncha g‘am! Eshilib, to‘lg‘anib infanadi kuy, Qaylardan kelmoqda bu ohu faryod. Kim u yig‘layotgan, Navoiymikin, Va yo may kuychisi Hayyommikin, dod! Bas, yetar, cholg‘uchi, bas qil sozingni, Bas, yetar, ko‘ksimga urmagil xanjar, Nahotki dunyoda shuncha g‘am bordir... Agar shu «Munojot» rost bo‘lsa agar. Agar aldamasa shu sovuq simlar, Gar shul eshitganim bo‘lmasa ro‘yo. Sen beshik emassan, dorsan, tabiat, Sen ona emassan, jallodsan, dunyo! Eshilib, to‘lg‘anib ingranadi kuy, Asrlar g‘amini so‘ylar «Munojot». Kuyi shunday bo‘lsa, g‘amning o‘ziga Qanday chiday olgan ekan odamzod! DORBOZ Bulutlarga yondosh, osmon ostida, Kiprikdagi yoshday turibdi dorboz. Qilichning damiday arqon ustida, Ko‘zlarini yumib yuribdi dorboz. Odamlar, odamlar, uni olqishlang, Qarang, u naqadar epchil va o‘ktam, Biz-chi, eh.. ba’zi bir ko‘zi ochiklar Eplab yurolmaymiz katta yo‘lda ham. * * * Bahor kunlarida kuzning havosi, Tanimni junjitar oqshom shamoli. Nega buncha g‘amgin nayning navosi, Nega qalbim to‘la o‘kinch va malol? Barglar orasiga tinmasdan sira Oshno yulduzlardan to‘kiladi nur. Bilmayman, qiynaydi qaysi xotira, Titroq yulduz kabi muzlagan shuur. Mag‘lub bahodirning nayzasi misol Ma’yus egiladi terak uchlari, Barglar soyasida o‘ynaydi behol Uyqudagi qizning bedor tushlari. Atrofimda yotar garib bir viqor, Bilmam, nega uchdi qalbim safosi. Nima ham qilardim, na ilojim bor. Bahor kunlarida kuzning havosi. UMR Qalbimda goh g‘urur, gohida farah, Shu uchqur dunyoni turfa ko‘ribman. Yurtma-yurt, elma-el, farsax-bafarsax Umrim dovonlarin o‘lchab yuribman. Umr-ku o‘tadi gulduros solib, Uning o‘tganini kim ham ko‘ribdi? Vo ajab, qay bir zot, o‘z umri qolib, Mening qadamimni o‘lchab yuribdi... INSON QALBI Inson qalbi bilan hazillashmang Siz, Unda millat yashar, unda til yashar. Unda ajdod faxri yashaydi so‘zsiz, Unda istiqomat qiladi bashar. Inson qalbi bilan hazillashmang Siz, Unda ona yashar, yashaydi Vatan. Uni jo‘n narsa deb o‘ylamang hargiz, Hayhot! Qo‘zg‘almasin bu Qalb daf’atan!!. TILLA BALIQCHA Tuxumdan chiqdi-yu, keltirib uni Shu loyqa hovuzga tomon otdilar. Tashlandiq ushoq yeb o‘tadi kuni, Xoru xas, xazonlar ustin yoptilar. Dunyoda ko‘rgani shu tor hovuzcha Va mudroq tollarning achchiq xazoni. Menga alam qilar, tilla baliqcha Bir ko‘lmak hovuz deb bilar dunyoni... RUHIM Vujud deganlari asli nimadir? Dayr dengizida yurgan kemadir. Bir kun bir qoyaga urilgay kema, Ruhim, sen vujudni g‘amini yema. Yuksak fazolarda aylagil parvoz, Senda na ohang bor va na bor ovoz. Senga na bo‘ronlar kor qila olur, Seni na yo‘qotib, bor qila olur. Sen misli kamalak - yuksak va so‘lmas, Kamalakni esa parchalab bo‘lmas. * * * Yondimu va lekin hijon tunida Senga ahvolimni etmadim bayon. Sokin kechalarim ko‘zim o‘ngida Munis qarashlaring bo‘ldi namoyon. Na sen nazar qilding holimga bir bor, Na men ayta bildim senga biror so‘z. Shunday o‘tib borar umrimiz bekor... Oramizda sarson bir juft qora ko‘z. MEN ANGLAB YETGAN FALSAFA Bozorga o‘xshaydi asli bu dunyo, Bozorga o‘xshaydi bunda ham ma’ni. Ikkisi ichra ham ko‘rmadim aslo, Molim yomon degan biror kimsani. * * * Oqar daryoga ham kimdir band bergan, Hayot kimga zahar, kimga qand bergan. Ey, g‘ofil, sarkash deb, meni kamsitma, G’anim senga emas, menga pand bergan. * * * Deydilar it hurur - o‘tadi karvon, Ranju balolardan yonmasin joning, Lekin alam qilar bir umr giryon Itlar orasidan o‘tsa karvoning. KETMOQDAMAN Yaxshi qol, ey, dilbarim, dilda kadar, ketmoqdaman, Ishq aro endi holim zeru zabar ketmoqdaman. Na ishonchu na quvonchu na ko'ngildan gapni och, Barchasidan ushbu kun yo'qdir samar, ketmoqdaman. Men quyosh yuzlimga deb, tun-kechalar berdim yurak, Oqibat otganda tong qondir jigar, ketmoqdaman. Necha kunlar o'tdi, lekin so'rmading holimni bir, Oxirida hol so'rab kelsang magar, ketmoqdaman. Kelganimda dedilarki, bu yigit koni zarar, Ketmagimdan, oxir ayt, bormi zarar, ketmoqdaman. Bilmadim, hech bormikin asli dardimga shifo, Xasta bu Abdulladan olgin xabar, ketmoqdaman. "HAJ DAFTARI TURKUMIDAN: SHAYTON La’natlab bo‘lsa ham, qarg‘ab bo‘lsa ham Har kun tilovatda aytilar nomi. Uning bosh suqmagan joyi kamdan-kam, Ichilgan har qadah uning ham jomi... Deydilar, norasta go‘dakni hatto Uyquda qitiqlab kuldirar emish. Salgina g‘aflatda qolsang mabodo Qilmagan ishingni qildirar emish. Shaytonning hunari chindan rang-barang, Sallani paytava qilib o‘ratgay. Agar sidqidildan ko‘rsatsa nayrang Nodonni shoh qilib, yurtni so‘ratgay. Minoda Shaytonni qildik toshbo‘ron, La’natga ko‘mildi badbaxt u lain. Dedik, shuncha yukning ostidan Shayton Ming yillar chiqolmay yotmog‘i tayin. Shodumon yo‘l oldik Vatanga qarab, Shayton qoldi, deya chuqurda-choxda. Manzilga qaytgandik, Shayton, voajab, Bizni kutib oldi tayyoragohda. ALLOH DARGOHI Necha ming musulmon tunu kun uyg‘oq, Ka’ba atrofini tinmay aylanar, Murodi tabarruk maskanni o‘pmoq Sajdaga har biri har zum shaylanar. Olam ummon bo‘lsa, girdobi shu joy, Olam osmon bo‘lsa, mehvari bunda Milliard martabali jahon haynahoy Kemadek qalqadi bitta to‘lqinda. Yer bo‘ylab tariqday sochilgan inson, Bir qushning oldiga kelib tizilmish. Abasdir bu joyda millat, irq, lison Zamin yo‘riqlari bunda buzilmish. Bu joyning bor erur na Qorabog‘i, Na O‘zgan, na O‘shu Farg‘onasi bor Allohning o‘zidir yolg‘iz charog‘i, Charog‘ning hisobsiz parvonasi bor. Hatto nafrat mushti bunda tugilgay, Axir yagonadir bu yerda maqsad. Sig‘insang gunohing duv-duv to‘kilgay, Iymonsiz bandaga yo‘q lekin shafqat. Shunchalik mukammal Alloh dargohi, Mag‘firat qil, deya dilni tig‘ladim. Har yonda taralar mo‘minlar ohi, To tongga qadarli yum-yum yig‘ladim. INSON Oldiga kelganni qaytarmay yemoq, Aslida, akli yo‘q hayvonning ishi. Og‘ziga kelganni qaytarmay demoq, Notisu befahm, nodonning ishi. Tavajjuh ayladi tangri taolo, Muqaddas sanaldi inson degan nom. Insonni e’tirof etmagan asno Iblis ham quvildi Arshdan batamom. Ko‘zingning o‘ngida o‘sgandek ekin Rabbim ham ogohdir har zum har ishdan. Ro‘zayu parhezda muddat bor, lekin Hamisha hazar harom-harishdan. ONA Kimdir savol berdi:-Aytgil, Muhammad, Yolg‘iz sen Rasulsan butkul olamga. Kimga ko‘p yaxshilik aylay, o‘zing ayt, Ota-onamgami? Yoxud bolamga? Rasul javob qildi: - Tingla birodar, Gapimni uch bora quloqqa ilgil. Imkon topa olsang dunyoda agar Eng avval onangga yaxshilik qilgil. Bu hikmat sharhini o‘yladim uzoq, Rostdan ona erur qiblai olam. Garchi barchamiz ham padarmiz, biroq Onadan tug‘ilgan payg‘ambarlar ham. FARZAND Bir kuni ranjitdi otani farzand, Ota o‘z uyidan bosh olib ketdi. Lekin Alloh mehri bo‘lib sarbaland, Ota Makkatulloh vasliga yetdi. Ota fig‘on chekdi Ka’ba qoshida, Go‘yo unut bo‘lgay alamlar bari. Najot charx ursa ham garchand boshida, Sira ketolmadi bir gapdan nari. Ka’baga sig‘inar ekan keksa chol Armonin oshkora aytdi olamga. Dedi:-Ibodatim bo‘lsa ham uvol, Faqat saodat ber o‘sha bolamga. KIBR G‘alati zotlar bor yorug‘ olamda, Deylik, salomingga alik olmaydi. Salomin aliksiz qoldirgan damda Bu holni malomat qilmay qolmaydi. Ular bu dunyoning guyoki naqshi, Jim boqar, savlati qo‘rquvga solar. Ularning gapirmay yurgani yaxshi, Chunki nodonligi bilinib qolar. Ular tashlab yurar yelkaga to‘nni, Kibr belgisidir bu ham begumon. Demishlar, -hoy banda, kiyib ol uni, Yo‘qsa tuynugidan kirgaydir shayton. TAVBA Sen gunoh qildingmi, bechora banda, Sen shayton makriga uchdingmi nogoh, Tinching qolmadimi ruh ila tanda, Endi nadomatlar bo‘ldimi x,amroh. Endi chora izlab, axtarib najot, Kezursan, dastingda na imkon, na erk. Gunohkor kimsaning qoshida nahot, Qopqalar yopilgay, ostonalar berk. Yuk, hali olamda mavjuddir shafqat, Yo‘q, hali tebranur mehr beshigi. Tavba qil, tavba qil, tavba qil faqat, Senga ochiq faqat tavba eshigi. HASAD Dunyoga kelganda Inson mukarram, Qavmlar shodlikda chuvvos soldilar. Baxtiyor go‘dakka aylashib karam, Albatta momiqqa o‘rab oldilar. Oylar, yillar o‘tdi, o‘tdi ko‘p sana, Go‘dak ham mo‘ysafid yoshiga yetdi. Kuni bitganida ul banda yana Bir parcha momiqqa o‘ralib ketdi. Hasadguy kimsalar - Iblisga hamkor, Momiqqa cho‘zdilar faqat qo‘llarin. Egasin kafanga ayladilar zor, Do‘zaxga burmoqchi bo‘ldi yo‘llarin. QIYOMAT Bir kun Muhammadga berdilar savol: - Ayo, Rasululloh, aytib ber buni. Qachon foniy dunyo topgaydir zavol, Qachon sodir bo‘lgay Qiyomat kuni? Garchand Biru Borga somedir Inson, Iblis qutqusi ham har qayda bordir, Kimningdir dilida sobitdir iymon, Kimgadir shaytoniy vasvasa yordir. Rasululloh dedi: - Umid qil, banda, Ko‘chmasin dunyodan insof, diyonat. Nopok odamlarga kuning qolganda, Bilgilki, o‘sha kun kelgay Qiyomat! G‘IYBAT Do‘zax yo‘llaridan o‘tarkan Rasul, Atrofga ko‘z tashlar edi damodam. Kimdir faryod solib yig‘lardi nuqul, Otashda yonardi o‘zga bir odam. Yo‘lning kanorida-shundoq sarhadda O‘limtik yer edi allaqanday zot. Nogoh Rasululloh, boqib hayratda, Jabroilga dedi: -Bul kimdir, hayhot! Jabroil aytdikim: -Bunda har kimsa, Jazosin olgaydir qilmishiga xos. O‘limtik yeguvchi bul banda esa, Umrin g‘iybat bilan o‘tkazgan xolos. HADIS Bu ulug‘ dargohda mehmonman men ham, Mening ham dilimda oshiqlar ohi. Hadischi bobolar degandek u dam, Tavbamni qabul et o‘zing, Ilohi. Ulg‘aydik va lekin oldda ko‘p gap bor, Davr shamollari esib o‘tgaydir. Inongum, e’tiqod o‘zi bo‘lib yor Bizning ham qo‘limiz bir kun tutgaydir. Ibodat bor edi, u etgay davom, Qirq bilan yopmasmiz bu uyning tomin. Bizni tinglaganga hamisha salom, Yana ko‘rishguncha sog‘ bo‘ling! Omin! XATO QILISHINGNI KUTARLAR Shundaylar bor, senga lutf aylab, Do'stman, deya qo'lin tutarlar. Lekin har zum qadaming poylab, Xato qilishingni kutarlar. Xato qilsang, ularga bayram, Yo'qsa, zahru zaqqum yutarlar. Mayli, jindek, zarra bo'lsa ham, Xato qilishingni kutarlar. Xatolaring kerak ularga, Shox-novdangni darhol butarlar. Tag'in kunni ulab tunlarga, Xato qilishingni kutarlar. Axtarurlar hamisha illat, Etti pushting go'rin titarlar. Faqat unma, ulg'ayma faqat, Xato qilishingni kutarlar. Ular senga bir umr yo'ldosh, Sodiq hamroh kabi o'tarlar. Qabring uzra egsalar ham bosh, Xato qilishingni kutarlar. ARSLON CHORLAGANDI... Erkin Vohidovga Biz ham yuksaklarga tikkandik ko'zni, Bizda ham bor edi matonat, bardosh. Arslon chorlagandi qoshiga bizni, Lekin qumursqalar bo'ldi safardosh. Jami tiriklikka tanish shu xatar, Qumursqa yaralgan yoppa talarga. Do'stim, alam qilar, arslon bexabar, Em bo'lib ketsak shu qumursqalarga. OHU Makoning bo'libdi tog'lar orasi, Sensan go'zallikning asli, sarasi. Ma'yus yuragingda ishqning yarasi, Sen ham oshiqmisan yoki, ohujon. Daralar qo'ynida neni istarsan, Nechun doim g'amgin, doim mustarsan. Latif shijoating qayga qistarsan, Sen ham oshiqmisan yoki, ohujon. Yo'q, sen axtarmassan tog'lardan makon, Va na go'zalliging uchun shuhrat-shon. Sayyod jabri senga bermaydi imkon, Sen ham oshiqmisan yoki, ohujon. Qo'y, jonim, ko'zlaring to'lmasin yoshga, Tongda oyog'ing qo'y baland bir toshga. Seni quyosh o'zi ko'targay boshga, Sen ham oshiqmisan yoki ohujon. G`ANIM BO`LOLMASMIZ G'anim bo'lolmasmiz ikkimiz sira, Do'st ham bo'lolmasmiz balki hech qachon. Balki emasdirsan sen ham bokira, Balki emasdirman men ham pokdomon. Ikkimiz uchun ham yolg'iz shu oftob, Ikkimiz uchun ham yagona zamin. Men ham sening uchun bitmadim kitob, Sen ham shuhratimni etmassan ta'min. Kimga nima kerak? Nechun soxta shon? Nechun mangulikdan behuda talab? Axir ikkimiz ham so'ng manzil tomon Ketmasmiz dunyoning yukin orqalab. | |
Просмотров: 8479 | |