Mashrab Boboyev (1941-2003)-She’rlari
Orom og‘ushida dilrabo bu tun: Oydin zulumotda jilmayar bahor. Gul bo‘lib ochilar bargdagi tutun, Anhorda salqin bir ehtiros oqar. Orom og‘ushida dilrabo bu tun: Yuksakda yulduzlar va’da qilar baxt. Birovga qoqilib ketmaslik uchun Avaylab egasin izlar muhabbat. Orom og‘ushida dilrabo bu tun: Maysalarga alla aytadi sabo. Sohilda - majnuntol, qomati durkun, Bir boqqil, deganday qilar iltijo. Orom og‘ushida dilrabo bu tun, O’zi ham bilmaydi - bu ne ajib sir. Uni ehtiyotsiz sharpadan o‘qtin Cho‘chitib qo‘ymasa bo‘lgani kimdir... * * * Ikki surat: Biri - Olamga Go‘dakning Qiziqishi, Ajablanishi, Hayrati, Soddaligi, Tabassumi ila boqadi. Biri - Qat’iy, Sipo, Ulug‘vor. Zaharxandaga moyilroq lablar - Yumilgan. Qaboqlar ham. Yana: Xotiralar, xotiralar... Oydin-oydin, shirin-shirin, achchiq-achchiq xotiralar. Yana: Bir tog‘, zil tog‘, ismi - Armon... Alamning mangu chakkasi.. Ayriliqning Yana Uchib borayotganim tubsiz qa’ri... Yana: Har daqiqasi «Qanday qilsam u shod bo‘lardi?» savoliga to‘lar umr... Shularni tashlab ketgan Menga Onam. * * * Hayot turli joyda turlicha kechar, Turli shakllarda bo‘lar namoyon. Hayot - qishni yorib chiqqan boychechak, Hayot - ushalmagan, ushalgan armon. U qaydadir mehr-muhabbat, ixlos, Qaydadir - yozilmay qolgan bir varaq. U qaydadir ruhan va jisman parvoz, Qaydadir ruhan va jisman jasorat. Hayot - chol yuzida ajin va qayg‘u, Zulumot bag‘rini tilka qilgan nur. Bola chehrasida musaffo kulgu, Vatan taqdiriga tiqilgan umr. U goho chirmashar koshonalarga, Ivirsir chumoli kabi g‘alati. Qo‘ng‘izday g‘uvillar mayxonalarda... U shunda... Tiriklik bo‘lib qoladi. * * * Bu oqshom ko‘zlaring singari teran, Sochlaring singari muloyim. Bu oqshom o‘zingday erka va beg‘am, Ham o‘zingday oromga moyil. Bu oqshom nafasing singari iliq, Bo‘sangday olovli, tabarruk. Bu oqshom o‘zingday suygulik. Simirib qo‘ygulik, Tasadduq! Bu oqshom vaslingday hayotbaxsh, qisqa, Hajringday beadoq, beadad. Bu oqshom o‘zingday oromijon va O’zingday beayov, Beshafqat. Bu oqshom - ko‘changda ilk bor tentirab Yurgan kunimdanoq muqarrar. Bu oqshom - Har oqshom kabi sen bilan... Sening yoding bilan munavvar. * * * Ko‘nglim chorbog‘iga kuz hokim bugun, Umid yaproqlarin yerga to‘shagan. Shodligim qaydadir tentirar yupun, Shodligimni izlab yo‘lga tushaman. O’ylarday eshilib yotadi yo‘llar, Yo‘llar qamrab olgan butun dunyoni. Meni qaylargadir eltmoqchi ular, Men-chi, shodligimni izlayman yonib. Bugun anhorda ham hasrat toshqini, Kuylaydi sohilda bir qiz parishon. U balki... U balki o‘ylaydi meni, Men-chi, shodligimni izlayman hamon. Qaydadir kulguga samovot tangdir, Qaydadir sog‘inchdan ingranadi nay, Qaydadir to‘liqib yig‘laydi tanbur. Men-chi, shodligamni izlayman tinmay. Yuksaqtsan yulduzlar mo‘ltirar unsiz, Pastrokda tomchi yosh turar muallaq. Oy nurida muzlab qolibdi, essiz.. Men esa, shodlikni qidirib halak. Kiprigin ko‘tarar mudragan ufq, Mening kipriklarim yumilar sekin. Yaproqlar to‘kilib tugagani yo‘q, Shodligimni izlab tinganim yo‘q men... * * * Biz odamlar - Atomlarmiz asli, Kashfiyotlar ichra nodir kashfiyot. Yigirmanchi - Asabiy asr Kayfiyati bizga kayfiyat. Yerning umid ko‘zi bilan qadalgan, - Meni o‘ldirmang! - deb Qilar iltijo. Portlashimiz mumkin har bir qadamda. To‘qnashib ketishdan asrasin Xudo...
| |
Просмотров: 1083 | |