Приветствую Вас, Гость! Регистрация RSS

Турецкие Стихи

Пятница, 22.11.2024

Muhammad Ali (1942-yili tug'ilgan)-She’rlari
Tom boshida yoyilgan xirmon, 
Don shopirar bug‘doyrang ayol. 
Goh ko‘zlari bo‘lib nigoron, 
Yiroqlardan chorlaydi shamol.

G’uv-g‘uv esib qolar shabada, 
Don quyilar g‘alvirdan shov-shuv.
Pastda esa, mo‘‘jaz kulbada 
O’g‘ilchasi yotar beuyqu.

Huv narida, tog‘lar boshida 
Kuylab yotar shalola shov-shuv 
Va ayolning shundoq qoshida 
Sirg‘anadi shabada g‘uv-g‘uv...

Don shovullar, shovullar xayol, 
Mavjudot ham qaytarar sado. 
Esishini hech qo‘ymas shamol, 
G’alvirda ham don bo‘lmas ado...

* * *

Huv tog‘larga qor tushar, 
Bog‘larda anor pishar. 
Qachon mening tog‘ qalbim 
Sen bog‘ bilan topishar?

Ey, tog‘dagi mag‘rur qush, 
Sovuq toshga bossam to‘sh! 
Huv darada bir qiz bor, 
Yostig‘ining yarmi bo‘sh...

Cho‘qqidagi qoya tosh 
Yolg‘izlikdan egar bosh. 
Yakkalasa yomg‘irlar 
Ko‘zlaridan to‘kar yosh.

Bog‘da ham bir tanho gul, 
Tanholiqtsa a’lo gul, 
Ko‘z yoshiga yuz yuvar, 
So‘ngsiz g‘amlarga mashg‘ul.

Sen yolg‘izsan, men - diqqat, 
Ikkimizga yo‘q shafqat. 
O’rtamizda ovora –
Sarson bo‘ldi muhabbat...

Huv tog‘larga qor tushar, 
Bog‘larda anor pishar. 
Bir kun mening tog‘ qalbim 
Sen bog‘ bilan topishar...

* * *

Ko‘ngil oshno bo‘lmoq istagida mast, 
Makon tutsam deydi oshyoningizni. 
Boshimga ko‘taray yerlarni emas, 
Yolg‘izgina porloq osmoningizni.

Oh, dilda tug‘ilar g‘aroyib bir she’r, 
Oftob to‘kis qizday jilmayib boqar. 
Arshi a’lodan to rutubatli Yer 
Ilhomlar selida to‘lg‘anib oqar...

Sevaman! Sevaman! Sadqasi ketay, 
Uzay, bas, tilkalab bor rishtalarni! 
Loydan yaratilgan bo‘lsam-da, netay, 
Netay, ko‘nglim tilar farishtalarni!..

SO’ROQQA AYLANGAN ODAM

1. 
Dastavval yo‘q edi, mutloq yo‘q edi... 
So‘ng ro‘yo ichida ro‘yo bo‘ldi u. 
Jahon ayvonida, hayot ufqida 
Bir kun nuqta yanglig‘ paydo bo‘ldi u.

2. 
So‘ng nuqta ulg‘aydi, yo‘l tushsa agar 
Ko‘chalar to‘lganday bo‘ldi nazdida. 
«Men endi undovman!» - dedi muqarrar, 
Bosh qo‘ydi osmonni tutmoq qasdida!

3. 
Uzoq umr ko‘rdi... Qadamlar, hayhot, 
Ko‘p nuqtalar yanglig‘ oqtsi samarsiz. 
Ammo bari bilan dil dashti obod, 
Ma’nosiz sezadi o‘zni alarsiz.

4. 
Endi «so‘roq» misol qoldi munkayib, 
Yeldirim zamonga qarab turar lol: 
Nega shundoq?
Nechun?
Nega?
Kimda ayb?.. U-
Dunyo yuziga otilgan «savol!»

* * *

-    Ko‘zlaringiz qisiq, osiyoliklar, 
Olam kengligini qandoq ko‘rasiz? 
Shunga yarashadir sizda biliklar, 
Shundan orqaroqtsa yurasiz.

-    Hayhot, osiyolik siyrati qiziq, 
Bugun armonlari tug‘yon uribdi. 
Kelajak qandoq deb, ko‘zlarin qisib, 
Olis-olislarga boqib turibdi!..

ONA DUOSI

Biring ikki bo‘lsin nima ushlasang, 
Yo‘llaring oq bo‘lsin tog‘lar qoricha. 
Sen yorug‘ dunyoda tinch yurar bo‘lsang, 
Men duo qilarman umrim boricha.

Ko‘zingda ko‘rmasam alam ranjini, 
Boshingda ko‘rmasam tumonot savdo. 
Olib bermasang ham olam ganjini, 
Sendan onaginang rizodur, rizo!

Hayoting bema’no tuyulsa, bolam, 
Qorong‘u ko‘rinsa bu ko‘hna dunyo. 
Ketsin deb qalbingdan yer yutkur alam, 
Yorishsin dunyo deb aylarman duo.

Yuraging qisilsa takroru takror, 
Kenglikka chiqqin-da, aytgin sho‘x o‘lan,
Bu ham hasratingta kelmasa bakor, 
Ko‘nglingni bo‘shatgin she’r yozmoq bilan.

Qadim ertaklarni tinglash sozdir xo‘p, 
Oltin umrlarni unda ko‘rarsan. 
Sehrli hayotga mahliyo bo‘lib, 
Bevosh o‘ylaringni aldab yurarsan.

Yetishsang, to‘y bersang yurtga mabodo, 
Jamshid havas qilsin sening bazmingta. 
Noming doston bo‘lib yursang el aro, 
Murod-maqsadingta yetsang, bas, menga.

Yomonlar yo‘lini tutmagil minba’d, 
Fisqu fasodlardan yiroq bo‘l, to‘xlim. 
Olginu oldirma, unib-o‘s, faqat 
Yuzimni yerlarga qaratma, o‘g‘lim!

RUBOIY

Dedilar: "Ketdi yor, qad bukma yoyday, 
Ko‘nglingni bir joyga qo‘y, shundan foyda..." 
Oh, ko‘nglim bir joyga qo‘yayin desam, 
Bir joy joyidamas, u ham bir joyda...

FARDLAR

* * *

Hajringda chidamay hadsiz firoqqa, 
O’zimga kelay deb ketdim yirokqa...

* * *

Yelkamga oyoq qo‘yishib, yana:
"Yelkang qattiq!" - deya qilurlar ta’na!..

* * *

Agar sir-asroringni, - oqilu dono esang, -
Do‘stingga ham aytmagil, dushman bilmasin desang...
Категория: SMS SHERLAR, SEVGI HAQIDA SHERLAR (21.10.2013)
Просмотров: 3580 | Рейтинг: 1.3/3