Rauf Parfi -She’rlari
SENSIZ 1. Sovuq. Atrof temir. Qo‘limni ochdim, Yelkamda chatnadi qaynoq qo‘rg‘oshin... Vayrona qa’ridan ko‘klarga qochdim – Arzonga oldilar Majnunning boshin. Rahmsiz olomon, sizga ne kerak? Angladim, jismimni ruhimni bog‘lar. Vahiy keldi menga, chirpandi yurak, Aks-sado berdi muqaddas tog‘lar. Farog‘at zirvasi. Olam - bilgisiz, Oxiri sen kelding. Xayolga tolding. Vodiy og‘ushida so‘zsiz, belgisiz, Asta od imlar-la ko‘zdan yo‘qolding. Faqat k;ayga ketding, qaylarda qolding, Oh, qanday yashayman sensiz - sevgisiz. 2. Sohilda bir o‘zim. Dengiz qorong‘u, Yelkansiz kemaning ichinda shubham. Vahima shiviri, bo‘g‘zimda og‘u. Aqlim bir falokat sezadi mubham. Rangi o‘chgan osmon xunuk g‘uldirar, Achchiq chirqillaydi noma’lum bir qush. Va yonimda qonli buloq chuldirar, Atirgullar, sening gullaring behush. Feruza,. zumurrad gullaring payhon. Oh, tupdtsing kemadan. Karnay chaldilar, Va ko‘zga ko‘rinmas qo‘llar shu zamon Ag‘dardilar meni, kishan soldilar. Faryodim ichimda, otma gulingni... Otma, slg‘izlikdan - baxtli qulingni. 3. So‘ldirsha gulingni, ilohim, yonsin, Yeru osmon ko‘rsin ko‘z yummay bedor. Vaqt - ulug‘ hakam. Ruhing uyg‘onsin, Asriy umidim - Sen. Sen borsan. Sen - bor. Roviylar ne uchun? Haq va Haqiqat! Asirlik zanjirin parchalab tashla. Vujudingni yoqsin alamli fikrat, Ayon hshqiqatga, haq yo‘lga boshla. Fursat o‘tmaqdadir. Vaqt bu - beomon, Omonat dunyoda omonat odam – Vijdon shevasi bor, mehrobi iymon – Asl insonlarin chorlaydi bu dam. Falakka sanchilib qolgan so‘zim bor, Olovlar, chamanlar ichra o‘zim bor. * * * Tong otmoqda. Tong o‘qlar otar, Tong otmoqda, quyosh - zambarak. Yaralangan Yer shari yotar, Boshlarida yashil chambarak. Tong otmokda, musaffo tongga Yuragini tutar odamlar, Shu tong uchun kelgan jahonga, Shu tong deya o‘tar odamlar. Tong otmoqda... BIR QUSHCHA Bir qushcha derazam yonida O'tirar parishon va garib. Yig'laydi ko'zlari yonadi, Ko'zlari ikkita marvarid. Bir ajib navoga o'xshaydi, Shoirga o'xshaydi bir hassos. Miskin soz chalmoqqa u shaydir, Dardiga bordir-ku bir asos. Men unga qarayman ohista, Men qushcha holiga yig'layman. Va lekin bilmayman,ne istar, Bilmayman, hech qachon, bilmayman... BIRGA TUG'ILDIK-KU, YURAGIM Birga tug'ildik-ku, yuragim, Jahonni kezmakka piyoda Odimlarimizdir birdir bizning, Shu baxtli, shu badbaxt dunyoda Odamlarimiz birdir bizning. Birga tug'ildik-ku yuragim, Nasib etganda ham mangulik Sen yashayver, sen meni kutma, Men-ku ismingman xolos, va lek, Yuragim, ismingni unutma. MUNOJOT Bag'rimda g'ildirar temirchil hayot, Izg'itqi chivg'inda chidamdir boshim. Faqat sen uyquchan tomirni uyg'ot, Qizimning qo'liga kuch ber, Quyoshim. Bag'rida laxcha cho'g', aylanadi Yer, Quvonchhim, sevinchim, kuyuk ko'zyoshim. Faqat sen qizg'onma, bir kaft mehr ber, Ilinjim, sig'inchim - buyuk Quyoshim. THAKURNING OXIRGI SHE'RI (7.05.1941) Ayroliq kunidir, tug'ilgan kunim. Robindranath Thakur 1. Sohir Sarasvati! Nadir bu aqlim, Nadir tanu, nadir dilu, nadir jon? Bu qanday kah kashon? Bu qaysi iqlim? Aldandimmi tug'ilib? Rostmi? Yo yolg'on?.. Ey, mening parishon, ey, sho'rlik xalqim, Bag'rim, qachon tug'ilasan, sen, qachon?! Qorayib tirkashar o'z muztar ko'lkam, Izillar so'zimning ma'yus jaranggi. Vizillar muzlarga burkangan ko'klam, Ochiq poyonlarning bayonsiz ranggi. Sovuq qorong'uning oppoq sadosi, Bo'g'zimda bo'g'ilar musiqam, unim. Hajr saharidir, hijron sahrosi, Al-vido kunimdir, tug'ilgan kunim. 2. Ay sen, ona xalqim, loylarga botdim, Pilla halovatning g'ilofidan chiq! So'yilgan sag'rimga zahrolud qotdim, Kamolot so'qmog'i naqadar achchiq. Tiriklar! Yondirmang eski ma'voni, Suvlarga bostirmang. Tiriklik bitar. Havoni qizg'onmang, ozod havoni, Tuproqni bulg'amang. O, Shiva, yetar! Yerga qo'ying meni. Onamdir tuproq, Tobinib o'payin onamning izin. Onamning yuzini, oy yuzida dog'. Yashin bering menga, chatnayin o'zim, Menga dengiz bering, daryolar urfoq, Nafas bering menga, beringiz So'zim. 3. Izg'irdim sargardon men sizni izlab, Tovonimning teshdi srabon, yomg'ir. O'zimni la'natlab, sizimni sizlab O'lmay turib o'ldim, siz uchun oxir. Yonib aytdim, cheksizlikning cheki bor, Cheksizlikning cheklariga yetarmen. Mendan rozi bo'ling, tiriklar, do'st-yor, Bir chimdim mehringiz olib ketarmen. Mening sog'inganim qaylarga ketdi? Tamom! Bor-yo'g'imni sovurib bo'ldim, O'limim sog'ingan dodiga yetdi. Agar men koinot bo'lsam, Men - To'ldim. Xayr, xayr endi. Biz netdik? Ul netdi? Men bukun tug'ildim. Men bukun o'ldim. 4. O'zimni topkanda sizni qidirdim, Unutdim o'zimni, topdim yerimni. Men sizga bir dunyo dunyo qoldirdim, Men sizga qoldirdim qonli she'rimni. Safarim oldidan yana o'yladim, Nachora? Qarzlarim ko'p edi, esiz. Yamaning ruhiga sokin so'yladim - Uyoqlarda qanday yashayman sizsiz? O'g'ri tashlab ketgan bir tugin molim, Men ortib ko'chmasman, sizga, bu tugin, Sizsiz uyoqlarda ne kechar holim? Sizsiz bor narsa yo'q, Tomirda tugun, Yuzingizda ko'rdim Alloh jamolin. Oxirgi safarim. Men tug'ilgan kun. Hind asotirida: Sarasvati - fan va san'at ilohasi. Shiva - bunyod va barbod ma'budi. Srabon - tinsiz yomg'ir, yog'adigan oy. Yama - U dunyo, o'lim ma'budi. LUTFIXONIM. "UYG'ON, BOLAM" Yolg'iz sen uxlaysan,yolg'izim,bolam, Maysalar shivirlar,hayqiradi tog'. Shovullar daryolar,dalalar uyg'oq Qasamga botirar tubi yo'q olam. Umidning ko'zi ko'r, achchiqdir firoq, Axir men alamman - chinqirar alam. Bu g'olib turkuda bo'lmish edi jam, Ona yurtim,elim,toptalgan tuproq. Uyg'on,uyg'on,bolam,uyg'ongil, ey dil, Uyg'ondan iborat uyg'otlik dunyo. Inon,seni o'ylab ketmakdaman,bil. Sengadir jon bolam,mushkilot, g'avg'o, Uyg'on,uyg'on, deya ingraydi navo - Senga bu Vatandir, senga turkiy til. YOSHLIK - ZANGOR FASL,KECHDI,SARG'ARDI. To'kildi u. Shafqat bilmas bargrezon. Qora sovuqlarga otib yubordi, Shamollar poyida sinmoqda xazon. Yoshlik - zangor fasl.Kechdi. Sarg'ardi. Harna o'tdi,mendan o'tdi,omon bo'l, Qancha faryod qilmay qaytarib bo'lmas. Har qalay oldinda bordir so'nggi yo'l, Toki yetguningcha xotirot o'lmas, Harna o'tdi,mendan o'tdi,omon bo'l. Vido tabassumli olam,yoshligim, Ko'zlarimda qolgan jolam,yoshligim, Ko'klarga etmagan nolam,yoshligim, Suvga cho'kib ketgan bolam,yoshligim, Vido tabassumli olam,yoshligim. AVTOBUS DERAZASIDAN QARAB KETSANG Uzoq-uzoqlarga, Masofalar suvratini olib ko'zlarga. Xususan, oy bulutlar orasiga berkinib tursa. Xususan, yulduzlar so'nganda, Xususan, zim-ziyo tun chog'I Ayniqsa, shaharning shovqini seni zeriktirsa, Ayniqsa, sevgiling sevmasa seni... Ayniqsa, g'iybatlar to'qisa Do'stlaring: Yiroqlarga qochar qismatlar, Avtobus derazasidan qarab ketsang... G'UNCHALAR G'unchalar pushtirang va za'far Zangori yaproqlar shahrida. G'unchalar orzumdek har safar, G'unchalar qalbimning bag'rida: Qalbimning bag'rida bir jahon G'aroyib ertaklar aytadi. Men qaytib kelmasman hech qachon, G'unchalar albatta qaytadi. BITIKTOSH Azizxon Qayumovga Firdavsiy bir zamon aytgani kabi Har ne o'tkinchidir,fanoning o'zi, Faqat ikki narsa qolur abadiy - Botirning shavkati,dononing so'zi. Ajdodlar Vatan deb jon fido qilgan, Behuda gap sotib yurmagan ular. Mana,ming yillarni opichlab kelgan Bitiktosh ona - Yer haqida kuylar. Vaqt quyunida ne davru davron, Bu - toshga aylangan erkdir, bardoshdir, Bu Vatan atalgan muqaddas armon. Unga qaraymany bir his tuyaman, Bu yurtim timsoli mangulik toshdir... Yuragim toshiga she'rim o'yaman.
| |
Просмотров: 5946 | |