Abdulla Sher-She’rlari
Men shoirman, men - Abdulla Sher, Barloslarning sarkash farzandi. Aytgil Osmon, aytgil ona - Yer: O’z asrimga menmi asrandi?! Dedilarki: «Zo‘rdir ganj kuchi, Egilib ol, unda shon, mulk bor!» Egildimu, qalamim uchi Yuragimga qadaldi ilk bor. La’nat aytib bunday ustozga, Tutdim, shunday, yo‘llar baridan. Ko‘klamlarni yetaklab yozga, Chiqmoq bo‘ldim Vaqtning qa’ridan. Yuksaklar deb yondim oshufta, Somon yo‘li hushimni oldi. Ammo kiprik sanchilgan shiftda Chatnab ketgan yosh yulduz qoldi. Qah-qah urdi umr bo‘shlig‘i O’t qo‘yganda orzuga armon. Yallig‘langan yillar qo‘shig‘i Yondiradi bo‘g‘zimni hamon. Men yonaman: na yov, na do‘stim Qoraytolgan ufqimni yerda. Men olovman: zulmatni to‘sdim, - Vatanim deb cho‘g‘landim she’rda! QADIMIY KUY Men olis chorlovga tutaman quloq, Ohanglar ruhimni charxlab yashaydi. Ular, go‘yo bizga ishonib, bir choq Bobolar qoldirgan nomga o‘xshaydi. CHANG Men ham tuproq edim, Yer edim: Baxtliman, ulug‘man, zo‘rman, Der edim. Va lekin Odamlar bosdilar, ezdilar, Tariximni buzdilar; Endi ijirg‘anib quvarlar Mashriqdan, Mag‘ribdan, Machitdan, mehrobdan, Artarlar, chertarlar, yuvarlar Qoshlardan, kiprikdan, uydan, kitobdan; Meni quvadilar - tinim yo‘q menda, Qanotsiz uchaman - qo‘nim yo‘q menda, Holbuki Tuproq edim, Yer edim... odamlar... * * * Men may ichdim, paydar-pay ichdim, Gunoh qildim, kattakon gunoh. Men Yot gulni quyundek quchdim Yot to‘shakdan elanib panoh. Netay, axir, zada bo‘ldim men O’zim chiroq yoqqan vatandan; Men er bo‘ldim, ota bo‘ldim men, Endi esa - gunoqkor banda! Tuproqlarga belab g‘animni, Shoirman deb, uchib osmonga, Men bilmabman aylanganimni Asta-sekin tirik hamyonga. Hamyonlikdan dilim og‘ridi, Men gul quchdim, ichdim gulgun may, Yot maskanning yorug‘ bag‘rida Yorug‘ she’rlar aytdim paydar-pay. Kechir Yot gul, sen yot, yot, gulim, So‘ng bor quchib yo‘lga shaylandim. Tuni bo‘yi ikkala qo‘lim Seni silab gulga aylandi. Xush qol endi yorug‘ maskanda, Men zulmatga qadam tashlayman. Rahmat. Endi o‘lgim kelganda Qo‘llarimni hidlab yashayman. * * * Dengiz mavjlariga qo‘naru o‘ylar, Oy solgan yo‘lakdan ketar ufqqa. Sog‘inchli bir ohang dengizni bo‘ylar, Moviy sath aylanar oydin qo‘shiqqa. Qoratog‘dan oshib, ul ohang tinar, Chotqol nafasiga aylanar havo: Qordek oq choyshabda meni sog‘inar Bir latif, bir shirin, bir momiq dunyo. * * * Qo‘llaringdan ushlab, labingdan tishlab, Men olib ketaman seni olisga. Bir kunlik umrni baxtga bag‘ishlab, Biz yetib boramiz kuzgi polizga. Tashlandiq chaylada yozib dasturxon, Bir qultum sharobdan sarxush bo‘lamiz. Senu men, muhabbat, orzu - to‘rtovlon Kimsasiz chaylaga zumda to‘lamiz. So‘ng o‘tib qizilo‘t bosgan roshlardan Yayraymiz kichraygan daryoga kirib. Chopamiz mox bosgan qayroqtoshlardan Kuz kechib, suv kechib, kulib, qiyqirib. Tizzangta yetmagan daryo quchoqlar Qanotsiz baliq deb boldirlaringni. (Olisda, bilmayman, yig‘armi-bog‘lar Shaharlik sayyohlar chodirlarini.) Sentyabr quyoshi silaydi iliq Yuzimiz, yelkamiz, qo‘llarimizni. Dunyo muncha go‘zal, muncha xush qiliq, Tangri uzun qilsin yo‘llarimizni! RUBOIYLAR 1. Munchalar o‘xshashmiz ey charxi falak, - Men ham odam shaklin olgan g‘ildirak; Ne qilay, men - bitta, dunyo ikkidir, Ikki dunyo aro chopaman halak. 2. Gohida o‘xshayman omadsiz mastga: Chinorga suyansam - aylanar xasga. Erk istab olamga bulbuldek qo‘nsam, Qanotim sig‘maydi bu tor qafasga. 3. Dunyoning o‘yinin ko‘rib yashadim, O’yindan hikmatlar terib yashadim. Zamonam mayini ichdimu, lekin Xayyomning kayfini surib yashadim. 4. Umrimni sarf etdim - pul qildi zamon, Gulxanlar yokdim men - kul qildi zamon. Men baxtni madh etib yozgan she’rimni Qog‘ozdan yasalgan gul qildi zamon. 5. Ey Qur’on, Hadisdan bebahra dinboz, Bor-yo‘q e’tiqoding soqoling xolos. Meni benamoz deb qilma nadomat, - Butun O’zbekiston menga joynamoz.
| |
Просмотров: 1580 | |