Habibullo Said G‘ani-She’rlari
Qaldirg‘ochnin bo‘lganida qanoti qog‘oz Turnalarning qanotida kelganida yoz Yuragimda umidlarim bitganda bayoz, — Sizni hech ham o‘ylamadim, — deding kulgancha, O‘ldi bulbul so‘lib qolgach daf’atan g‘uncha. Qiymalardim tushlarimni tun-la erinmay, Tushlarimda qiynar edim seni ham netay. Qo‘llarimga lola tutding sababin aytmay, — Sizni hech ham o‘ylamadim, —deding bemalol, Qonliroqdir lolalarning rangidan xayol. Qor yog‘ardi: etak-etak jonsiz kapalak, Mening sevgim tarang turgan xavfli kamalak. Men na sayyod, sen ham na sayd, o‘rtada falak. — Sizni hech ham o‘ylamadim, —deding gunohkor, Kuz o‘tgandi, qish o‘tgandi, o‘tgandi bahor… 1969 * * * Bog‘lar to‘lg‘onadi notinch, entikib, Rangpar xazonlarga to‘ladir xilqat. Tinchini yo‘qotgan qalbim qimtinib, Sokin yo‘llaringdan toparmidi baxt? Ruhimda adashgan shamollar rasmi, Ruhimda gullarning siniq chiroyi. Ruhimda to‘kilgan yaproqlar aksi, Bahor deb talpinib topar oroyish. Men endi gullarga o‘qib dostonlar Yururman qalbimga qo‘ndirmay g‘ubor, Sarg‘aygan xazonlar aro mastona Men seni kuylayman, munavvar bahor! Men endi yulduzga boqib azonlar Muhabbat makriga tushmog‘im dushvor. Sarg‘aygan xazonlar aro mastona Men seni kuylayman, munavvar bahor! Men endi, men endi… Bog‘lar to‘lg‘onadi notinch, entikib… 1970. OQQUSHNING QO‘SHIG‘IN TINGLAB Bir qultum suv bilan ichib qo‘yaymi seni, Turibsan-ku bir hovuch nur kabi pokiza. Bir qultum visolingga zor etding-ku meni Subhidamda yuzin ochgan guldek bokira. Kech tashlamish visol damin taqdir o‘rtaga, Azaldanmi toleimga bitilgan firoq? Mening qalbim illatlardan so‘ngsiz o‘rtangan, Sening qalbing chizilmagan qog‘oz kabi oq. Necha yillar seni qo‘msab, kezib sargardon, Xayolimdan yaratdimu sig‘inib oldim. Muhabbatim kutmoqda deb oldda begumon Meni sevgan ne-ne qalbdan yulinib qoldim. Yaqindirmiz bugun ikki qosh orasidan, Qo‘lim yetar qo‘lginangni tutgali bot-bot. Qora tortar ruhim ikki qosh qorasidan, Yillar bilan kirib kelgan hadik degan zot. Bir qultum suv bilan ichib qo‘yaymi seni, O‘zimdanu o‘ylarimdan pokroq muhabbat. Kiprigimda ko‘tarib ham yurardim seni, Yoshligimdek orzu bo‘lib qolmasang faqat. 1975. USMON NOSIRGA Kabutarga o‘xshar Usmon she’rlari, Parvozda shiddatli, misoli yog‘du. Bokira so‘zlarga to‘ymaydi labi, Umrining oftobi yo‘qlikka og‘di. Yurtning quyoshidan yashar bebahra, Farg‘ona bog‘lari berolmas salqin. Qushlar kuylar ekan har kun saharda, O‘zbekiston bo‘lib tuyular tag‘in. Vujudini bosib keladi titroq, Enasoy tarafning ma’vosi sovuq. Hech qachon u bo‘lmas jo‘ngina tuproq, Do‘stlar yiroqda-yu, qismatdir yovuq. Tonglar etagiga she’rlarin bitar, Eng so‘nggi duoga ochgan kabi lab. Sog‘inchlari bo‘lib uchar kabutar, Qo‘qon muzofotin ko‘ziga joylab… 1975 yil. OQLIK Ruhim bugun oqliklardan topadi taskin, Ko‘ngil qo‘msar qaynarbuloq dalamni. Ne uchundir shahar ichra Vatanim hissi Paxtazordek titratmaydi dilimni. Paxtazorda har kimsaga sig‘adi haddim, Paxtazordan menga ravshan ko‘rinar iqbol. Ko‘zlarimda yashillikning yashil rang hidi, Tushlarimga kirib chiqar oppoq bir xayol. Oydin kecha, oydek paxta qoshida Bir chol turar, umidlari bilmagan to‘zim. Shu otaxon jala urgan paxtazorning boshida Yum-yum yig‘lab turganini ko‘rganman o‘zim… Ko‘ngling shuncha bo‘sh edimi, otaxon? G‘am bilmasin paxtadayin oq ko‘ngling. Yo‘l olganda olislarga kattakon karvon, Axir, og‘ir yukni tanlagan o‘zing… Men bir no‘noq g‘o‘r qalamkash, qiynalib To‘kkunimcha oq qog‘ozga qatrani, Paxtazorni dehqon necha aylanib Tog‘-tog‘ qilib uyib qo‘ydi paxtani. Men esa, bobodehqon, maqtovingga topolmay qiyos, O‘ltiribman hislarimga berolmay sayqal. Bu tog‘lar «oq oltin» tog‘lari emas, Metin bardoshingga qo‘yilgan haykal… Ruhim bugun oqliklardan topadi taskin, Ko‘ngil qo‘msar qaynarbuloq dalamni. Ne uchundir shahar ichra Vatanim hissi Paxtazordek titratmaydi dilimni. 1976. BADIHA Kuy uchib yuribdi xonamda titrab, Adashib qolgandek xuddi kabutar. O‘zini otaru oynaga qarab, Nim qizil qoniga shishani bo‘yar. Bir hikmat aytaru yerga qulaydi, «Orzular o‘ladi, inson o‘lmaydi». Kuy uchib yuribdi bog‘larda miskin, Bir g‘uncha bag‘riga kirib berkinar. Keltirsa shabboda gullarning isin, G‘oyibdan sado-la tovushlar kelar. Iltijo qilinglar, gul so‘lmasaydi: «Orzular o‘ladi, inson o‘lmaydi». Kuy uchib yuribdi xonamda yakkash, Go‘yoki oq sochi to‘zg‘igan ona. Uchib berk qalblarga urar ekan bosh. Yodimga tushadi oynali xona… Shunda majruh ohang ezib kuylaydi, «Orzular o‘ladi, inson o‘lmaydi». Kuy uchib yuribdi qalbimda, yerda. Uning shiddatidan qalbim bezillar. Kuy titrab so‘raydi: «Orzung qaerda?» «Orzuni qo‘ysang-chi»,-deydi ba’zilar. Hayqirgim keladi: «To‘xtang, bo‘lmaydi. Orzu o‘lmasaydi, inson o‘lmaydi!» 1976. ARAVAGA QO‘SHILGAN XASHAKI OT Chavandozlar! Yodingizdami? Zulukdek ot edi Qorabayir, Zulukdek! Depsinib qo‘yganida Nurlar sachrar edi tuyog‘idan Chilangar qo‘liga Quyilgan yulduzlar kabi… Tezlikda shamol bilan qilar edi raqobat. Qorabayir armon edi ko‘plarga, chavandozlar! Yodingizdami? Uloq chopganida Do‘mbiraga aylanardi yer, Hislar chapak urib Raqsga tushib ketar edi yuraklar, Shodlanib go‘zalligidan. Kishnab yuborganida, Borliq ulkan qo‘ng‘irog‘u- Jarangi edi ovozi, Insonlarni Chorlaguvchi bayramga. Qorabayir armon edi ko‘plarga, chavandozlar! Zulukdek ot edi Qorabayir, Shunchalar qaroki Uzoqroq tikilsangiz Moviylashib ketar edi u Orzudek. Bir qiz sevgisiga umidvor yigit Qorabayirni minib borsa qoshiga Chil-chil sinmas edi yigitligi… Qorabayir armon edi ko‘plarga, chavandozlar! U shundek ot edi Ushalmagan orzusida, Chavandozlar! 1976. BETXOVEN Seni sinab ko‘rdi yana tabiat, Endi eshitmassan navoni hech ham. Kar quloqlaringga qulaydi faqat Titroq yuragingdan to‘kilgan g‘amlar. Organ pardasini bosasan shitob, Tovushlar quyilar ayqash va uyqash. Qandaydir xonimlar qiladi xitob: «Inqilob!» Sening-chi — qalbing qontalash. O‘zingni otasan kuylarga yonib, O‘zingni o‘rtaysan namuncha axir. Muhabbat ranglarin kuylardan topib, Ranglarda yashamoq amri maholdir. Sevgiling uqtirar nenidir tajang, Senda-chi bezovta, ilohiy yurak. «Turmush, to‘y»,- deganin anglading arang, Hayqirding: «Qontalash ohanglar kerak!» 1977. * * * Qorayib bormoqda daraxtlar, Qaytmoqda tun bilan chorasiz xatar. Men o‘zim o‘zimdan ketaman qo‘rqib, Ko‘ringan jismda ismingni o‘qib. Har yerda namoyon kibor suvrating, Yoningda soyadek badjahl «iting». Uning har narsaga yetadi kuchi, Sen esa hech qachon ketmading cho‘chib… Istasang boshingdan sochar marvarid, Men- chi, chiqarganman jahling bemavrid. Noyob matohlarga seni o‘rar u, Men uchun dunyoda sensan ko‘rarim. Qo‘rqaman! Yoyilib ketmoqda suvrat. Sen yomg‘ir ortida yig‘lagan hayrat… 1979 yil. PAXTAMIZ Paxtani «Oq oltin» desalar G‘ashim keladi. Oltin ma’dan-da, Rangli bo‘lganida ham, Paxta tanamizning Oliy a’zosi. Paxta- mening jigarim, Paxta- sening jigaring, Paxta- uning jigari, Paxta- bizning jigarimiz. Eng yaqin kishisini «Jigarim» ,- deydi xalqimiz. Eng yaqin kishisi o‘lsa «Voy jigarim»,- deydi xalqimiz, «Ezilib ketdi jigarim»,- deydi xalqimiz… 1979 yil. QO‘QON USHSHOG‘I Beism nasimlar maskani yurtim, Ko‘zimdagi yoshdek beg‘ubor Vatan. Agar sendan ayro biror kun yurdim, Jismim jonsiz qolib o‘layotgan tan. Sening osmoning ham she’riyat qadar, Tuprog‘ingda gullab yotgan she’r dedim. Sen- la yashayverdim bilmasdan kadar, Yashayverdim va lek sog‘inaverdim… Bu sog‘inch makoni dilgir dilimda, Nigohimda erur muhabbat ramzi. Seni kuylayverdim ona tilimda, Sen rost hislarimdan tug‘ilgan nazmim. Tikilib qararga yurak betlamas, Og‘ir botmasin-da deyman nigohim. Goh ohim sabosi izmimga kirmas, Munavvar siyrating siypalab gohi. Sen mening olamda topganim, borim. Munis xislatlaring o‘zimgadir tan. Sen mening beqiyos mahbubam, yorim, Sen mening nigoron bolamsan, Vatan! 1980 yil. QISHLOQQA BAHORNING KELGANI Bir siqim tuproqni hidlagan ko‘yi O‘zi bilan suhbat qurardi ota: - Qish cho‘zildimi deymanov shu yili, Hozir naq bodomlar gullardi, attang… Sovuq urib ketdi husaynilarni, Qayin anorlar ham bo‘lgandir nobud. Shu battol ko‘nmovdi ko‘maylik desam, Uvoli yomon-da,- ketadi nolib. Tomorqaga kirar bezovta, o‘ychan, Qaytar daraxtlarni silab- siypalab. Og‘ilda qo‘ylari kemtiydi pichan, Govmishi parishon turar tuz yalab. Kampiriga qilgan bo‘lar po‘pisa: - Xol, bu kech eshikni ochib qo‘y biroz. Mabodo, qaldirg‘ochlar qaytib kelsa, Panohsiz qolmasin, kechalar ayoz… Junjikib kiradi sovuq to‘shakka, Allamahalgacha pichirlar labi. Tirq etsa qaraydi qiya eshikka, To‘ydan kenja o‘g‘lin kutgani kabi. Azonga yaqinmi, ko‘zi ilinib Tush ko‘rar: gullamish behilar, anor. Har qalay otani omonat bilib, Avval shu qishloqda yuz ochmish bahor. 1981 yil QISHLOQ YO‘LIDA Havo dim. Qishloqi ayol borar Jim. So‘l qo‘lida go‘dagi G‘ashlanar. O‘ng yonida katta o‘g‘li, Qo‘lida non Tamshanar. Bozorga kelayotir, Kundir pirtak. Peshonasidan oqqan terni Puflab qo‘yar. Sho‘rttak! Xayolini band etgan bir savdo: « Robiga kelgan sovchilar Falon joydan, Iloyo…» Ro‘molining bir chetiga tugilgan Qurt puli. Astarliklar olmoqchiydi chayqovdan Har turli… Paxtaning mukofotiga to‘y qilsin biram! Bilinmasin otasining yo‘qligi Hech ham… Havo dim. Qishloqi ayol borar Jim. O‘ylariga o‘zga narsa solmas Ko‘lanka. Go‘yo Falastinda, Salvadorda O‘lmagandek Go‘daklar. Chili qayda, Qayda Livan U bilmas. Eshitgandir bu nomlarni 2 Balkim, Elas- elas. O‘ylaysizki Qishloqi ayolning Dunyosi tor. Shunday bo‘lsa- bo‘lsin, Ammo kim gunohkor?! Sig‘mayman osmonga, yerga, Havo dim. Ayol, go‘dak, bola Olislab ketdi Jim. So‘l qo‘lida go‘dagi G‘ashlanar. Shahar tomon Shu ayolning Tashvishlari Tashlanar… 1981 yil. * * * Yotar ostonamda tanho za’far barg, Shamolning ohidan to‘kilgan parcha. Bu- g‘amgin kuzakdan eng so‘nggi darak, Eng so‘nggi noladir yashab charchagan. Sen nechun alvido demasdan, gulim, Pinhon yuboribsan majoziy yaproq? Xazon- qovjiragan tilsiz maktubing, Ismsiz tilagingdan to‘kilgan firoq. Men ham dardlarimni baayni bahor To‘kib tashlagandim minglab daraxtga, Mening ko‘z o‘ngimda sarg‘ardi nochor Yashil yaproqlari sig‘inib baxtga. Xushbaxt kuylay olmas rangin qushchalar, Xushbaxt kuylay olmas og‘ochlar bu kun. Meni sendan to‘sib qo‘ymish shunchalar Yongan xazonlardan sirqigan tutun. 1981 yil. QIRQ SAKKIZ SOAT TO‘XTOVSIZ YOMG‘IR VA YO AYRILISH QASIDASI Biz ajrashdik. Sen esa kulding. Kulib yomg‘irlarga tutding yuzingni. Hamma narsa tamom, dardsiz unutding Meni, yomg‘irni va o‘zingni. Ta’nalar otmadik, jim qoldik bir dam, Aybimga ishondim- gunohkor o‘zim. Shamsiyang tutib ol, qaragin, erkam, Yomg‘irdan ho‘l bo‘lib ketibdi ko‘zing! Tinmoq neligini bilmaydi yomg‘ir, Sen esa, quvonchim, shoshmagil bir pas. Yomg‘irda ajramoq naqadar og‘ir, So‘ng esa, mayliga, ketabergil, bas. Yomg‘ir ham tinadi, chiqadi quyosh, Qushchalar kuylaydi yana beparvo. Maysalar silkinib ko‘taradi bosh, Faqat sen bo‘lmaysan yonimda ammo. Menga nasib etmas endi visoling, Seni chorlamoqqa ocholmasman lab. Xuddi so‘z o‘rgangan soqov misoli Nomingni har yerda yururman yodlab. Sen esa kezgaysan atir ufurgan Xazonsiz bog‘larda baxtingdan yashnab. Men uyqusizlikning ufqlariga Suvrating chizarman tunlari qaqshab. Go‘zalim! Hozircha ma’yus jilmayib Qarshimda turibsan, shovullar samo. Yuragim qushchadir, qanoti mayib, Senga tolpinadi, yetolmas ammo. Biz ajrashdik. Sen esa kulding, Kulib yomg‘irlarga tutding yuzingni. Hamma narsa tamom, dardsiz unutding Meni, yomg‘irni va o‘zingni… 1981 yil. CHORKESARLIK MERGAN Chorkesar tog‘larining Toshidan kakligi ko‘p. Chorkesarlik Qurbon otani Birov Qurbon mergan desa, Birov g‘alati mergan deguvchi edi. Biz bolalar, Qurbon otaning Nega " mergan” nom olganligini Bilmay halak edi jonimiz. Chunki biz Hech qachon ko‘rgan emasmiz, Qurbon otaning ovdan qaytishini, Na parranda bilan, Na darranda bilan… Qurbon otaning ovdan qaytishi Bir kulgi bo‘lib olar edi Guzarda choyxo‘rlik qiladigan Tengqurlariga… Bir kuni, Endi oqshom tushayotgan payt, Qurbon ota Har safargidek Ovdan qaytayotganida, Do‘sti Ashirmat pismiq buva: «Mergan bo‘lsa shundoq bo‘lsa !» – deb edi, Ko‘tarilgan kulgudan Gurr uchib ketdi Sada qayrag‘ochning sayroqi qushlari. Qurbon otaning Negadir bu gal Jahldan chaqnab ko‘zi, Yelkasidan shartta miltiqni oldi-da: - Ot osmonga do‘ppingni, Qizitaloq! – dedi. Ashirmat pismiq buvaning Havoda uchib ketayotgan Chust do‘ppisi Gumburlagan tovushdanmi, Bir seskanib, 2 Tuproqqa qulab tushdi. Biz bolalar Yugurib borganimizda, Ilma-teshik bo‘lib yotar edi Ashirmat pismiq buvaning Chust do‘ppisi! 1982 yil. * * * Qo‘qonda shamollar yana boshlandi. Oromli bog‘larning tinchini buzib. Qo‘l yetmas ufqdan nigoh tashlading, Xazonlar singari qolurman to‘zib. Men bildim, yolg‘izim, sensiz tabiat Abadiy kuzlardir, abadiy shomlar. Men bildim, yolg‘izim, nadir muhabbat Qo‘qonga yoprilib kelgach shamollar. Shunda sensiz qolib yashagan kunim G‘am bo‘lib, dard bo‘lib ko‘zimga ko‘chdi. Gullarning ichidan tanlagan gulim Ko‘kdagi yulduzdek bag‘rimdan uchdi. Qo‘y endi. Istasang, tavbalar qilay, Poyingga qulayin xazonlar bo‘lib. Shamoldek bir kelib ketsang ham mayli. Shamoldek bir kelib qola qol, gulim… 1982. KUZNING BIRINCHI KUNLARI Qiyin bo‘ldi ikkimizga ham, Qiyin bo‘ldi ko‘hna olamga. Sen ketursan, ko‘zlaringda g‘am, Men qolurman ko‘milib g‘amga. Sen ketursan, emassan mag‘rur. Senga hokim asov qaysarlik. Men-chi, bunda tursam-da mag‘lub Otilmasman dod deb sen sari ! Kunlar kelar, balkim, daf’atan Xotiramni solib junbushga, O‘ylarimni aylab bevatan Chiqib ham ketarsan turmushga. Kunlar kelar, balkim seskanib Uyg‘onursan dahshatli tushdan. Parishon ro‘moling sirg‘olib Oyog‘ingga urarmi kishan… Ko‘z yoshingga g‘arq bo‘lar jur’at, So‘na boshlar yalt etgan yulduz. Meni qiynar bugun tabiat, Yuragimda yig‘lamokda kuz. 1982. NIKOLAY MUALLIM Jurnalist va shoir N.A. Lukashovga Olmos qishloqda Nikolay muallimni Tanimagan kimsa yo‘q. Ming to‘qqiz yuz qirq birning Ayni mezonida Rizvon kampirning hovlisi to‘la odam. Birov osh olib keldi, Birov qatlama. Nikolay muallimni urushga kuzatish To‘y bo‘lib ketdi chog‘i, Ming to‘qqiz yuz qirq birning Ayni mezonida. Rizvon kampir bir kulib, Bir yig‘lab, non ko‘tarib keldi Nikolay muallimning qoshiga: - Bolam, shu nonni bir tishlab ber, Qaytganingda yeysan qolganini,- der, Unsiz yig‘lab Ming to‘qqiz yuz qirq birning Ayni mezonida. Marakaning so‘nggida Qishloqning mo‘ysafidi Qur’on o‘qidi uzoq… Hamma jim. So‘ng Hamma qatori, Nikolay muallim ham Duoga ochdi qo‘lini. Tashvishli yuzlarga tortildi fotiha… …Nihoyat yil Ming to‘qqiz yuz qirq besh bo‘ldi. Ayni mezonda Choshgoh payti, Qishlog‘iga kirib keldi G‘alaba bilan Nikolay muallim. Rizvon kampir, Qo‘lida tosh qotib ketgan Noni bilan, Qarshisiga chopdi Nikolay muallimni. Yetar chog‘i, Munkib ketibmi, Quladi Nikolay muallimning qo‘liga. Nikolay muallim O‘zbekchalab: «Onajon!» – deb qichqirib yubordi. «Urushda ham o‘zbekchani unutmabdi, Baraka topgur»,- deb Mamnun bo‘lib qo‘ydi xaloyiq. U esa toshdek qotib ketgan Nonni tishlab Bir kulardi, Bir yig‘lardi. Bir kulardi, Bir yig‘lardi. Ming to‘qqiz yuz qirq beshning Ayni mezonida, Olmos qishloqning Nikolay muallimi… 1983 yil. IT HAQIDA DOSTON — G‘ulomqodir, eshitdingmi? Guzarning oldida Oqil akaning kuchugini Mashina bosib ketgan emish. — Yaqinda domga ko‘chgan Oqil akanimi? — Ha-da. — Kuchukni tashlab ketishgan ekan-da? — Xashaki edi… — Bilasanmi? Ko‘rganlar O‘zini tashladi deyishyapti… 1983. AZIZ ABDURAZZOQQA Yer bugun azondan jigarrang, targ‘il, Bahor qaytib keldi olamga birdan. Bahor qaytib keldi bu yerga tag‘in, O‘rmonning qushlari, gullari bilan. Raqsga tushib ketdi daraxtlar bir-bir, Kurtaklar uyg‘onish navosin chalib. Chekkada bir daraxt turibdi og‘ir, Go‘yoki chorasiz dardga chalinib. Hayrat-la boqmaydi zangor olamga, Najot ham kutmaydi, turibdi karaxt. O‘xshaydi omadsiz, siniq odamga Bevaqt o‘layotgan bahorgi daraxt ! Sen uni shoshilib kesma o‘tinga, Bir chimdim sabrni ayama, zamon. Balkim, tanasida umid o‘lmagan, Balkim, yuragida bordir hayajon. 1986. MUHABBATNOMA Seni o‘ylab she’rlar yozaman, Ular jo‘ndir, ko‘nglim to‘lmaydi. Eshigimdan sen hali zamon Kirib kelarsan deb o‘ylayman. Tikilaman. Qilt etmas eshik. Men yo‘qman. Men endi nigorman. Ko‘zlarimni eshigim, eshit, Taboqangda naqshin nigohman. Ochilib ketasan nihoyat, Bormisan, ey sabo! Sen nasim?! Bo‘g‘zimda yonmoqda bir oyat : « Senmisan ? Senmisan ? Sen-mi-san ?» Ostona. Unda bir minor nur, Lovullab turasan, ne sirsan ? Yo nurga evrilib ketgan hur, Senmisan ? Senmisan ? Sen-mi-san ? Ko‘zimga og‘ochlar ham toshlar Nur bo‘lib sanchilar har zamon. Nurlardan ko‘zlarim qamashar, Qay taraf qaramay—men hayron. Sen borsan makonda, tuydim men, Qo‘limni uzatsam, yetarman. Xudoyim, nurlardan kuydim men, Men seni ko‘rmasam, netarman ? Go‘yo men bir umr zindonda Nurga zor yashagan bandiman. Va erkka erishgan zamonda Nurlardan ko‘r bo‘lgan bandaman. Seni o‘ylab she’rlar yozaman, Ular jo‘ndir, ko‘nglim to‘lmaydi. Eshigimdan sen hali zamon Kirib kelarsan deb o‘ylayman. 1991. MEHRIBONLIK UYIDA BAHOR Men shoir bo‘lsaydim, yozardim shundoq: —Onajonim hamda dadam yaxshilar. Atrofimga mungli boqaman biroq. Ular qaerdalar, ayting, yaxshilar? Hamma bolalarga o‘xshayman men ham, Ba’zida to‘polon, ba’zida mahzun. Negadir kunduzi menga bir tutam, Negadir kechalar men uchun uzun… Boshqadan farqim ham bormikan picha. Men qushlar tilini bilaman chandon. Men shamol tilini bilaman juda. Ular gapirgani doim – onajon ! Men tushlar ko‘raman bir xil har sahar: Oppoq libosdagi ayolmish ona. Go‘yo qush bolaman, qo‘lchalari par, Onamga yetolmay qilaman nola… Kutganlarim har vaqt behuda ketar, Men-chi o‘ylarimni o‘ylayveraman. Siz kelmasangiz ham, bas, sadqai sar, Siz kelmasangiz ham yashayveraman. Birdan lang ochilib ketadi eshik, Hapqirib ketaman. To‘kilar ifor. Lojuvard gullardan ko‘tarib beshik Qoshimga onammas, keladi bahor ! 2004. KUZGI DARAXTGA Tabiat libosi kimsanmi, yangi. Qaylarga yo‘qoldi zangori olam. O‘rikning bargida yongan bu rangni Azal naqqoshimi chizmakda o‘ktam. Shoshib bargin to‘kar anovu daraxt, Oftobda toblaydi murg‘ak novdasin. Axir, qishi bilan yotadi karaxt, Atrofida achchiq izg‘irin sasi. Go‘yo hech kimsaga yo‘qdir keragi, Hattoki qushlar ham unutgan uni. Ammo sokingina urar yuragi, Bildirmay kutadi g‘alayon kunin. Zangori shovqinlar to‘lar atrofga, Mag‘rur bosh ko‘tarar maysalar shu on. Faqat uyg‘onganlar yetar oftobga, Uyg‘ongan daraxtga sharaf ila shon! 25.10.2004 y. * * * Ho‘qandi latifning kichik bog‘ida Sayilsiz o‘tmagan biror kun avval. Qo‘shiq askiyaga ulangan chog‘da Odamga qo‘shilib kulardi gullar. Qorilar to‘rida katta yig‘inning, Mug‘ombir yuzlarda o‘ynar shu’lalar. Biroq kim ko‘ribdi biror qorining Mag‘lub ketganini tortishuvlardan. 2005. G‘AZAL Azaldan yo‘q ekan asti adolat, Adolat izlagan kasga malomat. Boqib senga mudom hayratdadurmen, Latofat bunchalar, ra’noki qomat. Yuzingga boqdimu hayronda qoldim, Malohatdan nechuk jonimga ofat? Ko‘ngulning mulki sultoni o‘zingsan, Ki sulton qilmagay davlatni g‘orat. Duoga lab ochdim, zikrimda sensan, Tilarman har qachon senga saodat. Tikancha yo‘qmikan oldingda qadrim, Habibga qaydanam buncha adovat? 2006 yil. BODOM GULLADI Hovlimizda Men yaxshi ko‘rgan bodom Qiyg‘os gulladi. Shosha-pisha tugib oldi Bodomchalarini. Shamol qurg‘ur Naq yarmini to‘kib yubordi. Avvaliga bo‘ldim darg‘azab. So‘ng Donishmand kabi Qildim mulohaza. Bir hisobda To‘kilgani yaxshi bo‘ldi, Endi ularni Chaqolmaydi odamlar. 31. 03. 2007 yil. G‘AZALLAR * * * Mohitob! Oydek yuzing oylab meni qildi xarob, Kim ko‘ngil qo‘ydi chunon oxir xarob aylar sharob. Qaqshagan og‘och kabi men yo‘l chetida xokisor, Bir nazar solsang degil devonaga qildim savob. Qayga boqsam ko‘zlarimga sarvi qomat ko‘rinur, Dashtda giryon yig‘laganga ro‘baro‘ bo‘lgay sarob. Men ko‘ngil qumrisiga nomingni xo‘b mashq aylasam, Ko‘zlarida mung bilan ko‘rdim azobu iztirob. Men talab vodiysida qoldimmi yo rab, sarsari, Sen baqo osmonida porlab turuvchi Mohitob. To qiyomat bir xabar kutsam-da sendin yo‘q ilinj, Ofatu, ranju balolar kelmagi bo‘ldi shitob. Ey Habib, qo‘y, vaslin istab xotiring injitmagil, Kasbi kori ul parining ham balovu ham itob. 2005 * * * Jahondek asli vayron ham o‘zimdirman, Bu vayron ichra hayron ham o‘zimdirman. Ko‘ngulga sig‘magi oson jahonlarning, Jahonga sig‘magan jon ham o‘zimdirman. Pariro‘lar makon etmish chamanlarni, Fano dashtida nolon ham o‘zimdirman. Samo sirrin bilolmas asti gumrohlar, Topib asrorga imkon ham o‘zimdirman. Ko‘nib yurmak falak izmiga dushvordir, Qadi dol, qasdi isyon ham o‘zimdirman. Habibga noravo balkim, oning ishqi, Bu ishqsiz ohu afg‘on ham o‘zimdirman. 2005 FONIYDAN TARJIMALAR MUXTARA’ La’lingki nabotu suxaning obi hayotdur, Lablarda uchuq bizlara bir habbi nabotdur. Mayxonani tashlab harakat masjida yo‘qtur, Mayxonada chun mug‘bacha shirin harakotdur. Mehrobni qo‘yib o‘zni xarobot sari urdim, Kim kechsa o‘zidin yana mayxona najotdur. U huri parizodki, bor jumla sifotlar, Bilmon, nasabi hurmi yo odamizotdur. Mushkin kabi zulfi, ne ajab, hindu ko‘rinmish, Ham Qadru Barotdin biza ortiqki sifotdur. Kim hodisa chaqmog‘iga sobit esa tog‘dek, Bor gavhari maqsudi agar dilda sabotdur. Kim jannati Firdavs yo‘lin izladi rog‘ib, Jannat yo‘li Foniyga xiyoboni Hirotdur. TATABBU’I BA’ZI A’IZZA Abri nayson soyasida kechalar yonmish sharor, Yo bahor lashkarlari yoqqan olovdir lolazor. Yoki lola shu’lasidin ko‘kka o‘rlarmi bulut, Yo magar ergashtirib abrin kelurmi navbahor. Lolaning hovanchasida yanchdi mushkin bul havo, Ehtimol sahro tarafning lolasida mushk bor. Lola Parvez tojidurkim charx barbod aylamish, Bundin ortiq topmas ibrat hech jahonda tojdor. Jomi Jamshid qoldi bo‘m-bo‘sh bo‘lsa ham ishratfizoy, Jomu Jamdin yo‘q nishon, soqiy, shukrkim boda yor. Lolarang may xushtururkim lolaro‘ dilbar ila Bazmi may ayyomi bo‘lsa, bo‘lsa atrof lolazor. Lolaro‘ning hajridin ko‘nglimda qoldi bir siyoh, Lolalar dog‘i kabi ko‘nglim bu kunkim dog‘dor. Bu zamon ahlida ham yo‘q loladek bo‘yi vafo, Qora ko‘ngul bul ulusdin chekinib bo‘lg‘il kanor. Foniyo, chun lolazor umri shitob bo‘ldi fano, Uzma labni lolarang bul jomdin beixtiyor.
| |
Просмотров: 1237 | |