Tursunoy Sodiqova-She’rlari
IQBOL Yuragimga to‘ldi bir tuyg‘u, Men she’r qilib aytmasam bo‘lmas, Garchi mening kashfim emas u, Balki oddiy bir she’rdir xolos, Men bari bir aytmasam bo‘lmas. Ul his to‘lar tomirlarimga, Ko‘zlarimga to‘lib boradir. Ko‘chirmasam agar she’rimga, Naq bag‘rimda o‘tday yonadir. Bo‘lmoq uchun bu o‘tdan xalos, Men u she’rni aytmasam bo‘lmas. Menga na shon, na qarsak kerak, She’rdan ta’na qilgan shoirmas: Chiqmasin-chun qinidan yurak, Aylamay deb o‘z-o‘zimga qasd, Men u she’rni aytmasam bo‘lmas. Ayta olsam, bo‘lar mo‘‘jiza: Bir daqiqa qolgum yasharib, Qatra g‘ubor qolmas yer uzra, Bir daqiqa kular Yer shari. Ko‘rinadi hamma chiroyli, Toshlar — gavhar, giyohlar — zumrad. Bir daqiqa imkonim tog‘dir, Bari g‘amni qiladurman rad. Eh, bo‘lay deb o‘shal zavqdan mast, O‘zga emas, o‘zim-chun xolos Men u she’rni aytmasam bo‘lmas! Taqdirimga ming bor shukurkim, Menga dedi: she’r yozishni ol. Mayli, she’r deb qurisa ilkim, Bo‘lay, mayli, beorom, behol, Bu dunyoni shoirchasiga Kuylamoqning o‘zi bir iqbol! Yuragimga to‘lar ajib sas, Men she’r qilib aytmasam bo‘lmas, Ilhom zavqi, iqbol haqqi, rost, Men u she’rni aytmasam bo‘lmas! YOR-YOR Bugun qo‘shni qishloqqa Kelin tushdi, yor-yor, Eshitmasam qaniydi, Hushim uchdi, yor-yor. Hushi uchdi demanglar, Qilaman or, yor-yor, Ataylab ham shu to‘yga Bormog‘im bor, yor-yor, Kuyov yigit, mana biz Kulib keldik, yor-yor, Bizda qolgan ko‘nglingizni Olib keldik, yor-yor. Muhabbatin yuta olgan Bir dengizman, yor-yor, Sizni o‘zga qo‘lga bergan Mardingizman, yor-yor. Mayli, bag‘rim sizsiz yonib, Tamom bo‘lsin, yor-yor, Sizni olgan o‘zga qo‘llar Omon bo‘lsin, yor-yor. To‘yingizda tilaydirman Toledan taxt, yor-yor, Bor bo‘lsangiz bu dunyoda Shu bizga baxt, yor-yor. Mardlik bilan yor-yor aytib Turgan o‘zim, yor-yor, To‘yingizdan omon ketay, Tilang to‘zim, yor-yor. * * * Muhabbatim, kiming bo‘ldim men? Do‘stingmanmi, nechun do‘st kabi Hol so‘rmadim, ko‘ngil topmadim? Nechun so‘ndi menda matlabing, Xohishingni nega toptadim? Yo dushmanmi? Ne uchun unda Boshginamga seni etdim toj! Nechun tavof qilurman kunda, Nechun senda bari ehtiyoj? Muhabbatim, kiming bo‘ldim men?.. * * * Gurkirgan quvonchlarim Siz bilan to‘ldi, Siz-la to‘ldi bag‘rimdagi titroq dardlarim. Sizning bilan olamim ham bir butun bo‘ldi, Sizning bilan to‘ldi hatto ko‘ngil gardlarim. Sizni ko‘rgach borlig‘imda, o‘ngu so‘limda, Sizni jonu jahonimda tuygan boisdan, O‘zingizni joylamoqlik kelmay qo‘lidan, Taqdir Sizni olib ketdi bizdan olisga... * * * Ming suluvni kuydirgan ul suqsurdayin bo‘yingiz Xaridorim bo‘libdur deb, ajab, yonib ketmadim. Shayton qursin, sho‘xlik sari tushsa goho yo‘lingiz, Gunohkor-ku demay sizdan, ajab, tonib ketmadim. Sizni deya sizsiz yashash yo‘lin o‘zim sayladim, O‘zim ketib goh o‘t qo‘ydim o‘zim yeru samoga. Sizning alpday jismingizni mushtday qalbga joyladim, Ismingizni yozib qo‘ydim, do‘stim, arshi a’loga... * * * Kechiringiz, guldiraqday fe’llarim uchun, Uyingizga yashindayin tushdim, kechiring. Dovullarim quyunida qoldingiz butun, Bari orom, tiichingizni quvdim uchirib. Kechiringiz, bahor yanglig‘ keldim, ketarman, Bor gardingiz yuvib ketgum, qoladursiz tinch. Sizga qolur pokiza his, muattar armon, Izlarimda teradursiz yam-yashil sog‘inch... * * * Armonimdir jamalakli sochim piligi, Chang ko‘chada qolib ketgan chala o‘yinlar. Qulog‘imda qo‘shiq bo‘lib qoldi bir kulgi, Allakimning suhbatidan ketdim to‘yinmay... Eh, armondir o‘sha mag‘rur sharmu nazokat, Uchrashmagan uchrashuvlar qoldi yo‘llarda. Yuragimga singdi pinhon hislarim qat-qat, Armonlarim ketdi o‘sha suqsur bo‘ylarda, Uchrashmagan uchrashuvlar qoldi yo‘llarda... * * * Boshqalarga o‘xsholmadik, o‘xsholmadik-ey, esiz, Mag‘rurlikda bizga qiyos bo‘ldi sovuq cho‘qqilar. Boshim egib bormadim men, kelmadingiz va yo siz, G‘urur bizni ming tiriltib, ming bor yana yo‘q qilar. Dardlarimiz buloq bo‘ldi, bag‘rimizda vulqonlar, Tuyg‘ularga til bermadik na men o‘zim va na siz. Bir-birovin izlab-bo‘zlab topishganlar — insonlar, Bizlar tog‘miz, tog‘lar kabi zimdan nurab boryapmiz...
| |
Просмотров: 3288 | |