Farid Usmon-She’rlari
TANHO ANDIJON Vatan bag‘rida sen, ey yurt, duru durdonasan tanho, Chiroysan O‘zbekistonga — go‘zal jononasan tanho. Mayindir qo‘llaring ham ko‘zlaring teran, yuzing ravshan, Muloyimsanki men farzandingga chin onasan tanho. Balandparvoz quruq tashbeh kerakmas ta’rifing uchun, Vatan bag‘ridagi yurtlar misol uy — xonasan tanho. Quchog‘ingda tug‘ilganlar suyarlar onamiz deb chin, Hama bu andijonliklar uchun koshonasan tanho. Uyin ostonasin doim muqaddas deb bilar el, rost, Vatan koshonasida baxti bor ostonasan tanho. Sababki, peshqadamsan O‘zbekiston ichra har ishda, Haqiqiy mardi maydon, pahlavon mardonasan tanho. Zahiriddin Muhammad Boburing, Cho‘lponlaring faxring, Munavvar sha’mdirkim ular, parvonasan tanho. Hama vaqt Andijon deb so‘zlasam ko‘nglim ketar yashnab, Suluv vodiy quchog‘ida go‘zal gulxonasan tanho. Navoiy nutqiga rost bo‘lganingdan boshim osmonda, Chamanning xushovoz bulbuliga oshiyonasan tanho. Quyosh sendan chiqar go‘yo, chiqar oy — kechalar nurli, Falak yulduzlari sochqin ajib nurxonasan tanho. Demak maddohlik etmak fursatimas endi, ey yurtim, Bu bag‘rim otashistoni aro sen yonasan tanho. Chiroyli yo‘llaring nurli, iloho shundayin bo‘lsin, Axir, sen onasan tanho, axir, sen onasan tanho. Urib bosh bir umr aylay tavof, yurtim, seni, chunki Vatan koshonasida bextiyor koshonasan tanho. Zafar quchsang yana, ey paxtakorim, xirmoning tog‘-tog‘, Yarashgansan shuning-chun ushbu keng maydona san tanho. G‘ururim, iftixorim, Andijonim, jonajonimsan, Faridga oftob, oy hamda yeru osmonsan tanho! * * * Bu olam ishiga hayron bo‘ling do‘stlar, bo‘ling do‘stlar! Yomon ishdan dili vayron bo‘ling do‘stlar, bo‘ling do‘stlar! Bu dunyo ichra ne yaxshi, yomon idrok qiling hukmi — Yaratgan hukmidan so‘zon bo‘ling do‘stlar, bo‘ling do‘stlar! Munavvar chehradirsiz, bir-biriga xush nigohlisiz, Go‘zal ko‘zga go‘zal mujgon bo‘ling do‘stlar, bo‘ling do‘stlar! Cho‘zing bir-birlaringizga doimo yordam qo‘lingizni, Nima mushkulki bor oson bo‘ling do‘stlar, bo‘ling do‘stlar! Shu millat deb kuying, ham o‘rtaning, choydish bo‘lib go‘yo Varaqlab qaynangu qumg‘on bo‘ling do‘stlar, bo‘ling do‘stlar! Yorug‘ olamni yer yo osmonsiz hech bilib bo‘lmas, Biri yeru, osmon bo‘ling do‘stlar, bo‘ling do‘stlar! Vujudsiz tan bilan jonni o‘ziga bir butun tutgan, Biringiz tan, biringiz jon bo‘ling do‘stlar, bo‘ling do‘stlar! Omon saqlang o‘zingizni — omon bo‘lsin hamma yaxshi, Yomonlikdan mudom omon bo‘ling do‘stlar, bo‘ling do‘stlar! Nasihatmas, Farid, bu anglagan zotlarga bir da’vat, Yaratgan hukmidan so‘zon bo‘ling do‘stlar, bo‘ling do‘stlar! * * * Sochlaringni siypalay ko‘zlarga surtib tolasin, Qo‘y dema, ranjitma jonon men — g‘aribning bolasin. Ikkimiz yo‘q, ikki olam oqibat g‘arq bo‘lgusi Shashqator aylab oqizsam ko‘z yoshimning jolasin. Arzi hol etsang seni hech tinglamaslar ko‘p erur, Tinglagin endi o‘zing shaydoyi ko‘nglim nolasin. Aslida shafqat kutish begonalardan rasm emas — Yo‘qlamay qo‘ydi jiyan xatto qadrdon xolasin. Ey nigor, shaydoyi dil go‘yoki payhon lolazor, Qil tomosho mung‘ayib qolganda qirlar lolasin. Yuzlaringdan zor Farid, rahm ayla, to‘yguncha o‘pay, Sochlaringni siypalay ko‘zlarga surtib tolasin. IKKOVLON Izlay-izlay oxir bir-birin topgan, Oqil sen edingu, junun men edim. Visol oqshomida evrilib yotgan Bo‘ron sen edingu, quyun men edim. Parishon sochlaring parishon edi, Tunning og‘ushida edim parishon — Buyuk bu muhabbat ulg‘aytar edi, Go‘yo men yer edim, go‘yo sen osmon. Bizni tutashtirgan ufqning esa, Yuragi yonardi o‘zga otashdan. Bu nechuk sinoat, bu nechuk sehr, Oqshom huzurlanar bizni o‘rtashdan... Visol oqshomida evrilib yotgan Bo‘ron sen edingu, quyun men edim... * * * Ko‘changdan necha bor armonlar o‘tdi, Eshitding, chiqmading ostona hatlab. Ko‘ngillardan topgan fig‘onlar o‘tdi, Eshitding, chiqmading ostona hatlab — Ostonang oldida armonlar qoldi, Unsiz faryodlaru fig‘onlar qoldi. Ko‘z sen kirib ketgan eshikka muhtoj, Ko‘ngil ham muhtojdir o‘sha hovliga. Qaytib chiq — yopiq ul eshigingni och Mo‘ralab bir bora boqqin, mayliga — Ostonang oldida armonlar qoldi, Unsiz faryodlaru fig‘onlar qoldi. Men-ku o‘tib ketgum fig‘on deb chiqgil, Men-ku o‘tib ketgum, armon deb chiqgil. Oqibat, ortimdan hayrat bilan boq, Sevgisi otashin inson deb chiqgil... Ostonang oldida armonlar qoldi, Unsiz faryodlaru fig‘onlar qoldi. MUHABBAT MAYI Dilimda doimo lim-lim muhabbat deb atalgan may, Seni ichdim, seni ichgum, muhabbat deb atalgan may. Nechun men baxramand etmay nigorimni o‘zingdan goh, Seni eng toza deb tutgum, muhabbat deb atalgan may. Seni ichgach ketib o‘zdan, qilib gohida bir sho‘xlik Go‘zal yorni o‘pib, quchgum, muhabbat deb atalgan may Kular u gohida mendan, "ketibsiz o‘zingizdan" deb, Agar xohlar yana ketgum, muhabbat deb atalgan may, Uni ranjitmayin aslo, so‘rab undan ijozatlar, Jahon sho‘xliklarin etgum, muhabbat deb atalgan may. Agar u bo‘lsa shod chindan, agar u quvnasa, kulsa, Demak, maqsadima yetgum, muhabbat deb atalgan may. Kecholmasman Farid, yorimni sevmoqdan kecholmasman, Nechunki dilda sen lim-lim, muhabbat deb atalgan may.
| |
Просмотров: 1153 | |