Anvar Obidjon-She’rlari
OTA O’GITI Har bitta so‘z - suvdek aziz, Har bitta so‘z - nondek uvol. Til boyligin bog‘ deb bilsak, Har bitta so‘z - bitta nihol. Biron so‘zni isrof qilmoq Bir ko‘chatni yulmoqlikdir. Bora-bora, otameros – Bog‘ni xarob qilmoklikdir. E bolam, yot yurtga borsang, Ne atalur eling, derlar. Qay millatning vakilisan, Bormi ona tiling, derlar. Shunda, mening qutlug‘ tilim – Navoiyning she’ri, degil. Yurtim - Ulug‘begu Bobur, Amir Temur yeri, degil. Ayt g‘urur-la Beruniylar, Farg‘oniylar ajdodim, deb. Koshg‘ariylar darsin tinglab, O’tkirlangan savodim, deb. Maqtanma hech qimmat kiyim, Oltinlaru qasring bilan. Faxr et doim qudratli yurt, Boy til, nasab-nasling bilan. Obro‘yingni baland tutmoq, E bolam, o‘z qo‘lingdadir. Sening olamdagi narxing Vatan, millat, tilingdadir. BULBULNING SALOMNOMALARI Qo‘rqoqlarning ko‘rqog‘i g‘ilay Quyonga salom, Yo‘qdir yaqin o‘rtog‘i, sho‘rlik Chayonga salom. Shoxdan shoxga yugurgan, dumida uy supurgan, Yong‘oq chaqib tupurgan sho‘x Olmaxonga salom. Arg‘amchidek buralar, yantoqlarga o‘ralar, Qo‘ng‘iz o‘tsa mo‘ralar, bo‘g‘ma Ilonga salom. Ho‘kizlarni yiqitgan, Qashqirlarni qo‘rqitgan, Bor jonzotni hurkitgan shoh Arslonga salom. Xo‘tikchaning qondoshi, ochlikka zo‘r bardoshi, Kamroq bo‘lsa ham oshi, erkin Qulonga salom. Xumbosh hamda xirqiroq, oziq tishi oshnichoq, Ochko‘zligi sap chatoq, xasis Qobonga salom. Nafsi o‘lja tilagan, qo‘lin qonga bulagan, Asta mo‘ylov silagan pismiq Sirtlonga salom. Meshkay qorni qavoqdir, burni tappak tovokdir. Ikki lunji lavokdir, go‘l Karkidonga salom. Guldor go‘ni kelishgan, qurtlarni yeb to‘lishgan, Daraxtlarda in teshgan Qizilishtopga salom. Chidab sovuq-ushukka, insof tilab Mushukka, Pishloq sudrar teshikka, olg‘ir Sichqonga salom. O’g‘rilarning ustasi, qushning xunuk tusdasi, Ko‘rib qo‘ying nusxasin, sur Zag‘izg‘onga salom. Tupu kun yer qazigan, zaxda yotib ozigan, Ko‘p tirishib, oz yegan go‘sxo‘r Yumroiga salom. Igna-bigiz sotuvchn, kuzda loyga botuvchi, Ilon poylab yotuvchi Tipratikonga salom. Bebahodir po‘stini, poylar hatto do‘stini, Sipo demang siz uni, ayyor Qoplonga salom. Rizqin mag‘rur izlagan, yuksaklarni ko‘zlagan, Dushmanlarni tuzlagan botir Tarlonga salom. Bulbul kabi izillar, tog‘-toshlarda g‘izillar, Yirtqichlardan bezillar, do‘stim Jayronga salom. CHIRMANDA QO’SHIG’I Yum-yumaloq qosqonim, Bak-baka-bum. Bo‘ynimda mis marjonim, Bak-baka-bum. Menga tushar shapaloq, Bak-baka-bum. MILTIQCHA QO’SHIG’I Do‘konlarda sotilaman. Paq-puq. Yelg‘ondakam otilaman, Paq-puq. Yoqtiraman mard o‘rtoqni, Paq-puq. Cho‘chitaman lanj, qo‘rqoqni... Paq! Puq! PARVARDA Tug‘ilgandi Bo‘richa Sakkizinchi yanvarda. Bugun bir yil to‘libdi, Adashmasa agarda. Va’da qildi oyisi Unga quyon go‘shtini. Va’da qildi dadasi, Unga kiyik to‘shini. Bilmasa ham yosh Bo‘ri Dunyoning keng-torligin, Eshitgandi dunyoda - Shirinliklar borligin. Injiqlandi u birdan: «Sovga qiling parvarda, Hech bo‘lmasa yeb ko‘ray Sakkizinchi yanvarda». Taskin berdi oyisi: «Bolam, adir - do‘konmas». Dadasi der: «Shaharga – Borib kelmoq osonmas». Fursat poylab erkatoy, Chikdi-yu g‘or - uyidan, Shahar tomon yugurdi Chopqir anhor bo‘yidan. Chiroqlarga angrayib, Tushib borgan choq pastga; Uni ushlab shaharda, Qamadilar qafasga. Endi uni yosh-qari Qilar har kun tomosha. U termilar adirga Baland-baland tom osha. ...Yillar o‘tib oradan, Sakkizinchi yanvarda, Bir qiz yuvvosh Bo‘riga Tashlab o‘tdi parvarda. BEHI Ikki yuzim burushqoq, Dema meni urishqoq. Ishga solib aqlimni, Sezdirmayman jahlimni. Agar shirin bo‘lmasam, Xushomadni bilmasam, Meni darrov kesishar, O’rnimga nok ekishar. KALAMUSHLAR KEMASIDA Ostki qismin yemangiz, Cho‘kib ketar kemangiz! MAYMUNLAR TELEVIZORIDA Ko‘rsatamiz bananni, Yalamanglar ekranni. BURGUTLAR DARSLIGIDA "Tutdik to‘rtta Qarqunoq, Yarmin yedik. Juftmi, toq?"
| |
Просмотров: 8723 | |