Halima Xudoyberdiyeva-She’rlari
DA’VAT Kunduz yurib yozdim, tun turib yozdim, Yozganda ko‘ksimga tig urib yozdim. Dardlarimga siyoh kor qilmay qolgach, Qalamni qonimga botirib yozdim. Qon asli yoruglik. Yorug‘lan, tiz cho‘k, Asl mard Vatanga tiz cho‘kib o‘tar. Qancha qoning bo‘lsa - Vatan uchun to‘k, Qancha shoning bo‘lsa - Vatanni ko‘tar! OLDIMDAN OQQAN SUV Yashamoq farog‘at, yashamoq azob, Bekorga egilmas Sizdan boshqa ko‘k, Ko‘ngillarni ovlab umrim bo‘pti sob, Sizning ketishingiz xayolda ham yo‘q. Oldimdan oqqan suv, beqadr suvim, Umrida bir yayrab, yozilmaganim. Bor turishi shafqat, bori sir suvim, To qurib qolguncha sezilmaganim. Boshqalar yonimdan ketmasin debman, Vaqt topib ularga boribman tong-kech, Boshqalarga ozor yetmasin debman, Sizga ham yetishin o‘ylamabman hech. Boshqalarga chopdim shahar, kentda man, Bir qaytarib yo bir kesatmadingiz, Manam g‘animatman, manam ketaman, Deb nechun bir bora eslatmadingiz? Onam, onam-a?! DEMAKKI, SEN SHOIRSAN Nafaqat... O’tsang yozib, Kuz yanglig‘ so‘lib, ozib, Bozillagan cho‘g‘ bosib, Qo‘rdayam hayqirolsang, Demakki, sen shoirsan. Oltinmi Yo olmosda, Tig‘da yurolsang, rost-da, Itqitsa, oyoq ostda, To‘rdayam hayqirolsang, Demakki, sen shoirsan. Nafaqat Ko‘tarsa xalq, Ko‘ksingdan itarsa xalq, Peshonang namakob, talx, Sho‘rdayam hayqirolsang, Demakki, sen shoirsan. Nafaqat Zar, zo‘rlarni, Uzsang to‘sin, to‘rlarni, Chayqaltirsang go‘rlarni, Go‘rdayam hayqirolsang, Demakki, sen shoirsan. MUQADDAS AYOL Oshiqlaring poyingta gul otib ham bo‘ldi, Xilvatlarda labingdan bol totib ham bo‘ldi, Va bu haqda kimlargadir sotib ham bo‘ldi, Sen bari bir muqaddassan, Muqaddas Ayol! Avval: «Kel-ey, quchog‘imga to‘l, balq», dedilar, Unamading, ayol o‘zi ters «xalq», dedilar, Icholmagach yuz o‘girib, sho‘r, talx, dedilar, Sen bari bir muqaddassan, Muqaddas Ayol! Sen daryosan, o‘pganini qirg‘oq yashirar, Juftim bo‘l, - deb chopganini har toq yashirar, Jannatim, - deb quvonmasdan qumloq yashirar, Sen bari bir muqaddassan, Muqaddas Ayol! Asli bu bor ermaklarning borar yeri Sen, Rostu yolg‘on ertaklarning borar yeri Sen, Asov otday erkaklarning borar yeri Sen, Sen bari bir muqaddassan, Muqaddas Ayol! Chorlashganda sen kelsang, goh bekor kelsang-da, Mast davraga bir sarin yel, bir tor kelsang-da, Xor kelsang-da, nomardlarga goh xor kelsang-da, Sen bari bir muqaddassan, Muqaddas Ayol! Qimtinasan, astagina ko‘tarasan bosh, Ming yillikdir ko‘zingdagi javdiragan yosh, Gunohkorlar mingu bitta Senga tegar tosh, Sen bari bir muqaddassan, Muqaddas Ayol! Harir, xushbo‘y badaningda toshlar izi bor, Ko‘kragingda egilgan ne boshlar izi bor, Quyosh izi, kuydirgan quyoshlar izi bor, Sen bari bir muqaddassan, Muqaddas Ayol! DORILAMON KUNLAR KELDI… Onaginam! Dorilamon kunlar keldi, shafaqlari ol, Quyosh boqsang, shaylanishlar va sozlashlar tor. Olcha gulni ko’zlaringga surtasan behold. "Bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor”. So’lg’in-so’lg’in lablaringdan ucharkan shu so’z, Otaginam xayolimda rostlay boshlar qad. Dorilamon kunlarga qayt, onam, yumib ko’z O’ksik dilda boshlanmasin desang qiyomat. Bu tabiat suyumlidir ham ko’zlari ko’r, Goh sharobdan, goh og’udan qilar bizni mast. Belginangga tirak bo’lay, onajonim, tur. Dorilamon quyoshga boq, unga qasdma-qasd. Yuzing ardoqli quyoshday issiq va mahvash. Ko’zlaringda umid yonar tikilgan oni. Qorli kunlar bilan ketsin dilingdagi g’ash, Qizg’ish, lola rang qonlaydir bu kun dunyoni. Bu dunyoning qir-darasi mo’l, Yerni yalang oyoq bossang yayraydi taning. Yashamoq – bir tansiq taom, unga ursang qo’l, Brogan sari ochiladir ishtahang saning. Bog’lardagi yetilgusi har mevali shox, Rizqdir bizga, rizqqa doim dil ilinjlikdir. O’g’lonlaring kelar ana, ochishib quchoq, O’g’lonlaring meva qadar bir shirinlikdir. Onaginam! O’zing tortma davralardan, el chorlaganda, "Tiriklikning bayrami”, deb sozlaganda tor, O’zing so’lg’in lablar bilan pichirlaganda: "Bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor”. SHUNCHAKI Men shunchaki o’ylagim kelmas, Xayol-sharob misol qilsin sarxush, mast. Men shunchaki kuylagim kelmas, Ovoz pardalarim chidab bersa bas. Qo’lingga tusharkan jajji chaqaloq, Shunchaki sevmoqda qanday lazzat bor. Kerak chinqirtirib o’pib, tishlamoq, Biz ham go’daklikda topganmiz ozor. Shunchaki sevilmoq-baxti qoralik, To’la tole uchun bu kemtik, bu kam. Mening qalbim shunday sevgiga molik, Bir charsillab yonay, so’ngra so’nsam ham. Ohangga shunchaki solmasdan quloq, Tarjima qilib yoz sim sadolarin. Axir buloqmasmish tog’dagi buloq, Ko’z yoshlarimish u ishq gadolarin. Shunchaki kulmoq ham istehzodek gap, Birdan qah-qah uray, cho’chib ketsinlar. Boshlariga osmon tushganday qulab, G’aflat bandalari yoqa tutsinlar. Shunchaki yig’lash ham yarashmas bizga, Uni eplar faqat yuragi toshlar. Shunday yig’lay, hojat qolmasdan so’zga, Qurg’oq ko’zlardan ham to’kilsin yoshlar. Shunchaki yozmoqchi, ko’ngil to’lmaydi, Shunchaki yozmoqqa bormaydi qo’lim. Shunchaki yozganga chidab bo’lmaydi. Shunchaki yozmoq bu – shoirga o’lim. TURKISTON ONASI Menga aytadilar, mustaqillik, shon Bir omadday keldi. Nechun kulmaysan? Bo’g’zimga keladi ko’ksimdagi jon Sanchilib og’riydi ko’ksim, jilmaysam… Jizzax vokzalida poyezdlar taq-taq To’plar xaloyiqqa o’t sochar tikka. To’pga qalqon bo’lar gulgun kelinchak Kuyov Sibir ketar, mardikorlikka! Nechun, bu-omad,-deb bo’g’izni yirtmoq Shosha-pisha yuvmoq sachragan qonni. Tushimda ilonday sollanar sirtmoq Dorga osadilar Dukchi Eshonni! Akani singilga qayraydi tuzum Chavaqlangan Nurxon tushimga kirar. Tushimda jallod yeng shimarib hart un Tilim deganlarning tilin sug’urar! Qandog’am ichimga berkitay, yutay Bag’rim qiymalagan volalarimni. Ko’ksimga tosh bosib qandoq unutay, Tili sug’urilgan bolalarimni. Mustaqillik! Senga men keldim shonlar, Qonlardan ko’pchigan dalalar bilan. Dorlarda chayqalgan Dukchi Eshonlar, Tili sug’rilgan bolalar bilan. TURKISTONNING ONALARINI… O’n ikki oy birday ishlaydi Faqat ishlab ko’ngil xushlaydi. Imoratning loyin mushtlaydi, Bolalarin tishda tishlaydi. Go’daklari, toqmas, qo’shlaydi Turkistonning onalarini… O’g’li Bobur hind sori bosdi, Qaytarmoqqa yetmadi dasti. Nodirasin jaholat osdi, Jaholatga bor erur qasdi. Yuragini armon nishlaydi Turkistonning onalarini. Mashrab Balxda, dorda salanglar, Usmon qah-qah urib, alanglar. Hamzasini tilkalar sanglar, Tushlari ham ahvolin tanglar. Tushlari ham toshlab, g’ishtlaydi Turkistonning onalarini… Amir Temur yodi o’stirar, Kenagasning dodi o’stirar. Sirtmoq, kunda, jodu o’stirar Yassaviyning yodi o’stirar Xudo suyar, ruhlar ushlaydi Turkistonning onalarini… Afg’on mulki bo’ldi minglab er, Harbiy ketgan yuzlab yigit-yer. Har bolaning dog’I qilar sher, Qodir Alloh, o’zing toqat ber. Yuragida arslon qishlaydi Turkistonning onalarini. Olgani shu elidan duo, Tilovati, selidan duo. Har qo’llovchi yelidan duo Qo’lidan ish, tilidan duo. Boshidan oq ro’mol tushmaydi Turkistonning onalarini! BITTA MUSHTGA AYLANMAY Oltovlon ola bo’lib oldirgan xalq meniki, Goh ichda zahar, tilda bol turgan xalq meniki. Tig’ tortib o’z otasin o’ldirgan xalq meniki, Yo Rab, qay ajdodimning qo’li kir, deb yig’ladim. O’zi o’z o’zagini uzgan lahzalarida, Qiblagohning o’rini buzgan lahzalarida, Farg’onada to’zonday to’zgan lahzalarida, Xudo, to’zg’in elimni birlashtir, deb yig’ladim. Birlashmading, Qo’qon-u, O’zgan bo’lding, O’sh bo’lding, Fitna pichoqlarida talosh laxta to’sh bo’lding. Kuyov-kelin bo’lmasdan qo’sh mozora, qo’sh bo’lding, Xudo, to’zg’in elimni birlashtir deb yig’ladim. Birlashmading, ketma-ket balo keldi, o’t keldi, Tog’day yigitni solib, lopillab tobut keldi. Suv bo’lib oqdik, ko’zdan jola keldi, hut keldi Xudo, to’zg’in elimni birlashtir deb yig’ladim. Shukur, bugun ozod sen, ammo tarqoq sen, yot sen Tarqoqmi sen, inonki azal-abad barbodsen. Jo’r ovoz bo’lolmasang, yakka-yakka mung, dodsen. Xudo, to’zg’in elimni birlashtir deb yig’ladim. Karvon jilsin, bir sarbon sari enib kel, elim, Bir bog’ sari chug’urlab, qushga do’nib kel, elim, Olloh dilda, Ollohga, haqqa qo’nib kel, elim, Xudo, to’zg’in elimni birlashtir deb deb yig’ladim. Bitta mushtga aylanmay, biz dastmiz yolg’iz-yolg’iz, To’zim kosasi yanglig’, to’lmasmiz yolg’iz-yolg’iz, Turku Turon tiklangay, o’lmasmiz yolg’iz-yolg’iz, Xudo, to’zg’in elimni birlashtir deb yig’ladim. YO’LDADIRMAN Yigirma yil o‘tdi intizorlikda. Andrey Voznesenskiy Siz kutasiz. Menam boraman. Uchib borodurman xuddi o‘q. Faqat... oldin xat yuboraman, O’sha xatni yozganimcha yo‘q. Ko‘ngil ichga to‘kib borini, Bir yil, o‘n yil o‘tdi, bu ko‘pmi? Ayriliqning alafzorini, Birgalashib o‘ramiz, xo‘pmi? Yigirma yil, o‘ttiz yil o‘tdi, Ko‘zingizga malol inmasmi? O’ttiz yillab govlagan o‘tni, O’rar chog‘i chalg‘i sinmasmi?! Qirq yil o‘tdi. Men tez boraman, Ranjimangiz, guvoh yeru ko‘k! Faqat... oldin xat yuboraman, Xatni... hali yozolganim yo‘q. Uchib borodurman xuddi o‘q, Bu holatni qanday sharhlayman. Borgan sari o‘rmonzor quyuq, Men kuyinib chalg‘i charxlayman. Siz kutasiz. Menam boraman. AYOL O’TIB BORAR Sen so‘rama, men ham aytmayin Kuragimning singanini qars. Shovqin solma, men uygotmayin, Yuragimda yotar bir yo‘lbars. Baland bir o‘t yongan ichimni Men sovutib yashashim kerak. O’z-o‘zimga sarflab kuchimni, Men ovutib yashashim kerak. Ayol o‘tib borar... sho‘x yurib, Shamollarda soch yoygan ayol. Ich-ichida yo‘lbars o‘kirib, Sirtdan mayin jilmaygan ayol. Sen so‘rama, men ham aytmayin... XATO KETDIM Oqlayman deb dunyoni kirlanib bitdim o‘zim. Abdulla To‘qay Kulgai men emasman. Menmas yig‘lagan, Simsim sirqiragan sato, ketdim men. Moziy qa’rlaridan inju yig‘magan, Bugunga sig‘magan sado, ketdim men. Goh tikan ko‘klarkan gulzorlarida, Ko‘nglim yerga kirdi ozorlaridan. Kir-chir qo‘llar tegib bozorlarida Ohori to‘qilgan mato, ketdim men. Paydo. Shaydo edim. Nopoyt ayladilar, Bargi xazonimdan bayt ayladilar. Jayronday jonimni sayd ayladilar, Jonim sayyodlarga ato, ketdim men. Dunyoga nurli yo‘l solmoqchi edim, Bandi bo‘ldim, garchandki soqchi edim. Dunyo dog‘ini ketkazmoqchi edim, O’zimga dog‘ tegdi. Xato ketdim men. Kulgan men emasman. Menmas yig‘lagan... DUNYOLARGA SIG’MAGAN G’AVG’O... Biz ketganda o‘zimiz yeru, Ko‘ngil osmon, ko‘kka ketgaymiz. Kekirganning yoniga emas, Cho‘g‘ni bosib, cho‘qqa ketgaymiz. Sotqin, o‘zg‘ir o‘tmaganida, Xoin orom kugmaganida, Nomus bizdan ketmaganida, Ko‘krak tutib, o‘qqa ketgaymiz. Bog‘ ko‘rmadik kirganda boqqa, Dog‘ qo‘shildi dog‘ uzra dokqa, Ko‘ngil lim-lim to‘lgan. To‘kmoqqa Yoshli qorachuqka ketgaymiz. Qish ortidan o‘tar ko‘klam, yoz Topolmasmiz. Ko‘ngli moslar oz, O’zimizday g‘aribga peshvoz Biz tushmasmiz cho‘kka, ketgaymiz. Umrning tong, shomlarida ham Butlansak deb chekdik ozor, g‘am. Bolamizning tomlaridan ham O’taverar cho‘kka, ketgaymiz. Zarb yermiz, zarb tushirib yovga, Tiriklikning g‘ami ham sovg‘a, Dunyolarga sig‘magan g‘avg‘o, Bir kun jim-jim, yo‘kqa ketgaymiz. BESHIK QOSHIDA Oyoq-qo‘li beshikka Bog‘liq bolam, turgaysan. Hali sening izmingda Yurgay olam, turgaysan. Sen yo‘lga ketarsen deb Hozirlik ko‘rar karvon. Osmonning peshtoqiga Sen deb qo‘yilar narvon. Suyanchig‘im, tog‘lig‘im Zargarimsan, zarimsan. Bugun yerda bog‘lig‘-u, Erta ko‘k olarimsan. Beshiging bir qushqanot Gullari o‘ydim-o‘ydim. Isiriq solib bomdod Ko‘zmunchoq taqib qo‘ydim. Uyqungga nazar soldim Bolishing parqu, parlar. Botirlar ham jang oldi Senday mizg‘ib olarlar... MENING QAYDIM Bayroqqa yuragingizni Qo‘shib iling. Bayroqda to abad o‘chmas O‘t bor, xat bor. Yerga emas, ko‘kka qarab Siz intiling Bayroqda ko‘tarib ketar Bir qudrat bor. Dil bayroqqa aylansin Bu — mening qaydim Ko‘tarilsa Dunning yirtgich Do‘li yetmas. Aylansa, u qushday Yerdan balandlaydi Har pastkashning, har maydaning Qo‘li yetmas. Bayroqqa aylansak Toshkan Urganchda ham Eliga omonlik tilar Bayroqlarga. Qutlug‘ boshi ko‘kka yetib Turganda ham Oyog‘ida el yig‘ilar Bayroqlarga. MEN SENI TOPGANDIM Men seni topgandim, ammo yaxshi qol, Sen "yaxshi qol", degil, "ko'rishguncha"mas. Bul quyosh hali ko'p ol bo'ladir, ol, Bul oy ham umrimga ko'p qiladir qasd. Sen sherik bo'lmaysan endi g'amimga, Darvoqe, hech qachon sherik qilmadim. Xayr endi, ma'zur tut ortiq-kamimga, Men seni Layloday seva bilmadim. O'rtanma, bu xato mushkullaridan, Yo rabbiy, lahzada bor orzular puch. Men ham qaydan bilay ishq yo'llarida- Majnun emas, Senga kelarimni duch... VATANDIR BU... Alloh, Alloh, Eranlarning So‘zi qolgan Vatandir bu — Bo‘zlab o‘tgan to‘rg‘aylarning Bo‘zi qolgan Vatandir bu. Yurt deb otga qamchi urgan O‘qqa uchgan ne ruhu, tan Ko‘zimga tik qarab turgan Ko‘zi qolgan Vatandir bu. Kechib sarhad, ummonlarni Ko‘rsam-da tik iymonlarni Kishan uzgan arslonlarni Izi qolgan Vatandir bu. Garchand jarang, garchand sukut... Qon, shon bilan olingan yurt Tishlarida kurashning o‘t, Muzi qolgan Vatandir bu. Bu yer kimning, bu ko‘k kimning Egasi bor har o‘t, chimning O‘z yerida O‘zbegimning O‘zi qolgan Vatandir bu. MEN BIRGINA SO‘Z O‘STIRDIM... Bilmam qachon, qanday chuqur ko‘llarda cho‘kdim, Qanday uzun, qanday hazin dardlarni chekdim. Bilganim shu, umrim bo‘yi men ekdim, ekdim Turkistonning dashtlarini yorib chiqar So‘z. Balki u So‘z unayotir yerning qa’rida Balki qasamday tik terak kurtaklarida Ulug‘ Temur bolalarin ko‘kraklarida Turkistonning yukini ko‘tarib chiqar So‘z! Yov kelmasin, kelsa agar juftu toq bo‘lib So‘zlar yerdan chiqib kelgay to‘sin tog‘ bo‘lib Elimning jon jigariga ko‘zmunchoq bo‘lib Digariga chalg‘i bo‘lib o‘rib chiqar So‘z! Erk yo‘li — kurash yo‘lidir, erk rohlariga Chiqar ekan, gard tegmasin elning bariga Kurash kuyin quyib elning quloqlariga. Tun bo‘yi oyoq uchida yurib chiqar So‘z! Oqqan bo‘lsam hamki uning poyida tinmay Elga nafim kam mening, — deb nechun o‘ksinmay Men birgina SO‘Z o‘stirdim, mangu ko‘z yummay Turkiy elni balolardan ko‘rib chiqar So‘z! BIR MAKTUB SINGARI Bir maktub singari xotiramni men- O'chirib-ochirib yashayotibman. Dilimni o'rtagan armon, g'amni men, Qog'ozga ko'chirib yashayotibman. ...Sirimni yashirmay to'kdim men tunga, Tun bo'yi yig'lagan bo'lsa ham baytim. Kunduz yonib-izlab kelganda unga "Vaqtida ayrildik, yaxshi", deb aytdim. Tun bo'yi ko'zimdan achchiq yosh sizib, Bezabon armondan o'qisam ham dars, Tongda u kelganda "Uyqumni buzib... Tag'in Siz!.." yuziga eshikni yopdim qars. "Baribir eshikni ocholmas birov Kelaman", - jimlik... so'ng yillarki mushkul. Endi u kelguncha sochimga qirov - Qor yog'ar, so'ng taniy olarmikin ul... Qoplagani uchun bir zum ko'zni xob - Balki umrim bo'yi berurman javob. "INJULAR” KITOBIDAN Borarkanman hayrat, hayronlig‘im-cha Borarkanman hurkak jayronlig‘im-cha Obodlig‘ — Sen. Sen kelmasang mabodo Ketgayman to abad vayronlig‘im-cha. * * * Magar qulsan, do‘st axtarsang qul yaxshi Yomon yashagandan ko‘ra, o‘l yaxshi. Ming eri bor charaqlagan yuz qizdan Egasi ketgan bir halol tul yaxshi. * * * Ozorli yorga so‘z aytsam, so‘z yig‘ladi Hijron daryosida sinmas muz yig‘ladi Jafosidan tilim-tilim bo‘larkan dil Tilingan joyga tuz sepsam tuz yig‘ladi. * * * Ketgan ketgay qolganlarni yarolab O, buyuk ishq, bor inkorni qilur daf. Qiz qabrida qizg‘aldoq ochilarmish Yigit o‘tsa qabristonni oralab. * * * Bul yaproqlar titragan jonimdir mening Ichim yonar vulqon, sirtim jimdir mening Bir kitobim quvonch qo‘ngan qo‘rg‘onlar-u, Bir kitobim ohu fig‘onimdir mening. * * * Mangu tunmas. Oftob. Bir onlig‘ bo‘lsam Armonim yo‘q xarob, yo shonlig‘ bo‘lsam. Hazrat Rumiyday bir jon do‘st topsaydim Mayli unga Shamsday qurbonlig‘ bo‘lsam. TASKIN Dunyo g‘irrom. Ammo halol Do‘st bor. Topsang bo‘ladi. Xuddi oftob, xuddi hilol So‘z bor. O‘psang bo‘ladi. Dunyo biri kamligidan Dod solmagin, birodar. Ketar chog‘ ham tobutingga Bo‘z bor, yopsang bo‘ladi. DERAZADA CHIROQ YOQAMAN... Qayda bo‘lmay kunlabu, oylab, Qayda to‘xtab, qayda oqaman. Tun kirdimi yo‘lingiz poylab Derazada chiroq yoqaman. Yigirma yil, o‘ttiz yil, qirq yil Ko‘priklarim bo‘lsa hamki qil. O‘tib kelib, yorishgan-cha dil, Derazada chiroq yoqaman. Ko‘ngil to‘lug‘ ishq, imdodlarga Xush kunimiz ko‘pdir yodlarga. Sizni bermam zulumotlarga Derazada chiroq yoqaman. Yorijon-a, turmang egik, xam Bizni abad tark etmagay sham. So‘ng nafasim chiqaturib ham Derazada chiroq yoqaman. O‘ZBEKNING... Uzun tunlar oylardanam uyolgan Ayollari tolsa sevilib tolgan. Qora ko‘zi bor yurakka ishq solgan, Tog‘lardagi jayronidir o‘zbekning... Oybarchini — bor Barchindir, Ertakmas, Alpomishdan tug‘ olmagan erkakmas, Do‘st yukiga yelka tutib, tog‘i-past, Hamma olam hayronidir O‘zbekning. Uylarida g‘ichirlaydi hamon sinch, Nodirasi mozorida yotsin tinch. Har bolasi to so‘nggi dam yukingich, U bir Ka’ba — vayronidir O‘zbekning. Bilmam Alloh gul berganmi, xas bergan, Ne bo‘lsa ham dilin sarxush, mast bergan, Nodiraga kaniz bo‘lib sas bergan, Halimasi biyronidir O‘zbekning. ONAM YODI Bolaligim. Avji saraton Dala. Tog‘u toshlar kuymakda. Onam ishga otlanadi tong, Rangi o‘ngib ketgan ko‘ylakda. Naq taqimda sochini sochib, Boyovutning shamoli sang‘ir. Vafo qildi birgina sochi Eplayolmay ro‘molda tang‘ir. Borar baland bo‘yli, kulcha yuz, Bo‘y-bo‘y juvon, sirli siyoqda. Suyolmadik uni qilcha biz Xudo suysin endi u yoqda. Eshitaman tovushlarini Borar jannat malaklariday. Tuproq to‘la kovushlari-yu Rangi o‘nggan ko‘ylaklarida... Ruhim ko‘taradi bayroqlarini... Dunyo kambag‘alni kamsitib, g‘ajib Tag‘in boyitarkan boyroqlarini Ruhim olib qo‘yar boshimdan tojni RUHIM KO‘TARADI BAYROQLARINI! Qaydaki yetimni yetib tishlaydi, Dunyo qantarmasa kaj itlarini Ruhim yuragimga qattiq mushtlaydi Ruhim kiyaboshlar sovutlarini. Toptalaboshlarkan sha’n, oru, shonlar Kir oyoq ostiga tusharkan oyat. Bo‘g‘zimga keladi ko‘ksimdan qonlar Ruhim qon ichida ko‘taradi qad! Niyat but. Albatta yetib boraman Bir kun xush kun kelar tong rangi bilan Ro‘zi mashhargacha ketib boraman Qalqon — sovutlarning jarangi bilan! VATANDIR BU Olloh, Olloh eranlarning So’zi qolgan Vatandir bu, Bo’zlab o’tgan to’rg’aylarning Bo’zi qolgan vatandir bu. Yurt deb otga qamchi urgan, O‘qqa uchgan ne ruhi, tan. Ko’zimga tik qarab turgan Ko’zi qolgan vatandir bu. Kechib sarhad, ummonlarni, Ko’rsam-da tik iymonlarni, Kishan uzgan arslonlarning Izi qolgan Vatandir bu. Garchand jarang, garchand sukut... Qon, shon bilan olingan yurt, Tishlarida kurashning o’t — Muzi qolgan vatandir bu. Bu yer kimning, bu ko’k kimning Egasi bor har o’t, chimning, O‘z yerida o’zbegimning O‘zi qolgan Vatandir bu. BAXMAL Baxmal bog’larida yeru-osmon ko’k, Olmalar gohi-goh to’kilar tap-tap. Sangzor suvlariday tez oqar suv yo’q, Uchib borayotgan tonglarga o’xshab. Ko’kjarning sel olgan jarlarida chim Jilg’alar poygasi, toshlar gurungi. Menga tuyuldi-ki, Baxmal — ko’p qadim, Tog’da toshlari ham toza, burungi. Sangzor charx uradi, jilg’alari jo’sh, Ketsam ko’nglim shunda qolayotganday. Boqsam tog’ boshidan ikki archa, qo’sh Bir-bir bosib tushib kelayotganday... Mirhalil ota*ning ko’k gumbazidan Samarqand ko’rinar, hayron bo’lmaysiz. Novqa ota*ning besh panjasidan suv — Shifo suvlaridan iching, o’lmaysiz. Sifotin topolmay o’yga toldim men, Ming xil qovun-kovrak, oqqiz hidini. ...uch-to’rt qirrasini ko’rib qoldim men Baxmal — O‘zbekiston marvaridini. *ziyoratgohlar YOLG’IZLIK SIRI Tirikmisan, shoxlar tashlab uch, Quyosh yanglig’ o’ylayver tikka. Tirikmisan, o’zing qudrat, kuch, Qo’rqinch narsa bormi tirikka. Qo’rqma, baland yurishni o’rgan, Bir sheriging bo’lsa dog’ing yo’q. Boq, sening atrofingda yurgan Odamlarning son-sanog’i yo’q. O‘limdanam qo’rqmoqliging puch, Umr tugar bir nola, cho’ziq. Yerning ostida odamlar zich — O‘limdanam qo’rqishing qiziq. Men Yolg’izlik sirini ochdim, Undan qo’rqmay bo’lmaydi, yohu! Undan qochgin, bir umr qochgin — Quvib yetsa, o’ldirar Kuch — shu. POLVON DARAXT QULASA... Otamurod aka xotirasiga Deyman, bir do’stni o’ylab Xayollarga cho’markan, Polvon daraxt qulasa Tuproq qanday ko’markan? Mahzun yodini yodlab Ko’z yoshlari tomarkan, Jonon daraxt qulasa Tuproq qanday ko’markan? Dilga tushgan yong’indan Suvlar chak-chak tomarkan, Yig’layversa yomg’irlar Tuproq qanday ko’markan? Tog’day boshin qanday-yu Ko’zin qay kuch yumarkan, Tirik yotgan jonday u — Tuproq qanday ko’markan? Ketdi Ota murodi, Odam qaytib kemarkan. Shunday katta Murodni Tuproq qanday ko’markan? DARAXTLAR SEZADI Daraxtlaram sezadi kuzni, Kirarlar bir-birin pinjiga. Bizlar kira olmaymiz do’stning Sunbuladay ishq sog’inchiga. Titroq tushar hatto terakka, Kunduzu tun titraydi tolmay. Odam... ketaveradi yakka Sochlarining qorasi qolmay. Daraxtlaram qiynalar og’ir, Ular bir-birini suyaydi. Odam... bir-biriga bermas sir, Faqat odam yolg’iz kuyadi. Yorijon-a, tushdim bir izdan, Ketmoqdaman yomg’ir urib, qor. Men ayrilib qolmayin Sizdan, Qabrimizni ko’mmay turib qor. ANJON SARI O‘ylanaman, yo‘lim tushsa Anjon sari. Mohlaroyim ko‘zlariga ko‘zim tushsa Maydalashib ketmadimi mevalari Taniymanmi, qo‘lga olma, uzum tushsa. Mohlaroyim taqdiridan aytib doston Qaldirg‘ochlar ayvonida yuradimi Kelinlari sahar Azon aytilmasdan Obdastada suv isitib turadimi? Ro‘molining Uchiga gul bitadimi Qizaloqlar, onalarin tirgaklari Orqa bilan borib chiqib ketadimi Yerga qarab, ohudayin hurkaklari? Ko‘z oldimdan o‘taverar Chopa-chopa Nodiraning qul kunlari, shoh kunlari. Qulog‘imga kelib turar Mohlaroyim ketayotgan xon aroba Umarxon to‘y arobasin shovqinlari... O‘ylanaman... Yo‘lim tushsa Anjon sari... YO‘L BIRDAN KEGAYDI... Odamday olislab borayotgan yo‘l Bizga umidmi, ne berayotgan yo‘l Yomg‘irga botgan yo‘l, changga botgan yo‘l Biz ketamiz Bu yo‘l qolaveradi. Karvonlar surishib o‘tgan choqlari Dunyoni buzgandir qo‘ng‘iroqlari Qamchi izlari-yu, ko‘ngil dog‘lari Biz ketamiz. Bu yo‘l qolaveradi. Ko‘zimizni aldab, buralib qaytib Ko‘nglim chechaklarga o‘ralib qaytib Yozda toshi qizib, jizg‘anak payti Biz ketamiz Bu yo‘l qolaveradi. Bu yo‘lda kim Kimni tunab ketgandi. Kim kimning yuragin tirnab ketgandi Otam shu yo‘llardan jo‘nab ketgandi Biz ketamiz Bu yo‘l qolaveradi. Tobut yo‘lga chiqdi. G‘am jonga yetdi. Tobut birdan kengayib, kattarib ketdi. Shunda ko‘rdim, bu yo‘l, butun bir xalqni Yig‘layotgan xalqni Ko‘tarib ketdi! Odamday olislab borayotgan yo‘l, Otamday olislab borayotgan yo‘l.
| |
Просмотров: 13760 | |