Yoqub Ahmadjonov-She’rlari
SURATDAGI DARAXT YAPROG‘I 1 Oy tiniq. Soy tiniq. Titrab-titrab cho‘milar yulduz. 2 Sen tog‘larni yomon ko‘rma Sendan ulkanligi uchun, Yuksakligi uchun jur’atingdan. 3 O‘tkan kunlar xotirasi dilni yoqar, Endi qachon ariqlarda to‘lib oqar Yalpiz bo‘yi kelgan suvlar? 4 Bu yerlarga qadam qo‘yganim zamon Yaproqqa aylanar vujudim – Ilk bor seni shunda uchratgan edim. 5 Qayerlarda yurar beparvo eri? Tonggacha mijja qoqmaydi siren Tungi kapalaklar dastidan. 6 Uchib ketgan bolaligimni Tushlarimda tomingda ko‘rdim, Oq tegirmon, oppoq tegirmon. 7 Hassani necha marta yo‘qotish mumkin, Daryodan quruq qaytish mumkin necha bor, Nahot bir umr?! 8 Xonadagi Umidsizlikni Quvib soldi Ayol kulgusi. Son-sanoqsiz yashil yaproqlar. 9 Loyqa, ko‘lmak suvda asabiy suzar (Ovozsiz faryodi olamni buzar) Ajdodi daryoda yashagan baliq. 10 Senga ham qoyil qolish kerak Hech bo‘lmasa parvoz qilganing uchun, Varrakning dumi. 11 Dunyoga pok kelding va shundoq ketding. Ikkinchi Sayhundek sen oqib o‘tding. Qandoq yashayapman men?! 12 Dala-dashtda sovqotgan Shamol Eshiklarni qoqar tun bo‘yi. Bechoraning rangida rang yo‘q. 13 O, toshlarim mening, muzlarim mening, Yog‘iylardan battar o‘zlarim mening. Kim aytadi bizni bitta daraxt deb?! * * * Soyning sayroq to‘lqinlari jim, Loqaydgina mudrar qirg‘oqlar. Bir to‘p qarg‘a qurmoqda bazm, Daraxtlarda qora yaproqlar. Xazon bo‘lib kuydirar ko‘zim Men o‘ksitgan g‘amgin nigohlar.
| |
Просмотров: 902 | |