Matluba Dehqon qizi -She’rlari
Ko‘ksimdan itarib seni har safar, Uzoq-uzoqlarga, olisga otdim, Bilaman, nurafshon bo‘lmas kunlarim Bilaman, kemtikdir sensiz hayotim. Sen-chi, quyosh kabi mehribon, qaynoq Muz qotsa bu dilim, kelasan yetib. Yana nigohingda ming yillik ardoq, Yana ishq tutasan qahrimdan o‘tib... * * * Sochlaring — qo‘ng‘iroq, jaranglab Chaqirib oladi borimni. Nogahon chertadi sezdirmay, Bu nozik ko‘nglimning torini. Qizg‘anib har bitta tolasin, Tutashar ko‘zimning cho‘g‘lari, Vujudga alanga ketadi, Yonadi xayolning bog‘lari... * * * Rohatlar qilaman, sinayman seni, Qiynoq daryosiga otib yuborib, Cho‘kib borayotsang, qon-qon yig‘layman, Qutqarib olaman ko‘z yoshga qorib. Aslo tugamadi bu azob, savdo, Sen ham charchamading, men ham tolmadim Oh, endi qo‘llasin bilguvchi xudo, Ishqqa tashnami-ya shunchalar odam! * * * Taqdir — bu, yoningdan ketmog‘im shartdi Yo Olloh! Togday kuch ato et menga, «Qaytmasman, sen unga faqat omad ber», Yana yolboraman ishqqa — imonga. Ko‘nglim tegirmonning toshi ostida, Omon chiqmoqligi gumondan-gumon, Azizim, ko‘ngil uz, endi izlama, Qara, satrim aro sachrab yotar qon... * * * Yo‘limni shart burdim o‘zga tomonga, Ortda qolaverdi armonim, ishqim, Go‘yo xanjar sanchdim o‘zim bu jonga, Qonlar oqib ketdi sharqirab, silqib. Tamom... qutildim deb o‘yladim shodon, Endi hech kim meni qilolmas ta’qib. Qarangki, baribir qonga botgancha, Ishq — quyosh chiqadi ko‘ksimdan balqib.. * * * Ojiz lahzalarda Senga chopaman, Qalbing cho‘g‘laridan so‘rayman o‘tlar Va nogoh qush kabi qanot qoqaman, Dilim sayray boshlar ishqiy bayotlar. Tilagim: bir umr bor bo‘l, hayot bo‘l, Bu sahro yo‘llarda men topgan bog‘ bo‘l, Bosh egma, kichrayma, iltijo qilma, Azizim, men uchun sen faqat tog‘ bo‘l. * * * O‘kinma, azizim, ming bor turlanib, Ming bir qiyofada yoningdan o‘tsam, Goh bulut, goh yomg‘ir, goh chaqin chaqib, Goh quyosh misoli charaqlab ketsam. Asli teng tarozu derlar dunyoni, Tabiat shunday his aylabdi tortiq. Qahrim qancha kuchli bo‘lsa, bilgilki, Muhabbatim Senga shunchalar ortiq. * * * Aqlli deb o‘ylama, men telbaman, Ishqning ko‘chasida kezgan darbadar, Biroq, umrim sovurmadim yelga man, Seni sevdim quyosh qadar, tong qadar. Botib ketding har kun o‘zga ufqqa, Oppoq tongim qaro tunga almashdi. O‘kinmasman, olisda sen — yulduz bor, Ko‘nglim to‘ldi, nigohlarim qamashdi. * * * Shukrkim, ko‘zimning yoshlari tindi, Tumanday chekindi ojiz turishlar. Ma’yus nigohimga shu’lalar indi, Mangu yor bo‘lmoqchi metin bardoshlar. Nihoyat, ushaldi intizor ohim, Loyimga to‘kildi nuri — ziyolar. Oh, endi panohim — bir muhabbat bor Va meniki bo‘lgan sen bor dunyoda. * * * Seni ko‘zlarimga surtmadim, attang, Sen istagan So‘zni aytmadim, attang. Qaysar bir qoyaga o‘ltirib olib, O‘zim bilganimdan qaytmadim, attang. Ko‘ngil azobidan namaxta bu jon, Qaydasan, poyingni o‘pmadim, attang. Duru javohirim, davlatim-ku mo‘l, Senday bir malhamni topmadim, attang. * * * Yana qadaladi nigohim senga, Manglayingda — chiziq, chehrangdir —ma’yus Daryoday baxsh etsang o‘zingni kunga, Nahot seni yengdi, jonim, charchoq his. Olov tashlayinmi ko‘zing cho‘g‘iga Kaftingga tutaymi mehrim bulog‘in. Seni shodliklarga qaytararmikin, Mening mihabbatim, mening ardog‘im.. * * * Kuz qo‘shiq aytyapti... hazin... bir mungli... Yaproqlarin to‘kar «duv» etgan shamol. Beshafqat Vaqtning girdoblarida, Xavonga aylandi ne-ne guljamol. Sochim oqarmoqda qordek har kuni, Qo‘y, endi muhabbat tilanma, ko‘ngil. Netay, bajo bo‘lmas iltijolarim, Ki ishqsiz qolgan kun xazon bo‘lgay dil.
| |
Просмотров: 1002 | |