Приветствую Вас, Гость! Регистрация RSS

Турецкие Стихи

Пятница, 22.11.2024

Matnazar Abdulhakim-She’rlari
Baxt izladim men dala, dashtdan, 
Orzuim bol, umidim - asal. 
Onaginam! 
Seni aldashdan 
Halokatni sanadim afzal.

Sarmast qildi chamanlar vasli, 
Qayg‘urmadim, rizqu ro‘zimni. 
Yashadim men bag‘ishlab, asli, 
Faqat o‘zgalarga o‘zimni.

Bilmam, uchdim qanchalar chaqrim, 
Goh mag‘lub, goh g‘olib keldim men. 
Bol deb mehrim, asal deb faxrim –
Topganimni olib keldim men.

Gullar ichdim ichgandek qasam, 
Loyiq bo‘ldim zahmatkash safga. 
Balki... balki yanglishib ba’zan, 
Qo‘nib qo‘ydim sassiq alafga.

Noz bo‘ylardan uyg‘onib sahar, 
Uchmoqqa yo‘q, ehtimol, haqqim. 
Balki, asal deganim zahar, 
Bol deganim, ehtimol, zaqqum.

Xullas, o‘zing bilasan, onam, 
Sen ming sirdan xabardor hakim. 
Xohla, meni qabul et, mana, 
Xohla, mana, bo‘g‘ib tashlagin.

BAXT

Mukammal bu go‘zalligingni 
Yonib qilgim keladi ta’rif, 
Biroq, ne qilayki, qoshingda 
Eng qudratli kalomlar g‘arib.

Visolingni qilsam-da havas, 
Mehrim izhor etmadim hech vaqt. 
Sen bilan bir havodan nafas –
Olish o‘zi menga katta baxt.

Bir qayrilib tashlasang nigoh, 
Yurak to‘lar so‘nmas ziyoga... 
Seni bir bor ko‘rish-chun faqat 
Kelib ketsa arzir dunyoga.

TARJIMAI HOL

Ko‘rinmasdim har kim-har kimga, 
Men - saharlar ufurgan nafas. 
Gardsizligim, tozaligimga 
Cheksizliklar qilardi havas.

Bir tong nogoh bo‘ldim men shabnam, 
So‘ng bulutga, yomg‘irga do‘ndim. 
Maysalarga aylandim kam-kam, 
Tuproq bo‘lish dardiga ko‘ndim.

Ming yilliklar turkum va turkum 
Qorildilar zulmat, ziyoga. 
Saodatli qandaydir bir kun 
Daraxt bo‘lib keldim dunyoga.

Hayot bir yo‘l - so‘ngsiz, betimsol, 
Ming tirilib, ming o‘lib chopdim. 
Nasib bo‘ldi noyob bir visol, 
Jonzot bo‘lib tavallud topdim.

Qanoatlar, toqat, sabrlar 
G’ildiragi aylandi gir-gir. 
Kechdi necha tuman davrlar, 
Inson bo‘lib tug‘ildim axir.

Endigina orom topib jon, 
Yetdi desam tolega xush gal, 
Har to‘kisda - necha ming nuqson, 
Har to‘kisda - necha ming ishkal.

Zulmat to‘ydi, yutib ziyoni, 
Zulmatlarga ziyo ham to‘ydi. 
Diydoriga to‘ydim dunyoning, 
Diydorimga dunyo ham to‘ydi.

Qo‘ying, so‘ylab bo‘lmay men nolon, 
Siz ham tinglab bo‘lmangiz halak. 
Shu o‘zingiz bilgan to‘polon, 
Shu o‘zingiz bilgan charxpalak.

Nomard bo‘lay agar nolisam, 
Boshqa tirilmayman, o‘lmayman. 
Bir qutulsam, bir ketib olsam, 
Dunyoga men boshqa kelmayman.

IMKONIYAT

G’amginlik kam emas qullikdan, 
Lekin mahbusman deb nolish - uyatdir. 
Har lahza, har nafas bu tutqunlikdan 
Xalos bo‘lmoq uchun imkoniyatdir.

* * *

Parvoyim yo‘q hozir xom, puxtalarga, 
Unutdim dunyoning nasya, naqdlarin... 
Yurakning olis bir nuqtalariga 
Qaytib kelayotir shoir vaqtlarim.

Arang miltillaydi olisda ovul, 
Tim-tirs... ilg‘anadi bezovta ruhlar. 
Oynako‘l tushiga kiradi dovul, 
Har bargda bir shamol dong qotib uxlar.

Har lahza qa’riga bekingan ming yil, 
Sukunat hayqirar qutlug‘ otingni. 
Butun borliq qattiq biriktirgan til 
So‘ndirmaslik uchun yodingni.

Munavvar bir dastyor yog‘dular mulki, 
Tinim bilmaydi hech osmonda quyosh. 
Nur taratar yoding - lablarda kulgu, 
Yog‘du sochar yoding - ko‘zlardagi yosh...

SIR

Seni ko‘rganimdan hayot bilan teng, 
Hayotimni ko‘rdim sen bilan baham. 
Peshonam keng mening. 
Bardoshim ham keng, 
Lekin sig‘may qolding ikkisiga ham.

Sog‘inish bu - asov dardlar uyuri, 
Borlig‘imni tinmay yulqilar toptab. 
Chunki sen bir lahza tashrif buyurib, 
Ruhimni qoldirding qutlug‘ azobda.

Yuragimda yo‘qtsir, axir, po‘lat zirh, 
Bardosh berolmadim bunday zarblarga. 
Lekin men quduqqa so‘ylamadim sir, 
Seni aytdim faqat jimjit harflarga.

Halovatga keldi shundan so‘ng qahat, 
Muqaddas telbalik boshlandi so‘ngra. 
Yashadim, ismingni urib qah-qaha, 
Yashadim, ismingni men ho‘ngrab-ho‘ngrab.

Yo‘l ko‘rdimmi, tamom, tikaverdim ko‘z, 
Muhabbatdan boshqa e’tiqodim yo‘q... 
Menga shafqat qilma, aytilgan ey so‘z, 
Menga shafqat qilma, otilgan ey o‘q.

Men seni na do‘st, na g‘animga aytdim, 
Ravo ko‘rganim yo‘q har kim-har kimga. 
Aytsam, seni men o‘z sha’nimga aytdim, 
Otsam, seni otdim o‘z yuragimga!

TOG’ SOG’INCHI

Kunlar o‘tayotir misli yildirim, 
Sen hakda indamay kuylar har toshim. 
Ayriliqqa qattiq g‘azab bildirib 
O’qraygan qo‘shikdir mening bardoshim.

Muqarrar bo‘l, erkam, bamisli bahor, 
Nom-nishon qoldirma qahrlarimdan. 
Loyiqdir erisa boshimdagi qor, 
Chechaklar unsa yonbag‘irlarimda.

Shunda pinjimdagi qushlar, ohular 
Yo‘lingga men bilan teng termiladi. 
Asrlar dastidan qulamas tog‘lar, 
Tog‘lar judolikdan yemiriladi.
Категория: SMS SHERLAR, SEVGI HAQIDA SHERLAR (21.10.2013)
Просмотров: 2799 | Рейтинг: 2.1/7