Приветствую Вас, Гость! Регистрация RSS

Турецкие Стихи

Пятница, 22.11.2024

Usmon Azim-She’rlari
Tong titraydi kech kuzakning quchog‘ida,
Yulduzlarni o‘chirmoqda gulgun shafaq.
Jonim, qalbim she’riyatning pichog‘ida...
Zamin - tilsim, osmon - tilsim... she’r - beshafqat!

Men qiynaldim. Xayolimning qanotida 
Dengizlarni ko‘targancha tolib uchdim. 
Yulduzlarni ko‘p ko‘rganman hayotimda, 
Dengizdagi yulduzlarni keldi quchgim.

Ko‘kka bokdim, o‘t tutashdi jonim aro... 
Qat-qat bulut qatlarida ne sir-asror! 
Hayrat ichra o‘ldirgusi meni samo, 
Ona zamin, ucha qolay, qo‘yib yubor!

Men yor dedim... Laylimi yo, Shirinmi yo! 
Yoki endi tug‘ilajak biror malak? 
Mana men, deb ko‘z oldimda bo‘ldi paydo, 
Mana men, deb she’rdan bokdi yakto yurak.

Yulduzlarni o‘chirmoqda gulgun shafaq, 
Tong titraydi kech kuzakning quchog‘ida. 
She’r yozilar... Qiynoq, seng‘a bo‘lsin sharaf, 
Jonim, qalbim she’riyatning pichog‘ida...

Hali butun ro‘yi jahon she’r bo‘lajak. 
Faqat bekor bilib orom quchog‘ini –
Bu dunyoni sirga ko‘mib yashash kerak, 
Qalbga sanchib she’riyatning pichog‘ini!

* * *

Rashk, g‘iybatning to‘lqinlarida 
Kema misol chayqaldi xonam. 
Endi bizlar hech uchrashmaymiz... 
Xayr!

Tong otadi, 
Sen yo‘q. 
Kun botadi, 
Sen yo‘q.

Stolimda sen yozgan xatlar, 
Devordagi suratdan ham sen 
Mehr bilan boqib turibsan. 
Derazadan ko‘ringan osmon

Parchasiga shodmon boqardik, 
Yulduzlari kulganida ham, 
Ol shafaqqa to‘lganida ham... 
Xonam, o‘zim, bu ulkan olam 
Sendan qolgan g‘amgin xotira.

Tong otadi, 
Sen yo‘q. 
Kun botadi, 
Sen yo‘q.

Uzoqlarda bepoyon yo‘lda 
Yig‘lab ketib bormoqdasan sen, 
Oyoqlaring tagidagi yer 
To‘lqin otar monandi dengiz. 
Oq chorlog‘im, uchib charchading –
Yiqilasan daqiqadan so‘ng, 
Yiqilasan, to‘lqinlar yutar...

Tong otadi, 
Sen yo‘q. 
Kun botadi, 
Sen yo‘q.

Chidab bo‘lmaydi.
Endi mendan ketdi ixtiyor! 
Yuragimni qo‘yib kaftimga 
Shivirlayman besabr, takror: 
Qiblanamom, yo‘l ko‘rsat menga!

* * *

Yolg‘izlik ortimdan huvillab quvdi, 
Toki yiqilguncha yugurdim betin... 
Bir ayol tuflimning loyini yuvdi –
Unga sevaman deb aytmagan edim.

Qismat masxaralab bizni otgandi 
Tanholik kechasin tor quchog‘iga. 
Bilmadim, qay mahal ayol uyg‘ondi 
Tufli yuvmoqlikning ishtiyoqida.

Asli masxaralash qismat matlabi, 
Ammo hayrat ichra gangidi xiyol: 
Quvonib (masalan, gul tergan kabi), 
Tufli yuvar ekan tunda bir ayol.

Menga ko‘zi tushib ayol qizardi, 
Uyaldi - qo‘llari tushdi shalvirab. 
Endi u qarshimda yig‘lab turardi, 
Yomg‘ir qo‘ynidagi bargday qaltirab.

Qo‘ymog‘im shart edi bir jasur qadam, -
Qulab tanholikning g‘arib arshidan. 
Cho‘chidim men - mehr ko‘rmagan odam –
Sevgi tufli yuvib chiqsa qarshimdan.

Ketdim... 
Yomg‘irdayin o‘tdimu ketdim, 
Ming asr tanholik kechdi boshimdan. 
Ming asr oralab qaytadan yetdim, 
O’sha yolg‘iz qolgan ayol qoshiga.

U menga baxt berdi osmonday ulkan, 
Men-chi?.. 
Men qovrildim baxtning dog‘ida... 
Bedormanu nechun uyg‘onolmayman 
Tufli yuvmoqlikning ishtiyoqida.

* * *

Qurbon qushning patlari kabi
 Ruhim - to‘zg‘in, yuragim - to‘zg‘in. 
Qonli bazm qurmoqda, rabbim, 
Vujudimda uyg‘ongan quzg‘un. 

Dardlarimning sohili yo‘kdir, 
Shamoli yo‘q, shakli yo‘q - tuman. 
Yuragimning bulbuli - surur 
Uxlamoqda g‘ofil uyquda. 

Qurbon qushning patlari kabi 
Yo‘q bo‘laman uchib, to‘zg‘inib... 
Qalb tug‘ilar yo‘qlikdan, rabbim, 
Nay qiladi qonli bo‘g‘zini...

* * *

Osmonga ham otgum tosh. 
Gunohkor bo‘lsa quyosh. 
Gunohkor bo‘lsa quyosh, 
Qaytib tushmagaydir tosh.

Osmon ham bo‘lib g‘anim, 
Qaytib tushsa - ne g‘amim! 
Bir tosh tushsa tushibdi 
Tog‘day boshimga manim.

BAXSHIYONA

Elbek baxshi bir kambag‘alning to‘yini gurillatib, necha kampir-qizlarning  yuragini dirillatib, ovuliga qaytib ketayotgan edi, bir karvonga duch keldi. Karvonning atrofida necha otliqlar chopishib kelishyapti, tuyalarni yetaklagan shotirlar qoqilib kelishyapti. Osmonga mushaklar otilgan, tuyalarga atlas kimxoblar yopilgan, yosh-yalanglar bo‘za ichib bo‘kirishgan, bir-biriga do‘q urishgan, tuya ustidagi qizlar ularga lab burishgan, karvonboshining peshonasi  tirishgan - oldinda kelyapti.
Elbek baxshi: «Huv, kardonboshi, yo‘l bo‘lsin?» - deb so‘radi, karvonboshining oldini o‘radi.
«Yo‘ldan qoch, bachchag‘ar, kelin olib ketayapmiz», - dedi karvonboshi.
Elbek baxshining qulog‘iga yig‘i tovushi urildi. Sezdi - uyi kuygan. Bu - Oytumanning tovushi. Shunda: «Ey, kambag‘allik qursin! Orzum ochilmay so‘ladigan bo‘ldi, o‘zim hasratda o‘ladigan bo‘ldim», deb bir so‘z aytib turgan ekan:

Karvon ko‘rdim, tuyalari bo‘zlab borar, 
Nortuyada mening yorim muzlab borar. 
Menga bergan va’dalari esdan chiqib, 
Ostonasi tillo yurtni izlab borar.

Peshonangning yozdig‘idan ayrilma, yor, 
Jonim chiqar - qo‘shiq aytsam qayrilma, yor!

Oytuman yor ketib borar karvon bilan, 
Og‘rinma, dil, mard qoladi armon bilan. 
Mol-dunyoning izmin tutib ketaversin, 
Men qolayin yurak degan sarbon bilan.

Peshonangning yozdig‘idan ayrilma, yor, 
Jonim chiqar - qo‘shiq aytsam qayrilma, yor!

Oytuman yor, tumandayin suzib ketding, 
Yuragimning qal’asini buzib ketding. 
Parchalansam - meni qo‘shiq yig‘ishtirar, 
Sen qo‘shiqsiz qokding, gulim - to‘zib ketding.

Peshonangning yozdig‘idan ayrilma, yor, 
Jonim chiqar - qo‘shiq aytsam qayrilma, yor!

Karvon yo‘li ketgunicha qizg‘aldoqzor, 
Yig‘lamagin, yig‘lagandan dunyo bezor. 
Kulib-kulib, quvnab-quvnab ketavergin, 
G’amga o‘zim xaridorman, o‘zim bozor.

Peshonangning yozdig‘idan ayrilma, yor, 
Jonim chiqar - qo‘shiq aytsam qayrilma, yor!

Qorli tog‘dan naridadir o‘zga diyor, 
O’zga yurtda kelin bo‘lib qolishing bor. 
O’zga yurtda o‘z yurtingni eslab turgin, 
Menga emas, tuprog‘ingga bo‘l intizor.

Peshonangning yozdig‘idan ayrilma, yor, 
Jonim chiqar - qo‘shiq aytsam qayrilma, yor!

Men-chi? Menga goh shodlik, goh alam to‘lar, 
Har satrimga kulgum to‘lar, nolam to‘lar. 
Bu olam-ku, manim ko‘nglim yarim etdi, 
Yarmi bilan kuylasam ham, olam to‘lar.

Peshonangning yozdig‘idan ayrilma, yor, 
Jonim chiqar - qo‘shiq aytsam qayrilma, yor!

ALAMLI QO'SHIQ

O’zgani sevsang, sevgin,
Men ham senga zormasman!
Kel, yonimga, kela qol deb,
Chorlasang ham bormasman!

O’zi seni nega sevdim?
Buncha bo’lmasam ojiz.
Go’zalmassan, sen shunchaki,
Nayrang-makri ko’proq qiz.

Rostin aytsam arzimaysan,
Na she’rim, na sevgimga.
Men balandman! Qo’ling yetmas!
Ketavergin tenging-la...

Nima deding! Aslo, hech ham
Ko’zimdagi yosh emas.
Yosh bo’lsa ham sening uchun,
To’kmayapman... Bo’ldi... Bas...

Ketgin endi. Sevmayman-ku,
Meni qoldirgin yolg’iz!
Tugayapti sabrim... Tag’in –
Oyog’ingga cho’kmay tiz...

SEVGIMIZ O'LDIMI?!

Sevgimiz o’ldimi? - libosingiz ko’k,
Ko’nglingiz – begulxan, ko’zingiz – becho’g‘.
Bizdan borish yo’qdir, sizdan – kelish yo’q –
Kelishsiz dunyoda beg’am, azizim,
Nega ko’zlaringiz benam, azizim.

O’t yetdi – qaqshatdi band-bandlarimni,
Tuproqqa sochdingiz balandlarimni,
Aqlimni, dilimni – bebaxtlarimni –
Borishsiz dunyoga otgan, azizim,
Olisda oy kabi botgan, azizim.

Chunki tunga aytar rost „oh"ingiz yo’q,
Falakda kezgani sha’n rohingiz yo’q,
Nechun kelmaysiz, gar gunohingiz yo’q –
Boqaman: nigohim – gumon, azizim,
Yo’llaring tumandir, tuman, azizim.

Qarang, ming bir bargda kuzak uchadir,
Qizil-sarig’ida – yurak uchadir,
So’ngaklar uchadir, suyak uchadir – 
Bu to’fon – xazonlig‘ menman, azizim,
Sizsiz ming kuzakka tengman, azizim.

Ammo siz sarg’aymang – gulli bog‘ bo’ling, 
Yam-yashil ko’karing, mudom sog‘ bo’ling,
Bahornng bagrida beadog‘ bo’ling –
Axir, qarg‘aganim sizmas, azizim,
Ikki kuz dunyoga sig’mas, azizim...

SO'NGGI UCHRASHUV

Avval hayron qolding, quvonding, kulding,
Jim qotding. Ko’zingga yosh olding birdan.
So’ng begonaday menga termulding,
Yig’i nuqsi urgan nigohing bilan.

Xavotir ichida deding: „Men ketdim..."
To’xtading. Xo’rsinding. Jo’nading shitob.
Kuzgi chorbog‘ aro yo’qolding, yitding,
Atlas liboslarga belangan sarob.

Avval hayron qoldim. Beparvo kuldim.
Jim qotdim. Go’dakday yig’ladim birdan.
So’ngra begonaday ko’kka termuldim –
Men hanuz falakka begonadayman...

ENDI SHE'R YOZMAYMAN

Endi she’r yozmayman unga bag’ishlab,
Endi xayolini o’ylab yig’layman.
Ana, qorli kecha – oppoq farishta,
Bo’salar olmoqda aziz manglaydan.

Endi maktublar ham bitmayman – tamom!
Zanjirband qilaman telba qayg’uni.
Ana, qorli kecha – to’zg’igan shayton,
Olib ketmoqdadir quchoqlab uni.

Nahot, qachonlardir chiqadi quyosh,
Nurga yo’g’riladi bu sovuq dunyo?
Endi bu hayotim ketguncha bardosh,
Endi bu hayotim meniki tanho...

MEN SENGA OSMONNI KELTIRDIM

Men senga osmonni keltirdim, sevgim,
Anov ikki to’zg’in buluti bilan,
Nimta oyi bilan, hududi bilan –
Men senga osmonni keltirdim, sevgim.

Men senga bahorni keltirdim, sevgim,
Yomg’irlari bilan, sellari bilan,
Gullarni uyg’otgan yellari bilan – 
Men senga bahorni keltirdim, sevgim.

Men senga saodat keltirdim, sevgim,
Ko’ngling ravshan bo’lsin – Chirog’i bilan,
Bedorligi bilan, charchog’i bilan – 
Men senga saodat keltirdim, sevgim.

Senga bir tinch dunyo keltirdim, sevgim,
„Mana, olgin, dedim, hamma narsa taxt –
Mana bu mehrdir, mana bu-chi – baxt..."
Senga bir tinch dunyo keltirdim, sevgim.

Sevgilim, podshohlar senday saxiymas –
Menga bahori yo’q kuz keltirding sen.
Yana osmoni yo’q ro’z keltirding sen,
sevgilim, podshohlar senday saxiymas.
Qatra iqboli yo’q kuz keltirding sen.

Endi ikkimizda hamma narsa bor!
Qani ketdik, jonim, 
Bel bukilguncha,
Tomir uzilguncha, 
Jon to’kilguncha...
Yashashga iqrormiz, o’limga iqror.

 

ISHQ KO'ZLARNI YOSHLAB O'TADIR

So’zlaringda – hasrat, ko’zlaringda – nam,
Suyganim, g’ussangga to’ldi-ku olam...
Ko’ngil salqinida sevgi – bir shabnam,
Quyosh kulganicha yashab o’tadir.

Tumanlar ichinda bog’lar hayrondir,
Ayriliq bulbuli jonda sayrondir,
Ikkimiz tuzgan bu yurak vayrondir – 
Ishq seli xarobat tashlab o’tadir.

Ishq dedik – yo’lida ado bo’ldik biz,
Ishq qayda? Bilmadik – xato bo’ldik biz,
Ishqimizu ishq so’rab gado bo’ldik biz –
Ishq jondan do’zaxni boshlab o’tadir,

Ko’ksimdan qalb chiqdi – ochilib qoldi,
Shamollar tikanday sanchilib qoldi,
Zamon to’fonida yanchilib qoldi –
Oshkormas, pinhon dard yashnab o’tadir.

Suyganim yashamoq sabru qanoat,
Daqiqa – sinovdir, lahza – sinoat,
Ishq deb ado bo’lmoq balki saodat –
Garchi u ko’zlarni yoshlab o‘tadir.

SEVGI - XATDA NAQADAR GO'ZAL!

Sevgi – xatda naqadar go’zal!
Dili – ayon, ruxsori – tiniq.
Gar qog’ozga tushgan besayqal,
Ishq selidan ko’zlari tinib.

Sevgi – xatda naqadar sodda,
Unutgandir o’tmish alamin.
Yuragini shoh bilan zotga,
Topshirmoqchi butun olamni.

Sevgi – xatda naqadar yaqin,
Qalamga sir pichirlagan lab.
Go’yo hozir portlaydi – chaqin...
Lablarimda o’tdan qolgan taft.

Sevgi – xatda qanday barhayot...
Tugab borar sabru bardoshim.
Yirtamanu – yetmaydi sabot,
Yoqamanu – tinmaydi yoshim.

ONAMGA MAKTUB

Erta-indin yelar izg’irin,
Yiqiladi bog’larga tuman.
Anglagani yashashning sirin,
So’zlashaman yomg’irlar bilan.

Mastu alast, beg’am do’sti yor,
Toliqtirar qalbimni manim.
Shunda birdan bo’ladi oshkor,
Yolg’izlardan yolg’iz ekanim.

Derazaga ho’l bag’rin bosib,
Kuzak tuni surganda xayol –
Men eng go’zal she’rimni yozib,
Sizni eslab yig’lashim ayon.

O'N YIL KECHIKISH

Bizni chalkashtirdi soat millari,
Soating to’xtadi o’n yil muqaddam.
O’n marta aylandi mening yillarim,
Sen o’n yil kechikib kelding, Muharram.

Havo quyuq edi. Kecha bejon, keng...
Hech umid yo’q edi oydin ro’zimdan.
Vaqtga (o’n yil avval) kelolmadim teng,
Vaqt uchdi ajratib meni o’zimdan.

Bir so’zim bor edi – u so’z to’zidi,
Bir o’yim bor edi – quridi u o’y.
Sen kelding eritib yillar muzini,
Qarshimda bir olam turar bahorro’y.

Basabr boqursan, notinch boqursan,
Uyqu bermagaysan she’rlar yozdirib.
Bormasam – olamni o’tda yoqursan,
Ko’zlaring qalbimga kirar bostirib.

Toqat qil. Shoshirma. Men borayapman.
(Poyimdan nur kabi oqa boshlar Yer).
Ketmagin. Men sendan o’n yil nariman,
O’n yildan o’tishga o’n daqiqa ber...

YORIJON

Umrimni bir olis ishqqa almashdim,
Qochdim hushyorlikdan, tushga almashdim,
Beqanot qalbimni qushga almashdim –
Sizsiz o’tgan umrim bekor, yorijon!
Ne baxtkim, yuragim bemor, yorijon!

Ul ko’zda qay kuni porladi ziyo,
Dunyodan kechgulik topdim bir dunyo.
Bu dunyo nimadur? Bu dunyo – ro’yo –
Faqat pok ishqingiz haqdir, yorijon,
Qalbimga eng yuksak taxtdir, yorijon.

Garchi o’rtamizda sog’inchu hijron,
Garchi visol yo’li vayrondir, vayron,
Ammo azobingiz ko’ksimda har on –
Muqaddas olovday qoldi, yorijon,
Shukurkim, siz bilan yondim, yorijon.

Yashardim o’zimga muz kabi boqib,
Ishq keldi, jo’nadim, daryoday oqib,
Menga habib bo’ldi hatto shum raqib –
Ko’rib – to’lqin-to’lqin qonim, yorijon,
Siz mening jonimsiz, jonim, yorijon.

Hech qachon demasman boshni yo’qotdim,
Eridim, vujuddan toshni yo’qotdim.
Yillarni yo’qotdim – yoshni yo’qotdim,
Mendan ayro tushdi yolg’on, yorijon,
Shundanmi tillarim ravon, yorijon.

Nodon der „Sen borni yo’qqa almashding,
Quyoshni bir g’arib cho’qqa almashding..."
Kulaman: "Xalqobni ko’kka almashdim..."
Endi yurar yo’lim falak, yorijon,
Qanotga aylandi yurak, yorijon!

DUNYODAGI ENG GO'ZAL AYOL

Sen uxlayapsan.
Derazadan tushgan oy nuri
sudralib-sudralib
ko’rpangga yetar.

Dunyodagi Eng Go’zal Ayol,
oyning nurlariga o’ranib uxla,
oyning nurlarini quchoqlab uxla,
meni sog’ingan lablaringni
oyning lablariga bosib uxlagin...

Men bora olmayman. Yurak to’la tosh.
Ayt, qachon vaznsiz bo’lmoqlik mumkin?
Qanday oy nuriga aylansa bo’lar
Va qachon oy nuriday sarg’aygan qo’llarim
Qaro sochlaringni silab titragay?

Dunyodagi Eng Go’zal Ayol,
nahot, bir umr kerak bo’lsa,
oy nuriga aylanmoq uchun?..

BIZ UCHRASHMADIK

Tong chog’i tun bilan kunduz uchrashdi,
Tunda armon bilan yulduz uchrashdi,
Bahor bilan kuzak – baxtxush uchrashdi,
Toshlar uchrashdilar, biz uchrashmadik.

Bulut zamin bilan yig’lab uchrashdi,
Shamol kurtaklarni ilg’ab uchrashdi.
Visol hijron bilan minglab uchrashdi,
Yoshlar uchrashdilar, biz uchrashmadik.

O’lik zil tuproqni otdi ko’tarib,
G’ofil tiriklarni topdi axtarib,
Yo’qlik va borliqni oralab, g’arib –
Boshlar uchrashdilar, biz uchrashmadik.

Sarxush ari bilan uchrashdi gullar,
Erka shodlik bilan uchrashdi munglar,
Nigohlar, bag’irlar, lablaru qo’llar,
Qoshlar uchrashdilar, biz uchrashmadik.

Yoningda turibman dalli devona,
Yorim-a, ketdimi ishq yona-yona?
Men seni quchaman... Sovuq, begona –
Loshlar uchrashdilar, biz uchrashmadik.

GRAFIKA

Ko’zing qaro sening, qoshlaring qaro,
Yuzlaring oq sening, kulishlaring oq.
Qo’lingdagi ta’na toshlaring qaro,
Menga g’amgin boqib turishlaring oq.

Unutishing - qaro, hijroning qaro,
Sog’inching oppoqdir, xatlaring – oppoq.
Qarodir yurganing o’ch-mehr aro,
Menga tashlab ketgan dardlaring – oppoq.

Shommi yo saharmi – vaqtimdir qaro,
Sen deb to’kayotgan yoshlarim oppoq.
Sening ham, mening ham baxtimdir qaro,
O’ttiz to’rt yoshingda sochlaring oppoq.

Ishon, yurak oqdir, qarodir taqdir,
Oq-qaro bo’yoqlar bizning bog’larda...
Men million bo’yoqni bilardim, axir,
Ikkimiz baxtiyor bo’lgan chog’larda.

AVTO BEKATIDA

O’sha – meni hech kim sog’inmagan shom,
Avto bekatida hayrona turdim.
Boshimni ko’tarib boqdim bir zamon,
Qarshimda bir yigit, bir qizni ko’rdim.

Yigitning paltosi... Yo’q, yodimda yo’q...
Aniq, ko’m-ko’k edi qizning paltosi.
Bellarini quchgan belbog’i ham ko’k,
Hatto ko’m-ko’k edi to’rtta tugmasi...

Yigitning ko’zlari... Eslay olmayman...
Oshkor jaranglatib pinhon o’yini,
Qizning ko’zlarida yoqardi gulxan,
Erkalik va ishqning ma’sum quyuni...

Yigitning yuzida bilmayman, nima...
Ammo qizning yuzi qarshimda ayon:
Uni ko’mgan edi gulgun shafaqqa,
Muhabbat – eng moviy pokiza osmon...

Qor bo’lsa yog’ardi, qizning boshidan,
Kumush tangalarni ayamay sochib.
Shamol titar edi – ko’zi, qoshiga,
Manglayiga tushgan bir tutam sochin.

Yigit... Yigit bilan qancha ishim bor!
Ammo qiz yigitni shunday suyardi –
Ki, goh termulardi hazin, beozor,
Goho qo’llarini ushlab qo’yardi.

Toshkentday shaharda, balki dunyoda,
Yagona – hammadan go’zal edi qiz.
Chiqmasa ham telba orzum ro’yobga,
Bo’zlab qarshisiga cho’kkim keldi tiz!

Yigit... Ammo seni nega o’ylayman,
Hozir ham havasdan muzlaydi etim...
Men qorli bekatda vayron turgan shom,
Sen mendan – hammadan baxtiyor eding.

BEKOR. YOLG'ON!

Bekor. Yolg’on. Botmagan,
Muhabbatning quyoshi.
Tun keldi deb dodlagan,
Bevafolar ko’z yoshi.

Men boraman. Bu jonim,
Senikidir... O’ksima.
Tunda qo’rqma. Oq tongning
Bir parchasi ko’ksimda...

ISHQ YO‘LLARI XATARLIDIR

Endi bizga ishq yo’llari xatarlidir,
Ma’yuslidir, og’riqlidir, kadarlidir,
Ibtidomiz intihodan xabarlidir,
Quvonchi oz, g’ami o’lim qadarlidir.

O’rtamizda begonalar nafasi ko’p,
Poklikning ham, gunohning ham sharpasi ko’p.
Yuraklarning chidab bo’lmas qafasi ko’p,
Umr – daryo, har mavji bir ajdarlidir.

„Oh" urarmiz, har „oh"imiz – sariq yaproq,
Ishq bog‘ berdi ikkimizga, tumanli bog‘,
Har bir bargi xazonlikda, har bargi dog‘ –
Najotsiz ishq dami odam yutarlidir.

Qarashingda umid bordir, vido bordir,
Baxtli, badbaxt jo bo’lguvchi dunyo bordir,
Qo’rqma, senga meningdek bir fido bordir,
Garchi sevgi ikkimizga zaharlidir.

Yoshlaringni yulduz qilma osmonlarga,
Osmon emas, inson chidar armonlarga,
Kelgin, so’ng bor ishonaylik yolg’onlarga –
Ki, sevgining yo’li mudom saharlidir.

JONINGIZ QAYDA?

Ishqning osmonida oyga qo’shilib,
Aylangan boshingga bulutlar qaytar.
Mening quchog’imda kuyday eshilib,
Asta shivirlaysan: 
- Joningiz qayda?

O’g’irlaysan barcha kalitlarimni,
Sandiqlar ochilar – senga sir aytar.
Izlaysan Qo’ng’irot, Yovmudlarimni,
Horib shivirlaysan:
- Joningiz qayda?

- Shumi? – Qilichimni ko’lga tashlaysan.
- Balki bu? – qo’lingni cho’zasan yoyga.
So’ngra yig’lab-yig’lab so’roq boshlaysan:
- Bir marta ayting-chi, 
Joningiz qayda?

O‘zingni qadringni suvga otasan,
Mening izzatimni qotasan loyga.
Bolang o’lgan kabi fig’on tortasan:
- Hamon tirikmisiz – 
Joningiz qayda?

Og’ular qo’shasan hamma oshimga,
Har qanday qasoslar tuyilar mayda.
Yalinib turasan yana qoshimda:
- Nega o’lmayapsiz?
Joningiz qayda?

Jonim senda deyman – aylanmas tilim,
Jonim sensan deyman – yuragim to’nar...
Mening omonatim...
Jonim!
Sevgilim!
Endi snei qanday asrasam bo’lar?...

AYT, QACHON ULGURDING JONIM BO'LISHGA

Endi tikanlimi bu erka yo'llar,
Yo yo'l tugadimi - endi qaytishmi?
Gullagan sevgidan qoldimi cho'llar,
Endi begonaday "xayr" aytishmi?

Oh, qachon aldashga o'rganasan sen,
Yuzingda kulgiyu, labingda titroq.
Men uchun o'rtanmay, o'rtanasan sen...
Qo'rqma! Tillarimda qolmadi so'roq.

Ne qilay? Yurakdan bo'shadi tanim,
Najot - ko'nishdami, najot - o'lishda?..
Azizim, azizim, azizim manim,
Ayt, qachon ulgurding jonim bo'lishga?

BIRGA YONMOQ BARIBIR SOZDIR

Musiqa! Izmingga tushganlar xordir -
Hamma pinhon dardni oshkor etdi kuy.
- Jonim, najot bormi?
- Najot? Ha, bordir! -
Kuygin! Yana kuygan! Faqat yana kuy!

Musiqa! Uzilsin sening torlaring -
Qaytadan ko'ngilda titrandi alam.
Gulxanga aylandi yo'g'u borlarim:
- Jonim, olovdaman!
- Yonayapman men ham!

Musiqa! Jonimning ichida bural,
Bo'g'zimga qadalgan azobing ozdir...
- Jonim, yonmoq buncha shirindir bu gal!
- Jonim, birga yonmoq baribir sozdir.

BOYSUN HAQIDA G'AMGIN BALLADA

Sen bor eding.Meni kuzatding.
-Bolam singib ketma shaharga,
Yurak bilan ko'ksing bezadim,
Eslab turgin olis safarda.
Tillarimda ertak bo'lding sen:

"Bor ekanda,
Yo'q ekan,
Och ekanda,
To'q ekan.
Ko'rdim, 
Kezdim,Boysunday joy
Bu olamda yo'q ekan".

Hayron boqib do'stu begona,
Xayolkash deb kuldilar ro'y-rost.
-Boysun? Bunday joy yo'q, devona,
U tushingga kiribdi xolos.

Bu hukmga bo'lmasdan rozi,
Ertagimni kuylardim takror.
-Qulog'imda hamon ovozi,
Ishoninglar,do'stlar, Boysun bor!

Yuragimga sig'madi sog'inch.
Bu'lmayin deb hijronda vayron-
Endi kuylay boshladim notinch:
-Boysun!Boysun! Boysun! Boysunjon...

Asta-asta, bir-bir etdi rom,
Yuraklarni ohangrabo kuy.
Dedilarki:-Qani oshnajon,
Boysuningni bir ko'rsatib qo'y.

-Qani ketdik!
Shahri shovqinzor
Boshingizni qo'ymish gangitib.
Hali ko'rasizlar, Boysun bor!-
Peshvoz chiqar mehr anqitib.

Yo'llar yurdik, tog'lardan oshdik.
-Boysun qani? Boysun qaerda?
-Bir kun qalbim sevinchdan toshdi,
Men yetgandim tug'ilgan yerga.......

* * *

Maysalar,tovonim sizni sog'inar,
Toglar,viqoringiz qalbimda mangu.
Qaydadir qo'zichoq bo'zlar, oh urar,
Qirlarda adashgan sog'inchimmi u?

Qorlar erib oqdi bu g'amli fursat.
Bu fursat eridi tog'larning toshi.
Yurak, rahming kelsin, to'g'ri yo'l ko'rsat,
Men qanday Boysunga ketay qorishib?

Yurgan yo'lim to'fon bu g'amli fursat...
Qat'iyat ko'z yoshday oqqan mahali,
Yurak, rahming kelsin, to'g'ri yo'l ko'rsat,
Men qanday Boysundan ketay ajralib???

XAYRLASHMOQ KERAK

Xayrlashmoq kerak sen bilan,
Ko’ngillarni uzmoqlik kerak.
Kechmoq kerak g’arib umiddan,
Dunyomizni buzmoqlik kerak.

Boshqalarga bermoqlik kerak,
Kuzgi oqshom charchoqlarini.
Endi ma’yus termoqlik kerak,
Sevgimizning aldoqlarini.

Bizga do’zax va’dalar etib,
Tepamizdan jim boqar xudo.
Seni saqlay, sevgidan ketib,
Ishqda qolib, sen bo’lma ado.

Muncha shirin bu kuz oqshomi
Labingdagi charchoq kalomlar:
- Men do’zaxdan qo’rqmayman, jonim,
Do’zaxdaman allaqachonlar...


Категория: SMS SHERLAR, SEVGI HAQIDA SHERLAR (21.10.2013)
Просмотров: 8273 | Рейтинг: 2.6/12