Shavkat Rahmon-She’rlari
YORILGAN HARAKAT BAYONI Bir odam izladim... izladim g`arib, jufti yo`q burgutday xunuk qishladim. Kezdim armon to`la bir jom qidirib, malaklar yig`ladi, itlar tishladi... Umring uzoq bo`lsin, ey daryojonim, husningga hirs bilan nazar solmadim. Zanjirlar tovshiga to`lganda yodim o`zingdan o`zga bir dildor qolmadi. Qolmadi bir ilinj, ishonch qolmadi, vahshiy daholarning makri bilindi. It bazmi qizigan oysiz shomlardan qizg`onib opqochdim daryo dilimni. Bu chirkin og`izlar... singan kallalar... ig`vodan, bo`htondan osilgan tillar... hirslar lashkarlari bosgan pallada shohlarin bo`g`izlab tishlagan dillar. Bu quyosh xo`rlangan... bu oy zo`rlangan... zarlari talangan bu sodda jabal. Qon, aroq, peshobni emib to`ralgan buvaklar bo`kirib yig`lagan mahal yo xudo dedimu nurlar o`ynagan peshonam ilk bora tuproqqa tegdi, yo xudo dedimu erkin gullagan daryodil samoga dilimni berdim. Umring uzoq bo`lsin, ey, daryojonim, kechalar qa'rida bir gul yig`ladi, yuzimga sachradi bir bulbul qoni. ko`nglimga bu dunyo nechuk sig`madi?! Nechuk bag`ringdaman, kimning ishqida? Nechuk yolvoraman umringni tilab? Ulkan jasadimni toshlar ichida yuvarsan eng nozik qo`llaring bilan. Aytgil, ey darojon, bormidi zulm? Tog`lar silsilasin buzvordi nola: "Gullarning bargini emagan, gulim, bulbullar qonini ichmagan, bolam". OVOZIM Nahot, she’rlar aytdim bo`shliqqa qarab, nahotki, sovrildi olov so`zlarim, nahotki haq bo`lsa, el-u yurt asli, quruq so`zlar degan gumroh do`stlarim?! Nahot, bekor o`tdi gulday umrimning ming yilga tatirlik oltin choqlari, nahot biror ruhni uyg`otolmadi shoir yuragimning qaldiroqlari?! Nahotki, birorta dilga yetolmay, behuda sarflanib qancha kuch-chidam, kelib ketaverar yorug` dunyoga, kelib ketaverar menday kuychilar?! Menga minbar emas, unvonlar emas, latta chechaklaru ehsonlar emas, olov bir sahroni, yurtim xayoli nurga gurkiragan sahro bering, bas. Erku muhabbatning muxtor elchisi — yotmasman tuproqqa do`nib, tinchlanib, jasadim tirikdir yorug` dunyoda, oyning sinig`iday chaqnar sinchlarim. Agar yetti qavat yerning qa’rida yotsam-da larzaga solib havoni, elimning yuragin topar baribir jismimni kuydirib uchgan ovozim. ARMON Kuylolmadim, yaqroqlar kabi, quruq shoxday titrar ovozim — so`lib qoldi bahorim tag`in, suvga cho`kdi yana bir yozim. Kuzak keldi bag`rimni dog`lab; qo`lin cho`zdi giyohga, gulga, sayradilar so`ng bora, bog`lar to`lib qoldi o`lik bulbulga... Qorlar yog`di, og`ridi jonim, uxlayotgan bog`lar poyida kuylolmasdim, undan yomoni yashil edim qantar oyida... UMR — QUMSOAT Umr — qumsoat ham yarimlab qoldi, ko`nglim to`lgani yo`q bilganlarimdan. Yodimni og`ritar kechirganlarim, ko`pdir qilmaganim qilganlarimdan. Kechalar tobora oydinlashadi, ko`zingda quyoshning chechagi so`lmas, yashaging keladi, faqat umrni qumsoat singari to`nkarib bo`lmas. Go`zallar yodimdan o`chdilar bir-bir, do`stlarim bag`rimdan ko`chdilar bir-bir, yillarim uzlib tushdilar bir-bir, faqat bu ko`ngilni to`ldirib bo`lmas. Kun keldi, ohlaring uchadigan kun, yuraging olamga sig`maydigan kun, yuzingni bosgancha yerning yuziga, silkinib-silkinib yig`laydigan kun. Kimni baxtli qildim, kimni umidvor, kimlarga ko`nglimni yorib so`yladim. Qo`limni berdimmi moziy qa'ridan cho`zilgan sanoqsiz ojiz qo`llarga?! Quyosh daldasida egilganlarning yengilroq qildimmi og`irligini? Aytdimmi kimlarning asl do`stligin, kimlarning haqiqiy yog`iyligini?! Kun keldi, boshingni egadigan kun, hattoki o`zgalar gunohi uchun yuzingni bosgancha yerning yuziga, silkinib-silkinib yig`laydigan kun. Mendan nima qolur, abadiy nurlar barq urib yashnagan dunyo tomonda? Urinib-surinib, sira to`lmagan bir ko`ngil qoladi qolsa ham mendan. SAN'AT Sodiq qoldim tabiatimga, yashamadim yuz xil turlanib — ko`rgan edim bir paytlari himoyasiz atirgullarni. Garchi gullar ko`rkini to`kib, qovjiratib, to`zg`itsa-da, kuz atirgullar ichiga o`tkir pichoqlarni joylayman hanuz. TARIQAT Dunyoga sig`madim, sig`madi dunyo g`urbatdan toraygan tabiatimga, qop-qora chechakday sochilmish hulyo jo`mardlar ko`milgan tariqatimga. Mayliga, chechaklar qop-qora bo`lsin, yiqitsa shu yo`lda yiqitsin taqdir, qurtlagan istaklar shu'lasi so`lsin, xudoyim siylagan hurligim yaxshi. Bichilgan qullarning, qulzodalarning malak siymolarin o`ynatgan dunyo, yaralgan lahzadan hur odamlarni iblislar tilida so`ylatgan dunyo. Chiroyli ermaklar mahzanidir ul, mag`izi qayg`udan, po`stlog`i zardan, sarg`arar ochilmay turib qizil gul, tuprog`i jimgina qusgan zahardan. Chayqalar jaholat og`ochlarida necha ming Mashrabu Mansuri Halloj... hamon yuksaladi yo`l boshlarida odamzot qoniga to`ymagan jallod. Tokay bu iblislik, tokay bu yolg`on, tokay tig` ko`tarar qora guruhlar, tokay bijg`ib yotar g`arib alamon ichiga tiriklay ko`milgan ruhlar. Zulfiqor ruh kerak, kerak chin yog`du, chin ishq yolqinlari bag`rimga to`lsin, jismimni toblasin faqat chin og`riq, chechaklar qop-qora bo`lsa-da bo`lsin. Bag`rikeng xudoyim kechirib qo`yar, yiqilsam yetmay ul haqiqatimga, ko`milsam, ko`milay o`limi go`zal — jo`mardlar ko`milgan tariqatimga. YOSH O`ZBEK SHOIRLARIGA So`zlarni qayraylik, obdon toblaylik, idrok-la sovutib tag`in qayraylik, O`zbekning qorako`z bolalariga bitta dunyo qolsin hayratlik. Bitta dunyo qolsin mustahkam, eshilgan po`latday daryolar qolsin, Chaqilmas toshlarday bir tog`lar qolsin, musaffo xayollar, samolar qolsin. So`zlarni qayraylik, do`stlar, jo`ralar, g`aflat to`shagida yotmay, shoshaylik: yashamoq, kurashmoq, o`lmoq sirlarin bolakaylar uchun ochaylik. Bitta dunyo qolsin mustahkam, unga posbon bo`lsin o`tkir she'rimiz, tokim bu daryolar bemalol oqsin, bolalarga qolsin jannat yerimiz. So`zlarni qayraylik, tag`in qayraylik, tokim keskir bo`lsin bamisli olmos. O`tkir so`z qolmasa shoirlaridan, o`tkir so`z qolmasa... hech narsa qolmas. QARSAK Qarsak nima o`zi? Ikkita kaftning orasidan potrab chiqadigan sas, xohlasam chalaman, xohlamasam yo`q, qarsak menikidir, sizniki emas. Qarsaklar hozircha qo`ltiqlarimda mitti mushuklarday mudraydi taftdan. Axir, o`zbekning bir o`jar shoiri qarsak chalarmidi bema'ni gapga. Vijdonsiz shoirlar ko`paygan juda, yurakni so`z bilan yondirguvchi kam, xalqimas, shuhratni o`ylab so`ylagan ahmoqqa bermayman qarsagimni ham. Qarsak nima o`zi? Arzimagan gap, kerak bo`lsa topilar qoplab, Titroqqa to`ldirib osmon gumbazin, qarsaklar chalishni bilaman boplab. G`irromlik qilmasa notiq agarda, yolg`on she'r aytishdan qaytsaydi shoir, miltiq o`qlariday gumbirgum qilib havodan qarsaklar yasardim doim. O`jar shoirlikni tashlab o`shal payt, epchil bir yugurdak kabi zamonda qarsak chaladigan xizmatchi bo`lib, ishga kirar edim O`zbekistonga. BO`RILAR Qirg`in keldi vabo kelganday, murdalar ham turdi go`rida — ko`piklangan qora sellarday urchib ketdi qonxo`r bo`rilar. Ochlik o`rgan turkiy o`lkada, ofat chiqqan makonlarda ham parchalangan zulmat ko`lkasi paydo bo`lar edi daf'atan. Kunlar — ochiq yaraday qonli, tunlar — oydin xarobazorlar, jasadlarga to`la tonglarni sirqiratar faryodi borlar. El qirildi turkiy o`lkada, er qolmadi — keldi ajali, kim qoniga botdi yo`lkada, kim g`ijildi namoz mahali. Yillar o`tdi. Go`yo hammani chalg`itganday vaqtincha kulfat, qonga tashna milyon sharpani yashirganday qa'rida zulmat. Ahli muslim, endi ogoh bo`l, qonxo`r gala hali tirikdir, o`lar bo`lsang ozodlarday o`l, qolar bo`lsang endi birikkin. Tokim yovuz tumshug`in suqsa, ajdodlarning aziz go`riga, jim turmasin qo`y mijozli xalq, bas kelolmay bitta bo`riga. Ko`rsam deyman — qahru g`azabdan go`rlarida tursin murdalar, ruhi ozod bo`lsin azobda gullarini suyib yurganlar. Tokim har bir muslim qabriga hech yashirmay ko`zda yoshini, avlodlar ham la'nat lavhimas, qo`ysa deyman qabr toshini. DASTXAT Go`zallik, poklikdan uyalib, qisilib, qimtinib turasan, qop-qora devorga suyanib, yop-yorug` xayollar surasan. Iloham, tong kabi yuzingga hirslanib, hezlanib boqarlar, ko`zlarin qoqarlar ko`zingga, qalbingni azoblab yoqarlar. Yiqilma, o`zingni ushlagin, otsinlar jaholat toshini, labingni qattiqroq tishlagin, ko`rsatma ko`zlaring yoshini. YASHIRIB QO`YAYIN SENI Kel, yashirib qo`yayin seni yurakning eng chuqur yeriga. Keyin sen ham yashirgin meni yurakning eng chuqur yeriga. Topolmasin bizlarni birov! MUHABBAT Muhabbat — chiroyli kapalak, qo`rqaman sho`rlikni tutgani. Kapalak quvganim yonimda, yodimda yo`q ammo yetganim. Yuragim ranjigan boladay na ermak, taskinga ko`nadi. Muhabbat — chiroyli kapalak, hali ham gullarga qo`nadi. Ortidan halloslab chopaman, xijolat bo`laman go`rlikdan — qanchalik yugurmay, baribir orqada qolardim sho`rlikdan. LAHZA Xazonga aylandi kunlarim... Motamda turganday boqaman. Fasllar to`qnashgan lahzada xazonlar to`pini yoqaman. Ko`zlarim achishar, bexosdan yuragim, qo`llarim tutraydi. Alanga olmaydi kunlarim, tutaydi, oh, muncha tutaydi. AVJ Men, shubhasiz, parchalanaman, — shunday tugar buyuk xizmatim. Kimga, ko`zim, kimga peshonam, kimga tegar qiziq qismatim. G`alayonga to`la vujuddan oxir dunyo bo`ladir xalos. Yer ostiga kirib ketarman barcha mo`min bandalarga xos... Biroq yerda mangu yashaydir ko`hna yuzim, o`ychan ko`zlarim, — demak, o`lmas bu dunyoda hech xudo bergan ezgu so`zlarim. Ular yangrab tinmay aylanar razolatning tevaragida. Men-chi, mangu kulib yotarman quloq solib yerning tagida. BASHORAT Surilar bu temir pardalar, istibdodning tog`lari qular, mog`or bosgan qora qa'rlardan milyon ozod ruhlilar turar. To`sib bo`lmas soxta vahiy-la, yolg`on shior, safsata bilan, hur fikrni bosgan vahima, dabdaba-yu as'asa bilan. Qular qonda suzgan qasrlar, judab yitar sangin saltanat, so`qir bo`lar asriy nahsdan bino bo`lgan yovuz shaytanat. Kelar, kelar buyuk mehrdan kiftlat kiftga bosilajak kun, g`amdan forig` jez kallalar ham ko`kraklarga osilajak kun. Porlar toshga do`ngan so`zlarim, porlar mangu odamiy ruhim, porlar Haqqa tashna ko`zlarim, xudo bergan mangu anduhim, yorug` anduhim... XIYONATLARDAN Jangda o`lgan emas biror bahodir, bari halok bo`lgan xiyonatlardan, toshday uxlaganda to`shlarin ochib yo zahar qo`shilgan ziyofatlardan. Biror asotirda bahodirlarni hattoki yuzboshli ajdar yemagan, ming bir sinoatli yalmog`izlar ham, tog`larni o`ynagan, devlar yengmagan. Bari halok bo`lgan xiyonatlardan, bariga orqadan sanchilar xanjar. Shunday bo`lib kelgan azalu azal mana shu jafokash, ko`hna Vatanda, Har gal bahodirlar yiqilar ekan kurakka sanchilgan nomard tig`idan, qayta tirilganda bo`lardi nogoh har bir bolakayning qorachig`ida. ishongil, hech qachon seni aldamas sofdil elatlarning asotirlari, birorta bahodir o`lganmas jangda, qo`rqoqlar o`ldirgan bahodirlarni. ENDI JIM TURASIZ Endi jim turasiz, sira iloj yo`q — dunyo o`zgarmadi siz aytgan so`zdan, siz qurgan qasrlar vayrona bo`ldi, alaflarga to`ldi siz oqqan o`zan. Endi jim turasiz, og`ir, bilaman, ammo har kimsaga taqdir nasibdir, bilmoqchi bo`lsangiz agar, shoirlik jasorat so`zining tarjimasidir. Endi jim turasiz, eshiting elni, el aslo demaydi, zog`lar kuylasin, endi kengliklarda haq so`ramasdan, yerni bezab yotgan bog`lar kuylasin. Kuylasin, keldi-da kuylamoq gali, kuylasin mangulik qo`shiqlarini, buzsin-da siz kabi aqli qisqalar xatarsirab turgan to`siqlarini. Ana... quloq soling... eshityapsizmi, kuylar shoir shamol, kuylar shoir qor, shoir qorong`ilik, shoir tog`larda shoir daryolarning shovillashi bor. BIR MING BIR YUZ BIR SHOIR Yurtdan omad yuz burmish, shoh saroyi — sukutgoh. Kecha-kunduz o`y surmish adolatli, dono shoh. Yurt to`libdi gadoyga, el ahvoli og`irdir. Shunday choqda saroyga qasidalar yog`ilmish. Bari to`la hamd-sanoi, bari yolg`on, g`amzada. Tinglayverib tasanno, shoh bo`libdi darg`azab. Vaziriga, bermay sir, bir kun kulib dono shoh, buyuribdi, qani bil, yurtda necha shoir bor. Jarchilar ishlapti soz, biror lahza olmay dam. Yurtning barcha xushovoz shoirlari bo`pti jam. Vazir, — ulug` shohim, — der, ta'zim qilib muloyim, — yurtingizda bor ekan bir ming bir yuz bir shoir. Vazirdan kulibdi shoh ham tag`in jahli kepti. Shoirlarni hoziroq zindonga tashlas, depti. Bir yil o`tib oradan, shoh so`rapti vazirdan, bilgin, baxtiqoralar she'r yozarmi hali ham. Vazir zindon aylanib, shohga bir so`z aytibdi, mingta shoir, naylayin, she'r yozishdan qaytibdi. Qolganlari sham tutib, kezib xuddi bemorday, bor olamni unutib, yozmish hatto devorga. Shoh kulibdi miyiqda: ming shoirni ozod qil, qolganlarin siylagin, ne istasa, bajo qil. Ko`chir saroy bog`iga, mayli, sinov bahona, biror yil bu shoirlar yashab ko`rsin shohona. Yil o`tibdi, dono shoh debdi bir kun vazirga: bahra olsak bugunoq shoirlarning nazmidan. Barcha shoir jam bo`pti, davra hangu mang bo`pti, yuzta p`orim shoirning og`ir boshi xam bo`pti. Turar faqat bir shoir, turar shohga tik qarab, bir taraf bo`pti dunyo, shoir esa — bir taraf. She'r aytganda qilviri, imonsizlar titrabdi. El dardini bilmagan vijdonsizlar titrabdi. Qolmapti el armoni, sho`rishlardan aytibdi. Zumda haqsiz dunyoni bir aylanib qaytibdi. Titrabdi dov ovozdan saltanatning sadlari, guldirabdi ravoqlar, ko`payibdi darzlari... Dudoqlardan uchar oh, jimlik cho`kar qasrga. G`olibona so`ylar shoh o`sal bo`lgan vazirga: bir paytlar shoshilib, menga xato so`ylarding, yig`sam barcha shoirni, ishonar, deb o`ylading. Ammo vazir ko`p bekor shoirlarning hisobi. Yurtda bitta shoir bor mana, senga isboti: mingta shoir shunchaki she'r yozardi ermakka, injiq qalbning kundalik nafsiga dam bermakka. Mana, zindon bahona sinab ko`rdik kuchini, bir yildayoq zindonda ma'lum bo`ldi puchligi. Yuzta shoir taqdirdan alamzada she'r yozgan, iste'dodni tahqirlab, izzat-obro` deb yozgan. Berdim unvon, e'tibor, tillo qildim toshlarin, mana, bari bo`ldi xor, quyi soldi boshlarin. Biroq bitta shoir bor, turlanmagay har joyda, aslo o`zin qilmas xor, zindonda ham saroyda. Azaliy ishq, nafratdan aytmoq unga joizdir. Saltanatni g`aflatdan ogoh qilgan shoirdir. Demak, vazir, unutma, bir umrga eslab qol, bundan buyon bu yurtda bir shoiru bir shoh bor. Shundoq qilib xayolga berilar shoh nihoyat. Xuddi mana shu joyda tamom bo`lar rivoyat. Xo`sh, shoir-chi, qayerda, shoh yo mehr qo`ydimi? Biron makr tayyorlab, qarqiratib so`ydimi? Keling, endi oh urib, yarashar bir jilmaysak. Ne qilaylik, oxirin hanuzgacha bilmasak... TUHMAT Kecha o`g`ri bo`ldi, bugun vahshiydir, endi butun dunyo bilar bu haqda. Qanday mo`min edi, qanday yaxshiydi anqayib jimgina terganda paxta. Qayta qurish o`zi chiqdi qaydanam? — yuksak qal'alardan boqqan o`g`rilar ulkan mamlakatning butun aybini sodda o`zbeklarga qo`ydi to`g`rilab. Shunda buyuk dengiz chayqalib ketdi, maydonlarni bosdi bir yuvosh zulmat. Shoirlar uyg`ota olmagan elni uyg`otib yubordi malomat, tuhmat. Kecha o`g`ri bo`ldi, bugun vahshiydir, bo`htonga ko`milib turar asabiy. O`zin maydonlarga sig`dira olmas, bolalar qoniga o`tar g`azabi. Yaxshilik tugadi, yomonlik ham goh. bo`lmasa ozgina qo`ysalar maqtab, bugun ham sahardan qaro shomgacha jimgina iljayib terardi paxta. TURKIYLAR Qilichin tashladi beklar nihoyat, bosildi tulporlar, tig`lar suroni, urhoga aylangan tillarda oyat, turkiylar tanidi komil xudoni. Qlichlar zangladi... falokat hushyor, turkiylar quvvatin berdi yerlarga. Hiylagar do`stlarday yaqinlashdi yov komillik qidirgan jasur erlarga. Ilvasin yigitlar, bobir yigitlar, sajdaga bosh qo`ydi yovga ters qarab, gullarni kemirib, yig`ladi itlar, buyuk boshni kesdi qilich yaraqlab. Turkda bosh qolmadi... qolmadi dovlar. Xotin-xalaj qoldi motam ko`tarib, "bizga tik qarama" buyurdi yovlar, yovlarga ters qaran yashadi bari. Talandi samoviy tulpor uyuri, talandi zarlari, zeru zabari, ters qarab o`ling deb yovlar buyurdi, yovlarga ters qarab jon berdi bari. Lahadga kirdilar o`zlarin qarg`ab, qolmadi arabiy, turkiy xatlari, tug`ingiz dedi yov teskari qarab, yovlarga ters qarab tug`ildi bari. Tug`ildi, tug`ildi, tug`ildi qullar, qirqida qirilgan — imdodga muhtoj, yovlarga ters qarab itlarday hurar, bir-biriga dushman, bir-biridan koj. Jo`mardlar qirilgan Turonzaminda do`zaxiy tajriba pallasin ko`rdim: eshshak surati bor qay bir qavmda, qay birida to`ng`iz kallasin ko`rdim. Bu holdan buvaklar bo`g`ilib o`lar, qul Bilol ezilib yig`lar falakda... O`zlarin yondirar borliqdan to`ygan Badaxshon la'liday asl malaklar. Mo`minlar besh bora Allohni eslar sajdaga bosh qo`yib jallod toshiga. O`grilib sal ortga qarayin desa, boshiga urarlar, faqat boshiga. Bormi er yigitlar, bormi er qizlar, bormi gul bag`ringda jo`mard nolalar, bormi gul tufroqda o`zligin izlab, osmonu falakka yetgan bolalar. Bor bo`lsa, alarga yetkarib qo`ying, bir boshga bir o`lim demagan ermas, shahidlar o`lmaydi, bir qarab to`ying: Yovga ters qaragan musulmon emas! Yovga ters qaragan musulmon emas! Yovga ters qaragan musulmon emas! Yovga ters qaragan musulmon emas! Yovga ters qaragan musulmon emas! GIRYA Bu osmon osmonmi, temir pardami, bu yog`du sinchlari tizizlgan dormi? Munchalar egildi qora gardani... juvonmarg bo`lgurlar, jo`marding bormi?! Bu zamon kimniki, makon kimniki, qatron-la yopilgan yo`llar kimniki?! Anorday sochilgan qonlar kimniki, bu qonli bilaklar, qo`llar kimniki?! Vahshat kechasida dillar to`kildi, yuzming bag`ri vayron birdan o`kirdi, jasadga yolg`ondan kafan to`qildi, juvonmarg bo`lgurlar, jo`marding bormi?! Moviyrang ravoqli zindon arshidan oyatlar marjoni uzilib ketdi, tag`in qon sachragan tunning avjida chirqirab yig`ladi bir to`da yetim. Vaqtning sharpaday gung g`assollari soylarning yo`llarin burib yubordi, tarqadi tamug`ning shum dajjollari, juvonmarg bo`lgurlar, jo`marding bormi?! G`aflatda kulganlar, ko`ksin kerganlar, yorlarin zulmatga qo`yib berganlar, farishta buvaklar kulin terganlar nomus dog`in yuvar mayxonalarda. Mol-dunyo ishqida chandon o`lganlar, ishratdan yuzlari salqib so`lganlar, zanglagan kishanga mehr qo`yganlar, dimog`in xushlaydi rayhonalardan. Imonim deganlar, Millat deganlar, yovga ters qaragan illat deganlar, o`zlikka xiyonat qilma deganlar zor qaqshab yig`laydi vayronalarda. Yig`lasin — so`ngaklar qisirlagan payt — dahshatdan sarg`aygan o`t-o`lanlarday, jon qushi baylangan issiq lablarda lahzani muzlatgan go`yandalarday. To`rt fasl qorishib o`tdi yorug`dan, bag`rimni chayonlar chaqdi anduhim, jo`mardlar deganim kechgan og`riqdan darveshga aylandi zulfiqor ruhim. Necha bor munojot qildim xudoga, nechun sen munchalar yolg`iz yaratding, dilimga baxsh etib toshday iroda, ko`zimni bahaybat dardga qaratding. Nechun o`zgalarning shandir xayoli — nastarin ochilgan, sayrar qumrilar?! Nechun yetimlarning o`tkir faryodi shajarday chayqalur tasavvurimda?! To`rt fasl — osilgan kulfat arshiga, go`yoki mudhish bir manzilga keldim. Kuygan kechalarning qaltis avjida chirqirab yig`laydi bir to`da yetim. SINOV MAYDONI Ulug`vor daranglar davron soati, soatin millarin unga to`g`rilar. Qizl shinaklardan cho`chib boqadi halokat shamolin sezgan o`g`rilar. Bu shamol yomondir, yillar qa'rida ko`milgan milyonlab murdani ochar, sochar jinoyatning milyon sirlarin, la'natlar yog`ilar, qarg`ishlar bosar. "Siyosat qilinmas toza qo`l bilan, kurashda har qanday usullar yaxshi. Tag`in bir chidaydi avval o`q bilan, Keyinroq do`q bilan olingan mashriq". Shundoq boshlanuvdi kecha falokat, siyosiy fitnalar guvohi — xoliq, sassiq bir jaladay bosdi malomat, tag`in bir chidadi sho`rlik xaloyiq. "Buhronga duch keldi iqtisodiyot, taqchillik kuchaydi, qadri yo`q pulning, mablag`ni to`plagan ichki savdo bor, suvning xlori ko`p, hidi yo`q gulning. Kalbasa yo`qoldi, qoldik g`aflatda, gurillab yonadi qipchoq dashtlari, bostirib kelmoqda buyuk davlatga marg`ilon do`ppilik Temur lashkari". ... Sho`rlik xaloyiqning yarmi qamalar, kun sayin ko`pirar o`zbeklar ishi, nomusdan yarmisi o`lar qamalda boshga qon quyilib, jigari shishib. Fosh bo`lib qolganda qora jinoyat, qizil shinaklardan boqqan o`g`rilar, Tag`in bir nayrangni topib nihoyat O`zbeklar boshiga qo`yar to`g`rilab. Siyosat — o`zingga kelgan zarbani o`zgaga burvormoq san'ati bo`lsa, qulday xalq boshiga tushgan g`alvani qaysi bir yoviga burvorsin, ko`rsat! Yovlik yovlik chorlar qahat — qahatni, hattoki bolalar davlatni so`kar, o`zbeklar o`g`rilar otgan axlatni oshirib-toshirib markazga to`kar. Nachora ... uyg`onish ... g`aflat g`aflat-da, zo`r kelsa manglayga kifoya bir o`q. Ming afsus, yashaymiz shundoq davlatda jinoyatlar ko`p-u, jinoyatchi yo`q.
| |
Просмотров: 5450 | |