Yo‘ldosh Eshbek-She’rlari
QADIM OHANGLARDA Ostonangga dilimning Torlarini boyladim. Men bir dunyo suluvdan Sen suluvni sayladim. Sayladimu ko‘zimda Xalqob-halqob yosh bo‘ldi. Bu bevafo dunyoning Bag‘ri menga tosh bo‘ldi. Sen yulduzsan - qo‘l yetmas, Oshiq bo‘ldim, suluvim. Endi sening o‘rningga Ko‘shiq qoldi, suluvim. Bir qo‘shiqki, dilimning Tublariga zil bo‘lar. Aytsam oxdir, aytmasam – Sarg‘aytirib sil qilar. Ostonangta dilimning Torlarini boyladim. Men bir dunyo suluvdan Sen suluvni sayladim. Eshiging zulfaklari Tillo ekan, bildim-ku. Qo‘lim kalta ekanin Bilib, bag‘rim tildim-ku. Tilim bag‘rim ichinda Darding sizib yotadi. Ko‘shiq qilib qalbimni Ko‘zlarimga otadi: Ko‘zlarimda aylangan Halqob-halqob yosh bo‘ldi. Bu bevafo dunyoning Bag‘ri menga tosh bo‘ldi. YIG’LAYOTGAN QIZ Bu og‘ir bog‘ ichra og‘ir qadamlar Tashlab ketayotgan og‘irgina qiz, Dunyo ko‘zlaringdan dunyo alamlar Tomchilar, har biri bir ulkan yulduz. Tomchilar ko‘zingdan norasidalik, So‘zga aylanmagan yonish tomchilar. Beshafqat diydormi og‘ir judolik, Yo‘qotish tomchilar, topish tomchilar. Yo‘q, seni aldagan, birov aldagan, U seni sevgandir, yo‘q, yo‘q, sevmagan. Ko‘ksingga chiroyli o‘qlar qadagan, Birovlar aldagan, birov aldagan. Tomchilar ko‘ksingdan kelayotgan kuz, Og‘ular tomchilar, gullar tomchilar. Yaqin xotiralar... idrok faromush, Vijdoningni o‘yib urar tomchilar. Vijdonsiz nomusli niqobin qo‘ymas, Vijdonning har dami ruhiy iztirob. Vijdonsiz xatosiz kunlardan to‘ymas, Vijdon bu xatodan ulg‘aygan azob. Seni yupatmoqqa jurat yo‘q menda, Sen mening kechmishim, umrim bo‘lagi. Faqat men qayg‘ular tilarman senga, Kattakon quvonchning unsiz o‘lanin! Aldanmoq tilarman senga ko‘p marta, Aldanmoq - dunyoga nazar, anglamoq. Aldanmoq - ko‘z yoshi qilmoq, yo‘q, artmoq, Aldanmoq - kurashga otlanmoq demak. Yig‘lamoq tilarman, qaynab yig‘lagin, Tishlaringai sekin qayrab yig‘lagin! O’nta mard o‘g‘loning bo‘lguncha yig‘la! Yuzta mard o‘g‘loning bo‘lguncha yig‘la! Mingta mard o‘g‘loning bo‘lguncha yig‘la! Paymonang to‘lguncha, to‘yguncha yig‘la! Ular lazzatxo‘rlar, qaroqchilardir, Umrlari uzun, sob bo‘lmas, esiz! Bu dunyo - aslida aldoqchilardir! Bu dunyo - aslida yig‘layotgan qiz! Men senga qo‘shilib yig‘lay olmasman, Faqat bosh egaman qaygungga so‘zsiz. Men senga talpinib, aslo tolmasman, Men seni sevaman, yig‘layotgan qiz! SENING QO’SHIG’ING 1. Biz baxtiyor bo‘lgaymiz xo‘b, Bizni zafar quchajak! Tepamizda charx urishib Qaldirg‘ochlar uchajak! Shunday qo‘shiq aytgan eding sen, Shunday qo‘shiq... hayotday aziz. Va dunyoga qaytgan edim men, Dunyo menga qaytdi o‘sha kez. Qo‘shig‘ingni buloqlar tinglab, Shamollarning tili tugildi. Osmon yuzi ko‘zing nusxalab, O’pmoq bo‘lib senga egildi. Qaldirg‘ochlar uchdi tepangda, Qo‘shiq aytib sho‘xshan, dilrabo. O’n yettida eding o‘shanda. O’n yettiga to‘lgandi dunyo. * * * Dunyolardan rashk qildim seni, Dunyolarga ishonmas edim. 2. Qaldirg‘ochlar kelmoqda uchib, Bahor quvib yasharlar doim. Ushbu damda sen yodga tushib, Alamlarda qovrilar o‘yim. Sen umringai bo‘lding ikkiga, Endi menga ikki xil o‘ysan. To‘lib ketsa dardpar ko‘ksimga, Yolg‘izlikning hukmidan to‘ysam, Madadga zor odamday goho, Atrofga javdirar nigohim. Ko‘zlarimda intiq iltijo, Ko‘zlarimda tizilar ohim. Shunda izlab qolaman zor-zor, O’n yetti yosh ko‘hligim qayda? Va qaytmoq bo‘laman intizor O’n yetti yosh dunyoga qayta. Meni chorlar ilk umring ma’sum, Meni chorlar ul pokiza ishq. Qayg‘ularga chek qo‘yib, bir zum – Ruhimda tirilar ul qo‘shiq: «Biz baxtiyor bo‘lgaymiz xo‘b, Bizni zafar quchajak! Boshimizda charx urishib, Qaldirg‘ochlar uchajak!» * * * Sen ketib borasan daraxtlar aro, Kichrayib borasan, torayadi yo‘l. Senga oq ko‘ringan bu yo‘llar qaro, Yengil tin olasan kengayar o‘ng-so‘l. Shamolda sochlaring pastlar-balandlar, Shamolda sochlaring - qushning qanoti. Sen uchib borasan - pastlar balandlar, Balandlar pastlaydi, erkin hayoting! O’zimga la’natlar o‘qiyman bot-bot, Men senga havaslar qilurman, erkam. Senga qurolmadim go‘zal bir hayot, O’zimga zindonlar qazdim... juda kam! Yelkangni shamollar silkitar nega, Nega ko‘ylagingni o‘ynar beshafqat?! Shamolda mixlanib qarayman senga, Shamolda qo‘llaring silkinmas faqat. IBODAT Nafsning shashti bosilgay ro’za bilan, Qaddi-basti bosilgay ro’za bilan, Tez-tez ro’zador bo’l, nobakor hirsning Morday qasdi bosilgay ro’za bilan. Ro’za-tan zakoti, holing salomat, Zakot-kafforatdir, moling salomat, Beva-bechorayu yetim yesirga, Haqdorga ato et, joning salomat! Haqni ihtiyor qil qodirsan agar, Ota-onangni haj qildir muqarrar, Topgan moling halol bo’lsin, avvalo, Harom bo’lsa, yo’llaringda bor ajdar! Namoz-ibodating podshosi erur, Barcha yaxshilikning peshvosi erur, Unda haj, savm, me’roj, jannat kaliti, Dilning tahorati, ifshosi erur! Saqlagin Qiyomat Kun oftobidan saqlagin, bu dunyoda dil hobidan saqlagin, ikki dunyo yahshiligin ato qil, ikki dunyo azobidan saqlagin. Amal qildir O'zing rizo bo'lgulik, Qiyomat Kun yahshi jazo bo'lgulik, ko'ksimizni yumshat,Egam, muloyim, tirilganda uzviy a'zo bo'lgulik. Qanoatga muvaffaq qil - munosib, shafoatga musharraf qil - munosib, bu dunyoda miskinlarning g'amin yeb, u dunyoda musharraf qil - munosib. Va'dang haqdir,Odildirsan muqarrar, bandang ojiz,amallari ko'p zarar, Senga oson - bizga oson qil Egam, jon berarda bilingaymish amallar. Ikki dunyo halolingdan ayurma, nuru ziyo-zilolingdan ayurma, mo'minlarga, Yo'ldoshga ham rahm qil, Mehribonsan,Visolingdan ayurma, Jamil, Baqo, jamolingdan ayurma! Sen... Bir havo o'ylabman nvoday sizgin, tor yo'lda hor ekanman Senga zor, ammo qayoqdadir ko'rinmas tizgin, ammo Sendan boshqa mening kimim bor? Bir navo o'ylabman havoday mayin, gul atri misoli muattar ifor, ko'ngilning qay tori tortilgan sayin, kuydim - Sendan boshqa mening kimim bor? Yo'l istab yuribman, yo'lda ekanman, chiqajak joyi bo'lsa hamki g'or, qorong'u... gul debman, tilsa tikonlar, suydim - SEndan boshqa meninh kimim bor? Bir qultum suv istab, bir qultum najot, meni qurshaganday ulkan bir g'ubor, ammo tushlarimda topilmas hayot, ayo, Sendan boshqa mening kimim bor? Qadrdon turtadi, turtadi bir yot... g'alati hazilga o'hshagan asror, turinib-surtinib o'tgummi ozod, ozod Sendan boshqa mening kimim bor? Men qanday yashadim, bungacha omon, shu'laga suyangan ulkan tun bedor, ko'ksimda hayqiriq uhlaydi hamon, hamon Sendan boshqa mening kimim bor?! Foniy dunyodan Men o'tib ketaman izim yashagay, hayotim samari, sezim yashagay, nohaqlik bo'roni aro yalangto'sh, jafokash bir sulton, to'zim yashagay. Vatandosh jigarim bahti ham kulsin, baht o'zi g'amgindir,inson shod qilsin, insonni - Egasi shod etar har vaqt, baht - Boriyni bilmoq,har kim yod qilsin. Har kun yod qilsin-u, o'zin shod qilsin, va shaksiz do'st dilin u obod qilsin, yahshi amal bilan aylasin qamal, yomonlik qo'rg'inin shunday mot qilsin. Ibodat hartidir tilni uyg'otmoq, mardlarnind qadridir elni uyg'otmoq, toatning bosh sharti g'ofillik emas, ko'ngilning dardidir dilni uyg'otmoq. Ey,ko'ngil, uyg'ongin,nahor o'tmoqda, yoz o'tdi, qish o'tdi, bahor o'tmoqda, sajada qil, bir nazar bo'lsa ajabmas, mehrni bo'g'olmay ne dor o'tmoqda! O‘ZBEKISTON BOG‘LARI Bu bog‘lardan xushbo‘y sarinlik kelur, Jannatiy salqinlik kelur soyadan. Kimning yurt bog‘idan hislari seldur, O‘shadir davlatmand, ozod, boy odam. Supalarga suv sepganda kelinlar, Kelar edi tuproq tafti, yer hidi. Nozbo‘ylarday soqollari selkillab, Chollar bosh tebratib, zavq tuyar edi. Tabassum qilsalar yorishardi oy, Va xanda otsalar sapchib qo‘yardi, Osmonda qolmasdi biror siniq joy, Yurtda qolmas edi hech ko‘ngli yarim. Qayda o‘sha qishki, ko‘klamgi pok loy, Qani o‘sha qishloq, kuzgi sof changlar?! Hamma yoq qum suvoq, hatto tiniq soy... Bu gapni hattoki tovuqlar anglar. Ortga qaytmoq emas, mening tilagim — Xotira qo‘yniga edi sayohat, Sog‘inchdan entikar goho yuragim, O‘sha poklik qolsa, qolsa diyonat. Toki yarim ko‘nglim to‘lsin bus-butun, Zora yarim ko‘nglim bo‘lsa bus-butun. Shukrona tuyayin chollar safida, Toki lovullagan shu quyosh uchun, To‘lajak oy uchun aytay qasida. Kimning yurt bog‘idan hislari seldur, O‘shadir davlatmand, ozod, boy odam, Bu bog‘lardan xushbo‘y sarinlik kelur, Dilorom salqinlik kelur soyadan. SEN Oy bo‘lmas, Yulduz bo‘lmas, Koinotdan tashqari Yurt duz bo‘lmas. Koinotdan tashqari Tashqari bo‘lmas. Sen mening Nuri Diyorim Diyori Nurim. Koinotdan tashqari Sen mening tashqarimsan Koinotdan tashqari. SHAMOL VA NASIM O‘h, bu shamol! Ochirmas ko‘zni, Gavharingga uriladi qum. "O‘v, yo‘lovchi! Asragin o‘zni, Garang bo‘lma, ko‘zlaringni yum. Karaxt bo‘lma. Ilon izi yo‘l Zanjir kabi bo‘g‘ar siyog‘i. Tiz cho‘kmagin, o‘lsang tamom o‘l! Yo yalagin sahro oyog‘in!" Holdan toyar, yumar ko‘zini, Qarchig‘aylar qanoti tegar, Yumdalaydi, qushmas, yuzini, Telba shamol. Boshini egar. Bir tomchi ham suv yo‘q dunyoda, Dunyo yo‘qdir, yo‘qdir oshno iz, Faqat shamol uvlar ziyoda, Faqat shamol cho‘ktirmoqchi tiz. Hushi qaytar, go‘zal bir nasim Olib kelar rayhon isini. SENGA Ko‘z va so‘z yetmas, Men yetmasman, So‘zga sen yetarsan bemalol. Tasavvur gunoh ta’rif ojiz Boqmoq 40 yil Oh boqmoq Kelmas xayolga So‘z Ikki dunyo Va Kiprik qoqmoq * * * Odamiki Bo‘lsa o‘r, Enishlar ham bo‘lgay o‘r, Eshib sabr tolasin, Halimlik arqog‘in o‘r. DIYOR Diyor ko‘rdim oy kabi, Baxt-yurt degich joy kabi! Tuya ko‘rdim chopog‘on, Suv ko‘rmagan hech labi. G‘ubor ko‘rdim beg‘ubor - Osmonda oftob kabi. Toj kiymish ushbu diyor, Bashorat qilmish nabiy. Bu yurtlarga qut, omad Sokin, vazmin keladi. Baxt kelmaydi, o‘zi baxt! Taxtlar hazin keladi. Diyor ko‘rdim baxtiyor, Suv bergan tashna buloq, Qilichida oy yig‘lar, Oftobida nur bayroq! QADIMIY ALLA Alla, alla, allayo, Qora ko‘zli bolayo, Qora qoshli bolayo, Shirin so‘zli bolayo. Beshiging baxt eshigi, Kelgusining qo‘shig‘i, Tomog‘ingning teshigin, Qanday yog‘lay, allayo, Rizqingdan uradilar, Qo‘rqmasdan turadilar. Oyga ot suradilar, Yerlar kunni, allayo. Bir kun katta bo‘larsan, O‘z ko‘zing-la ko‘rarsan. Yaratgandan so‘rarsan Bolangga rizq, allayo. SHOIR U so‘zning rangiga qaraydi avval, So‘z ohangiga qilar e’tibor. Qofiyalar doim beradi xalal, Fikrning so‘nggi yo‘q, va le madad bor. Qor rangin yog‘adi, ajib atri bor, Oq tog‘ni qoplaydi cho‘ng qora ko‘lka. Qora tog‘ — oq, uni qoplagandir qor, Moviy dur yomg‘irlar aro bu o‘lka. TIZ CHO‘KTIRAMAN Tuyani yantoq qoshida, Chumolini don qoshida, O‘zimni tiz cho‘ktiraman Elga tiz cho‘kkanning qoshida. Qavatlarni bosh egdiraman Qariyalar poyiga Falakni bosh egdiraman Vatanimning soyiga, Quyoshni bosh egdiraman Bayrog‘imning oyiga. MENDAN Quvvat, g‘ayrat o‘tar senga, Nabiram, Nasib etsa. Men ufqqa qarab ketayapman Tobora Yiroqlashib. Mayli, singib ketay, Mayli, sog‘in, Sog‘inaylik Mayli, singib ketay Ufqqa—bir qora Nuqta bo‘lib Faqat sen bosh ko‘tar, Shafaqlar aro Oq quyosh bo‘lib. ARIQDAN Bir jilg‘a ayrilib Yo‘lni mo‘l yurdi Adashibmi, horibmi To‘xtab qoldi Sahro ichinda. Qaror qabul qildi. Qurbon etaman Umrimni Shu sahro uchun. Singib ketdi, O‘zin xazon etdi. O‘ziga loyiq Sahroga bir o‘zan etdi. Har bahor Xushbo‘y yalpizlar Chopib o‘ynar Bu o‘zan bo‘ylab. YO‘L Oqarib ko‘rinar Qirning baland joyida Qorayib g‘oyib bo‘lar Yo‘qolar Tun-kun bir juft ko‘z Kutib-kutib tolar Shahardan kelar Yo‘l Yupqa ko‘rpacha uzra yotgan Ko‘l ko‘tarilar Derazadan chiqar Egasining yuziga qaytar Yo‘l bilan barobar. Shaharga borib Kelar Bu ozg‘in, sertomir qo‘l. ESLAYMAN So‘zlarni, ko‘zlarni, Daraxtzor joylarni, Soyda qalqib oqqan Oylarni. Titrab boqqan giyohlarni, Jimir-jimir qaynab chiqqan Buloqlardan yulduzlarni. Faryodi tunlarni yorgan, Tonglarni yoqqan tulporlarni, Harir, ko‘kish, beg‘ubor g‘uborlarni. Turnalar yodimga kirar hayqirib, Otam kirar hovli aylanib, Tomog‘in qirib Va le qachon qo‘lidan Oftoba tushganini, To‘nini tutga turna qilib, O‘zi ham ichidan turna bo‘lib, Inshaalloh issiq yurtiga Uchganini Eslay olmayman. Onam ham ortidan qush bo‘lib, Derazaga urilib Behush bo‘lib Qolganini Eslay olmayman. Zotan, xossatan bu hollarni Bolalarga bildirmaydi Otalar, onalar. YIG‘LAYDI Bir yalpiz hiqillab Ariq bo‘yida o‘ltirib, Atrofida barra o‘tlar, Maysalar xursand, Hayratli Pichirlab, qiqirlab Kulishar sekin. Sababin bilsam, Qish bo‘yi quyoshni ko‘rmaganidan, Va birdan yugurib o‘ynaganidan, Shod bo‘lib yig‘lar ekan — Bahor sevinchlari ekan bu. Nenidir esladim men ham, Alamga to‘lib. Shukr, dedim so‘ng Shodumon bo‘lib. SO‘Z Odamni, olamni O‘qidan, izidan Chiqarar. Va odamni, olamni Gul qilib qo‘yar. Shayton joylashib olsa Harflarga ham Qulluq qila boshlaysan Harflarga ham Ular past-baland Shaklda Gul, ilon, zahar, qand Shaklda. Aslda mo‘’tabar bo‘lgan so‘z Odobsiz tovushga aylanar Hazrat aytganidek O‘likni tiriltib Duo uchun hovuchga aylanur, Shukrki, aylanur u erkin qushga, Zulmat quyuq esa ta’birga, tushga... SO‘Z MAYDONIDA Shoir so‘z maydonin sohibi, Kurashchisi. U ham banda, Bandai ojiz. Qahramoni, raqibi Yengar, yengilar, E voh, ba’zan u ham Salbiy qahramon. Shunday tus olar yoki berishar, Uning butun vujudi kun-tun ishlar, Kun og‘zidan kirib tovonidan tushar, Tun tovonidan kirib tilidan tomchilar. Qorachig‘i quyosh bo‘lar saharda, sahar Shafaqqa aylanar bag‘ri ham Ko‘zining oqi qadar... TULPOR Oppoq bulut Goh qotib turar havoda muallaq Goh qanotlarin yozib Aylaydi parvoz — Qanotlari ulkan bulut parchasi. Jami bulutlardan uzun tuyular, Jami bulutlardan baland tuyular, Tuyularki, hozir kishnab yuborar — Osmonni ovozga to‘ldirib, Olamni qo‘shiqqa to‘ldirib. Ammo u suratmi, Harakat, Yo ovozsiz musiqa, Jim qotib yana parvoz aylar, Ba’zan joyida Bulutlarga, tuyoqlarga, Qanotlarga yulduzlar tomgan Oppoq-oppoq hilollar qo‘ngan Shiddat nihon. Shamollarni tindirib qo‘ygan, Havoda havoday suzib borar Falakdan keng bulut parchasi. Osmonda osmonga sig‘may suzib borar Bulut Parchasi — Tulpor. Men-ku kichik she’r bitdim, Dostonga sig‘may suzib borar. Dostondan keng Bulut Parchasi. Go‘yo so‘ngsiz kurashdan so‘ng Ozod parvozlarni sog‘inib tolgan Tuyog‘ida mixlar Gul bo‘lib qolgan Oh, Bulut Parchasi Voh, Buyuk Bulut! JON VA TAN Bu osmon ostida bir gul bor, Ta’zimida yo‘q aslo g‘ubor. Ariq bo‘ylab chopar ortimdan, Safar qilar bo‘lsam yurtimdan, Qolar nozik qo‘llarin cho‘zib, Yo‘l qaraydi, nigoron ko‘zi, Yiroqlarda eslab qo‘yaman, Yurtdoshlarda bo‘yin tuyaman. Bo‘yi yetgan bulutlar bedor, Tomchilarning bag‘rida xumor, Ul marvarid shabnamlar aro Jilmayadi, ko‘zlari qaro, Bu osmon ostida bir gul bor, Cho‘qqilar hayratda lolu zor, Buloqlar chopadi hakkalab, Uni ko‘rsa erib ketar qalb, Bu osmon ostida bir gul bor, Yashil ko‘ylak alvon yuz dildor, Ismi ne bo‘lsa-da baxtga tan, O‘zbekka tan, demak, jon Vatan, O‘zbekiston — yurak, jon va tan! BAXT Bog‘imni qiyalab O‘tasan uyga kirmay, Kel, kelaver, uyalma. Tushmagin bunday ko‘yga, Qay aroba qo‘shig‘in Aytasan bo‘lib xarob. Kimning baland eshigin, Qo‘riqlaysan yo‘l qarab. Olib qochma ko‘zingni, Men sendan tantiroqman, Kechiraman o‘zingni, Kechaman qarzimdan ham! VATAN OZODLIGI Bir asr zindonda tutildim "erkin", O‘zga tilda suydim, Vatanim seni. Zolim zamon zug‘umidan qutuldim, Nasimlar, sabolar o‘ldirar meni. Chohdan chiqqan Alpomish misol edim, Sog‘indim bag‘ringda aslingni, seni. G‘ordan, ajdarlardan qutulib ketdim, Go‘zal lahzalaring o‘ldirar meni. Qanchalar yashadim, qanday qaqshadim, Bugun sof havolar ko‘ksim to‘ldirar. Kecha dor ostida kulib yashadim, Sevinchli yoshlaring bugun o‘ldirar! QIR GULI Qir guli, Adr guli, Tebranar sabolarda, Nur guli, atr guli. Emranar samolarga, Elanar havolarda, Entikar so‘zsiz qo‘shiq, Belanar davolarga, Kun - shifo, yulduz qo‘shiq, Keng duzlarga ketar bo‘y, Muattar shamollarda, Yulduzlarga yetar bo‘y, Samoviy xayollarda, Qir guli, adr guli, Tashnalar ko‘p o‘rgilur, Nur guli, atr guli, Chashmalar ko‘p o‘rgilur. Seni ekib ketgan kim, Murodiga yetgan kim, Qir guli, hey, nur guli, Ekkanga shukrim bu kun, Ekkanga so‘ngsiz shukrim! GUL Bukilib turar, Ko‘zidan yoshi — To‘kilib turar, Tugab bardoshi, Kulmaydi sira, Titratar xiyol. Yo bir xotira, Yoki zo‘r xayol — Uni shamolmas, Balki bosgan g‘am. Yoki nogahon Baxt bo‘lgan hamdam! GULLAR Gullar jilmayadi, ildizi ko‘kda, Yerdan qo‘l cho‘zaman shamolga o‘xshab. Xayol bog‘ yaratar, ko‘k bog‘in o‘pgan, Diyor deydi hargiz, demaydi Yer-Shar, G‘alati gapirar, lug‘ati boshqa. Aql goho unga usta tarjimon, Jilmaytar — gul chizar o‘qraygan toshga. Osmonga osmondan qaraydi yomon, Cho‘ng aql qanotli xayol ulgurar, Mening aqlim yalqov, a’molim noqis, Xayolda ajab xush gullar tug‘ilar, Hech hayot ko‘rmagan, his qilmagan his, Hech kim tortolmaydi uning jilovin, Goho men podshoman, goho u... zorlar, Tug‘adi bir hayot, tug‘ar qalovin, Qorlar yonib ketar, gullaydi qorlar! CHO‘PONNING Bir hayqirig‘i kifoya — Qaytadi suruv. Bu ajib hikoya, Bunda bor qandaydir qo‘rquv. U qandaydir hurmat, Yo jumla jahonga Go‘zal bir ibrat. Har qalay hikmat bu, Ajib bir hikmat. OLAM VA JANNAT "Quvonch ortida alam, Shakar ichra og‘usi, bu olam mushkulot, g‘am Bormi buning dorusi?!" "Vatan jonbaxsh bo‘stondir, Ziyodir, vatan—jannat, Baxt—diydor, nur—osmondir, Tuproqlari zabarjad!” EY, YO‘LOVCHI Qaydan kelding, Yo‘l olding qayga, Tashnamisan sen ham baxtga, Navoga, nayga? Ko‘z ilg‘amas kengliklarni Jo qilgan ko‘zi, Gapirgisi kelmasmidi, Yo yo‘qdir so‘zi — Yo‘lovchi ko‘p qarab turdi Ufq tomonga, Imo qildi avval Yerga, So‘ng Osmonga. FARHOD BO‘LMOQ — Navoiy bo‘lmoq. Alpomish bo‘lmoq — Fozil ota bo‘lmoq, Anvar bo‘lmoq — Abdulla bobo bo‘lmoq Shart emas. O‘lmoq shart — Diyori uchun. Tirilmoq shart — Yer uchun Or uchun Tug‘ilmoq shart! QO‘Y Pusma, qo‘y, pusinma Doim ham Ish bermas pistirma Qisinma, Jo‘mard bo‘l, Dushmanga ham Yuragi kichikka ham Uylarning to‘ri to‘lar Och qolsa kuchuklar ham Tulki yo bo‘ri bo‘lar, Qo‘y, pusinma. OHISTA Ohista yog‘adi yomg‘ir, Ohista-ohista tashlanar qadam. Shamol esib qo‘yar gohida g‘ir-g‘ir, Og‘ir o‘y bosadi odamni bu dam. Yomg‘ir iz qoldirmay o‘tib ham ketar, Quyosh jilmaysa-da atrof qunishar. Ko‘nglingni yoritib xayollar yetar, Vazmin Rauf Parfi yodingga tushar. QIZG‘ALDOQ Porillab chorlaydi bu choq, Zorillab qo‘yadi bu dam zarg‘aldoq. Shoshib shaftolilar ko‘tarar chiroq, Pushti zorillaydi novdalar quvnoq. Yodingga kelmasmi ajdodu nasl, Hay jonzot, sening-da zoting asldir, Nega quvnamaysan, umring bir fasl, Qizg‘aldoq umri-chi, yarim fasldir. UYINGDA O‘sadi bir gul za’faron, Bir chimdim quyoshga zor. Quyoshga zor emas, Tomchilar ko‘zing. Gul esa gurkirab yongusi kelar Ya’ni o‘sgusi kelar — Yashil qanot yozib. Issiqdan, sovuqdan, yomonlikdan Seni to‘sgusi kelar. Gul bo‘lgim kelar, Bir chimdim quyoshga zor Quyosh bo‘lgim kelar.
| |
Просмотров: 1858 | |