Приветствую Вас, Гость! Регистрация RSS

Турецкие Стихи

Пятница, 22.11.2024

Xosiyat Bobomurodova-She’rlari
BAHOR

Buncha nozik, mitti g‘unchalar,
Qanday qilib ochilar, kular?
Balki uning jasoratini
To‘lg‘oq tutgan onalar bilar.
Qirg‘oqlarga sig‘may toshar suv,
Shivirlaydi yashil yaproqlar.
Turnalarning qaytganin ko‘rib,
Vujudimga kirar titroqlar.
Karaming mo‘l, qodir Allohim,
Maysa ekding hatto toshgacha.
Yashash darsin o‘tarsan balkim,
Bahoringda keksa, yoshgacha.
Ufqlarga yetsa qulochim,
Lolalarni bag‘rimga bossam.
Kapalakning qanotlariga
Yonib turgan dilimni ossam.
Bahorning gul quchoqlarida
Tirilgim ham o‘lgim keladi.
O‘zbekiston, onam, bag‘ringda,
Bahor bo‘lib qolgim keladi.

 
 * * *

Sizning ham qirlarda o‘sarmi maysa?
Bir-birin suyagan daraxtlar bormi?
Yeru ko‘k qish bo‘yi sog‘inchda kuysa,
Sog‘inarmi sizu mendek bahorni?

Sizda ham bulbullar chekarmi afg‘on?
O‘riklar novdasi gullashadimi?
Bir-birin ko‘rmasa yurak bag‘ri qon
Bo‘lib sirli maktub yo‘llashadimi?

Sizda ham suvlarning ko‘pirib qoni,
O‘zlarini tog‘dan tashlashadimi?
Kurtaklarning gulga aylanish oni,
Bir shirin azobni boshlashadimi?

Sizda ham quyoshning aylanib boshi,
Bulutlarning ko‘zi tinib ketarmi?
Qaytar turnalarning to‘kilib yoshi,
Qadrdon maskanga qo‘nib o‘tarmi?

Sizda ham oh ursa bo‘liq tuproqlar,
Hovuri hammaga seziladimi?
Tinmay shivirlasa ko‘m-ko‘k yaproqlar,
Ildizlarning tinchi buziladimi?

Ko‘ngildagi armon, yurakdagi g‘am,
Ko‘chib o‘tmadimi, gulga, chamanga?
Nega buncha jimsiz, buncha xotirjam,
Bahor kelmadimi, Sizlar tomonga?


 * * *

Navro‘z keldi, qirlar ko‘kardi,
Qirlar ostidagi zo‘rlar ko‘kardi.
Ko‘karmayman degan o‘rlar ko‘kardi,
Mehr ko‘karmadi sening dilingda.

Bulutlar eridi, to‘kdilar ko‘zyosh,
Balandda bo‘lsa ham kuydirdi quyosh.
Bardoshlari bitib, uvalandi tosh,
Bir so‘z aylanmadi sening tilingda.

Yo‘limdan barq urib bo‘stonlar chiqdi,
Yuragim tubidan dostonlar chiqdi,
Qomati yoy bo‘lib Rustamlar chiqdi,
Faqat sen chiqmading mening yo‘limdan.

 
 * * *

Dilimdan to tilimgacha so‘z,
Oyog‘imdan qo‘limgacha so‘z.
Tangrim, so‘zdan aylama judo,
Hayotimdan o‘limgacha so‘z...
    
Dunyosiga yo‘g‘u borimni,
So‘zim bilan aytib ketaman.
Tinglamasa tilim zorimni
Ko‘zim bilan aytib ketaman!
    

UZILGAN GULGA

Kim uzdi so‘ramayin
Biror og‘iz quyoshdan.
Qo‘rqmadimi ohingdan,
Qo‘rqmadimi ko‘zyoshdan.
Tuprog‘ingdan, suvingdan 
Olmadimi, rozilik?
Hech qursa tikanlaring
Qilmadimi qozilik?
Yana uyalmay bog‘bon
Seni pulga sotdimi?
Bayram bahonasida
Quchog‘imga otdimi?
Seni kim majburladi,
Huzurimga kelmoqqa?
O‘zing rozi bo‘ldingmi, 
Ko‘nglim uchun o‘lmoqqa?! 


 * * *

Yashaganing sari kamdir bu dunyo,
Anglaganing sari g‘amdir bu dunyo.
Orqaga qaytish yo‘q, bas deb aytish yo‘q,
Tinmay chorlaguvchi shamdir bu dunyo.

Faqat orzu bilan bunyod bu ochun,
Kimga mehri yolg‘on, kimga ishqi chin.
O‘zing-ku dunyoga sig‘may yuribsan,
Yana undan orom so‘raysan nechun?

Bandilik muborak so‘z zindonida,
Bilgilki, erk yashar shoir qonida.
Dilni qancha ezsang shuncha yashaysan,
She’r atalgan mangu haykal yonida.

 
 TIKAN

Senga she’r bitmoqchi emasdim asli,
Gul tutib yo‘limga chiqib turmasang.
Yeru ko‘kni yoqqan saraton fasli,
Bunchalar yashamoq zavqin surmasang.

Yam-yashilsan, mayin maysa rangida,
Quyosh bor mehrini boshingdan to‘kkan.
G‘olibsan, chillaning olov jangida,
Tomiri daryoga yetgan ey, tikan!
 
    
 ISHQ 

Tinglamaydi hech kim arzu dodini,
Tutilgan unutar nasli, zotini.
Senu men kim bo‘pmiz, bu sevgi yana,
Telba qilar mingta Xosiyatini.

 
 TO‘RTLIKLAR    
    
"Pastga tushdingmi?" deb so‘rmagil qasddan,
Kinoya qilguncha boshim os manim.
Sensiz nima qilay, men axir pastda,
Ey dili oftobim, boshi osmonim.

 * * *

Zar topdim, zo‘r topdim, himoya topdim,
Mehribon do‘stlaru hamsoya topdim.
Izlasam har so‘zdan bir g‘oya topdim,
Topolmadim faqat sening ko‘nglingni.

 * * *

Bir yurakni qo‘ydim dunyo,
Kamu ko‘sting xizmatiga.
Nega meni qilding sherik
Xazonlarning qismatiga?
Категория: SMS SHERLAR, SEVGI HAQIDA SHERLAR (21.10.2013)
Просмотров: 2134 | Рейтинг: 2.7/3