Ikrom Otamurod -She’rlari
Kanglum, mendan bo‘lak kiming bor sening, kanglum, sendan bo‘lak mening kimim bor? Ne desang, deguvchi - yolg‘izim mening, Ne aytsang, aytguvchi - o‘zing xokisor. Kanglum, meni tushunguvchi o‘zingsan faqat, kanglum, faqat seni anglab yetguvchi o‘zim. Mening vujudimda ulg‘ayar toqat, sening vujudingda g‘unchalar to‘zim. Kanglum, g‘amlarimning ashklari - dayro, kanglum, armonlaring qayg‘ulari - tog‘. Kanglum, seni qa’riga tortar bu dayro, kanglum, meni yanchib ketadi bu tog‘. Dahri dun dayrida chirpiragan gard – kanglum, bir kun ketarmiz chiqarmay na tog‘. Kimgadir qoldirib g‘aribgina dard, Kimgadir qoldirib g‘aribgina dog‘. Kanglum... kang... lum... * * * Vatan - bobolardan meros bir iymon – ruhim mundarijasida muqaddas yozuv. Tanish va notanish imlolarsimon ruhimda hislarning to‘foni tizuv. Vatan - bobolarim kechgan xotira – ruhim mundarijasin qadimiy muhri. Ruhim tufrog‘iga ildiz botirib, bo‘y tortar buyuk daraxtday zuhri. Vatan - bobolardan qolgan e’tiqod – ruhim mundarijasin ko‘hna suvrati. Ruhim ranglariga rang berib bot-bot, ruhim yuragini bezab turadi. Vatan - ruhim suyagi, jonim – ruhim darichasin chertayotgan sir. Ruhim tomirlarida oqayotgan qonim, ruhimda nur sochgan kavkabir. Vatan - sof, pokiza, beg‘ubor umid – ruhimda mo‘g‘jalab barg yozgan dunyo. Taxlari buzilmagan o‘ylarga cho‘mib, gardlarin ruhimga qilgum to‘tiyo. Men - ruh chizgisidan yaralgan jism, ruhim daftarida chizgilar necha? Vatan - ruhimda uyg‘ongan ism, ruhim – Vatanda gullagan chechak... * * * Sen dilingni ochding, men dilim ochdim, Dilin bayon etib, dillar uchrashdi. Sen qaylarda eding, men qayda edim, Qaylardan kelgan bul yo‘llar uchrashdi? Sen - bag‘ri choku chok, men - bag‘ri chok-chok, Ishq uyin supurgan qullar uchrashdi. Sen - tashnai quvra, men - tashna quvra, Dashti Karbaloda cho‘llar uchrashdi. Sen - qadimiy armon, men - qadim armon, Armonni yigirgan yillar uchrashdi. Sen dilingni ochding, men dilim ochdim, Dilin bayon etib, dillar uchrashdi. * * * Ko‘pchilik yurgan yo‘l... Ko‘pchilik tushgan o‘yin... Ko‘pchilik yugurgan tomon... Ko‘pchilik xushlagan narsa... Ko‘pchilik intilgan davra... Ko‘pchilik kirgan ko‘cha... Ko‘pchilik... ...keltirolmadim bu naql raftin, ixtiyor etmadim, singmadi bu dars. Yiroq bo‘ldim ko‘pchilik to‘qigan safdin, o‘z foydasin bilmagan men - chars. Qotishmadim. O’zimni tortdim, ko‘pchilikka o‘xsholmadim tani. Ne bo‘lsa - og‘irim o‘zimga ortdim, ne bo‘lsa - o‘zim ko‘tardim ani... Yolg‘izga yukindim, yolg‘izning jabrin ko‘zlarimga surtdim, dilga boyladim. Sog‘indim, sig‘indim, ruhimning sabrin yolg‘izning poyiga tufroq ayladim... * * * Men - sog‘inch sharhini bitguvchi kotib – sog‘inchga aylangan qullarning shohi. Ruhimning qatqaloq qa’riga botib – o‘rlaydi sukutning sargashta ohi. Ko‘ksimda o‘sadi, cho‘kib tobora o‘rkach- o‘rkach g‘am barxanlari. Azob sho‘rishlari tillarin yora sitiladi ko‘hna dun arkonlari. Kanglum hurillaydi, kanglum to‘zadi, sabrim kosasida mog‘orlar toqat. Xohishim sindirar, royim ezadi, quriyotgan imkonim qat-qat. Bir-birin etagin tutgan bois ko‘p, boislar tortishgan, talashgan. Atrofimda ivirsib to‘p-to‘p g‘animlar chambarak qalashgan. Sen armon ko‘kida yozasan qanot, alamlar bag‘rimni kemiradi - och. Yuragim qovjirab, haliqqan bot-bot sog‘inchga bir tomchi suv tut qaldirg‘och! Men - sog‘inch sharhini bitguvchi kotib – sog‘inchga aylangan qullarning shohi. Ruhimning qatqaloq qa’riga botib – o‘rlaydi sukutning sargashta ohi. * * * Kavokib koqilin siladi osmon, chaqmoq qinidan sug‘urar tilin. Huv, olis dashtlarda yo‘rtib to‘rt tomon adashgan uyurin axtarar qulun. Bulutlarning shalvirab choki, suprasi teshilar ko‘zmunchokdarning. Eski ariqlarda rayhonlar oqib, ko‘zlari qonaydi qadim bog‘larning. Osmonning bepoyon kengliklarida uloqib-uloqib yig‘lar abrlar. Kasbi qo‘rg‘onining do‘ngliklarida sassizgina cho‘kar yerga qabrlar. Qo‘zigul isini taratar, ayo, naysonlar atrini ichadi g‘ulg‘ul. Men seni sog‘indim yomg‘irli Dunyo, men seni sog‘indim Qo‘zigul! * * * Yomg‘irdan so‘ng oyning sochini erkalab silaydi nasimlar. Sumanbarday ketar ochilib, yomg‘irdan so‘ng osmon tarsillab. Yomg‘irdan so‘ng yulduzlar chaqnab, nozlanar, karashma, ishvali. Yomg‘irdan so‘ng gullarni qaqnab lablarin so‘radi kishvari. Yomg‘irdan so‘ng ajib bir tusda er bilan ko‘k ketar qovushib. Yomg‘irdan so‘ng olis-olisdan eshitilar soylar dovushi. Yomg‘irdan so‘ng qiyani ko‘zlab – dashtlar o‘mganin keradi. Yomg‘irdan so‘ng yastangan bo‘zlar qo‘zigullar teradi. Yomg‘irdan so‘ng tarqar xilma-xil tashvishlar, sirlar, tangliklar. Yomg‘irdan so‘ng moviy, yam-yashil ruhimda uyg‘onar kengliklar. Yomg‘irdan so‘ng... Yom-g‘irr-dan so‘-o‘-ng...
| |
Просмотров: 1467 | |