Shukur Qurbon-She’rlari
VATAN HAQIDA BITIKLAR 1 Bobolardan qolgan ko‘hna aqida: Har kimning so‘zi bor Vatan haqida. Yozilib yashar u, toki tirikmiz, Zarhal harflar-la qalb peshtoqida. 2 His etmoq lozimdir dardlarni dildan, Aks holda xom so‘zlar chiqadi tildan. Vatan to‘g‘risida gap ketganida Fikrlab bo‘lmaydi oshqozon bilan. 3 Ortiqcha qiynamoq shart emas ongni, Ezgu niyat bilan kutib har tongni Va aylab mustahkam qalbda iymonni, Sevmoq lozim xolos O‘zbekistonni. 4 Xalos ixlosdadir, ixlosda-xalos, Yurtim qonunlarin odilligi soz! Bilsin bilmaganlar: demokratiya Bizda o‘ziga xos, o‘zimizga xos. 5 Xususiylashtirish bo‘lib, odamlar Ko‘p narsaga ega chiqdi bu damlar, Xususiy dardlarga ochildi keng yo‘l, Yo‘qoldi qaygadir umumiy g‘amlar. 6 Tanim sog‘, dilim tog‘ damlar ham keldi, Shodlikdan ko‘ksim tog‘ damlar ham keldi. Ba’zi g‘arib do‘stlar men kabi goh- goh Quvonsaydi, degan g‘amlar ham keldi. 7 El-yurt yillar bo‘yi kutgan hurlik bu, Buni tan olmaslik o‘ta surlik bu. Qur’oni Karimni nashr etib bergan Zamondan nolimoq noshukurlik bu. 8 Vatan, sensiz netardim men, Devonaday ketardim men. Gulzoridan ayro bulbul kabi faryod etardim men. Onam, dedim, bolang bo‘ldim, Ko‘ksingda oh-nolang bo‘ldim. Muhabbating tuyib jondan, Bu dunyoda odam bo‘ldim. Ko‘z ochib ko‘rganim sensan, Qizg‘onib yurganim sensan. Vujudim yo‘q bo‘lib ketar, Jonim sensan, jonim sensan. O‘zbekiston, O‘zbekiston. Baxtimga bo‘l doim omon. Doim ozod, doim obod Ko‘rsin seni jumla jahon. NAVRO‘Z Tun bilan tong erur tashbehda udum. Abdulla Oripov Ko‘kda parcha-parcha yulduz, Sirli-afsunli dunyo. Bir yulduz bor jahonda Tong yulduzi-purziyo. Qo‘llarida nurdan qilich, Tillarida nurdan so‘z. Tunga qarshi jangga kirar Osmon aro shu yulduz. Zulmatliklar rangi o‘char, Yuzlaridan qon qochib. Bu yulduz yuksak uchar, Qanotidan o‘t sochib. To‘kilgan qon to‘kilar Huv ufqlar ortiga Va quyosh chiqib kelar Minib kunduz otiga. Tun uzunmi? Kun uzun? Qay biri qadrliroq? Albatta, kun! Albatta!.. Lekin... tun qahrliroq! Mash’um yaldo tunida Lahzalarga solar chang, Onlarning ko‘kragiga Surkab chiqar qora rang. Shamollarning qo‘shig‘i, Deysan, nahot sim-siyoh? Sim-siyohmi daraxtlar? Sim-siyoh maysa-giyoh?! Qop-qora soy shovullar Shundoqqina yoningda. Nogahonda dovullar Uyg‘onadi qoningda! — Soy qorami? Qorami?.. Isyon jo‘shar qoningda. — Yo‘q, lojuvard! — Hayqirar Boshingda tong yulduzi! Tundan uzun bo‘lmoq shart Bu dunyoning kunduzi!.. Yana jangga kirar u, Qo‘llarida qilich-nur: — Hey, zulmat, kuning bitdi, Ming nola chek, ming oh ur!.. Qon to‘kilar, to‘kilar — Huv ufqlar ortiga, Va oftob chiqib kelar Minib kunduz otiga!.. Bora-bora erta chiqib, Kech botadi bu quyosh, Yorug‘lik farzandlarin Uyg‘otadi bu quyosh. Bora-bora ko‘proq kular Bog‘lar, bog‘lar havosi. Bora-bora kengayadi Yaxshiliklar safosi. Bora-bora kichrayadi Yolg‘onning bo‘y-basti ham. Bora-bora uzayadi Haqiqatning dasti ham. Navro‘z, sen shu sarhadda Dunyoga kelgan farzand. Sen — farzand jamoliga Yorug‘ dunyo ko‘ngli band. Bugun kecha va kunduz Teng kelgan ulug‘ kundir, Dunyo yaxshi-yomonga Keng kelgan ulug‘ kundir. Bugun uzun, bugundan Ertangi kunduz uzun. Ertangi kunduz aro Yongan to‘g‘ri so‘z uzun. El-ulus shu boisdan Ko‘targay seni boshda. Uylarini tark etib, Yayragay dala-dashtda. Yuraklarning to‘rida Bir-bir jo‘yak ochurlar, Qadr, mehr-muhabbat Urug‘larin sochurlar. Eng anvoyi hislardan Gulchambarlar to‘kilar, Muhabbatning yam-yashil. dostonlari o‘qilar. Doshqozonlar osilib, O‘yin-kulgu boshlanar, buni ko‘rib, yomonlar Jon-jahoni g‘ashlanar... Navro‘z, navro‘z, ogoh o‘l, Dunyoda dushmaning ko‘p. Dushmaniga beparvo Kimsaning pushmoni ko‘p. Chorla g‘ofil gullarni, Bog‘larni chorla, navro‘z. Yuraklar peshtoqida Tug‘ bo‘lib porla, navro‘z. USTOZ SHOIR HIKMATLARIDAN 1 Bunda yolg‘on urchigan, quloqning keragi yo‘q, Soxtaliklar behad, ko‘z-qaroqning keragi yo‘q. Nafsning zo‘rligidan yurakning o‘rnini ham — Oshqozon egallagan... Ko‘plarning keragi yo‘q. 2 Nafslar junbishga kelmishlar behad, Ko‘zlar ko‘r, quloqlar tom bitgan, faqat — Hamma bir-biriga og‘zini ochgan: Ber, der, der, yeyman, der beun, beshafqat. 3 Ikkinchi basharang qolgach ochilib, Xayollaring har yon ketdi sochilib, Aytilgan eng yumshoq gap-so‘zlarim ham U yer-bu yeringga o‘tdi sanchilib. 4 Mustabid davrda asab toblandi, Aytilgan har so‘z, har oh hisoblandi. Ko‘p shoirlar ko‘rib turib haqso‘zni Aytmagani uchun mukofotlandi. 5 Turlanib, tuslanib yashaysan ildam, Do‘stmi sen? Dushmanmi? Kimimsan, bilmam? Boqib zamonaga qay yuzing-la, oh, Aytursan bu so‘zni qaering bilan? SONET Oilani boshqara olmay qoldi u, Bilmaydi: adashdi qaerda, qandoq. Yurakda yurakni to‘ldirgan qayg‘u, Yurakda yurakni sirqiratgan oh. Xotin gap qaytarar, farzandlar qaysar, Qo‘l ham ko‘tarishar unga ba’zida. O‘zining uyida yot kabi yashar, Har xil so‘zlar chiqib ketar og‘zidan. Yo‘q, boylik, mol-dunyo emas, boshqa bir Muammo bor bunda, butunlay boshqa. "Sevib turmush qurgan edi-ku, axir..." Durustroq bir fikr kelmaydi boshga. His etmas xazonday tutayotganin, Xudoni tanimay o‘tayotganin. SOG‘INCH DARVOZASI 1 O‘g‘lim, sen borsan-u, nega yo‘qdaysan? O‘g‘lim, kul ostida qolgan cho‘g‘daysan. Bu kul nima, o‘g‘lim? Seni topmishdir, Gul umring bamisli xazon yopmishdir. Gul umr avvali, axir, g‘unchalik, G‘unchaning qismati, nahot, shunchalik: Sen sari borgali barcha yo‘llar berk, Damlar bark, kunlar berk, oyu yillar berk. Faqat yo‘llarida tikanlar sochiq Sog‘inch darvozasi menga lang ochiq. Taqdirdan qayga ham boarding qochib? Hayhot, bu darvoza senga ham ochiq. Unib-o‘smay turib, kulmay bir sho‘x-shan, Sening ham ko‘ksingga sanchilar tikan. Yetimcha, deyishsa, seni o‘ylayman, Seni qizg‘onaman, seni kuylayman. 2 Laylak keldi, yoz bo‘ldi, Qanoti qog‘oz bo‘ldi. Bolalik quvonchlari, O‘g‘lim, senga oz bo‘ldi. Dadang turib, dadasiz Qolganliging rost bo‘ldi. Sen bilmaysan, go‘daksan, Unutasan dadangni. Dadang, deb ko‘rsatarlar Senga boshqa odamni. Yetti yot begonaga Ergashasan "dada"lab. Dadang bunda yuradir, Ko‘ksiga g‘am qadalib. Ko‘ksimga g‘am qadalsa, Seni eslayman, o‘g‘lim. Bor ekaning ham — davlat, Qaddim rostlayman, o‘g‘lim. La’natlayman o‘zimni, La’natlayman onangni. Va senga "dada" bo‘lgan Yetti yot begonani. Sevgi bizni shu qattiq Savdoga qo‘ydi, o‘g‘lim, Boshimizni el aro G‘avg‘oga qo‘ydi, o‘g‘lim. Bu olamda ko‘zlar bor, Ahvolimiz ko‘rarlar. Bu olamda so‘zlar bor, Masxaralab kularlar. Kulgu bo‘lib har kimga, Shu jahondan o‘tarmiz. Yo‘l bo‘yiga chiqarmiz, Yo‘llarga ko‘z tutarmiz. Ko‘zlarimiz to‘rt bo‘lib, Bir-birovni kutarmiz, Shu jahondan o‘tguncha, Qop-qora qon yutarmiz. Laylak keldi, yoz bo‘ldi, Qanoti qog‘oz bo‘ldi. Bu dunyoning rohati, O‘g‘lim, menga oz bo‘ldi. O‘g‘lim turib, o‘g‘ilsiz Qolganligim rost bo‘ldi. 3 Mayliga, seniki bo‘lsin shu yomg‘ir, Boshingdan injuday sochilsin, o‘g‘lim. Yomg‘irday ezildi sensiz bu bag‘ir, Bu bag‘ir osmonday ochilsin, o‘g‘lim. Ko‘z qoram sen eding, hamon o‘zingsan, O‘ksib ulg‘ayursan xayollarimda. Tik qaray olmasman balki ko‘zingga, Yurak hovuchlarman savollaringdan. Balki savol bo‘lib singarman faqat, Mahzun tabassumli qorachug‘ingga. Balki ikki jahon qilolmas toqat Meni ko‘rging kelib, qilgan yig‘ingga. O‘shanda uningni yupatgil o‘zing, Ola qol, seniki bo‘lsin shu yomg‘ir. Otalar hamisha jumboqdir, qo‘zim, Qo‘zim, farzandlarga hamisha og‘ir. BOTIR ZOKIROVNING ARMONI Botir Zokirov kuylaganda qushlar tinardi, Botir Zokirov qo‘shiqlarin tosh ham tinglardi. Armon bilan ketdi, ammo buyuk bir hofiz, Yuragini tuz sepganday bir g‘am tilardi: "Navoiyni kuylolmadim estradada..." Yangragani chog‘da yuksak arabiy tango, Oq kiygan el xayolida ko‘kardi sahro. Faranglar ham tan oldilar farangistonda, Garmsellar ufurdi bu qaqragan jonga: "Navoiyni kuylolmadim estradada..." O‘lib ketar edi bevaqt, o‘lolmadi u, "Shoshma, ajal", dedi bir dard, yondi bir tuyg‘u, "Omonati Xudo jonim olasan, axir, Men tayyorman, bir orzuim ushalmadi-ku — Navoiyni kuylolmadim estradada..." Sharqu G‘arb, bu — ikki qutb, olam- ikki xil, Bir qozonda pishmaydi hech, qaynatgil ming yil. Bir-biriga rangi urib ketishi mumkin, Lekin mazmun o‘sha qolur, qolur o‘sha dil: "Navoiyni kuylolmadim estradada..." Gap nimada? Naqldami? Mohiyatdami? Ohang go‘zal, ijro go‘zal, qaerda kami? Balki vatan?.. Qo‘shiqning ham vatani bordir? Ming yillik chinorlarni ko‘chirib bo‘ladmi?.. "Navoiyni kuylolmadim estradada..." HAYOT TAFTI Sho‘rolar Xorazm kentlarin talab, Buzgan-yiqitgani yetmaganiday, Tasodif omon qolgan bir qal’a — Ichonni ham muzeyga aylantirdi. "Hay!.. Afsonaviy kentda odatiy turmush?! Es bormi bu xalqda? Nima degan gap?! Kerak odamlarni tezroq ko‘chirish, Eshik-teshiklarni qo‘ying tambalab!.." Kunduz-ku, bir navi, sayyohlar ila Shahar o‘z dardiga bo‘ldi andarmon. Biroq mezbonlarni axtardi yellar Bunda tun-kechalar sarson-sargardon. Ajinalar kezdi ko‘cha-ko‘ylarda, Egasiz qabrlar qoldi mung‘ayib. Chiroqlari o‘chgan bo‘m-bo‘sh uylarda Arvohlar sharpasi yurdi soch yoyib. Unsiz nola chekdi har bitta minor, Muazzinning azon toshiga tashna. Chaqaloq yig‘isin qo‘msashib bedor, Ranglar ko‘zlaridan oqizdi yoshlar. Ravoqlar piyoz-dog‘ hidin sog‘inib, Muzday o‘choqlarga ko‘z soldi mahzun. Ko‘tarmoq osonmi hijron dog‘ini, Ushladi shahar o‘z ko‘ksin-gumbazin. Pahlavon Mahmud-chi? Pahlavonligin Qo‘ydi, shoirligi tutdi va jo‘shdi. O‘tkinchi zamonning bu nodonligin O‘tkinchi tentaklik to‘piga qo‘shdi. Sohiblari yo‘lin poylab nigoron, Cho‘kdi madrasalar, devorlar g‘arib. Uch oy o‘tar-o‘tmas esa, beomon Ketdi shahar birdan yuz yilga qarib. Har nechun kechikmay olindi oldi Buyuk fojeaning, buyuk xatoning. Qal’a sohiblari qal’aga keldi Irodasi ila haq-taoloning. Demak, sas-sado ham, nur ham, hovur ham O‘ziga xosligin saqlar hayotning. Yo‘q ekan ularsiz, demak, surur ham, G‘urur ham qalbida odamiy zotning. Bu hikmat mag‘zi ham bebaho, laziz, Rivoyatlar so‘ylar turfa shevalar. Odamlar bor ekan, bordir shubhasiz Bu yorug‘ jahonda ko‘hna Xivalar. * * * Bizni bir-birovga qayrayotganlar, O‘zlari bir chetda yayrayotganlar. Ikkimizga ayri-ayri shaklda Dunyoni qorong‘u aylayotganlar. * * * Yonar o‘ng yonimda yuksak bir olov, Yonar so‘l yonimda yuksak bir olov, Ortda ham. Qochurman olg‘a — sen tomon, Shunda ham bu ishqqa ishonmas birov. * * * Yana sen, yana sening darding — bedavo, Yana men, yana mening qalbim — benavo. Bilaman Xudodan bari, hajr ham, Lekin sendan, sendan deyman men tanho. * * * Hammasi Xudodan — Parvardigordan, Uning hukmi ila dunyoda borman, Yaxshiman, yomonman, senga do‘st-yorman. Oshiqman, ojizman, mehringga zorman.
| |
Просмотров: 1578 | |