Приветствую Вас, Гость! Регистрация RSS

Турецкие Стихи

Пятница, 22.11.2024

Maqsuda Ergasheva-She’rlari
UYG‘ON, BOLAM

Alla aytay orom tilab,
Butun jahon uxlasin.
Motorlarga boshin qo‘yib
Uchqur zamon uxlasin.
Orom olib shabbodalar,
Jamiki jon uxlasin.
Faqatgina sen uxlama,
Sen uxlama, jon bolam.
Uyg‘on, bolam,
uyg‘on, bolam,
uyg‘on, bolam!

Sen uxlasang, bog‘laringdan
Qushlar uchib ketadir.
Xotirangdan avlodlaring
Yodi o‘chib ketadir.
Daryolaring qurib, sendan
Suvlar qochib ketadir.
Sen uxlama, jonim bolam,
Sen uxlama, jon bolam,
Uyg‘on, bolam,
uyg‘on, bolam,
uyg‘on, bolam!

Sen uxlasang, atrofingda
Yog‘iy mudom uyg‘oqdir.
Seni aldab nasibangga
Sheriklikka mushtoqdir.
Unda sening avlodlaring
Ko‘rgan kuni qiynoqdir.
Sen uxlama, jonim bolam,
Uyg‘on, bolam,
uyg‘on, bolam,
uyg‘on, bolam!

Farzandlari g‘ofil elning
Imoni ham uxlaydi.
Yomg‘ir-qorlar yog‘may o‘tar,
Osmoni ham uxlaydi.
Bog‘lar bitmay, o‘tlar unmay,
Imkoni ham uxlaydi.
Sen uxlama, jonim bolam,
Sen uxlama, jon bolam.
Uyg‘on, bolam,
uyg‘on, bolam,
uyg‘on, bolam!

Sen uxlasang qizchalarning
Tugmalari uzilgay.
Otalarning qoni, ona
Ko‘krak suti buzilgay.
Juvonlari o‘zin yoqib,
Shoir dili ezilgay.
Sen uxlama, jonim bolam,
Uyg‘on, bolam,
uyg‘on, bolam,
uyg‘on, bolam!

O‘ylamagil, yog‘iy bizga
O‘zga eldan keladir.
Har elning ham o‘zi tuqqan
Xoinlari bo‘ladir.
O‘zdan agar chiqsa balo
Qaydan davo bo‘ladir?
Sen uxlama, jonim bolam,
Uyg‘on, bolam,
uyg‘on, bolam,
uyg‘on, bolam!!!


QUTLOV

Toshlarning qatida o‘sgan mitti gul,
Nozik yaproqlaring muborak bo‘lsin.
Tiriklik tomiga ko‘tarib chiqqan
Yashil yaproqlaring muborak bo‘lsin.

Chechakjon, mittijon, yur, meni boshla,
Boraylik Orolning tuzliklariga.
Bostirib kiraylik xalqini sotgan
Xoin yuraklarning muzliklariga.

Har yili tug‘ilar O‘zbekistonda
O‘ttiz uch ming dona mitti tepalik.
Chechakjon, ko‘tarib bayroqlaringni
Ularning boshiga yig‘lab boraylik.

Chechakjon, mittijon, qani, yo‘l boshla,
Beton qasrlarning oralariga.
Buyuk og‘asidan til so‘rab turgan
O‘zbekning o‘zbegi bolalariga.

Chechakjon, mittijon, qutlug‘ kelibsan,
Ko‘zimga surtayin oyoqlaringni.
Boshimga ko‘taray seni, chechakjon,
Shu yashil, shu mitti bayroqlaringni.


KURSILAR POYIDA

Yumshoq o‘rindiqlar, baland kursilar,
Bilmadim, qandayin bordir sehringiz.
Yerda, yakandozda o‘ltirib kelgan
Xalqning farzandlarin tortdi mehringiz.

Kursilar poyida mehnat qilar el,
Kursilar poyida cheksiz dalalar.
Ba’zan loqaydlikdan o‘ksinadi dil
Uning jafosini tortsa bolalar.

Zanjirband etilgan suv omborlarga,
Kursilar poyida Amu bilan Sir,
Qilichdek yarqirab, mavjlanib emas,
Ip kabi eshilib oqmoqqa majbur.

Oh tortar, ohidan tuz yog‘ar elga,
Hayot tomirlari qirqilgan Orol.
Kursilar poyida o‘zin yoqmoqda,
Bizlar farishta deb topingan ayol.

Ko‘zingni ochsang-chi, sahovatli xalq,
Axir bu kursilar bekor berilmas.
Sen hali bu yog‘och kursilar uchun
Yurak qoning bilan to‘laysan evaz.

Birovlar kursi deb tilini sotdi,
Birovlar kursi deb sotdi vatanni.
Parchalab burdalab, uzib sotdilar,
Turkiston atalgan buyuk bir tanni.

Birovlar kursi deb buzib tashladi
Bobolar ko‘milgan mozorlarini.
Aytgil, bu kursini qayga qo‘yursan,
Oyog‘ing ostida zamin yo‘q axir.

Ko‘zingni ochsang-chi, sahovatli xalq,
Kursidan tush endi, Movarounnahr...
Категория: SMS SHERLAR, SEVGI HAQIDA SHERLAR (21.10.2013)
Просмотров: 1100 | Рейтинг: 0.0/0