Xurshid Davron-She’rlari (2)
URUSHDA HALOK BO'LGAN NURIDDIN TOG'AMGA ...Sovuq shamol meni quvadi, Sokin shahar ko'chalarida. Qizlar esa meni sevadi Olis bahor kechlarida. Sizni sevgan u qiz tirikmi? Qiynaydimi muhabbat rasmi? Tunlar uning boshi egikmi? Nuriddinmi o'g'lining ismi? * * * Bizlar juda aqllimiz, Ming o'lchab,bir kesamiz. Yashasin,deb,xalqimiz, Mansablarda o'samiz. Bizlar juda aqllimiz, Qiynalmaymiz dil titib, Cho'milmaymiz daryolarda Cho'kib ketish mumkin, deb. 'Uzilganda yashil yaproq, Titrama,evini qil, Hayajondan bo'l,- der,- yiroq' - Oq xalat kiygan aql. Bizlar juda aqllimiz, Ba'zan kun-tun o'ylaymiz, 'Bu buyumni qayga qo'ysak Go'zal bo'lar uyimiz'. Garchi kutar,qalbda o'kinch Olislarda onamiz. Qo'msamaymiz - chunki sog'inch Egovlaydi umrimiz. 'Sog'inibdi?! . O'tar-ketar, Bir kun borib kelamiz'. Boshqa ishga qo'l uramiz, Chunki biz aqllimiz. Oydek toza qizni sevib, Termilib gul yuziga, Keyin esa uylanamiz Amaldorning qiziga. Raqibga tig' bilan chiqmoq - Dahshat! Nima qilamiz?! Axir bizlar aqllimiz, Makr bilan yanchamiz. ...Bir kun o'lsak,ustimizga Ulkan toshni qo'yishar Va albatta o'sha toshga Aqlli so'z o'yishar. * * * Shunday yashil mening Vatanim - Bahorning ilk bargiday yashil. Shunday go'zal mening Vatanim - Vatanim gul atridek yoshdir. Vatan,sensan bag'rimga monand, Bag'rim kabi musaffo, yorug'. Sen onamga o'xshaysan, Vatan, Onam kabi tabarruk, ulug'. Shunday yorug' mening Vatanim - 'Men sevaman' so'zidek yorug'. 1976 * * * Men sizni sevaman yalpizlar atri, Qushchalarning sarxush sayrog'I bilan. Men sizni sevaman terakzor sayri Daryolar to'lqini,qayrog'I bilan. Men sizni chorbog'lar ko'ksimga bitgan Tip-tiniq kayfiyat bilan sevaman. Men sizni yaproqlar rangiga uyqash Bokira muhabbat bilan sevaman. Men sizni qorlarning ajoyib raqsi, Yomg'irlar shiviri bilan sevaman. Sevaman hovuzda cho'mgan oy aksi, Shoxlarning shitiri bilan sevaman. Men sizni sevaman O'zbekistonning Abadiy yoshligi, haybati bilan. Men sizni sevaman Afrosiyobda Ko'kargan maysaning hayrati bilan. 1980 BOLALIK HAQIDA SHE'R Hali unutganimcha yo'q daraxtlarning tilini, qushlar bilan lug'atsiz so'zlasha olaman - Hali unutganimcha yo'q. Haliyam ishonaman va qayg'uraman yulduz uchsa tungi osmondan. Maysalarni majaqlamayman - maysalar daraxtga aylanishiga ishonchimni yo'qotmabman hali. Hamon qo'rqaman - bolalikda qo'shnimizning itidan, ertak kitoblarim tugab qolishidan qo'rqardim. Bugun esa onamning oppoq sochlariga boqib qo'rqaman... 1980 ERIB KETAR XIRA TUMANLAR Erib ketar xira tumanlar, Kapalakday uyg'onar yalpiz. Osmon ummon bo'lib tuyular, O'tlar uzra chopqillaydi ko'z. Qayrag'ochning guli - mitti jom Jaranglaydi - taralar atir. Tushlarimga kiradi oqshom Maysalarni quchoqlab adir. Shamol yelar erkin, quturib, Quriy boshlar tomlar to'sini. Gullayotgan olchani ko'rib Derazalar ochar ko'ksini. Yoritgancha to yurak ichin Sabza o'tlar shabnamga qonar. Vatanini sog'inmoq uchun Yer ostida jangchi uyg'onar. 1980 DERAZANING RAXIDAN QORNI... Derazaning raxidan qorni Kuzatadi tuvakdagi gul. Tashqarida yoqqanida qor, Uyda kitob o'qigan ma'qul. Tashqarida yoqqanida qor, Bu o'y surib ingramak demak Va chiroqni o'chirib qo'yib, Oppoq shamni yondirmoq kerak. Tashqarida yoqqanida qor Ko'chadagi chiroqda porlab, Qanday yaxshi,mayus, baxtiyor, Qiz tashrifin o'tirsang poylab. Qanday yaxshi - kuztmoq to'yib Tashqarida yoqqan oq qorni, Hech bo'lmasa oldingga qo'yib O'tkir sharob, bir burda nonni. Biroq,nechun chidamas yurak, Kiyinaman asta, bemador - Qiyin ekan uyda o'tirmak Tashqarida yoqqanida qor. 1980 KERAK BO'LSA... Kerak bo'lsa qilich uchida Yasha,sevgin sen Majnun bo'lib! Sariq rangli gullar ichida Ochil keyin qizil gul bo'lib! Dilingdagi so'zni ayt faqat, Baxtli qilgin suygan ayolni. Unga sen zar,tillani emas, In'om etgin oyni,shamolni. O'chingni ol yovdan, zulmatdan, sotqinlardan, eng oxir maydan. Son-sanoqsiz teraklar aro Eng baquvvat chinorga aylan. Atrof yolg'on bilan to'lganda, Ichga yutib titroq nolani Chollar soqov bo'lib qolganda, Olqishla chin so'z aytgan bolani. 1980 MEN SEVAMAN... - Men sevaman, - shivirlar ayol, - kirlaringni yuvib beraman, dazmollayman ko'ylaklaringni seni quchgan qo'llarim bilan. Faqat bir kun yoningda yotib jilmaygancha shivirlasam bas: 'Yuragimning ostida kimdir xuddi sendek olmoqda nafas'. 1979 BO'LDI, YETAR, TERMILMANG OYGA... Bo'ldi, yetar, termilmang oyga, Ha, bilaman, oy juda go'zal - To'yib bo'lmas bunday chiroyga. Yetar endi, termilmang ko'kka, Garchi oils yulduzlar xuddi Sirdosh kabi yaqin yurakka. Yetar, aytmang: - O, hilol botar! O, kahkashon, sap-sariq tulpor Dumi kabi sochilib yotar. Yerga boqing: xuddi shu chog'da Yulduzlardan ulkan maysalar Bosh ko'tarib chiqib kelmoqda. 1980 SO'Z - QUSHDIR... So'z - qushdir, avayla qushni. Avayla, ko'ksingda unga sen in qur. Qanotlarin sila, erkala, o'z qoningdan ichirgin qushga. She'r uchayotgan qushga o'xshaydi, quyoshga talpinar u uchib-uchib. She'rning to'rt satri - qafas bo'lmog'i, osmon bo'lmog'i mumkin so'z uchun. 1979 DARYO YO'QDIR SOCHINGDAN BOSHQA... Daryo yo'qdir sochingdan boshqa, To'lqinida oqay desam. Ko'zingdan boshqa yulduz yo'q, Qaray desam,boqay desam. Ismingdan boshqa bir so'z yo'q, Aytay desam, to'yay desam. Ko'zingdan boshqa yulduz yo'q, Olovida kuyay desam. Mehringdan boshqa kunduz yo'q, Suyaklarim toblay desam. Ko'zingdan boshqa yulduz yo'q, O'zga yo'ldan ketay desam. 1980 ZA'FAR QIRDA Za'far qirda saman otning Kokilini oy o'par. Oy nurlari sukunatni Cho'miltirar, yayratar - Za'far qirda saman otni Kechaga hadya etar. Qorongida yaltiraydi Saman otning ko'zlari. Tun qo'rqadi, qaltiraydi, Tun ko'zida shubha bor: Olib qochib ketmasmi deb Sukunatni bu tulpor... 1980 BIR MIZG'IB TURSAM... Bir mizg'ib tursam, bahor kiribdi, Keyin yoz, keyin kuz... Keyin qahraton... Qancha uxlab turma, kuraging Uzilmaydi yerdan hech qachon. Kirib kelmas faqatgina erk, Uning uchun uyg'onmoq kerak... 1986 U HAMMADAN OLDIN OSHIQDI... U hammadan oldin oshiqdi - dahshatdan titragan barmoqlarini qo'yniga yashirib ko'chaga chiqdi. Chiqdi-yu bo'g'ziga tiqilib qolgan qo'rquvni baqirdi - cho'chib uyg'ondi olis-yaqindagi barcha qo'rqoqlar... 1986 * * * 'Devorning qulogi bor' - deydi kar odam, Tongni kutib o'tirgan ko'zi ko'r odamga... 1986 TABASSUMING YODIMDA HAMON... Tabassuming yodimda hamon, Yodimdadir xandon ko'zlaring. Kulgularing eslayman, bu on Unutilgan yolg'on so'zlaring. Atirgulning bargiday qizil, Alvon edi tabassuming ham - Ey ko'zlari xandon urgan qiz, Nahon sendan qoldi faqat g'am?! Men bilaman,eng so'nggi palla Jonsiz qolib,sirg'alsa qo'lim, Sening:sening tabassuming-la Ko'zlarimga boqadi o'lim. 1986 SODDA SHE'R Shoirlardan ayrilmasin g'am, Yaprog'idan ayrilmasin tol. Ayrilmasin bayroqdan shamol, Ayrilmayin sendan hech men ham. Tong quyoshni osmonga bersin, Quyosh gulga baxsh etsin yaproq. Ishqim dilda bir umr tursin, Dunyo tursin mangu va titroq... 1986 ERTAKLARDAN BIRI Men Garsia Lorka... yo'q-yo'q, Pol Elyuar... yo'q-yo'q, Pablo Neruda... menimcha, Abdulhamid Cho'lpon she'rini o'qiyotgandim - nigohimni to'xtatdi so'zlarning biri... Ko'z oldim yorug'lashdi. 'Nahot, eshitmagan bo'lsang meni', - dedi so'zlarning biri. 'Yo'q',-deya bosh chayqasam, qiqirlab kuldi so'zlarning biri. 'Demak,hali dunyoni bilmas ekansan',- dedi so'zlarning biri. So'ng qo'limdan ushlab, etaklab ketdi so'zlarning biri... Tog' oshdim, daryo kechdim, ufqlar tomon shoshdim - sovuq qotsam, isitdi, och qolsam,nonga aylandi so'zlarning biri... Yuksak-yuksaklarga talpinib bordim - Qo'llarimdan ushlab boraverdi so'zlarning biri... 'Olis-olislarda bitta vodiy bor - unda quyosh bor, mehr bor, muhabbat bor. Qalbing o'sha yerda',- dedi so'zlarning biri... 1986 * * * Bu odamlar hasratga to'lib, Qanday o'yni surib borurlar? - Tongni olib kelmoqchi bo'lib, Tun qo'ynida yurib borurlar... Bu odamlar yuragi kuyib, Qay manzilni ko'zlab borurlar? - Ular oson yo'llarni qo'yib, 'Xalqim' - deya bo'zlab borurlar... Bu odamlar ko'ksi-bo'g'zidan, Ko'zlaridan nega oqar qon? - Bu odamlar to'kkan qonlardan Tun qo'ynida ko'karadi tong! 1986 * * * Tishlangan olmasi, Bitmagan she'ri - Ortda qoldirgani shu bo'ldi faqat. Uni yutdi birdan zulmatning qa'ri, Pichirlab qoldilar: 'Zamon beshafqat!' Xotini qornida bolasi qoldi, Ko'zlari ko'r bo'lib onasi qoldi. Uni olib ketdi temir bir qafas - Bir odam dunyodan izsiz yo'qoldi. Bitmagan she'rini o'tda yoqdilar, Beva ham ko'k rangli libosin echdi. 1987 * * * Dardlarimni aytsam tunlari, - Jim o'tiring,- deydi xotinim. Qo'shiq aytsam, xirgoyi qilsam, - Jim bo'ling! - deb baqirar qo'shnim. Jaranglab ketsa kishanim, - Jim bo'l, - deydi qari dushmanim. Gulzor aro sayrasa bulbul, - Jim bo'l! - deydi so'lgan atrgul. Raqs tushsa, xandonlar otsa, - Jim o'tirgin, - deyman bolamga. - Jim bo'l,etar, - deb baqiraman Dilimda bo'zlagan nolamga. Jimlik - mening umrim hayotim, Jimlik - mening so'nggi faryodim. Jimlik aro aqlga basma-bas Faqat yurak... yurak jim emas... 2001 KUZ Yana tinmay shitirlar yomg'ir, Yana dilda bir mung titraydi. Yana qora tortdi dala-qir, Yana olam birdan kichraydi. Yurak sharob ichgisi kelar - Sarmast bo'lib dildagi armon Quvonch istab uchgisi kelar Quyoshi yo'q osmonlar tomon... 2003 * * * Olis-olislarga ketmoq istayman, Havoli joylarga,yuksak joylarga. Bitta she'r yozmoq istayman - O'xshasin kuzdagi to'lin oylarga. Bahorgi qirlarda chechak shiviri She'rim so'zlarini senga etkazsin, Mening armonlarim, Mening dardlarim Sen kezgan bog'larni intizor kezsin. Bir paytlar sochlaring silagan shamol Tunlarning qa'ridan yonimga qaytsin. Daryo bo'yidagi so'nggi majnuntol Qirq kecha dardimni suvlarga aytsin. Men ham o'sha daryo ortidan boray, Bo'linib-bo'linib ketay soylarga. Men ham o'sha suvlar ortidan boray, Havoli joylarga,oydin joylarga. O'sha olislarga etib borsam men - Chekkan hasratlarim tamom bitarmi, Xuddi anordayin qalbim yorsam men - O'sha bitta she'rga qonim etarmi?!: 2001 SAMARQAND XOKKULARI Buyuk Rauf Parfi xotirasiga bag'ishlayman 1 Shohizinda uzra yuksaladi oy. Zinalardan pastga tushirar Xazonlarni ishqdan mast shamol. 2 Afrosiyob bo'ylab kezaman - Ko'rmaymanu yonimda kimdir Nafas olayotganin sezaman. 3 Erta bahor. Qabriston. Qabr uzra o'sgan qizg'aldoq Bilan o'ynar rangin kapalak. 4 Sukunat yolg'izligi, Yolg'izlik sukunati Aro sarson kapalak. 5 Afrosiyob uzra oy Balqib chiqib uyg'otdi Siniq sopol parchasin. 6 Oy nuri jilvalandi Qo'limdagi qadahga - Yurakdagi qayg'uday... 7 Nega buncha zirqiraysan, dil? Nega buncha xirasan, hilol? Hamdard bo'lay qay biringizga?.. 8 Bu o'choqda qachonlardir o't gurkiragan. Hozir esa faqat qayg'u Uyg'otar dilda. 9 Kechagina yer teshib chiqib Menga nimalarni shivirlaysan Ey ertaga so'lguvchi chechak? 10 Ey,Boburning sog'inchli bayti Yuragimni qiynamoq uchun Kelaverasanmi qaytib-qaytib?.. 11 Shamollarga bo'ysunding Bo'ysunding bo'ronlarga Nega menga bo'ysunmaysan,dil?.. 12 Meni qiynash shuncha rohatmi? Labingning chetida turadi mudom Sovuq tig'ing - nim tabassuming. 13 Oyga uzoq termilib qoldim - Ketolmadim bir qadam bosib. Hatto seni,ey yuragim, unutib qo'ydim. 14 Tog' shamoli,yuragimni Olib ketgin o'zing bilan. Shasharda olchalar gul to'kib bo'ldi. 15 Tushlarimga kirdi bahorda Bargixazon boshlangan kunlar. Yuragim - bezovta qush... 16 Tengdoshlari urushsa - Nima qilishni bilmay Ko'zyosh to'kardi o'g'lim. 17 Kimni eslayapsan, kimni sog'inding, Ey egalari ko'chib ketgan hovlida Necha yil gullamay gullagan olcha? 18 Afrosiyob tepaligida Kimning nafasini yer yuziga Olib chiqding, lolaqizg'aldoq. 19 Havo tiniq, beg'ubor. Bulutlarning karvoni Go'ri Mir uzra suzar. 20 Bahorgi yomg'irlar tindi - Yarqiradi osmonda Go'ri Mirning gumbazi. 21 Sen shunchalar rostgo'ysan, Mana shu rostgo'yliging Aldab keladi meni... 22 Uzoqlarga ketdi kuz - Xuddi ma'yus daydi qiz. Endi u qaytarmikan? 23. GUL BARGIDA SHABNAM TOMCHISI Bunchalar chiroylisan, Bunchalar ham shaffofsan - O'limdan qo'rqmay qo'ydim! 24 Bog'larda bargixazon. Hassaga suyangancha Chol nimani kutmoqda? 25 Ostonada to'xtab qoldim. Birinchi qor qoplagan Yo'lak bunchalar go'zal! 26 Sen shunchalar rostgo'ysan-ki, Yurakdagi sirlarim Qiyin senga ochmog'im. 27. DO'STIM SHAVKAT RAHMONGA Hamdard izlagan chog'im To'satdan seni eslab Zirqiradi yuragim. 28 Dardlarimni aytay deb Seni izlab borgandim - Derazang qop-qorong'u. 29 Kelib-kelim men hali Senga dardim aytdimmi, Bulutlarga yashiringan oy?! 30 Koshki meni tushunsang, Koshki dardimni bilsang, Mendan xafa yurgan do'st! 31 'Duk-duk' urishdan boshqa ishi yo'q - Seni unutdi yuragim, Tamom unutdi. 32 Olis tog'lar aro yastangan dala. Poda boqib yurgan qo'ychuvon bola Falakda suzib yurgan kemadan ko'zin uzmas. 33 U hayotdan to'ydi dedilar, U sevmasdan qo'ydi dedilar - Buyuk qalbli inson haqida. 34 Uzilgan atirgul Hali o'lgani yo'q - Hali bo'y taratar umidvor. 35 Qorga baribir - Gullab turgan chechaklarni ham, Jonsiz toshlarni ham bir tekis yashirmoqda. 36 Shaftoli gullari to'kilar Rauf Parfi qabri ustiga - Qanchalik mehribonsan,bahor! 2000-2005 yillar.
| |
Просмотров: 2625 | |