Abdusaid Ko'chimov-She’rlari
JAVOB Bir nihol ekdingmi Vatan bog‘iga, Mehringni to‘kdingmi cho‘l, yantog‘iga, Gullarga chang-g‘ubor qo‘ngan chog‘ida Arta biloldingmi chang-u g‘uborni – Desalar, yurtdoshim, javobing bormi? Bitta g‘isht qo‘ydingmi maydonlariga, Bir vassa o‘ydingmi ayvonlariga, Bir misra qo‘shdingmi dostonlariga, Kurab tashladingmi tomlardan qorni – Desalar, yurtdoshim, javobing bormi? Kimdir uzib ketsa dilbar gullarni, Kimdir buzib ketsa sarvar yo‘llarni, Kimdir ezib ketsa muztar dillarni, Duosin oldingmi mehrga zorni – Desalar, yurtdoshim, javobing bormi? Urush-janjallarga xamirturushlar, Illatfurushlar-u, millatfurushlar, Afif osmoningga qilsa xurujlar, Hosud haqirlarga tikdingmi dorni – Desalar, yurtdoshim, javobing bormi? Javobing bo‘lmasa mumtoz-mukammal: Qo‘lingda zulfiqor, belingda kamar, Duldul tulporingga yor bo‘lsa qamar — Yo‘ldoshing sab’ai sayyor bo‘ladi, Muqaddas javobing tayyor bo‘ladi. TANTI O‘ZBEK Saxovatli saxiy kuzdek Saodatli eldir o‘zbek, Buqabo‘yin – man-manlarga Parvo qilmas janda-bo‘zdek. Jahondagi biron millat, El-ulusdan yo‘qdir kami. Yulduzlardek boqiy qudrat – Ajdodlarin qutlug‘ sha’ni. Bobolarin qancha xalqlar Bizniki, deb talashadi. Bunday sharaf – shoyon taxtlar O‘zbekka xo‘p yarashadi. Azal-abad sochar yog‘du "Avesto”dek bo‘stonlari. Jasoratga jasur ko‘zgu "Alpomish”bek dostonlari. Do‘stlariga mehri quyosh, Do‘stlariga qurbon joni. Pashsha kabi ezar, bebosh Allop-qallob, bevafoni. Havas bilan boqar dunyo Tog‘day ko‘rkam savlatiga. Dur mahliyo, nur mahliyo O‘zbekiston davlatiga. Ne-ne fotih, ne-ne hoqon Sinab achchiq omadini, Ega olmay tutdi motam O‘zbekning alp qomatini. MIRZO ULUG‘BEK HAYKALI QOSHIDA Yulduzlarni sanash mumkindir balkim, Hisoblash mumkindir sayyoralarni. Sanab sanog‘iga yetolmas hech kim O‘zbekzamindagi allomalarni. Mana, ming yillarkim hayratda bashar Beruniy, Navoiy, Kubrolarimga. Yana ming asrlar ta’zimga shoshar Mirzo Ulug‘bekdek daholarimga. ETYUD Zangor tog‘lar orasida Nurkapalak galasiday, Oy nurida jilolanar Oqqushlarning bolasiday. Sadafmi yo shakar qaymoq, Yo jom to‘la kumush tanga. Yo bir etak, yo bir quchoq O‘rik guli – oq alanga. Patir-putir qilar go‘yo To‘rga tushgan baliqchalar. Ipakmi, oqilonmi yo Mildiragan ariqchalar. Taqsimchada chosh balxitut, Qaynab toshgan bir kosa sut; To‘dasidan ajrabmi, yo Chopayotgan nuqra bulut. Oyisiga solmay quloq Tepalikdan misli yelday Uchayotgan sho‘x qizaloq Emasmi bu – mitti buloq? Yugurganda qiqir-qiqir, Qiqirlaydi qoyayu qir. Yo‘llariga to‘shaladi Yashil dala, o‘ru adir. Oh, buloqcham, oq buloqcham, Kokillaring taram-taram, Nurga to‘lsin oydin yo‘ling, Aslo ko‘rma tashvish, alam. Sinovlarning o‘chog‘idan Sog‘-salomat o‘tib olgin. Nahru ummon quchog‘iga O‘ynab-kulib yetib olgin. FIZIKLAR FALSAFASI Bir-biriga muhabbat Bo‘lmasa bu dunyoda, Sayyorayu qit’alar Aylanardi ro‘yoga. Mehr nuri olamga Mangulikni baxsh etdi. Nyuton shu mehrdan Buyuk qonun kashf etdi. LOLAZOR Cho‘qilaydi yaproqlarini Shamollarning zaxcha — qushlari. Tig‘day botar dudoqlariga Kapalakning so‘yloq tishlari. Har epkindan muruvvat kutib, Har larzadan chekmas nolalar; G‘ussalarin ichiga yutib, Yashnab turar qirmiz lolalar. Ma’ruf Jalilning so‘zi Hayotda birovga bermadim ozor, Hayotda birovning yo‘lin kesmadim. Balki, shuning uchun qadru e’tibor Topolmay yashadim, unib-o‘smadim... Birovni qo‘llashga yetmadi kuchim, Do‘stlar quvonchiga qildim havaslar. Ammo, izlarimdan malomat-piching Toshini otdilar ko‘p yaramaslar. Doimo tislanib, aylanib qochdim, Ular-chi, soyadek chopdi izimdan. Kimga mehrim sochdim – quchog‘im ochdim, Jolalar oqizib ketdi ko‘zimdan. Qismatim shul ekan, Tangrim, netayin, Ezib-yancholmadim nokas - kaslarni. Endi o‘zimga ber, olib ketayin Dunyodagi barcha yaramaslarni. O‘ZBEK NEGA UXLAMAYDI? (Hazil) O‘zbegimning tantanayu to‘ylari ko‘p: Yugur-yugur shomu sahar to‘xtamaydi. Yarmi bedor – elu yurtga osh beray deb, Yarmi esa – osh yeyman deb uxlamaydi. BAXT (Ozod Sharafiddinovning o‘giti) Baxt qani, qayda deb, chopma, og‘ayni, Shoyon o‘ylaringni etmagil karaxt. Chinni piyolangga quyilgan choyni Bitta ho‘plamoqning o‘zi oliy baxt. QISMAT U orzu qilardi burgutdek kezib, Hammadan balandda turishni. Kimnidir oyog‘i ostida ezib, Kimningdir ustidan yurishni. Qismat tirigida qilmadi vafo, Mana, niyatiga bugun yetishdi: Xaloyiq uyidan qabrgacha to, Yelkada ko‘tarib ketishdi. SHIVIR-SHIVIR Yomg‘ir, do‘lga qilmayman parvo, Cho‘chimayman g‘ovur-g‘uvurdan. Hayiqaman tomchidan ammo, Va qo‘rqaman shivir-shivirdan. SHAMOL Yengil narsalarni izlaydi shamol, Yengil narsalarni poylab yotadi. Yengil narsalarni topdimi, darhol, Ko‘kka olib chiqib, yerga otadi. O‘RMONDAGI QOIDA Yovvoyi o‘rmonning qonuni buldir: Muqim turaverar mayda pattalar. Katta daraxtlar-chi, kesilar "shir-shir”, Kesilib ketadi doim kattalar. QO‘RQMASANG U yoqqa o‘tsam ham turtasan, Turtasan, bu yoqqa o‘tsam ham. Nimadan bunchalar qo‘rqasan, Bir urib yiqit-da, qo‘rqmasang. SHOH EDIPNING ARMONI O! Kelsaydim dunyoga qaytib, Shoh bo‘lsaydim yarim jahonga. Toju taxtga rahmatlar aytib, Topshirardim Shukur Burhonga. O‘ZIMGA NASIHAT Yomonlarga yo‘lama yaqin, Yomonlikni unutgin tezda. Yaxshilikni unutma lekin, Yaxshilarni har kuni esla. MAQTOV Sizni maqtaganni seving, erkalang, Men ham maqtovchiga murid – firqaman. Maqtovchi zotlarni suyaman, ammo Hadeb maqtagandan juda qo‘rqaman. MORBOZ Qir chetida yolg‘iz xonadon – Ovloq edi qirning bu beti. Bu tomonda ko‘p edi ilon, Bu uyda ham ilon ko‘p edi. Yotar edi bedapoyada, Sirg‘alardi tokzor oralab. Goh qo‘rqinchli, sirli soyaday, Turar edi shiftda mo‘ralab. Ajib ekan, insonda havas U ham dilda xush sehr tuydi. Hayvon yoxud qushlarga emas, Ilonlarga mehrini qo‘ydi. Ajabsinib qaradi hamma, Ota-ona norozi bo‘ldi. Ilonbozlik havasi, ammo Havaslarning dorozi bo‘ldi. Birga o‘sdi ilonlar bilan, Eslamadi xavfu xatarni. Tunlari bu sovuq maxluqni, Quchog‘ida olib yotardi. Odamligin unutdi odam, Ilonligin ilon unutdi. Ikki qutb – ikkita olam, Bir vujudga aylanib ketdi. Dovrug‘ soldi ilon o‘ynatib, Dong‘i yulduzlarga qo‘ndilar. Morbozlarni qo‘ydi o‘ylatib, Qoyil qoldi hatto hindular. Ko‘plar unga tashakkur aytdi, Ko‘plar kuldi, ko‘plar kuldirdi. Hayhot! Bir kun tomosha payti Uni ilon... chaqib o‘ldirdi. RUBOIY Oh, oh! Oyda qatra dog‘ni ko‘rmadim, Oynaday osmonda zog‘ni ko‘rmadim, Ammo kayfim uchdi zaminga boqib, Bittayam bag‘ri but, sog‘ni ko‘rmadim. TELEVIZOR Hayotning eng tiniq oynasi edi, Tomosha qilardik butun dunyoni. Kurash maydoniga aylandi endi, Bugun u chinakam kurash maydoni. Qit’ani qit’adan surishi mumkin, Osmonning yuzini mumkin burishi. Xudo ko‘rsatmasin, boshlashi mumkin Hatto, navbatdagi jahon urushin. SAVOL Hargiz iltimosga kuning qolmasin. Abdulla Oripov Men ham iltimosdan to‘yganman, ustoz, Otarga o‘qim yo‘q, ko‘rarga ko‘zim. Ammo qay manzilga bosh urmay, bexos Yana: "Iltimos...”dan boshlanar so‘zim. Iltimos qilmasang, qovoqlar uyuk, Zichlab quloqlarga tiqilgan paxta. Miq etmas qarshingda o‘tirgan "buyuk”, Dimog‘dor qarashlar sovuq va soxta. Iltimos qilmasang, goh yaqin kishing, Galga solib tursa, qilib tursa noz; Iltimos qilmasang, bitmasa ishing, Ayting, ne qilaylik, muhtaram ustoz? QUDUQDAGI TOSH Quduqning tubida miltillagan tosh, Yolg‘iz odam to‘kkan yoshga o‘xshaydi. Yolg‘izlik dardiga duchor bo‘lgan bosh, Quduq tubidagi toshga o‘xshaydi. Sening ko‘zlaring ham to‘lgandir yoshga, Yolg‘izlik dardiga mubtalo boshsan. Do‘stu yoroning yo‘q o‘zingdan boshqa, Sen ham quduqdagi bechora toshsan. TOMCHI Tomchidan ogoh bo‘l, yomg‘irdan emas, Tomchi tashvishingga tashvish qo‘shadi. Bobolar har so‘zni bekorga demas: Tomchi tomaversa, toshni teshadi. JINNILAR Jinnixonalarda davolar edi, Aqli noqislarni, esi pastlarni. Pana-pastqamlarda kimlardir endi, Tabib qilmoqchimish shunday kaslarni. Terrorchi niqobda yuzini to‘sib, Padarkush xudkushlar ustidan kular. Yo tavba, dunyoni to‘zg‘itib – buzib, Qayta qurar emish endi jinnilar. SOYA Hadeb ko‘kragingga mushtlama, hadeb Huda-behudaga yirtmagin yoqa. O‘ziga shunchalar bergan bilan zeb, Baliq bo‘libdimi biron qurbaqa! Daryolar oqdimi kiyman – teskari, Mangudir falakka tutash qoyalar. Ey, soya, befoyda chiranishlaring, Axir vaqtinchadir barcha soyalar. Shu oddiy hikmatni sezmaysan nechun? Nechun o‘z-o‘zingni sanaysan qoya? Seni bu dunyodan yo‘q qilmoq uchun, Ipakdek bir qatim shu’la kifoya. HOLAT Sen beayov yondirding – yondim, Suyaklarim charsillab yondi. Tanam laxcha cho‘g‘ bo‘lgandan so‘ng, Ichimda zo‘r yong‘in uyg‘ondi. Seni shartta olovga otdim, Tinib ketdi, ko‘zlarim tinib; Endi esa labda tabassum, O‘tiribman cho‘g‘da isinib. * * * Shu kasning yo‘lida nega ko‘kardim, Kim menga duch qildi bu kasni? Boshidan tillolar to‘kardim. Shu kasni yo‘q qilgan nafasni. Bilaman, to o‘la-o‘lguncha, Aslo tinch qo‘ymaydi bu g‘anim. Bu badbin kasga teng bo‘lguncha, O‘lganim yaxshiroq, o‘lganim. ELEGIYA Mitti kurtak, momiq gul bo‘ldi, Dovchalarga aylandi gullar. Dasturxonlar mevaga to‘ldi, Huzur qildik necha o‘n yillar. Hosil qilmay qo‘ydi qariya, Guldan qoldi, mevadan qoldi. Hayot shu-da. Qismat shu, deya, Kesib, chopib, o‘choqqa soldik. Olovida pishirdik taom, Laxcha cho‘g‘in soldik sandalga. Erta-indin, xullasi kalom, Bormoqchimiz kunda kovlarga. TUZLAMA Hazil Jonim, menga o‘zga davo izlama, Jonim, hamma dardga shifo – tuzlama. Qizg‘anmasang bo‘ldi faqat mehringni, Jonim, yuragimni faqat tuzlama. BAXT Charx urib gullagan bog‘dir sevgan dil, Sevilgan qalb esa sehrli olam. Ammo, baxtlilarning eng baxtlisidir Ham sevgan, ham sevib, sevilgan odam. OSMONIM Biz tuproq, yer edik, Siz baland osmon, Biz qaqroq cho‘l edik, Siz moviy ummon. Qul kabi g‘aribu nolon edik biz, Shoh kabi kabiru davron edingiz. Yastanib yotibdi yeru ko‘k aro, Cheku chegarasiz, betimsol sahro. Har bahor men Sizga gullar tutaman, Intizor kutaman, zor-zor kutaman. Siz hanuz nazarga ilmaysiz, ammo Men ham suykalishni qo‘ymayman aslo. O‘tdi, eh-he, qancha bahorlar, kuzlar, O‘tdi, o‘tayotir kecha-kunduzlar. Siz esa o‘shasiz, hamon o‘shasiz, Osmonim, yonimga qachon tushasiz?
| |
Просмотров: 2270 | |