Jahongir Ismoilov-She’rlari
DEHQON Hamma ish ham oson tuyular sirtdan, Urug‘ qaday olur har qanday merov. Lekin yerga urug‘ qadagan odam, Dehqonga aylanib qolmaydi darrov. Bir ekin yerining shart-sharoiti, Boshqa bir dalaga kelavermas mos. Yerga qadadingmi urug‘ni, rosti, Parvarish ham darkor shu ekinga xos. Shoir dilidagi tug‘yon, tuyg‘uni, Boshqalarga tuhfa etadi she’rda. Bugun afzal ko‘rsa orom, uyquni, Tushirishi mumkin qog‘ozga erta. Yoki bunyodkorning ishini ko‘rgin, Zarur ashyolar jam, turaveradi. Agar uning qo‘li tegmasa bugun, Ertaga bemalol quraveradi. Dehqon saratonmi, qahraton qishmi, Dalada kuymanar, tinim bilmas hech. Ertaga qo‘yolmas bugungi ishni, Bugun ulgurmasa, erta bo‘lar kech. Yer bilan "tillashar” haqiqiy dehqon, Biladi qayerda to‘kis, kemtigi. Bilim, omilkorlik bobida, ishon, U o‘z dalasining Akademigi. * * * Yurishib turganda ishing, ko‘ngling chog‘, Oilang tinch esa, dilda shukrona. Ozoring tegmaydi hech kimga, biroq — Kimdir zavolingni kutar pinhona. Qo‘llari muz, Dili qurumdan battar, Basharasi nursiz, boqishi mungli. Quvonsang-u og‘ir qayg‘uga botar, G‘am chekkaning ko‘rsa yayraydi ko‘ngli. Do‘stim, parvo qilma sen unga hech vaqt, Aslo arimasin tegrangdan yog‘du. Ichini qurt yegan daraxtga o‘xshab, O‘z-o‘zidan ado bo‘lib borar u. * * * Sen tengsiz go‘zalsan, oy kabi yakto, Diydoringni qo‘msab o‘rtanar dilim. Lek jur’at etolmam qarashga hatto, Ko‘ngil izhoriga ojizdir tilim. Muhabbat oshiqni qo‘yar qul aylab, Malika erursan ko‘nglim taxtida. Menga og‘ir yashash bahorni bo‘ylab, Hayotim kuzga yuz tutgan vaqtida. * * * Kim bilar taqdirda nelar bitikdir, Zahar bo‘ldi goho bol deb totganim. Qaysi bir jihatdan ko‘nglim kemtikdir, Topganimdan ko‘pdir yo‘qotganlarim. Hamma payt ham ishing kelavermas o‘ng, Cheksiz dunyo ba’zan qafasdan ham tor. Bol ulashsa xushnud bo‘lganingdan so‘ng, Zahar tutganda ham chidashing darkor. * * * Hayotda mavjuddir mukammal tartib, To‘g‘ri yo noto‘g‘ri qo‘yasan qadam. Uning azobini bir o‘zing tortib, Bir o‘zing ko‘rasan rohatini ham. Qoqilmagin, bo‘lsin suyanching aql, Foydasi yo‘q keyin to‘kkan ko‘zyoshni. Ajdodlar bejizga qilmagan naql: "Har kim yeydi o‘zi pishirgan oshni”. * * * Garchi ko‘p bor dilda borini aytdim, Ezgu, pok niyatda uzatsam ham qo‘l. Har gal huzuringdan bosh egib qaytdim, Sening yuragingga topolmadim yo‘l. Butkul so‘kilmagan umidim choki, Sarg‘aygan kuz emas, mening yoshimdir. Ishq mening eng so‘nggi topganim, yoki Ehtimol eng so‘nggi yo‘qotishimdir. * * * Sening muhabbating ilohiy erur, Quyosh kabi yoniq, ufqday cheksiz. Sen mening baxtimga ko‘kdan tushgan hur, Sensiz yorug‘ olam sovuq va ko‘rksiz. Mitti yuragingda mehr bir dunyo, G‘amlarim muz yanglig‘ erir taftida. Horg‘in ko‘zlarimga inadi ziyo, Ruhim madad olar tolgan vaqtida. Sen bilan bahordir umrim kuz fasli, Xayolingsiz yashay olmasman sira. Farishtam, ilohiy muhabbat asli, Ilohiy sadoqat bilan bokira. TO‘RTLIKLAR Uzoqni o‘ylamay ish tutma aslo, Ko‘rdim, ishonch hosil qildim kuzatib. Qimmatga tushadi gohi bir xato, Uni umr bo‘yi bo‘lmas tuzatib. * * * Behuda chiranish bermaydi samar, Haddin bilmaganning holi oxir tang. Yo‘g‘onga taqlidan cho‘zilsa agar, Ingichka albatta uzilar, bilsang. * * * Hayot sinov, gohi shafqat qilmaydi, Irodali odam oson "sinmaydi”. Banda olar balki qo‘lingdagini, Peshonangdagini ola bilmaydi. * * * Rizqiga shukur qil, ajralma eldan, Kamtar, elparvarga tole bo‘lar yor. Kimningki oyog‘i uzilsa yerdan, Oxir bir kun qulab tushmog‘i ham bor. * * * Azalu abaddan shu sado kelur, Tinglab, bir savdoga lol qolar kishi: Itning kasbi mudom hurmoqlik erur, O‘tib ketmoq erur karvonning ishi.
| |
Просмотров: 1093 | |