Sotim Avaz -She’rlari
MUHABBAT Dudog‘ingda o‘ynaydi yoqut, Yonog‘ingda yonadi olmos. Bu joziba bo‘lmagay unut, Uni gizlab yashirib bo‘lmas. Nigohlaring yoyar anduhin, Tabassuming bo‘lar dilga band. Nazokating uyg‘otgan ruhni Qilib bo‘lmas sira zanjirband. Nozingdan shavq olar siymolar, Qahring qadga bag‘ishlar viqor. Lutfing tutgan mehrigiyolar, Chegarayu chek bilmas zinhor. Keltirgaysan ko‘ngilni tobga, So‘zingga yo‘q qolmagan qoyil. Sen baxsh etgan shirin azobga Iloj yo‘qdir bo‘lmasdan moyil. Ammo, ohanrabo ismingga Yog‘ar qonsiz kapalaklar ham. O‘tdek yonib turgan jismingga Ko‘z tikar ko‘rshapalaklar ham. ISHONCH Men senga ishondim, achinmam, Maymunlar yig‘lasa holimga. Senga ishonganim, do‘stginam, Erk bermoqdir o‘z xayolimga. Men senga ishondim, qayg‘urmam, Xiyonatning jarlarin o‘ylab. Senga ishonmasam, azizam, Yurolmam o‘z yuragim bo‘ylab. Men senga ishondim, chekinmam, Oqibatda bo‘lmasa to‘zim. Senga ishonmasam, mahzunam, Sevolmayman o‘zimni o‘zim. Men senga ishondim, g‘amim yo‘q, Qismatimda agar qul bo‘lmak. O‘zi mening parvona yanglig‘, Ishonchimga shamchiroq kerak. * * * Bir oqshom ruh oni unutib o‘zni, Amuni yoqalab oshufta kezdim. Shunda samodagi ming yulduz-ko‘zning, Go‘yoki pichirlab yotganin sezdim. "Joningga falakdin javr yetib-elib, Daryoday mavj urib har qancha to‘lma. Amuning qoshiga oshiqday kelib, Mangulikdan zarra umidvor bo‘lma”. Og‘irligim sobit daryoga ortib, Lol qoldim yulduzlar ham og‘ishidan. Shunda suv go‘yoki oyoqdan tortib, Bir zum yubormadi o‘z og‘ushidan. Lol qoldim, Amuning xitobin yodlab, Ajdodlar umidin uqqan singari. Go‘yo "Suvora”ning savtiday dodlab, Ko‘tarilib tushdi to‘lqin lablari. "Yulduzlar necha bor aldasalar-da, Yo‘ldan adashmagan karvon – ona yurt! Mangulikdan sharor kutsang, ko‘zlarga Avvalo ona yurt tuprog‘ini surt”. * * * Qonimning sharobga moyilligi bor, Shahdu jahd, shitobga moyilligi bor. O‘tlar aro kuygan jismim beaybdir, Bag‘rimning kabobga moyilligi bor. O‘qib uqmasalar hamki dardimni, Ko‘nglimning kitobga moyilligi bor. Borliqqa ustuvor yo‘qlik arodir, Umrimning sarobga moyilligi bor. Hamisha bezovta yurak sababkim, Jonimning azobga moyilligi bor. Xayollar sargashta kelajakdadir, Tilimning shu tobga moyilligi bor. Sotim Avaz uchun savob so‘ralsa, Ruhimning javobga moyilligi bor. * * * Xatoni men emas, tadbir qiladir, Peshonamga bitgan taqdir qiladir. Tabiat ko‘nglimni notabiiy deb, Ruhimga aks ta’sir qiladir. Kamalak sargashta ko‘zim o‘ngida, Sarob kamandini tafsir qiladir. Tosh tegsa ko‘zguga, ishonch ham singay, Ko‘z gumondin mubham tasvir qiladir. Har zamon bedardlar dardin tog‘ etsa, Gumrohlar har lahza dilgir qiladir. Umrim binosini yemiradir vaqt, Hali bir kun o‘zi ta’mir qiladir. Har qadamim asli hamdu sanodir, Har nafasim asli takbir qiladir. Sotim Avaz hoyu havaslariga, Sabru shukr rasmin zanjir qiladir. * * * Ko‘nglima bayram kerak, Gul kabi hamdam kerak. Langari ishq istaram, Dorki, mustahkam kerak. Mehnatga sa’ydir agar, Yolg‘iza yordam kerak. Shodlana bilmoqqa ham, Avvalo bir g‘am kerak. Sharhi dil izhoriga, Jur’ati ildam kerak. Xotiri jamlik uchun, Xotiri xurram kerak. Bevafo do‘stlar hanuz, Uzru avf, chidam kerak. Umr o‘tib, ko‘rindi Yor, Endi orzu kam kerak. Tilga ko‘p vaqtlar sukut, Ko‘zga goh-goh nam kerak. El dardi, Sotim Avaz, Dardinga malham, kerak.
| |
Просмотров: 1062 | |