Mahmud Toirov-She’rlari
PARKENTIM Qirlarida qirg‘iysin qanoti qayrilmagan, Ovchisi imoniyu, oridan ayrilmagan, Suvga cho‘p tashlash bunda qushga ham buyurilmagan, Vatan ichra bu chaman Vatanning parchasidir, Chotqol tog‘ tizmalari quyoshning darchasidir. Maysalari jilmayib, jilolar to‘kar bunda, Turnalar boshingizdan duolar to‘kar bunda, Rayhonlarning poyiga sabolar cho‘kar bunda, Ko‘rsangiz ko‘zingizga quvonchlar chirmashadi, Yursangiz izingizni gullari talashadi. Jilg‘alarin jarangi joningizga chertadi, Buloqlari baxt tilab zam-zam suvlar tutadi, Kunduz quyosh, oqshom oy yo‘lingizni kutadi, Qushlarin qo‘shig‘ida tangrining kalomi bor, Majnuntol ta’zimida kelinlar salomi bor. Masjidlarin ko‘kiga farishtalar sig‘maydi, Bunda kimki yig‘lasa, Xudoyimga yig‘laydi, Bu maskanda Bobomochin, ne valiylar ulg‘aydi, Yaratgan osmonidan orom sochib turadi, Tongda gullar bulbulga kitob ochib turadi. Momolarin allasi toshlarni ham balqitar, Qirq kokilli qizlari qarog‘ingiz qalqitar, Parkengda bir bor bo‘lgan ming bir dardni unutar, Boburga bolish bo‘lgan atri buloq chaman bu, Hofiz Ko‘hakiy suygan jannat jamol Vatan bu. Kimga jonday azizmas ona bo‘lib tuqqan yer, Onam desa Mahmudni bir so‘zidan uqqan yer, Ko‘ksiga gul chechagin tumor qilib takqan yer, Yetti emas, yetmish ming avlodimga Vatansan, Bag‘ringda yotar bo‘lsam sen yodimga Vatansan. O’TINCH Meni osmonlarga olib chiqmangiz, Quruq nog‘orani chalib chiqmangiz. Mening ko‘nglim yerda, tovonim yerda, Osmondan uyalib qolmayin yana. Menga amal emas, oshiq dard bering, She’rning sharobidan chimdim gard bering, Yerda maysa bilan yashagim kelar, Rayhondan uyalib qolmayin yana. Yerda onam yashar, bolam yashaydi, Otam qabrin quchgan nolam yashaydi. Onadan qarzini uzgan bormikin, Vijdondan uyalib qolmayin yana. Qonimda oshiqlar isyon qiladi, Jonimda qo‘shiqlar giryon qiladi. Shayton ishvasida jannat ko‘rsatmang, Rahmondan uyalib qolmayin yana. Onam dedim, Momo Yerga yukindim, Ko‘z yosh bo‘ldim, yana unga to‘kildim. Hovuchim to‘ldirib bug‘doy berdi u, Somondan uyalib qolmayin yana. Men yerdan kuzatgan jonim, oftobim, Men yerdan termulgan oyim, mohtobim. Osmoningiz o‘zingizga buyursin, Iymondan uyalib qolmayin yana. Meni osmonlarga olib chiqmangiz, Chiqsangiz siz yerdan nolib chiqmangiz. Xudoning oldida, yerning oldida, Insondan uyalib qolmaylik yana. OQQAN DARYO OQAVERADI Sen yo‘limni to‘sma, ey g‘anim, Yantoq bo‘lib o‘sma, ey g‘anim, Sokin daryo bu ko‘nglim manim, Ishqim gulxan yoqaveradi, Oqqan daryo oqaveradi. Men qoqilsam yer ko‘targaydir, Erka bo‘lsam el ko‘targaydir, Ojiz avval qo‘l ko‘targaydir, Chayon zoti chaqaveradi, Oqqan daryo oqaveradi. Sen ham bir bor yulduz bo‘lib ko‘r, Tun bo‘lmagin, kunduz bo‘lib ko‘r, Bir maysaga ildiz bo‘lib ko‘r, Ko‘klam chechak taqaveradi, Oqqan daryo oqaveradi. Haq so‘z jonim jarangi meni, She’rim dilimning rangi meni, To‘kur hasadning zangi seni, Havas chaqmoq chaqaveradi, Oqqan daryo oqaveradi. Sen kulmasang kulmaydi dunyo, Men yig‘lasam yig‘laydi dunyo, Bo‘yin bizga bo‘ylaydi dunyo, Yaxshi elga yoqaveradi, Oqqan daryo oqaveradi. SIZGA BARIBIRMI? Azizim, bafimni tig‘laydi sog‘inch, Men kimga to‘kilay limmo-lim to‘lsam. Jonimda charx urar ushalmas ilinj, Sizga baribirmi, yig‘lasam, kulsam. Hovuchim hapqirar quvonch yosh to‘ksa, Ne qilay qarshimda anduh tiz cho‘ksa, Alam qilar ekan do‘stdan o‘q tegsa, Sizga baribirmi, yig‘lasam, kulsam. Bo‘yladim, bo‘yladim dorga yetmadim, Qatorda kerilgan norga yetmadim, O’z ko‘nglimdan bo‘lak zorga yetmadim, Sizga baribirmi, yig‘lasam, kulsam. Toshlarni chiritib bo‘lmas ekan-ku, Oy dog‘in aritib bo‘lmas ekan-ku, Quyoshni qaritib bo‘lmas ekan-ku, Sizga baribirmi, yig‘lasam, kulsam. Omonat dunyoga g‘animat mehmon, Men chindan so‘rasam egilgay osmon, Oy o‘tar, yil o‘tar, ey do‘sti nodon, Sizga baribirmi, yig‘lasam, kulsam. SO’RAMA Men toshlarning tiliman, Men ko‘ngilni guliman, Bu dunyoning giliman, Mendan meni so‘rama. Tillosi yo‘q boy nadur, Egilmasa yoy nadur, Suv oqmasa soy nadur, Mendan meni so‘rama. Oftobga ergashmasang, Yer bilan yig‘lashmasang, Tig‘ bilan tillashmasang, Mendan meni so‘rama. Sen yetmagan yo‘ldaman, Suv kirmagan cho‘ldaman, Bir maysaman, do‘ldaman, Mendan meni so‘rama. To‘kilmasam, to‘lmayman, Qor qo‘ynida gullayman, Men shunchaki o‘lmayman, Mendan meni so‘rama Kundan tunni so‘rama, Qo‘rdan kulni so‘rama, Mendan dunyo so‘rayver, Mendan meni so‘rama. Har daryoning boshi bor, Har ko‘zning o‘z yoshi bor, Men tabibman, ham bemor, Mendan meni so‘rama. Ertaklar Ertaklar ermak emas, Ezgulikka tilmochdir. Xush nafas tilaklardan Gullab ketgan yog‘ochdir. Ertaklar ermak emas, Tongsiz yuz ochgan quyosh. Haqiqatning ko‘zidan Tomchi-tomchi tomgan yosh. Ertaklar ermak emas, Onaizor allasi. Baxtli kelin-kuyovlar, Yangasining yallasi. Ertaklar ermak emas, Ishqning jimir-jimiri. Lablarning quloqlarga Qilgan shivir-shiviri. Ertaklar ermak emas, Otamdan qolgan sog‘inch. Yaratganga shukronam, Nabiram tutgan ovunch. Ertaklar ermak emas, Qayrilmagan bilakdir. Alpomishlar orida, G‘unchalagan tilakdir. Ertaklar ermak emas, Oy yuzida qolgan dog‘. Yaxshilarning yodida Xudoyim yoqqan chiroq. Ertaklar ermak emas, Bolang yotgan beshikdir. Ezgulik axtarganga Ochiq qolgan eshikdir. Javob Xalq ohangida Osmoningdan tush avval, Yolg‘oningdan tush avval. Agar bug‘doy bo‘lsang sen, Somoningdan tush avval. Ko‘ngil degan keng bo‘lsin, Gulga bulbul teng bo‘lsin. Ikki jilg‘a jilmayib, Qo‘shilsa ko‘ngil to‘lsin. May icharga jomi yo‘q, Na Alif, na Lomi yo‘q. Izhori dil etarga Bir shirin kalomi yo‘q. Ifor rayhonda bo‘lur, Oshiqlik qonda bo‘lur. Qadringni qalqon qilsang, Jonon ham jonda bo‘lur. Ko‘rmaganni ko‘rgani – Zog‘ni bog‘da turgani. Har yolg‘onchi oshiqni Kaltak kerak urgani. Yantoqni yoqmoq savob, To‘nkani yormoq savob. Yuzta yolg‘on savolga Bitta rost bo‘lsin javob! Dil olami Qaro tunda men yog‘duni oydan olay, Dil og‘risa oromni ayt, qaydan olay, Qay bir g‘anim ko‘ngliga vax, ko‘zgu solay, Yonib turgan ko‘zlarda kul qo‘rib bo‘lmas, Kulib turgan yuzlarga ham urib bo‘lmas. Tilga chiqqan shikoyatmi, bu nolami, Tubsiz ekan, yetib bo‘lmas dil olami, Kimlar uzdi, qon qaqshagan bu lolani, Bu bog‘larda bosh ko‘tarib yurib bo‘lmas, Nahot uni quzg‘unlardan qo‘rib bo‘lmas. Quyosh botmay oy yuzini izlabdi kim, Bulbulman deb burgut baxtin ko‘zlabdi kim, Chiqmas chohda o‘z-o‘ziga bo‘zlabdi kim, Orzu — orsiz, dildan sira surib bo‘lmas, Armon o‘rtar qoshida hech turib bo‘lmas. Kim qadrining qalqonini qonda yuvgan, Farzandlarin jamolini jonda yuvgan, Ajdodlarin ruhin duo, shonda yuvgan, Oriyatni zanjir bilan sirib bo‘lmas, Muhabbatsiz ko‘ngil ko‘zin ko‘rib bo‘lmas. Kuz bargidek kuysa netay jonim mani, Kundan uzun, tundan uzun umr qani, Onam deydi, hatto ruhim qo‘rir sani, Mahmud, o‘lmay vaqtni yelga berib bo‘lmas, O‘lmayman deb lek qoshni ham kerib bo‘lmas. Orzu Quyosh qo‘rg‘onida qo‘nim topgim bor, Shamol shiyponida tinim topgim bor, Oyning o‘rog‘idan bitta o‘pgim bor, Ko‘ngil-da, ko‘chasi keng ekan, netay, Ayo do‘st, xushlikda ko‘nglingdan o‘tay. Tortilgan dorlarga xiyonat ustun, Olov bo‘lolmagach burqsiydi tutun, Kechagi daraxtdir bugungi o‘tin, Qahrimni qaqshatib bahridan o‘tay, Mehrimni muhabbat nurida tutay. Joningni chimchilab jafo topgaysan, Xazondan xazin bir sado topgaysan, Axtarib o‘zingdan xudo topgaysan, Sog‘inchim jilmaygan oftobda tutay, O‘ziga tiz cho‘kib, mehrobda kutay. Kim seni xush ko‘rar onangdan ko‘proq, Kim seni tush ko‘rar otangdan ko‘proq, Vatandan buyursin, bir siqim tuproq, Salomim men tongi saboda tutay, Sen unga alik ol, sadog‘ang ketay. Qaldirg‘ochni qutla ayvoningdagi, Gardni to‘tiyo qil choponingdagi, Mahmud, nurni asra vijdoningdagi, Bu she’rni so‘z izlab yozmadim atay, Goh-gohi men so‘zga sig‘masam netay?! To‘rtliklar Sen ko‘ngil gulini arzonga sotma, G‘aflat beshigida bek bo‘lib yotma. Ortingdan tosh otsa qoqilmagaysan, O‘zing yo‘ldan chiqqan tosh bo‘lib yotma. *** Chirsillagan cho‘g‘ning jamoli o‘zga, U bilmas bir zumda aylanar kulga. Shoirlar o‘ziga sig‘maydi demang, Bir bog‘ torlik qilar oshiq bulbulga. *** Har jonning chashmasi farzand bo‘ladi, Dil ichra nurli dil dilband bo‘ladi. O‘g‘lin el alqagan ota-onaning, Ko‘ksi tog‘lardan ham baland bo‘ladi. Sodda haqiqat (turkumdan) Odamning yaxshisi sodda bo‘ladi, Yaxshilar el ichra yodda bo‘ladi. Yolg‘onini yuz yil yo‘rgaklagan ham Oqibat bir kuni dodda bo‘ladi. Sodda haqiqat bu, sodda haqiqat, Biz ketsak ham qolar yodda haqiqat. Sodda satrlarga ko‘zi tushgan, do‘st, Omin de, qolmasin dodda haqiqat. *** Bemehrlar toshga o‘xshaydi, Kurmagi bor oshga o‘xshaydi. Men onamga qiyos axtarsam, Ko‘zimdagi yoshga o‘xshaydi. Ko‘zgu onam ko‘zida ekan, Yog‘du onam yuzida ekan. Men termulib, termulib bildim, Alloh onam o‘zida ekan. *** Bir burda non so‘rab kelganni ko‘rdim. Bir qopda don so‘rab kelganni ko‘rdim. Tilansam Tangrimning qahri kelar deb, Ochlikni orom deb so‘lganni ko‘rdim. Yo rabbim, oqilni ozorga qo‘yding, Yuzsizni yayratib bozorga qo‘yding. Tirigida joyi boshqa boshqa-yu O‘lgach, ikkisin bir mozorga qo‘yding. Elim deb aytgin To‘kilgan qum sig‘magaydir sanoqqa, Kim havas qilibdi bukri o‘roqqa, Talpinmagan bormi tunda chiroqqa, Har neki yaraldi, avvali bordir, O‘rnini bilmagan to‘rda ham xordir. Kim agar bo‘libdi hikmat egasi, Ham yana bo‘lgaydir hurmat egasi, Chinniga chiroymas tushgan chegasi, Ko‘zguga ko‘z tushsa har kim yayramas, Qahr qafasida zog‘ ham sayramas. Bizni bemor degan bir bedor bo‘lsin, Bedorlik dardida bir bemor bo‘lsin, Bo‘y-bast har kimda bor, vale or bo‘lsin, Kimki Haq yo‘linda bir oh urmishdir, Bilsinki, qoshida Alloh turmishdir. Yoshlik bu umrning chaqmog‘i ekan, Keksalik armonning to‘qmog‘i ekan, Har kim o‘zi bilgay, kim nima ekkan, Ekkaning gul bo‘lsin, ham bug‘doy bo‘lsin, Zulmatda ko‘rganing to‘lin oy bo‘lsin. Tiklashib borsang gar tog‘lar tan olgay, Mehringdan suv tara, bog‘lar tan olgay, Mahmud, asling bulbul, zog‘lar tan olgay, Kuymaganni kuydir, dilim deb aytgin, Bir satr bo‘lsa ham elim deb aytgin. Diydor Yuragimdan sitamlarni sitib oldim, Men ko‘nglimni osmonlardan tutib oldim, Qayg‘ularning qafaslarin parchaladik, Men baxtimni ostonada kutib oldim. Sochqi sochdim muhabbatning diydoriga, Yuzim bosdim sadoqatning ruxsoriga, Yorning oppoq kaftlaridan quvonch ichib, Birga kirdik oqibatning gulzoriga. Baxtiyorlar bekatini balqitdik biz, Alam-alam, ag‘yorlarni chalg‘itdik biz, Ishq jomiga diydor otlig‘ gulob quyib, Jon jomini lazzatlarda qalqitdik biz. Bu dunyoning shirin so‘zi diydor ekan, Diydor ahli bu dunyoda bedor ekan, Ayo do‘stlar, oshiqlarga tosh otmangiz, Sog‘inganda Mahmud kabi bemor ekan. YAXSHILIK Oqil odam ajdodin yodin sira unutmas, Avlodini o‘ylagan beshiklarin bo‘sh tutmas. Eshik ochib baxtini, ayting, axir kim kutmas, O‘ylamangki olamga baxshilikka kelganman, Niyatlarim avvali yaxshilikka kelganman. Bir maysaga bo‘y bo‘lsam, bir niholga tomchi suv, Kaftlarimga qush qo‘nsa, yodiga kelmay qo‘rquv, Yomon ko‘rganim g‘aflat, yomon ko‘rganim uyqu, Uyg‘otguvchi nasimdek men ham tonglar yelganman, Bu dunyoga ayo do‘st, yaxshilikka kelganman. Tiniq osmon ko‘rmadim Vatanim samosidek, Har so‘z meni balqitmas onamning duosidek, Hech so‘z dilim tilolmas hikmatning ziyosidek, Navoiy navosidan tug‘yonlarga to‘lganman, She’rimda sharbat tutib yaxshilikka kelganman. Atirgul armonini tikon tig‘ida tutar, Shaytonfe’l yolg‘onini soxta yig‘ida tutar, Mardlar elning shonini ko‘kda tug‘ida tutar, Taqdir otgan toshiga ko‘p bor tikka kelganman, Asraguvchi Haq bo‘lsin, yaxshilikka kelganman. Mening ham orzularim ko‘ksimda gullab yotar, Mening ham armonlarim bag‘rimga toshdek botar, Tirik odam talpinsa, umidli tonglar otar, Yo‘limdagi yantoqdek yomonlikni yulganman, Mahmud, bahri buloqdek yaxshilikka kelganman. MENGA To‘lqinlar tug‘yoni jabrimda mani, Sukunat sadosi sabrimda mani, Ko‘zimni tindirar nurlar chamani, Olam she’r shaklida ko‘rinar menga, Odam she’r shaklida ko‘rinar menga. Qatra so‘z qog‘ozda balqisa xushman, Dard dildan ko‘zimga qalqisa xushman, Bilmaysiz, men ko‘kka sig‘magan qushman, Oy nechun qoshimda kuladi menga, Nazdimda yaxshi she’r tiladi menga. Maysaga yalinsam bo‘yi cho‘zilar, Bulbulga "do‘st” desam, kuyi cho‘zilar, Qizg‘aldoqni tomda to‘yi cho‘zilar, Tikonlar tig‘ida bol tutar menga, Lolalar labida xol tutar menga. Zarra go‘zallikda hadsiz kenglik bor, Baxtli odamlarda bitta tenglik bor, Nechun o‘zimdamas, inon-ixtiyor, Ko‘nglim ostonada gul sotar menga, Aqlim ostonada pul otar menga. Bu ko‘ngil mehrining malhami nechuk, Bu ko‘ngil qahrining alhami nechuk, Mahmud, bu ko‘zlarning zam-zami nechuk, Aqlim ko‘kdan turib boqadi menga, Ko‘nglim yerda yotib yoqadi menga. SAMODAN OLGANMIKIN Bu sanam sarposini samodan olganmikin, Oy nurin ro‘mol qilib boshiga solganmikin, Husnining hikoyatin aytganlar tolganmikin, Oshiqlar ichra biz ham bo‘ylashib ko‘rsak qani, Bir bulbul dilin ochsa, kuylashib ko‘rsak qani. Sochlarin sharsharasin sadolari xush buncha, Jilmaygan jamolining jilolari xush buncha, Jonimni chaqmoqlagan jafolari xush buncha, Shu jafo, shu jilodan ayrilmay tursak qani, Qatlimiz qilichiga qayrilmay tursak qani. Ishqining uvog‘ini hech uvol qilmagaymiz, Zar desa zargarimiz, xom xayol qilmagaymiz, Men bitta, o‘zi bitta, boshqasin bilmagaymiz, Yo‘llarda yo‘ldosh bo‘lib yondirib yursak qani, Ag‘yor ahlin o‘zlaridan tondirib yursak qani. Do‘st desa do‘sti bo‘lib, yor desa yoroni biz, Jon desa jon olsin-u, lek bo‘lsin jononimiz, Malakmi va yo hurdir, biz hamon hayronimiz, So‘z bilan siylab bo‘lsa tillashib ko‘rsak qani, Dil dilning tilmochidir, dillashib ko‘rsak qani. Biz umid ummonida qulochni katta otdik, Biz orzu osmonida kun bilan birga botdik, Shabnamlar sharobini tong bilan birga totdik, Diydor durini, Mahmud, qo‘sh qo‘lda tersak qani, Ham qadr qo‘rg‘onida qandimiz ursak qani. BESHIKDAGI BOYIM (Nabiram Ziyodbekka) Ko‘z tegmasin deya ko‘zmunchoq taqqan, Tumorlar ichinda so‘z munchoq taqqan, Inja tabassuming jonimni yoqqan, Baxtim bog‘idagi gulim, bolajon, Taxtim tog‘idagi nurim, bolajon. Ostonam egasi, beshikda boyim, Ko‘ksimning ko‘kidan tushmagan oyim, Quvonchim qo‘shig‘i sig‘magan soyim, Toychog‘im, tilmochim, tilim, bolajon, Dil ichra sen o‘zing dilim, bolajon. Otang shodliklari shalola bu kun, Onang ol yuzlari gul lola bu kun, Momong allalari xush nola bu kun, Tilloga topilmas durim, bolajon, Hur yurtning xush nori, hurim bolajon. Baxt bizning bo‘yga ham bo‘ylashib keldi, Do‘stu yoronlarim kuylashib keldi, Beshiklar bezashib to‘ylashib keldi, Meni elga qo‘shgan, elim, bolajon, Xush duoga ochdim qo‘lim, bolajon. Yuz bilan yuzlashib, shodon yurgaysan, Dardi bor odamga darmon yurgaysan, Oqillar oldida komron yurgaysan, Yorug‘ bo‘lsin desang yo‘lim, bolajon, Umringni chirog‘i ilm, bolajon. HIKMAT Toshdan malham topgan bormikin, Tosh ham mehrimizga zormikin, Boshimizga yoqqan qormikin, Tosh bo‘lsang ham bosh ko‘tar, aytgin, Umr buncha tez o‘tar, aytgin. Tundan yog‘du so‘rab bo‘lurmi, Guldan og‘u so‘rab bo‘lurmi, Boshdan qorni kurab bo‘lurmi, Javobi yo‘q savollar yelar, Nechun meni yig‘lagim kelar. Savob oldda chorlab turganda, Gunoh qonda porlab turganda, Iymon xazin zorlab turganda, Vijdonimdan uyaldim kecha, Xudo, menga insof ber picha. Chumolini chimchilab bo‘lmas, Kapalakni qamchilab bo‘lmas, Chayonlarni erkalab bo‘lmas, Bilganini, bilgandan so‘ra, O‘lmay turib o‘lgandan so‘ra. Quvonch kunda yo‘qlamas ekan, Qayg‘u sira uxlamas ekan, Mahmud edi sizga dil to‘kkan, She’r aslida dil siyratidir, So‘z hikmati, ko‘z hayratidir.
| |
Просмотров: 2922 | |