Приветствую Вас, Гость! Регистрация RSS

Турецкие Стихи

Пятница, 22.11.2024

Tohir Qahhor-She’rlari
UMIDSIZ OSHIQ

necha kundir ko‘zim ko‘rmaydir 
ko‘z o‘ngimda bir qorong‘uliq 
borliqsiz bir kir qorong‘uliq

kimsa bilmas holim so‘rmaydir 
ko‘z o‘ngimda tovushsiz olam 
yashamidan xabarsiz yasham

necha kundir ko‘nglim yurmaydir 
xayolan boqurmen yulduzga
u o‘xshar men yo‘qotgan ko‘zga

TANGRINING IPI

to‘g‘rilar og‘ir kunda 
to‘g‘riga ko‘mak etar 
har yerda va har ishda 
tangri ipidan tutar

kimsaga sig‘inganlar 
borar uni ketidan 
talab zug‘um qilishda 
qolmas uning itidan

G’IR-G’IR
(yoki «Qarab o‘tayin», qo‘shiq)

Tongda eshigingda ko‘cha supursang, 
Yo‘l ustida bir-bir qarab o‘tayin. 
Qo‘shning bilan yayrab so‘zlashib tursang, 
So‘zlay olmay, zir-zir, qarab o‘tayin.

Ko‘nglim oltin edi, tilab oldilar, 
Talab bo‘lmas ne bor, talab oldilar, 
Oy yuzini itlar yalab oldilar, 
Qaramasam og‘ir, qarab o‘tayin.

Qarg‘alar to‘pida qag‘ etayinmi? 
O’tar kunda vaqtim chog‘ etayinmi? 
Ikki dunyoligim dog‘ etayinmi? 
Chetda qushday, chir-chir, qarab o‘tayin.

Kel, go‘zal! Shu ko‘klam bog‘larin ko‘tar, 
Yuragim bosgan muz tog‘larin ko‘tar. 
Hech ne istamasman, shu bori yetar, 
Shamol bo‘lib, g‘ir-g‘ir, qarab o‘tayin.

ESKI DO’ST
(Hirotlik o‘zbek qo‘shig‘i)

Qayg‘ururman ko‘zda yoshim bir buloq, kel, eski do‘st! 
Yig‘laganlar tovshiga solgin quloq, kel, eski do‘st!

Ayrilib ketdi necha jon do‘stlaru qondosh-urug‘, 
Qayrilib boqmas bular, yovlar inoq, kel, eski do‘st!

Olmayin to‘g‘ri so‘zim, bir chetga surmishlar o‘zim, 
Qolmadi insof, ko‘paydi kek, nifoq, kel, eski do‘st!

Qayda baxt deb yo‘lga chiqqanlar qayirda botdilar: 
Ko‘rdilar - ko‘prik buzuq, tuz, yo‘l yiroq, kel, eski do‘st!

Ko‘rdilar - shul ham odam deb hech birin so‘rguvchi yo‘q, 
Ko‘qda bo‘lsang, in-da, holim qil so‘roq, kel, eski do‘st!

Tushdilar eski qayiqqa; eshkagi yo‘q ham teshik... 
Voh, qayiqchi chikdi qo‘lsiz! Ne sinoq? Kel, eski do‘st!

Ikki qirg‘oqqa to‘libdir ikki dunyo o‘g‘risi,
Har qaroqchi, men qo‘riqchi, der biroq, kel, eski do‘st!

Eski kunga qaytayin, qil qaytariq, der necha ko‘r, 
Ne toparlar kunduzi ushlab chiroq?!. Kel, eski do‘st!

Shermuhammad, Boyqaro, Bobur, Temurlar kelmasa,
Kel, O’g‘uzxon! To‘nyuquq, kel! Kel, Shiroq! Kel, eski do‘st!..

QIRG’IYAK*

(1918 yil; qo‘qonlik qo‘rboshining qo‘shig‘i)

Qirg‘iyakda, qirg‘oqlarda qirg‘ovullar qirildilar, 
Qo‘tonlarda qorasondan qoramollar qirildilar, 
Qoralangan qishloqlarda qirqo‘g‘illar qirildilar, 
Qorako‘zlar qoldi qattol qoraqo‘lga qaray-qaray.

Qo‘g‘ayliqda, qirda quvnar qo‘sh qulunchoq, qo‘sh quralay... 
Qo‘y-qo‘zini qo‘rqitadir qo‘shotarlar, quray-quray! 
Qirg‘iyaqda qirg‘iy - qog‘on! Qo‘shinidir qo‘g‘ay-qo‘g‘ay, 
Qoyalarda qanot qoqar qo‘mondoni - qo‘tir qumay.

Qari, qirriq qurbaqalar! Qurillama! Quring qursin! 
Qo‘ri qum-qum qaroqchilar! Qo‘ring qo‘rsin! Quring qursin!
Qardoshing-la qurganlaring qon qasridir - quring qursin! 
Qutulingiz, qarovchisiz qolgan qushlar, quray-quray!

Qumtoshlarni qaynatolmas qorong‘uda qora qumg‘on, 
Qorabudun qayg‘usini qovuradi qora qozon, 
Qirq qaroqchi! Qozonganing qora quldan qoramsiq qon! 
Qirq qaroqchi! Qora qulning qonlariday qoray! Qoray!..

Qopqasiz, qoq qishloqlarda qo‘yilmishdir qopqonlaring, 
Qop-qop qonni qoplatguncha qochib qolar qoplonlaring, 
Qashshoqlikda qaqshatdilar qashqirlaring, qabonlaring, 
Qora qishda qutqararmi qora qulni qora qumday!..

Qirg‘iyakda qo‘llab qo‘yay qo‘lsizlangan qurdoshimni, 
Qirq qaroqchi qirmadimi qirlardagi qirdoshimni? 
Qirg‘inlardan qo‘riyolsam qaniydi qon-qardoshimni, 
Qo‘rimasam, qiripurman qirqimdayoq qariy-qariy!..

Qoraqurum, Qoraqumdan, Qizilqumdan qirq qahramon, 
Qo‘llarida, qalblarida qirqmingtadan qilich-qalqon! 
Qora quyun qo‘zg‘olganda, qutulolmas qora qog‘on! 
Qavm-qardoshim qirganlarni quturay-da qiray-qiray!!!
Категория: SMS SHERLAR, SEVGI HAQIDA SHERLAR (21.10.2013)
Просмотров: 1036 | Рейтинг: 0.0/0