Muhammad Yusuf-She’rlari
ONAJON Topmoq - yo‘qotmoqdir, Yo‘qotmoq – topmoq, Sen so‘lib, Men yashab, To‘lishimga boq. Sensiz topganimdan Ko‘proq yo‘qotdim – Sen meni yupatding, Seni yig‘latdim, Sen meni yaratding, Seni tugatdim. Uyalmay ONA deb, Kelishimga boq!.. Sog‘inch haqda she’rlar Yozdim o‘zimcha, Mendan peshonangda Dog‘lar tizimcha. O‘g‘il bo‘lmay o‘lay, Attangb ming attang. Qiz tug‘sang netardi, Ko‘proq qiz tug‘sang!.. Tirgak bo‘lolmadim Bitta qizingga Uyalmay shoirman Deyishimga boq. Joningdan aylanay, Turgil jonajon, Yo‘l qarab bo‘ldimi Jigarginang qon? Boqma, ko‘zlarimga Bemajol, xasta, Mening topganlarim Gulmi bir dasta, Yo‘qotganim senmi Endi ONAJON?.. O‘z etimni o‘zim Yeyishimga boq. Bilsang yuragimni Bir alam elar. Buyursang qo‘limdan Kelmaydi nelar, Ayt, Pichan yig‘aymi, O‘tin yoraymi, Yerni haydayinmi, Ko‘k ag‘daraymi?.. Itdek oyog‘ingga Suykalgim kelar – Uchib-uchib, mana Qo‘nishimga boq. Hech narsa kerakmas, Bolam, hech deysan. Endi kech deysan-da, Endi kech deysan. Yuzimni bosaman Muzday yuzingga, ONAJON, Zor qilib ketma izingga! O‘lim oldida ham G‘amimni yeysan, Men-chi, jim, taqdirga Ko‘nishimga boq. She’rim bitdi, Xayir, Do‘stlar xush qoling. Bedil yashamakka O‘rganmang menday Boring, Volidangiz Ko‘nglini oling, Ertaga Kech qolib O‘rtanmang menday. UYQUDAGI QIZ Qaro yerga qo`yib bosh, Bir qizgina uxlaydi. Ko`zlariga to`lib yosh, Hur qizgina uxlaydi. Yotar qurib darmoni, Mangu uxlar gul yanoq. Ko`ngli to`la armoni, Qo`yni to`la qizg`aldoq. Bu dunyo hech sendek Qiz yo`q edi tur singlim, O`zing orzu qilgandek, To`y qilamiz, yur singlim. Oy yuzingga bir nafas, Harir ro`mol o`rarsan. Gulgul yonib muqaddas Chimildiqqa kirarsan. VATANIM Men dunyoni nima qildim, O`zing yorug` jahonim, O`zim xoqon, O`zim sulton, Sen taxti Sulaymonim, Yolg`izim, Yagonam deymi, Topingan koshonam deymi, O`zing mening ulug`lardan Ulug`imsan, Vatanim… Shodon kunim gul otgan sen, Chechak otgan izimga, Nolon kunim yupatgan sen, Yuzing bosib yuzimga. Singlim deymi, Onam deymi, Hamdardu hamxonam deymi, Oftobdan ham o`zing mehri – Ilig`imsan, Vatanim. Sen Mashrabsan, Xalqda tumor, Balxda dorga osilgan, Navoiysan, shoh yonida Faqirini duo qilgan. Yassaviysan, meniki deb, Ko`ringan da’vo qilgan, Ming bir yog`i ochilmagan Qo`rig`imsan, Vatanim. Sen Ho`jandsan, Chingizlarga Darvozasin ochmagan, Temur Malik orqasidan Sirdaryoga sakragan, Muqannasan qorachig`i Olovlarga sachragan, Shiroqlarni ko`rgan cho`pon Cho`lig`imsan, Vatanim. Kim Qashqarni qildi makon, Kim Enasoy tomonda, Jaloliddin – Qurdistonda, Boburing – Hindistonda, Bu qanday yuz qarolig` deb Yotarlar zimistonda, Tarqab ketgan to`qson olti Urug`imsan, Vatanim… O`g`lim desang osmonlarga G`irot bo`lib uchgayman, Chambil yurtda Alpomishga Navkar bo`lib tushgayman, Padarkushdan pana qilib Ulug`beging quchgayman, G`ichir-g`ichir tishimdagi So`lig`imsan, Vatanim… O`tgan kuning – o`tgan kundir, O`z boshingga yetgan kun, Qodiriyni bergan zamin, Qodiriyni sotgan kun. Qo`lin bog`lab, Dilin dog`lab, Yetaklashib ketgan kun, Voh bolam! deb aytolmagan Dudug`imsan, Vatanim. Yoningda qon yig`lagan bir Shoiringga qarab qo`y, Gar Qo`qonga yo`ling tushsa, Detdomlarni so`rab qo`y. Hech bo`lmasa Usmon hokin Keltirmoqqa yarab qo`y, Olislarda qurib qolgan Qudug`imsan, Vatanim… Sen – shoxlari osmonlarga Tegib turgan chinorim, Ota desam, O`glim deb, Bosh egib turgan chinorim, Qo`ynimdagi iftixorim, Bo`ynimdagi tumorim, O`zing mening ulug`lardan Ulug`imsan, VATANIM ! BIZ BAXTLI BO`LAMIZ Mayli-da, kimgadir Yoqsa, Yoqmasa, Ularga qo`shilib Yig`lasharmidik. Biz baxtli bo`lamiz Xudo xohlasa, Xudo xohlamasa Uchrasharmidik… Rayhon hidlaringni Yo`llarimga sep, Kut meni, Har oqshom, Ko`kka oy chiqqan. Faqat, Yig`lamagin, Gunohim ne deb, Aybing – Onang seni Chiroyli tuqqan!.. Menga Bir tabassum Hadya et, ey yor, Nur tomsin Lablaring Sohillaridan. O`zing ayt, Senday qiz Yana qayda bor, Kipriklari uzun – Kokillaridan?.. Iymanib yashama Xayol pinjida, Yoyil, Yayra jonim, O`rtanma g`amda. G`iybatlarga chida, Tuhmatga chida, Sen bittasan, axir, Yorug` olamda. Men esa Oshig`ing sening – Eng g`arib. Tundan so`z Qarz olib, Tongga tutguvchi. Sening yonimda ham Seni axtarib, Sening yoningda ham Seni kutguvchi. Ista, Tiz cho`kaman Hozir oldingda. Sevdim, Sevganimdan Uyalmoq nechun. Barcha farishtalar Sening qalbingda Ijarada turgan Qizlar men uchun!.. Biz baxtli bo`lamiz Xudo xohlasa, Xudo xohlamasa, Uchrasharmidik?! MENING DARDIM Tuzalmaydi dardim mening, O`lsam kerak. Tuproq bilan og`a-ini Bo`lsam kerak. O`lim nima? Bu ham bitta Sayr, Ona. O`g`ling qaro yerga ketdi, Xayr ona… Tuzalmas bu dardim mening, Umidim yo`q. Xira shamdek ko`zlarimda So`nmoqda cho`g`. Cho`g nimadir? Cho`g` ham tutab, Kul bo`ladi. Inson bir kun o`z mayliga Qul bo`ladi… Yuragimni tamom qildim, Yig`layverib. Huzurimda ajal turar, Qoshin kerib. Men hayotda o`limga tik Boqib o`sdim… Qani menga atalgan joy, Ketdik, do`stim! LOLAQIZG`ALDOQ Shavkat Rahmon xotirasiga Mendan nima qolar: Ikki misra she’r, Ikki sandiq kitob, Bir uyum tuproq. Odamlar ortimdan Nima desa der, Men seni o`ylayman O`zimdan ko`proq – Lola, lolajonim, Lolaqizg`aldoq! Men ketsam, yomondan Yiroq bo`l, ohu, Chunki sen chiroyli, Ko`rkli bir juvon. Yomon kunlar bir kun Yaxshi bo`lar-u, Yomon odam yaxshi Bo`lmas hech qachon… Yasha chegarada Turgandek ogoh, Lola, lolajonim, Lolaqizg`aldoq! Uyda yotibman-u, Sezib turipman, Ko`kda kelayotir Qushlar qaytishib. Xayrlar yog`dirib Qanotlaridan, Xasta shoiriga Vido aytishib. Bor, mening uchun ham Ularga qo`l qoq – Lola, lolajonim, Lolaqizg`aldoq! Ularni men yana Ko`rarmanmi-a, Ayvondan odamdek Kuzatolmadim. Kuz. To`ylar boshlandi. Yuragim pora – Bitta qizimni ham Uzatolmadim… Demak, taqdir ekan To`y ko`rmay o`lmoq, Lola, lolajonim, Lolaqizg`aldoq! Biroq, ko`nglim sezar, Mendan keyin ham, Bir kun bu hovliga Odam to`ladi. Hali to`ylar qilib Charchaysan, erkam, Mening qizlarim eng Baxtli bo`ladi! Kelinlar ko`ylagi Ruhimday oppoq – Lola, lolajonim, Lolaqizg`aldoq! Gulim, yaqinroq kel, Qara, ne savdo, Bu ajib ishlarni Dil lavhiga yoz: Kimga qasr yetmas, Kimga mol-dunyo, Menga esa havo Yetmaydi, xolos. Tiriklar mudroqda, O`liklar uyg`oq – Lola, lolajonim, Lolaqizg`aldoq! Ko`ksim kuyib borar, Ko`krak yonmoqda, Ayting do`xtirlarga, Yorishsa yorsin! Jism o`z ulfati – Jondan tonmoqda. Bechora jon endi Qayerga borsin. Endi osmon yiroq, Endi yer yumshoq – Lola, lolajonim, Lolaqizg`aldoq! Bunu xayot derlar, Unutma aslo, Bir kun ochilasan, Bir kun so`lasan. Qalbimda-ku, faqat Sen eding tanho, Qabrim ustida ham O`zing bo`lasan. Sen bizning sevgidan Xotira – bayroq, Lola, lolajonim, Lolaqizg`aldoq! Ayol qalbing bilan Suv kech, olov kech, G`am kelsa boshingdan Xushing uchmasin. Xudodan so`radim: Mendan keyin hech, Nomard kimsalarga Ishing tushmasin. Ularning qo`lida Hamisha tuzoq, Lola, lolajonim, Lolaqizg`aldoq! Ishing tushsa, inim Muhammadga bor, Shoirlar ichida Ishonganim shu. Biroz ichishini Aytmasa agar, Ko`ksi tiniq bola, Halol bola u. Faqat sal soddaroq, Faqat sal yoshroq, Lola, lolajonim, Lolaqizg`aldoq! Jon so`ngi boshpana Toparkan ongda, U yurak ostida Derdim men bo`lsam. Ajablanma agar Ertaga tongda Seni o`pib, O`shni Quchoqlab o`lsam!.. O`tinchim – tepamda Yig`lama uzoq, Lola, lolajonim, Lolaqizg`aldoq! XAVOTIR Qo`rqaman, ertaga men o`lib ketsam, Yotar bo`lsam 1qumga botib ko`zlarim, Ko`nglimni ko`chkiday bosadi bir g`am – Yig`lashni ham bilmas mening qizlarim… Eng yaqin do`stlarim g`iybatim qilar, Eng zaif dushmanim ustimdan kular. Ular-ku, ne qilsa o`zlari bilar, Yig`lashni ham bilmas mening qizlarim… Shoir o`lsa kim ham kuyinar deysiz, Madhoyaboz hozir suvarakday ko`p. Ular misli qishda tarnovdagi muz, Barmoq tegsa yerga to`kilar to`p-to`p… Tildan qolsam ko`zda qotib yoshlarim, Ko`nglimdan boshqa bor axir, ne zarim? Yerlarga egilgan kuni boshlarim, Yig`lashni ham bilmas mening qizlarim… Ular yosh. O`limdan qo`rqaman yomon, Chunki, dardiga hech quloq solmadim. Qabrimning ustida yig`lasin debon, Qizlarim ko`zyoshin asray olmadim! SEVGI BU… Sevmoq bu Kechirmoq degani asli, Toki bu dunyoda quyosh bor, gul bor. Yalpizlar gullagan shu bahor fasli, Sodiq hamdam bo`lgin sen menga, dilbar. G`iybatlar tingladim, aylandi boshim, Ho`l tuproq kuydirdi tovonlarimni, Va mana men uyda ko`nglimni yulqib Ko`mdim beor do`stdek gumonlarimni. O`ylar suraverdim kechalar tanho, Goho, jiqqa yoshga to`lganda ko`zim. Va seni sevmoqdan oldin bir kuni Dildan sevib qoldim o`zimni o`zim… Sevmoq bu o`zingni anglamoq asli, Toki zamin aro quyosh bor, gul bor. Rayhonga ko`milgan shu bahor fasli, Sadoqatli yor bo`l sen menga, dilbar. Sevgilim, men seni sevaman, tamom, G`amgin ko`zing, hadik to`la ko`zingni. Sevmoq, bu kunda bir ko`rmoq baxtidir Ozg`in qo`llaringni, sepkil yuzingni… ONAMGA XAT Men sizni o`ylayman shomu saharda, Ona, sog`insam ham bora olamayman, Tunlari charog`on shunday shaharda Hech kimga ko`nglimni yora olmayman. Men siz aytgandayin hammabni sevdim, Hammaga ishondim, mana oqibat: O`z do`stim uyiga ko`mildi sevgim, Kun bo`lib ko`ksimni kuydirdi nafrat. Boshimdan o`tgani ko`kka ham ayon, Yulduzlar qiqirlab kular oqbadan: Men –zangor yaylovda olis, bepoyon, Uyuridan ajrab qolgan qulunman… Mana, men ketayapman tosh yo`lda ko`zim, Qadamim moshinlar yo`rg`asiga mos. Yig`lasam yupatib o`zimni o`zim, Pishqirib qo`yaman toychoqlarga xos. Va sizni o`ylayman shomu saxarda, Ona, sog`insam ham bora olmasman. Tunlari charog`on shunday shaharda Hech kimga ko`nglimni yora olmasman… Ha, sevgi haqida. U dilga ne zeb, Kuyinmang, ne iloj qilmasa nasib, Baxtimga hamisha Siz sog` bo`ling deb, Sog`ingan o`g`lingiz – Muhammad Yusuf. HAZIL Mening haqimdagi g`iybatlar yolg`on, Ixtiyor o`zimda bo`lsa qaniydi. Sharob ichish menga Xayyomdan qolgan, Ichmasam ul zotning ko`ngli ranjiydi. O`zim boshladimmi, o`zim qilgum bas, Do`stlarim behuda zavolim izlar, Agar qirqqa kirmay o`lsam, may emas, Meni xarob etgan bevafo qizlar!.. SODDA MUHAMMADMAN Sodda Muhammadman, Sodda Muhammad. Turkman qizni maqtab baloga qoldim. Ko`ylagiga xavas qilgandim faqat, Toabad tuganmas g`avg`oga qoldim… Nedan ranjidingiz jon singillarim, Qaboqlar uyuldi, chimrildi qoshlar. Turkman tushunmay tosh otsa, chidadim, Ammo yomon botdi siz otgan toshlar. Yorug` dunyoda-ku bari qiz go`zal, Millat tanlamas-ku husn degani, Nigohim Jayhundan sakrab o`tsa sal, Qaydan bilay sizga malol kelganin. Yurtim suluvlari sizga yo`q ta’rif, Qoshingizda o`sma yursa sirg`alib, Uzun sochingizni o`rsangiz tarab, Boqsa degan edim oy ham suqlanib. Asli turkman qiz bir bahona xolos, Izlaganim edi sizlar kabilar, Qo`msaganim hayo – momomlarga xos, Sog`inganim edi Kumushbibilar… Yonsam hajringizda mening yonishim, Kuysam siz tufayli ko`nglimdagi cho`g`, Turkman qizlarda yo`q mening tanishim, Qalinga tuyam ham tushib qolgan yo`q! SURAT Mening kimligimni Bilmaydi hech kim. Men bir g`alatiman, Men alohida. Ko`zimning yoshini Keladi ichgim, Tilimni chaynagim, Kelar gohida. Oy mening yelkamga O`tirib olgan, Oftob g`avg`o solar Yurgan yo`limga. Xayol tushovidan Chiqolmay qolgan Umrimni topshirib Qo`ydim ko`nglimga. Endi toshni tepsam, O`par izimni, Yerga ag`anasam – Yer ham devona. Barmog`im o`pgandim Suygan qizimni, Qo`li yonib ketdi Gurillab, mana. Yondi, Yonaverdi Kokillari, so`ng, Charsillab yuragi Yondi bearmon. Yarmi yonim bo`lgan Ko`ylagi bir yeng Ishqning bayrog`iga Aylandi alvon!.. Va o`pdim bayroqni Men o`sha alvon, Olov tan, Olov jon, Qizil cho`g` to`shalgan Chimildiq tomon Otdim men o`zimni Misli o`tparast. Uyg`onsam – ko`rpam kul, Yig`lar sevgilim. Men seni yig`la deb Quchgan edimmi? Ayiq bosgan gulday Ezildi ko`nglim, Yovvoyi o`rdakka Berdim sevgimni!.. O`rdak uchdi-ketdi, Mung`ayib qoldim. Hayratim opketdi Qanotida u. Kim meni aldasa – Xudoga soldim, Mayli aldanmasin, Xayotida u. Qoldim kulko`rpamda To`shagim — tuproq, Yumalab yotaman Ilonlar bilan. Ularga ishondim Bir yordan ko`proq. Ilon chaqar, Ammo Gapirmas yolg`on!.. Mening kimligimni Bilmaydi hech kim. Men bir g`alatiman, Men – alohida. Kiyiklar qonini Keladi ichgim, Chayonni chaynagim Kelar gohida. O`P MENI Mening g`animlarim bulutdan ham ko`p, Ortimdan soyadek yurishar to`p-to`p, Salomat ekanim ham bir g`animat, O`p meni, sevgilim, o`p, so`nggi bor o`p. Ko`ngil yig`lar, qara ko`zlar tonmoqda, Ko`kragimga ko`ksing qo`ygin – yonmoqda, Chayqalib turipti ruhim tamoqda, O`p meni, sevgilim, o`p, so`nggi bor o`p. Ey mening jallodim, ey mehribonim, Ko`kim tuproq mening, tuproq – osmonim, Tilimning uchida turipti jonim, O`p meni, sevgilim, o`p, so`nggi bor o`p. Tun deganlari bu – tilsiz bir tilsim, Tushi to`liq cho`g`mi, o`qmi, kim bilsin? Tongda turarmanmi-yo`qmi, kim bilsin?.. O`p meni, sevgilim, o`p, so`nggi bor o`p. Jon shunday uzilsa, bu – oson o`lmoq, Sevsang, sitamingdan o`ldir meni, moh. Qoshlaring dog` bo`lsin, sochlaring - sirtmoq, O`p meni, sevgilim, o`p, so`nggi bor o`p. Bizlar – ojiz banda, ajaldir – hakam, Oshiqma deb meni, bo`g`magin, erkam. Bo`sangdan bo`g`ilib o`lay o`lsam ham – O`p meni, sevgilim, o`p, so`nggi bor o`p! ONA MENI NEGA TUG`DING — Ona, meni nega tug`ding? — Yurting uchun. — Ona, meni nega tug`ding? — Baxting uchun... — Ona, meni nega tug`ding? — Zoriqqandan. — Ona, meni nega tug`ding? — Zerikkandan…! ONAIZOR Ko`nglim qolsa bulbuldan ham guldan ham, Qolar bo`lsam bir kun axir tildan ham… Agar bir zot yig`lasa chin dildan ham – Onam yig`lar, onam yig`lar, onam u… Sig`may qolsam shunday keng bu jahona, Osmonlarga ruhim bo`lsa ravona, Jonsiz tanim ustida ham parvona – Onam yig`lar, onam yig`lar, onam u… Tonar bo`lsa qo`limdagi tor, dunyo, Uch kun o`tmay unutgay do`st-yor, dunyo. Yeru ko`kni titratib zor-zor, dunyo – Onam yig`lar, onam yig`lar, onam u… Gulday kulib yurmasmidi, o`g`lim deb, Ko`rib ko`nglim to`lmasmidi, o`g`lim deb, Onang o`lsa bo`lmasmidi, o`glim deb Onam yig`lar, onam yig`lar, onam u… Ko`nglim qolsa bulbuldan ham guldan ham, Qolar bo`lsam bir kun axir tildan ham… Agar bir zot yig`lasa chin dildan ham – Onam yig`lar, onam yig`lar, onam u… ALLOH GO`ZAL Orazi gul, husni hilol, Alloh go`zal, Alloh go`zal. Mutloq kamol, mutloq jamol, Alloh go`zal, Alloh go`zal… Arsh arkida sulton o`zi, Beaybu benuqson o`zi. Poyiga cho`k, ul Zuljalol, Alloh go`zal, Alloh go`zal… Diydori bir shirin umid, Azal vujud, abad vujud. Kimga ayon, kimga xayol, Alloh go`zal, Alloh go`zal… Nahri zilol, bag`ri bahor, Gul chehra yor, nur chehra yor. Oromijon, oshuftahol, Alloh go`zal, Alloh go`zal… Tuproqqa jon etmish ato Momo havo, Odam Ato, Loydan odam yasar kulol, Alloh go`zal, Alloh go`zal… Shoir tilak-ta’bim o`shal, Ruhim o`shal, Rabbim o`shal, Allohu akbar, ey Bilol, Alloh go`zal, Alloh go`zal!..
| |
Просмотров: 33513 | |